9. Dizel yonilg`isi tarkibidagi mexanik aralashmalar va suv
Dizel yonilg`ilari tarkibida, benzin singari, mexanik aralashmalar va suv bo`lmasligi lozim.
Yonilg`ini tashishda yoki saqlashda ehtiyotsizlikka yo`l qo`yilishi oqibatida Transport vositasining yonilg`i bakiga yonilg`i bilan birga turli aralashmalar va suv tushishi mumkin. Yonilg`iga tushadigan zarralarning o`lchamlari, miqdori va tarkibi turlicha bo`ladi. Ular ichida ham organik, ham anorganik zarralar bo`lishi mumkin. Juda qattiq kvartsit va kristall tuzilishga ega bo`lgan abraziv iflosliklar katta zarar yetkazadi: ular yonilg`i berish apparatlari detallarining yeyilishiga sabab bo`ladi. Masalan, anorganik aralashmalarning ozgina miqdori ham ta`minlash tizimi detallarining abraziv yeyilishiga, yonilg`i filtrlarining tiqilib qolishiga, ish unumining pasayishiga sabab bo`ladi. plunjer juftlarining tirqishlari kattalashganda yonilg`ining tsiklli zaryadi kamayadi, chunki u sizib nobud bo`ladi, to`zitilishi sifati yomonlashadi, yonilg`i nasosining rostlanishi buziladi, dvigatel notekis ishlaydi, hatto to`xtab qoladi. Dvigatel normal ishlashi va dizel yonilg`isi mexanik aralashmalardan tozalanishi uchun uni avtomobil bakiga quyishdan oldin filtrlash lozim.
Dizel dvigatellarining ishidagi asosiy nuqsonlar yonilg`i berish apparatlari ishidagi buzuqliklar jumlasiga kiradi. Mexanik aralashmali yonilg`ini ishlatish tufayli yeyilgan detallarni muddatidan oldin ta`mirlash va rostlash uchun ko`p mablag` sarflanadi.
Yonilg`ining tozaligini uni filtrlab aniqlash mumkin (4.2-rasm). Filtrlash qog`ozida dog` qancha kam va och rangda bo`lsa, yonilg`i sifatida shuncha yuqori bo`ladi.
4.2-rasm. Dizel yonilg’isining tozaligini tekshirish: а-mexanik aralashmalar yo`q; б-ishlatishga yaroqli (aralashmalar bor); в-ifloslangan (mexanik aralashmalar miqdori 0,01%); г- ishlatishga yaroqsiz (mexanik aralashmalar miqdori 0,055%).
Yonilg`idagi suvning mayda zarralari sovuq vaqtda muz kristallarini hosil qiladi. Bu kristallar yonilg`i berilishini yomonlashtiradi va filtr teshiklarini berkitib qo`yadi. Xira yonilg`ida albatta suv bo`ladi. Agar yonilg`ida suv va hatto, juda oz miqdorda begona aralashmalar bo`lsa, tezyurar dizel dvigatellarida ishlatish uchun yaroqsiz hisoblanadi. Shuning uchun yonilg`ini suv va begona aralashmalardan butunlay tozalash, shundan so`nggina uni dvigatellarda ishlatish lozim.
Dizel yonilg`isidagi uglevo-dorodlarning kimyoviy tarkibi yonish jarayoninigina emas, yonilg`ining filtrlanishiga ham sezilarli ta`sir ko`rsatadi. Ba`zi birikmalar, ayniqsa, neftenli kislotalar dizel yonilgisining filtrlanishini kamaytiradi, bunda mayin tozalash filtrlari tiqilib qoladi, ba`zan dag`al tozalash filtrlarida cho`kindilar hosil bo`ladi. Natijada yonilg`i quyish kolonkalarining filtrlovchi elementlari ishdan chiqadi va ifloslangan yonilg`i tozalanmasdan Transport vositasining yonilg`i bakiga tushadi.
Suv yonilg`ining filtrlanishini yanada yomonlashtiradi. Sovuq vaqtda yonilg`idagi suv muzlab mayda muz kristallarini hosil kiladi. Ular filtr teshiklarini berkitib qo`yishi mumkin. Issiq vaqtda neftenli kislotalar va suv sovuq cho`kindi – sovun hosil qiladi. Ular filtrlovchi elementlarda to`planadi. Demak, tezyurar dvigatellar yonilg`ilarini tozalashda bu kerakmas birikmalarni chiqarib tashlash lozim.
Yonilg`ining filtrlarni tiqilib qolishini oldini olish xususiyati filtrlanuvchanlik koeffitsienti bilan baholanadi. Bu koeffitsient laboratoriyada maxsus asbobda aniqlanadi. Tozalanish darajasiga ko`ra hozirgi zamon dizel yonilg`isining filtrlanuvchanlik koeffitsienti 2-3 dan oshmaydi.
Dizel yonilg`ilarining mexanik aralashmalar va suv ta`sirida ifloslanganligini kamaytirish uchun ularni 10 kun va undan ortiq muddatda maxsus sig`imlarda tindirilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |