4-amaliy mashg’ulot
Mavzu: Boshlang‘ich sinfda o‘qish va nutq o‘stirish dasturini o‘qish malakalari, o‘qish tempiga qo‘yilgan talablar nuqtai nazaridan tahlil qilish Reja:
1. Boshlang‘ich sinfda o‘qish va nutq o‘stirish dasturi
2. Boshlang'ich sinf o`quvchilarining o‘qish malakalari, o‘qish tempiga qo‘yilgan talablar
3.Kompetensiya va uning yo`nalishlari.
Amaliy mashg`ulotning maqsadi: Talabalarga boshlang‘ich sinfda o‘qish va nutq o‘stirish dasturini o‘qish malakalari, o‘qish tempiga qo‘yilgan talablar nuqtai nazaridan tahlil qilishga o`rgatish, Kompetensiya va uning yo`nalishari haqida tushuncha berish
Ta’lim metodlari: Kichik ma’ruza, suhbat, guruhlarda ishlash, amaliy ish va himоya. “Klaster” texnologiyasi.
Ta’lim vositalari: Tayanch matn, o`quv qo`llanmalar, ekspert tоpshiriqlar.
Kichik ma’ruza:
Boshlang’ich sinf o’quvchilarida o’qish malakalarini shakllantirish murakkab jarayon hisoblanadi. Xususan, o’qish malakalarini shakllantirishga to’xtalishdan avval o’quvchilarni o’qishga o’rgatishning vazifalari to’g’risida to’xtalishimiz joiz. O’qishga o’rgatishning muhim vazifalari quyidagilardan iborat:
boshlang’ich o’qish malakalarini ya’ni to’g’ri, tez, ongli va ifodali o’qishni takomillashtirish;
bolalarning o’qigan asarlarining adabiy-estetik xususiyatlarini chuqur idrok etish, ularni tasvirlangan voqea-hodisalar mag’zini chaqish, muayyan xulosalar chiqarishga tayyorlash;
bolalarda yuksak axloqiy sifatlarni va nafosat tuyg’usini tarbiyalash;
o’qivchilarni matn ustida ishlashga o’rgatish;
o’quvchilarning atrof-muhit haqidagi bilimlarini boyitish.
Yaxshi o’qish malakasining sifatlari deganda tez, to’g’ri, ongli, ifodali o’qish tushuniladi. O’qish malakasini takomillashtirish deganda esa o’quvchilarda yaxshi o’qish malakasini shakllantirish tushuniladi.
O’qish sifatlari bir-biri bilan o’zaro bog’liq bo’lib, ongli o’qish o’qishning asosiy sifati hisoblanadi. Agar o’quvchi tez o’qisa-yu, anglab o’qimasa, o’zi ham, boshqalar ham matn mazmunini tushunmaydi.To’g’ri o’qish esa ongli o’qishga xizmat qiladi. To’g’ri, tez va ongli o’qish ifodali o’qishning asosi hisoblanadi.
O’qish malakasi murakkab malaka bo’lib, uni shakllantirish uzoq vaqtni talab etadi. Psixolog T.G.Yegorov o’qishmalakasini shakllantirish jarayonini 3 bosqichga bo’ladi:
analitik bosqich;
sintetik bosqich;
avtomatlashgan bosqich.
Analitik bosqich boshlang’ich ta’limning savod o’rgatish davriga to’g’ri keladi. Bunda so’zlarni bo’g’in, harf tomonidan tahlil qilish va bo’g’inlab o’qish malakasi shakllantiriladi.
Sintetik bosqich uchun so’zni sidirg’a o’qish harakterlidir. Bunda so’zni ko’rish orqali idrok qilish va uning talaffuzi so’z ma’nosini anglash bilan asosan mos keladi. O’quvchilar sintetik o’qishga dastlab 2-sinfning II-yarmida, to’liq 3-sinfda o’tadilar.
Bundan keying yillarda o’qish malakasi avtomatlasha boradi ya’ni o’quvchi o’z yoshiga mos har qanday kitobni tez, to’g’ri va ongli o’qiy oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |