4.2. Eftaliylar davlati (V-VI asrlar)
Mamlakatimiz hududida ilk oʻrta asrlar davrida tashkil topgan yirik davlatlardan biri Eftaliylar davlatidir. Eftaliylarning etnik jihatdan qaysi qabilaga mansubligi, tillari tarixda yetarlicha tadqiq qilingan emas. Olimlarning xulosalariga qaraganda, milodning IV asr oʻrtalarida kushonlar bilan Eftaliylar boshqa qabilalar bilan birlashganlar. "Eftal" soʻzi esa eftaliylar shohi Vaxshunvor Eftalon nomi bilan bogʻliqdir. Vaxshunvor 457- yildan e'tiboran Chohaniyon, Tohariston, Badaxshonni oʻziga boʻysundirib Oʻrta Osiyoda katta davlatga asos soldi.
V asrning ikkinchi yarmi va VI asr boshlarida Eftaliylar davlati hududlariga Oʻrta Osiyo, Sharqiy Eron, Shimoliy Hindiston va Sharqiy Turkiston erlari kirar edi. Eftaliylar zamonida saltanat yakka xukmdor tomonidan boshqarilgan. Davlat boshqaruv tipi konfederativ podshohlik boʻlib, boshqaruv shakli cheklangan monarxiya boʻlgan. Taxt vorisini aniqlab, taqdim etadigan kengash mavjud boʻlgan. Bu kengash sulolaning moʻtabar vakillari, amirlar, yirik arkonlardan iborat boʻlgan. Eng muhimi, Eftaliylar davrida davlatimiz qonunlar asosida boshqarilib, bu turkiy tuzuklardan iborat boʻlgan. Katta hududni egallagan bu davlatda ba’zi katta viloyatlar mahalliy sulolalar tomonidan boshqarilgan.
Eftaliylarning harbiy qoʻshinlari katta kuchga ega boʻlgan. Askarlari qoʻlida harbiy qurol-yaroqlardan gurzi, oʻq-yoy va asosiysi qilich muhim oʻrin tutgan. Ular lashkarlarining asosini otliq askarlar tashkil etgan. Milodiy V asrda sosoniylar va eftaliylar davlati oʻrtasidagi harbiy toʻqnashuvlarda eftaliylar qoʻshinining ustun kelishi, ular harbiy maxoratining yuqori darajada ekanligidan dalolat beradi.
Sosoniylarning sharqqa yurishlari eftaliylarning qarshiligi tufayli toʻxtadi. Ular Eron podshohlarining ichki siyosatiga ham aralashib turdilar, xatto shohlardan qaysi birini saylash va tayinlash masalasini hal qilish ularning qoʻlida boʻlgan. Eron davlati har- yili eftaliylarga oʻlpon toʻlab turgan.
Eftaliylar davlatining poytaxti haqida ma’lumotlar yoʻq. Bunday markaz Poykan (Boykent) yoki Balx boʻlgan degan taxminlar bor. Bu davrda jamiyatda yerga egalik munosabati shakllanayotgan boʻlsada, qullar mehnatidan foydalanish davom etgan. Qaror topayotgan yerga egalik qilish munosabatlariga koʻra, katta yerlarni egallab olganlar dehqon nomi bilan atalgan. “Dehqon” qishloq hokimi ma’nosini anglatgan. Oʻzining kichikroq yerida xoʻjalik yuritganlar kashivarzlar, yeridan ajralib qolib dehqon xoʻjaliklarida yollanib ishlaganlar kadivarlar deb nomlangan.
Eftaliylarning bir qismi koʻchmanchi boʻlib, chorvachilik bilan shugʻullansalar, asosiy qismi shahar va qishloqlarda yashaydigan oʻtroq aholi boʻlgan. Koʻpgina hududlarda, xususan, Qashqadaryo va Zarafshon vodiylarda gʻalladan tashqari sholi ham yetishtirilgan. Shuningdek, koʻplab gʻoʻza ekilgan va Markaziy Osiyoning paxtasi, xatto Xitoyda ham mashhur boʻlgan yilqichilik bilan shugʻullangan aholi asosan togʻ va togʻ oldi yerlarda yashashgan, zotdor argʻumoqlar Fargʻona vodiysida koʻpaytirilgan. Sugʻoriladigan yer maydonlarining ma’lum bir qismi feodal munosabatlarning qaror topa boshlashi bilan mulkdor zodagon tabaqa vakillari-"dehqonlar" qoʻliga oʻta boshlagan. Bu esa erkin dehqonlarning zodagon dehqonlarga qaram kadivarlarga aylanishiga asos boʻlgan.
Dehqonchilik vohalarida Eftaliylarning V-VI asrlarda oʻtroqlashuvi kuchayadi va sugʻorma yerlarga talab ortadi. Hozirgi vaqtda ham mavjud boʻlgan. Zahariq, Boʻzsuv, Darhom kanallari V asrda barpo etilgan eng yirik sugʻorish tarmoqlaridan boʻlgan.
Shu davr me'morchiligida qasrlar qurilishi ayniqsa ahamiyatli boʻlgan. Bu qasrlar 2 qavatli, shipi tekis, gumbazsimon va ravoqsimon qilib yopilgan bir necha xonadan iborat boʻlgan. Saroy va qasrlar qurilishida V asrdan boshlab pishiq gʻishtlar ishlatila boshlangan. Saroy ibodatxonalar devorlari rangdor tasvirlar bilan bezatilgan. Eftaliylar me'morchiligining ajoyib namunalaridan biri Buxoro yaqinidagi Varaxsha saroyi boʻlib, u buxorxudotlarning VI-VII asrlardagi qarorgohlar boʻlgan.
Eftaliylar davrida hunarmandchilikning kulolchilik, shishasozlik, chilangirlik, boʻzchilik, zargarlik, qurolsozlik kabi turlari yaxshi taraqqiy etgan. Eftaliylar Eron, Vizantiya, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlar bilan elchilik, savdo-sotiq munosabatlarini olib borishgan. Xususan, 456- yili Eftaliylar Xitoyga oʻzi elchilarini yuborganlari tarixda qayd etilgan.
V-VI asrlarda diniy e'tiqod va tasavvurlari bilan uzviy bogʻliq boʻlgan sopol haykalchalarni yasash va ularga topinish keng yoyiladi. Ulkan hududga yoyilgan Eftaliylar davlatida turli diniy e'tiqodlar turlicha boʻlgan. Soʻgʻdda zardushtiylik keng tarqalgan. Tohariston va Sharqiy Turkistonda esa buddiylikka e'tiqod qiluvchilar koʻp boʻlgan.
Shunday qilib, V-VI asrlarda yurtimizda Eftaliylar sulolasi 100 yildan ortiq hukmronlik qildi. Bu sulola vakillari tarqoq mamlakatni birlashtirib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy munosabatlar va tashqi aloqalar taraqqiyotining yuksalishiga erishdi. Ammo 563-567- yillarda turk xoqonlari tomonidan berilgan zarbadan soʻng Eftaliylar inqiroz sari yuzlandilar va xoqonlik ta’siriga tushib qoldilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |