4-Mavzu. Jamiyat falsafasi. Hozirgi zamon jamiyatinig global muammolari va jamiyatni rivojlantirish istiqbollari
Mavzu rejasi:
Inson ma’naviyati va bunyodkorlik faoliyatining jamiyat taraqqiyotidagi o’rni.
Jamiyatning falsafiy tarifini bering.
Ijtimoiy hayotning qanday sohalari mavjud.
Qadriyatlar mavzusining tarixi. Qadriyatlar va ijtimoiy jarayonlar.
Jahon taraqqiyotining hozirgi davrdagi o’ziga xos xususiyatlari.
1. Jamiyat rivojlanuvchi tizim sifatida
Jamiyat – bu insonlar o‘rtasidagi munosabatlarning yaxlit o‘z–o‘zini tashkil etuvchi tizimi. Jamiyatning asosini insonning muayyan maqsadga muvofiq ravishda atrof muhitni qayta qurishga yo‘naltirilgan faoliyati tashkil etadi. Jamiyat doimo rivojlanuvchi tizim bo‘lib, ijtimoiy hayotini harakatga solib turuvchi bosh omil insonning ehtiyojlaridir. Muayyan sharoitda inson ehtiyojlarini qondirishning optimal usullari va vositalari "manfaatlar" deyiladi va ular tarixiy taraqqiyot davomida doimo o‘zgarib boradi. Manfaat – individ va ijtimoiy guruhlar faoliyatiningiasosiy sababidir. SHaxs manfaatlari asosida uning maqsadi shakllanadi. Maqsad inson faoliyati natijasining ideal shakli, faoliyat predmetining subektiv timsolidir. Inson ehtiyojlari va manfaatlari o‘sib borgani sari jamiyat ham rivojlanib boradi (Ilova 7.1).
Faoliyat – insonning o‘zini o‘rab turgan olamga faol munosabati shakli bo‘lib, uning mazmunini maqsadga yo‘naltirilgan o‘zgartirish va qayta qurish bilan bog‘liq xatti-harakatlar tashkil etadi. Inson faoliyati xilma-xil bo‘lib, ularni takror ishlab chiqarishga asoslangan, yani reproduktiv va ijodiy faoliyat, yani produktiv faoliyatga ajratish mumkin. SHu bilan birga, faoliyat subektning iroda va istaklaridan mustaqil obektiv-real jarayonlar hamda subektning iroda va istaklariga bog‘liq subektiv maqsadlar, vazifa, baho va boshqa shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin (Ilova 7.2). Bundan tashqari, faoliyat muayyan ijtimoiy obektlar doirasida insonlar o‘rtasida amalga oshadigan munosabatlar tizimi sifatida ham mavjud bo‘ladi. Bunda inson faoliyati jamiyatdagi turli sohalar doirasiga qarab ajratiladi (Ilova 7.3).
Ijtimoiy falsafa – jamiyatni rivojlanuvchi yaxlit tizim sifatida o‘rganuvchi falsafaning alohida sohasi, bo‘lib, jamiyat, inson, ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy bilishning eng umumiy qonunlari to‘g‘risida bahs yuritadigan fandir. Ijtimoiy falsafa va sotsiologiya fanlari bir-biridan farqlanadi. Xususan, ijtimoiy falsafa jamiyat rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini, tamoyillarini o‘rgansa, sotsiologiyaning diqqat markazida asosan muayyan jamiyat, undagi ijtimoiy munosabatlarga oid muammolar turadi. Ijtimoiy falsafa sotsiologiya uchun umumnazariy asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun jamiyatning mohiyatini, taraqqiyotining ichki qonuniyatlarini bilmay turib, muayyan jamiyat va undagi ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ri tushunish mumkin emas.
Sharq va G‘arb falsafasi tarixida jamiyatning vujudga kelishi, rivojlanish omillari va qonunlari, tabiat va jamiyatning o‘zaro aloqadorligiga oid ko‘plab qarashlar mavjud. Markaziy Osiyodan etishib chiqqan buyuk alloma olimlar Abu Nasr Forobiy(873-950), Abu Ali Ibn Sino(980-1037), Abu Rayhon Beruniy (973-1048) asarlarida jamiyat muammosi chuqur falsafiy tahlil qilingan. Abu Nasr Forobiy Platon va Aristotel asarlariga tayanib, jamiyatning kelib chiqishi asosida tabiiy ehtiyojlarni qondirish yotadi degan g‘oyani ilgari surgan. Tabiiy ehtiyoj kishilarni birlashishga, jamoaga uyushuviga olib kelgan. Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro yordam jamiyatni keltirib chiqargan. Insoniyat jamiyati turli xalqlardan tashkil topgan bo‘lib, ular o‘zaro birbirlaridan tillari, urf-odatlari, malakalari, xususiyatlari bilan farqlanadilar.
Qadimgi yunon faylasufi Aflotun ilk bor ideal davlat nazariyasini yaratgan. Forobiy Aflotun talimotini rivojlantirib, davlatlarni fozil va johillarga ajratgan. Fozil shahar (davlat) yuksak axloqli va marifatli kishi tomonidan boshqariladi, bunday davlat shahar aholisining o‘zaro hamkorlikka, bir-biriga yordam berishga asoslanadi.
Abu Ali Ibn Sino «Ishorat va tanbihot» asarida inson o‘z shaxsiy ehtiyojlari jihatidan boshqalardan ajralgan holda yashay olmaydi, chunki u insoniyatning boshqa vakillari bilan o‘zaro hamkor bo‘libgina, ularni (yani ehtiyoj larini) qondirishi mumkin deb hisoblagan. U insonlarning jamiyatda tutgan o‘rniga ko‘ra 3 guruhga ajratadi. Bular: 1) davlat idoralarida xizmat qiluvchi va jamiyatni boshqarish ishi bilan shug‘ullanuvchilar; 2) xom-ashyo va zaruriy mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar; 3) davlatni qo‘riqlash, uni turli tashqi hujumlardan saqlashni taminlaydigan harbiylar.
Shunday qilib, Ibn Sino ham jamiyatning shakllanishiga kishilarning birdamlikda yashashga bo‘lgan tabiiy ehtiyojini asos qilib olgan. Abu Rayhon Beruniy esa jamiyatni idora qilish va boshqarishning mohiyatini – aziyat chekkanlarning huquqlarini himoya qilish, birovlarning tinchligi yo‘lida o‘z tinchligini yo‘qotishidan iborat, deb bilgan.
Tabiiy huquq va ijtimoiy shartnoma konsepsiyasining asoslari ingliz faylasufi Tomas Gobbs (1588-1679) tomonidan ishlab chiqilgan. «Leviafan» asarida T.Gobbsning davlat to‘g‘risidagi qarashlari bayon qilingan. Uning fikricha, kishilik jamiyatining ikki xil holati mavjud: tabiiy va fuqarolik. Tabiiylik – bu insoniyatning dastlabki holati. Bunda kishilar shaxsiy manfaat, o‘z-o‘zini saqlash yo‘lida tabiatda bo‘lgani kabi bir-birini yo‘q qilishga harakat qiladi: kuchli inson engadi, kuchsiz – engiladi, boshqacha aytganda, kishi kishiga bo‘ri bo‘lib, barcha-barchaga qarshi urushadi, yashash uchun kurashadi. Bunday vahshiylikning oldini olish uchun insonlar o‘z ixtiyorlari bilan tinchlik va havfsizlikni taminlash maqsadida davlat tuzadilar. Davlat shaxsiy manfaatlarni umumiy manfaatga bo‘ysundiradi va tartibsizlikka yo‘l qo‘ymaydi. Demak, davlat jamiyat azolarini bir maqsadga yo‘naltiruvchi, ular o‘rtasida tinchlikni saqlab turuvchi, umumiy manfaatni taminlovchi vosita hisoblanadi.1
Fransuz marifatparvar faylasufi Jan-Jak Russo (1712-1778) bir vaqtlar insonlar tenglikda yashagan ideal jamiyat bo‘lganini, unda hamma narsa barchaniki bo‘lganini, bunday jamiyat ortda qolganini afsuslanib yozadi. Kishilar o‘rtasidagi tengsizlik sababini xususiy mulkda deb biladi. Ibtidoiy odam alohida bir joyni o‘rab olib, uni «bu meniki» degan tushunchasining shakllanishi, Russo fikricha, xususiy mulkning vujudga kelishiga asosiy sabab bo‘lgan. «Ijtimoiy shartnoma» asarida J.J.Russo erkinlik va yuridik huquqlar tengligi, xalq va davlat o‘z vazifalari va burchlarini ko‘rsatgan holda bitim tuzishi to‘g‘risida fikr yuritgan.2 Faylasuflar tomonidan tabiat va jamiyatning o‘zaro aloqadorligi, tabiiy muhit va uning jamiyat rivojlanishiga tasirini isbotlab berilgan. Jamiyat hayotida tabiatning roli haqida Lao-szi, Konfusiy, Demokrit, Gippokrat, Platon, Aristotel, Forobiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Xaldun, Jan Boden, Sharl Monteskyo (1689-1755) kabi faylasuflar alohida etibor qaratganlar. Masalan, qadimgi yunon faylasufi Lao-szi olamda tabiiy dao qonuning hukmronlik qilishini, insonning uni o‘zgartirishga qaratilgan har qanday harakati tabiat, jamiyat va inson uchun halokatli ekanligini takidlagan.
Abu Rayhon Beruniy birinchilardan bo‘lib sivilizasiyalarning paydo bo‘lishida tabiiy-geografik muhitning tutgan o‘rni masalasini ko‘targan. Geografik determinizm nazariy asoslarining vujudga kelishiga fransuz faylasufi Sharl Monteskyo fikricha, iqlim, Yer relefi va tuproqning holati xalq ruhiyati va jamiyat rivojlanishining xususiyatlariga bevosita tasir ko‘rsatadi.
Bugungi kunda falsafada tabiat va jamiyatga avvalgi yondoshuvlardan farqli tizimli yondoshuv shakllangan. Unga ko‘ra, tabiiy muhit jamiyat rivojlanishini zaruriy sharti, belgilovchi omillardan biridir. «Tabiat» tushunchasini keng va tor manolarda talqin etish mumkin. Birinchi holda bu tushuncha bizni o‘rab turgan jamiki borliqni, butun dunyoni uning barcha voqea va hodisalari bilan: eng mayda elementar zarrachalardan tortib kosmik tizim va hayvonot olami hamda ijtimoiy hayotni o‘ziga qamrab oladi. Bunday qarashda inson ham, jamiyat ham tabiatning bir bo‘lagi hisoblanadi.
«Tabiat» tushunchasini tor manoda talqin etilganda, u inson va jamiyatni o‘rab turgan tabiiy sharoit, geografik muhitni anglatadi. Ularga: 1) iqlim; 2) joyning relefi;
3) suv resurslari, 4) erning hosildorlik darajasi; 4) o‘simlik va hayvonlar dunyosi; 5) foydali qazilmalar va boshqa xom ashyo manbalarining mavjudligi va boshqalar kiradi. (Ilova 7.4.)
Darhaqiqat jamiyatning o‘ziga xosligi, unda qaror topgan ijtimoiy munosabatlar xususiyatlari, avvalo, u mavjud bo‘lgan tabiiy muhitga bog‘liq, lekin faqat u bilangina belgilanmaydi. Shu bilan birga, bugungi kunga kelib, tabiat-jamiyat-inson o‘zaro aloqador bo‘lgan yaxlit tizim sifatida qaralib, jamiyatning keyingi rivojiga sof tabiiy muhit emas, balki aynan shu tizimning holati kuchli tasir qilishiga etibor qaratilmoqda.
Malumki, biosfera Erning hayot mavjud qatlami, degan manoni anglatib, insoniyat evolyusiyasi malum bir vaqtgacha biosfera doirasida amalga oshgan. Lekin, inson tafakkuri rivojlanib borishi va insonning tabiatga tasiri natijasida uni bevosita o‘rab turgan olam sifat jihatdan o‘zgarib borgan. Bunday holat mutaxassislar tomonidan noosfera, deb ataladi. «Noosfera» tushunchasi yunon tilidan olingan - noos «aql» degan manoni anglatadi. Shunday qilib, etimologik jihatdan noosfera – aql doirasiga oid tushunchadir. Bu tushuncha fransuz faylasufi eduard Lerua (1870-1954) va Per Teyyar de Sharden (1881-1955)lar tomonidan XX asrning 20 - yillarida ilmiy muloqotga kiritilgan. Rus faylasufi V.I.Vernadskiy (1863-1945) tadqiqotlarida u yanada rivojlantirildi. Noosfera konsepsiyasi taraqqiyotining muhim ilmiy-falsafiy natijasi sifatida tabiat va jamiyatning koevolyusiya, yani o‘zaro bog‘liqlikda rivojlanish nazariyasi shakllangan. Texnik taraqqiyot natijasida ekologik inqirozning vujudga kelganligi tabiat va jamiyatning o‘zaro uzviy aloqadorligining yorqin timsolidir. Bunday inqiroz jamiyat hayoti va insoniyat kelajagi uchun jiddiy tahdid hisoblanib, uni bartaraf etish global, umumbashariy muammolar qatoriga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |