1.2. Uzluksiz yangi ta’lim tizimini shakllantirish jarayoni
Uzluksiz ta’lim tizimi, xususan, kasbiy ta’limni rivojlantirish borasida belgilangan ustuvor maqsadlarni amalga oshirish, mamlakat iqtisodiyotining murakkab hamda ko‘p turdagi ehtiyojlarini qondirishga qodir bo‘lgan yetuk kadrlar tayyorlashning yuqori sifatini ta’minlashga qaratilgan Kadrlar tayyorlash milliy modeli va dasturini hayotga tatbiq etish jarayonini muntazam ravishda tahlil qilib borish taqozo etiladi. Shuningdek, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ma’naviy sohalardagi bugungi ilg‘or o‘zgarishlar, ta’lim tizimining moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanayotgani, ta’lim muassasalarida yangi texnika va texnologiyalar, AKTdan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilayotganligini nazarda tutgan holda Milliy modelining mazmun va mohiyati, uni amalga oshirish jarayonlariga doir olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarini ham takomillashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Shu tariqa Milliy dasturda yaqin yillarda hamda istiqbolda bajarilishi belgilangan vazifalarni ishonchli yondashuv asosida amalga oshirish hamda uning mexanizmlarini ishlab chiqish mumkin.
Ta’kidlash joizki, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ijrosini ta’minlashda davlat ta’lim siyosatining asosiy tamoyillari, maqsadli ko‘rsatmalari, uning shaxsga, barkamol avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilganligi o‘zgarishsiz qolishi muqarrardir. Vaqt o‘tishi bilan jamiyat hayotining barcha sohalaridagi chuqur islohotlar, ularning mamlakatdagi jadal rivojlanishga ta’siri, natijalari Milliy dasturni amalga oshirishda yangi talablar qo‘ymoqda, tegishli ustuvor vazifalarni hal qilish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda. Bu talab uning mazmuni (2.2.-bo‘lim)da berilgan hozirgi bosqich vazifalarida o‘z aksini topgan: “... to‘plangan tajribalarni tahlil etish va umumlashtirish asosida, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish”.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Kadrlar tayyorlash milliy modeli hamda dasturini amalga oshirishda uni faqatgina tayanch tushuncha va kategoriyalar asosida rasmiyatchilik bilan hayotga tatbiq etish holatlari kuzatilmoqda. Bu uzluksiz ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan rahbarlar, bevosita ijrochilar, shuningdek, tadqiqotchilar tomonidan Kadrlar tayyorlash milliy modeli hamda dasturining fundamental g‘oya va qoidalariga yetarlicha e’tibor berilmayotganini yoki yuzaki yondashilayotganini anglatadi. Mustaqillikning dastlabki davrlarida mamlakatda ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlik, jamiyatda tinchlik va ahillikni ta’minlash eng muhim vazifalardan edi. Ayniqsa, mamlakatning taraqqiyot yo‘lini, jamiyat rivojining aniq va yorqin istiqbolini belgilab olish kun tartibida kechiktirib bo‘lmas vazifa sifatida turgan edi. Ana shunday muhim bir davrda mamlakat kelajagining yaqin va uzoq muddatli taraqqiyot vazifalarini belgilab berishda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ilmiy mardligi, donoligi va uzoqni ko‘ra bilish qudrati keng qamrovliligi bilan namoyon bo‘ldi. Buning yaqqol misoli 1992 yilning 8 dekabrida qabul qilingan Asosiy qonun — O‘zbekiston Konstitutsiyasidir. Mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingan asosiy qonunchilik hujjatlaridan biri — “Ta’lim to‘g‘risida”gi hamda «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi qonunlari o‘zimizga xos va o‘zimizga mos bo‘lgan kadrlar tayyorlash tizimining rivojlanish yo‘llarini belgilab berdi. Birinchi Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan va amalga oshirilayotgan yo‘lning to‘g‘riligi hech kimda shubha qoldirmadi, rivojlanishning besh asosiy tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos “o‘zbek modeli” esa, umume’tirofga sazovor bo‘ldi. U O‘zbekistonda qator davlatlar amaliyotida kuzatilgan ko‘plab xatolarning chetlab o‘tilishiga, mamlakat rivojida ilg‘or tadrijiylik ta’minlanishiga hamda haqli ravishda yurtimizning xalqaro hamjamiyatda o‘zining munosib o‘rinini egallashida mustahkam asos vazifasini o‘tadi.
Mazkur siyosat o‘zining dinamikasi, zamonaviy hayot haqiqatlarini chuqur ijtimoiy-falsafiy nuqtai nazardan talqin qilganligi, strategik maqsadga erishishdagi qat’iyligi hamda bu borada izchillikni ta’minlaganligi bois O‘zbekiston xalqini hamda jahon hamjamiyati ishonchini qozonib bormoqda, mamlakatda tinchlik, barqarorlik va farovonlikka kafolatni mustahkamlamoqda.Yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, yangilanishlar zamirida avvalo inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, ilg‘or ijtimoiy ongni shakllantirish, barkamol avlodni tarbiyalash kabi eng ezgu maqsadlar mujassamlashgan. Tanlangan strategiyaning noyobligi ham shundaki, o‘tish davrida, ko‘plab iqtisodiy va siyosiy muammolar mavjud bo‘lib turgan bir paytda, davlat va jamiyatni rivojlantirishning ijtimoiy sohaga — ta’lim va tarbiyaga, aholi sog‘ligini saqlashga, ma’naviy yangilanish, tiklanishga va yangi ijtimoiy ongni shakllantirishga ustuvorlik berildiki, buning asosiy maqsadi mamlakat mustaqilligi va gullab-yashnashiga erishish, xalqning erki va farovonligini ta’minlash edi. Qisqacha aytganda, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati strategik maqsadga erishishning eng muhim sharti va omili sifatida iqtisodiyot, fan, madaniyat, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlariga asoslangan yuqori sifatli ta’lim-tarbiya tizimi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ekanligini ko‘rsatib berdi.
Davlat ta’lim siyosati aynan mana shu aniq, chuqur o‘ylangan maqsadni amalga oshirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, u Milliy modelda aniq aks etgan: “Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish, hayotga tatbiq etish, hech bir mubolag‘asiz, strategik maqsadlarimiz — farovon, qudratli, demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etishimizning asosi bo‘lmog‘i zarur”. Mustahkam siyosiy iroda va jamiyatning keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashi orqaligina Kadrlar tayyorlash milliy dasturi singari o‘z miqyosiga ko‘ra ulkan ijtimoiy loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish mumkin edi. O‘z faoliyati davomida kadrlar tayyorlashga o‘ta jiddiy, birlamchi e’tibor qaratib, ta’lim sohasi, barkamol avlodni tarbiyalashga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotgan mamlakatimiz Birinchi Prezidenti davlat va jamiyat rivojining har bir bosqichida barcha davlat tuzilmalari va jamoatchilik tashkilotlari oldiga bugungi va istiqboldagi aniq maqsad va vazifalarni belgilab bermoqda. Yuqorida ta’kidlangan faoliyatning asosiy natijalaridan biri sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar — kelajakka, ya’ni o‘sib kelayotgan avlodga, mustaqil fikrlovchi, yuksak ma’naviyatli, yuqori darajada ta’lim olgan, yetuk kasbiy salohiyatga ega shaxsni tarbiyalashga xizmat qilishi lozimligi to‘g‘risidagi g‘oyaning qaror topishidir: “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart”. Aynan shuning o‘zi jamiyatda yangicha ijtimoiy ongning shakllanishi, ijtimoiy-siyosiy iqlimning yanada yaxshilanishi, mamlakatning taraqqiyoti va gullab-yashnashi, uning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashining sharti va kafolatidir.
Davlat va jamiyatning eng muhim, dolzarb vazifasini hal qilish zaruratidan kelib chiqqan holda mamlakatimizda 1997 yilning fevral-mart oylarida O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevosita rahbarligida Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ishlab chiqishga kirishildi.
Bu davr davlatimiz kelajagini belgilovchi, yangi ong, yangi tafakkurga ega bo‘lgan shaxsni maqsadli tarbiyalashning o‘ziga xos sarchashmasiga aylandi. Davlat rahbarining maqsadi aniq va ravshandir, ya’ni xalqning boy madaniy-tarixiy hamda ma’naviy an’analari asosida ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda zamonaning eng yuqori talablariga, jamiyat va har bir shaxsning ehtiyojlariga to‘liq javob bera oladigan o‘zimizga xos va mos bo‘lgan uzluksiz ta’lim tizimini barpo etishdir. Kadrlar tayyorlash milliy modelining bu sohada mavjud bo‘lgan modellardan mazmun-mohiyat jihatdan farqli tomonlari shundaki, avvalo, uning sistemali yaxlitligi va uzviyligi, o‘z ichiga qamrab olgan shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan, ishlab chiqarish kabi o‘ta muhim komponentlar hamda mazkur sohalarning iqtisodiy-ijtimoiy modernizatsiyasining hisobga olinganligidadir. Kadrlar tayyorlash milliy modelini amalga oshirishda ko‘zda tutilgan o‘zgarishlarning me’yoriy-huquqiy asosi bo‘lgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, uzluksiz ta’lim tuzilmasi, mazmuni va sifatini tubdan qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning g‘oyalari oddiy pedagogik talqin doiralaridan ancha keng bo‘lib, chuqur, ijtimoiy va shaxsga yo‘naltirilgan qadriyatlar mohiyatini ochib beradi. Ushbu g‘oyalar hayotga izchil tatbiq qilinmoqda hamda kutilgan ilk natijalarini namoyon etmoqda. Oldimizga qo‘yilgan strategik maqsad—“gullab-yashnayotgan, qudratli demokratik davlat, fuqarolik jamiyatini shakllantirish” davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida izchil, maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni avvaldan belgilab berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |