(“Boychechak”)
Bolalar adabiyotiga nazar tashlasak, bahor manzarasini tasvirlovchi satrlarni koʻp uchratamiz. Nima uchun shunday ekan? Ehtimol, umrning bolalik fasli ayni bahorga oʻxshaganidandir? Bu faslda “yomgʻirning yerni iydirishi, yashil chakmon kiydirishi” bola uchun ulugʻ moʻjiza boʻlib tuyuladi.
Bahor koʻylak kiydirdi Koʻk egniga bulutdan…
Tabiat moʻjizalarini hayrat bilan kuzata olish ham inson zotiga berilgan ulugʻ neʼmat. Tabiatni seva olgan odam bolasi esa baxtlidir. Tabiat goʻzalligidan zavq ololgan kishi koʻnglida zulmga oʻrin yoʻq. Tabiatni seva olish – shu tabiatning bir zarrasi boʻlmish odamni sevish demak. Bu zarur fazilat bolaning musaffo qalbida xuddi bahordagi chechak kabi yuz ochadi. Biz – ota-onalar tirikchilik tashvishi bilan boʻlib, bu tarbiyaga uncha ahamiyat bermaymiz. “Nega yomgʻir yogʻadi?”, “Nega daraxt gullaydi?”, “Nega momaqaldiroq gulduraydi?” kabi savollardan yengil-yelpi, baʼzan notoʻgʻri, nooʻrin javoblar bilan qutulmoqchi boʻlamiz. Ana shunda farzandimizga sodiq maslahatgoʻy doʻst – kitob yordamga keladi.
Chaqmoq koʻkda yongʻoq chaqdi,
Qizgʻaldoqlar selda oqdi,
Quyosh yana kulib boqdi,
Bahor kelgach…
Tursunboy Adashboyevning ijodi bilan tanishgan kishi bir narsaga amin boʻladi: bu asarlar bolalar ham, kattalar ham baravar oʻqiydigan ibrat kitobidir.
Tursunboy Adashboyevning eng sara sheʼrlari jamlangan “Orzularim – qoʻsh qanotim” deb nomlangan kitobini sinchiklab oʻqib chiqib, quyidagi xulosaga kelish mumkin: qalamga olingan mavzular bolalarning oʻziday begʻubor, hajman qisqa va loʻnda. Kutilmagan qofiyalar esa sheʼrning ravonligini oshirib, kichkintoylarning osongina yod olishini taʼminlaydi.
Biz yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, shogirdparvarlik Tursunboy akaga ulugʻ ustozlar Mirtemir bilan Qudrat Hikmatdan yuqqan. Soʻnggi oʻn besh yil ichida oʻzbek bolalar adabiyotiga kirib kelgan Hamza Imonberdiyev, Abdurahmon Akbar, Zafar Isomiddin, Sodiqjon Inoyatov, Erpoʻlat Baxt, Miryusufzoda va Qoʻzi Ismoil kabi iqtidorli ijodkorlarga beminnat yordam koʻrsatib kelyapti. Xorazmlik shoir Sodiqjon Inoyatovning T. Adashboyevga bagʻishlab yozgan sheʼridagi quyidagi misralar fikrimizning yaqqol isbotidir:
Sheʼr choʻgʻini sheʼr bilan
Dilga solib qoʻydingiz.
Qoʻlimizdan yetaklab,
Yoʻlga solib qoʻydingiz…
Agar kishi qadriyat nima, u qanday avaylab-asralishi kerak, maʼnaviyat nima, u qanday boyitilishi lozim, degan savollarga bolaligidan javob topolmasa, yoshi oʻtgandan keyin bu fazilatlarga erishmogʻi juda mushkul. Dunyo bolalari adabiyotini kuzatsak, shu mavzuga eʼtibor kuchli ekanini koʻramiz. Jumladan, Tursunboy Adashboyevning ijodi ham bundan mustasno emasligini alohida taʼkidlash mumkin. Hajman bir-biridan shinam “Qismat”, “Oriyatli xoʻroz”, “Burgutning oʻlimi”, “Oltin yolli tulpor” va “Yassaviy zurriyotlari” kabi qator asarlariga yuksak maʼno va mazmun yuklanganligini koʻramiz. Shoirning “Sharq yulduzi” jurnalida bosilgan turkum sheʼrlari esa kichkintoylarning fikriy olami – xayolot dunyosi bilan bogʻliq loflardan iborat. Bu mavzu – oʻzbek bolalar adabiyotida ochilmagan qoʻriq.
Tursunboy aka vaqtli matbuotda, nashriyotda va har ikki respublikaning Yozuvchilar uyushmalarida xizmat qiladi. Shuningdek, jahon bolalar adabiyotining eng yetuk vakillari asarlarini maromiga yetkazib tarjima qilgan. Tursunboy akaning tarjimasida qirgʻiz xalq eposi – “Manas”ning nasriy variantidan tortib S. Eraliyev, S. Jusuyev, T. Qosimbekov, J. Mavlonov, B. Sarnoʻgʻayev, N. Alimbekov kabi ijodkorlarning oʻttizga yaqin asarlari oʻzbek tilida bosilib chiqqan.
Ikki elning ardoqli shoiri Tursunboy Adashboyevning xizmatlari munosib baholangan. Tursunboy aka “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi” degan nom va “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan. Shuningdek, “Qirgʻizistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi” hamda “Manas” ordenining sovrindoridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |