4-§. Paxta xomashyosini yig‘ish, tashish, quritish, saqlash va birlamchi qayta ishlashga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 599. Paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlanishidan oldin unda ishtirok etuvchi barcha shaxslar yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riqdan o‘tishi kerak. Paxta terish mashinalari, traktorlar va paxta tashish avtomobillari yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari (paxta terish mashinalari — ikkitadan o‘t o‘chirgich, belkurak va 2x2 m kigiz, traktor va avtomobillar — bittadan o‘t o‘chirgich va belkurak) va soz holatdagi uchqun so‘ndirgich bilan ta’minlangan bo‘lishi, shuningdek, elektr ta’minoti va yonilg‘i-moylash tizimlari soz holatda bo‘lishi kerak.
Gidravlik tizimdan moy, yonilg‘i sizib chiqsa, shuningdek, uchqun so‘ndirgich bo‘lmasa, qishloq xo‘jalik mashinalarida paxta terish va tashishga ruxsat berilmaydi.
600. Paxta terimi davomida quyidagilar taqiqlanadi:
a) paxta dalasida ochiq olovdan foydalanish va chekish;
b) bunkeri paxta xomashyosi bilan to‘ldirilgan paxta terish mashinasini dalada qoldirish va unga paxta maydonida yonilg‘i quyish;
v) nosoz elektr uskunalar bilan paxta terish mashinasidan foydalanish;
g) paxtani quritish maydonchalarida paxta terish mashinalarini saqlash.
601. Paxta xomashyosini texnikada tashish davrida uning usti brezent yoki qiyin yonadigan mato bilan yopilishi kerak. Avtomobil kuzovining polida yoki tirkama korpusida tirqishlar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
602. Traktorlar, avtomobillar, paxta terish mashinalarini to‘xtatib turish, ularni ta’mirlash, moylash va yonilg‘i quyish, paxta xomashyosini tabiiy quritish maydonlaridan kamida 50 m masofada amalga oshiriladi.
603. Paxta xomashyosini tabiiy quritish maydonlari turar joy va jamoat binolaridan hamda ta’mirlash sexlaridan kamida 150 m, yuqori va past kuchlanishli elektr liniyalar tayanchlaridan ularning 1,5 ta balandligiga teng masofada joylashtiriladi.
604. Paxta xomashyosini tabiiy quritish maydonlari yong‘inni o‘chirish maqsadida 50 m3 dan kam bo‘lmagan miqdorda suv zaxirasi bilan ta’minlanadi.
605. Avtomobil yo‘llarida paxtani quritish taqiqlanadi.
606. Paxta xomashyosini birlamchi qayta ishlash uskunalaridagi chang chiqishiga to‘sqinlik qiluvchi qurilmalar (zichlangan joyi, mahalliy so‘rish) soz holatda bo‘lishi kerak.
607. Qurilish konstruksiyalari va uskunalarning ustiga tushgan paxta changi hamda to‘planib qolgan paxta xomashyosi zarur hollarda, lekin ish smenasida kamida bir marta tozalanishi kerak.
608. Tosh, metall va boshqa begona buyumlarni ushlab qoluvchi qurilmalar soz holatda saqlanadi.
609. Agregatlar avriyaviy to‘xtatilganda ulardagi nosozliklar bartaraf etilgandan so‘ng qayta ishga tushiriladi.
610. Kardanli vallar va tasmalarning aylanuvchi qismlari paxta tushishining oldini olish maqsadida soz holatdagi himoya qopqoqlari bilan yopilishi kerak.
611. Paxta terish mashinalarining harakatlanuvchi va aylanuvchi qismlari paxta changi va tolalardan tozalanishi lozim.
612. Elevatorlar statsionar maydoncha va narvonlar bilan ta’minlanadi. Maydoncha kamida 0,9 m balandlikda panjara to‘siqlari bilan o‘raladi va pastki qismi 0,1 m balandlikdagi yaxlit qoplama bilan himoyalanadi.
613. Transportyorlar paxta xomashyosini pastki tasmadan olib tashlash uchun mo‘ljallangan maxsus qurilmalar bilan jihozlanadi.
614. Lentali transportyorlar joylarini o‘zgartirish elektr ta’minoti o‘chirilgan holatda amalga oshiriladi.
615. Kichik mexanizmlar o‘t o‘chirgichlar bilan ta’minlanishi kerak.
616. Kabellar transport vositalarining g‘ildiraklari bosib o‘tishidan himoyalangan bo‘lishi kerak.
617. Ko‘chma kichik mexanizmlar uchun qo‘llanadigan egiluvchan kabellar raqamlanadi va qobig‘ining tok qarshiligi yiliga kamida bir marta sinovdan o‘tkaziladi. Sinovdan o‘tmagan kabellarni ishlatish taqiqlanadi.
618. Statsionar elektr taqsimlash uskunalarining elektr ta’minoti yer ostida joylashtirilgan kabellar orqali amalga oshiriladi.
619. Elektr uskunalariga javobgar bo‘lgan shaxslar quyidagilarga majbur:
a) elektr uskunalarini, apparatlarni va elektr tarmoqlarini o‘z vaqtida profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va joriy ta’mirlash ishlarini tashkil qilish;
b) apparatlar zo‘riqishdan hamda boshqa normal ish rejimidan, qisqa tutashuvlardan muntazam ravishda himoya qilinishini nazorat qilish;
v) yong‘indan saqlovchi maxsus uskun a va vositalarning sozligini nazorat qilish.
620. Elektr tarmoqlari va apparatlarining uchqun chiqarishiga, qisqa tutashuvga, haddan ortiq qizib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan barcha nosozliklar mutaxassis tomonidan zudlik bilan bartaraf etilishi kerak.
621. Pnevmotransport mashina va qurilmalarning erga ulanish tizimi soz holatda saqlanishi lozim. Paxta xomashyosini ventilyator yordamida mexanizatsiyalashgan holda yoyishga ruxsat berilmaydi.
622. Bitta g‘aramosti maydoni 25x14 m yoki 22x11 m bo‘lganda — g‘aramlar soni oltitadan, g‘aramosti maydoni 65x14 m bo‘lganda g‘aramlar soni ikkitadan ko‘p bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunda g‘aram balandligi 8 m dan oshmasligi lozim.
623. Guruhlardagi paxta g‘aramlari orasidagi masofa 15 m dan, guruhlar o‘rtasida masofa esa 30 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
624. Paxta g‘aramlarini titish davrida paxta tashuvchi mashinalar, mexanizmlar va avtopoyezdlar guruhlar orasidagi 30 m li masofani saqlagan holatda joylashtirilishi kerak.
625. Paxta tozalash va qabul qilish korxonalari hududlarida o‘tkazilgan elektr kabellar ustidan avtotransport va kichik mexanizmlarning o‘tishiga ruxsat etilmaydi.
626. Avtotransport vositalari va kichik mexanizmlar hamda agregatlarda yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf qilish, ular paxta g‘aramidan kamida 5 m uzoqlikdagi masofaga o‘tkazilib, o‘chirilgan holda amalga oshirilishi lozim.
627. Frezalar qoziqlarining uchlari uchqun chiqarmaydigan materialdan tayyorlanishi lozim.
628. Freza qoziqlarining yopiq ombor shifti va poliga hamda boshqa metall (beton) konstruksiyalariga tegmasligi uchun strelaning yuqoriga va pastga harakati chegaralanib qo‘yilishi lozim.
629. Quritish qurilmasidan foydalanishda quyidagilar ta’minlanishi lozim:
a) issiqlik generatorlarining soz bo‘lishi;
b) issiqlik ishlab chiqaruvchi qurilmalarda o‘lchash vositalari va xavfsizlikning avtomatlashtirilgan tizimi ishlashi;
v) quritish kamerasi eshigi va ta’minlagichining mahkamligi;
g) baraban va shnek bo‘limlarini paxta xomashyosidan davriy ravishda tozalanishi.
630. Paxta xomashyosini quritish uchun ishlatiladigan issiqlik ishlab chiqaruvchi qurilmalar yonmaydigan konstruksiyalardan tayyorlangan alohida xonalarga o‘rnatiladi.
631. Quritish qurilmasining ishlashi doimiy nazorat qilinadi. Paxta xomashyosi harorati chiqishda 70oC dan oshishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
632. Quritish barabanidan sarg‘aygan paxta chiqsa, darhol paxta va issiq havo berish hamda mexanizmlarning ishlashini to‘xtatish kerak. Agar quritish barabanidan kelayotgan paxta yonsa, quritgich darhol to‘xtatilib, cho‘g‘langan paxta o‘chirilishi va tozalanishi kerak.
633. Quritish boshlanishi faqat paxtaning qizib ketishi yoki yonishi sabablarini sinchiklab tekshirish va bartaraf etish orqali qayta tiklanishi mumkin.
634. Paxta xomashyosi tozalagichlarning joyini o‘zgartirishda panjaralar orasidagi tirqishlar o‘zgarmasligi va teshikli to‘rlar yuzasi begona jism va o‘tlar bilan tiqilib qolmasligi uchun panjaraning holati kuzatib borilishi lozim.
Panjaralarni tozalash va tola tozalagichlarning so‘rish kamerasidagi tiqilgan jismlarni bartaraf etish faqat yog‘och tayoqchalar yordamida bajariladi.
635. Paxta tolasini saqlash faqat toylarda amalga oshiriladi. Barcha ochilib ketgan toylar har smena oxirida qayta ishlanadi.
636. Paxta toylarini shtabellarda ochiq maydonlarda saqlashda shtabelning o‘lchamlari uzunligi 22 m, kengligi 11 m va balandligi 8 m dan oshmasligi kerak.
Shtabellar o‘lchami kamaytirilsa, ular orasidagi masofa eng baland shtabelning ikkita balandligidan kam bo‘lmasligi kerak.
637. Ochiq maydonlardagi saqlanadigan paxta tolalari taxlangan barcha shtabellarning usti brezent bilan yopilgan bo‘lishi lozim.
638. Bostirma ostida saqlanadigan paxta tolalari eni 2 m dan kam bo‘lmagan ko‘ndalang yo‘laklar qoldirib taxlanadi.
Bunda yo‘laklar soni:
maydoni 300 dan 600 m2 gacha bo‘lsa — bitta;
maydoni 1200 kvadrat m2 gacha bo‘lsa — uchta;
maydoni 1800 m2 gacha bo‘lsa — to‘rtta bo‘lib, ular teng masofada bo‘lishi kerak.
Paxta tolasi balandligi bo‘yicha esa tomning panjarasi yoki ferma shiftigacha kamida 1 m ochiq joy qoldirib taxlanadi.
639. Paxta toylarini yopiq omborlarda saqlaganda ular maxsus tagliklar ustiga taxlanadi. Bunda uzunligi kamida 2 m li bitta yo‘lak va har bir eshik to‘g‘risida ushbu kenglikda ko‘ndalang yo‘laklar qoldiriladi. Omborning perimetri bo‘ylab devor bilan orasida kamida 1 m bo‘lgan yo‘lak qoldirilishi lozim.
Omborlar ichida har qanday to‘siqlarni o‘rnatish taqiqlanadi.
640. Yopiq omborlar va bostirma ostidagi pollar, shuningdek, ochiq maydonlardagi shtabellarning ostidagi asoslar yonmaydigan materiallardan ishlangan bo‘lishi kerak.
641. Avtomobillar va traktorlar paxta tolasi bo‘lgan yopiq omborlar, bostirmalar va shtabellarga faqat tutun chiqarish quvurining qarama-qarshi tomoni bilan haydab kelinadi. Bunda tutun chiqarish quvuri uchqun so‘ndirgich bilan jihozlangan bo‘lishi shart.
Barcha hollarda avtomobillar, motovozlar, avtodrezina, avtokran va mototsikllar paxta tolalari bo‘lgan bostirma va shtabellarga 3 m dan yaqinroq kirishiga ruxsat etilmaydi.
642. 2400 t dan ko‘p paxta xomashyosini saqlashga mo‘ljallangan paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash maskanlarida yuqori bosimli yong‘inga qarshi suv manbasi tashkil etilishi lozim.
643. 2400 t gacha paxta xomashyosini saqlashga mo‘ljallangan paxta tozalash korxonalari va paxta tayyorlash maskanlarida yong‘inni o‘chirish uchun yong‘inga qarshi suv havzalaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
644. Suv havzalariga yoki tabiiy suv manbalariga borish uchun eni 3,75 m dan kam bo‘lmagan qattiq qoplamali yo‘l va 12x12 m o‘lchamli maydon tashkil etiladi.