Muammoli vaziyat va uning ahamiyati. Mavjud faoliyat strategiyalari va o‘tmish tajribasi insonga yuzaga kelgan qiyinchilikni bartaraf etish imkonini bermaydigan, mutlaqo yangi strategiyani yaratish talab etiladigan vaziyat odatda muammoli vaziyat deb ataladi. Muammoli vaziyat aniqlangan dalillarni mavjud bilim doirasida tushuntirish mumkin emasligini ifodalovchi vaziyatdir. Ilmiy kashfiyot sari yo‘l muammoli vaziyatni aniqlashdan boshlanadi, uni ta’riflashdan o‘tadi va bu vaziyatning yechimini topish bilan yakunlanadi.
Gipoteza – yangi dalillarning mohiyatini tushuntiruvchi qonun mavjudligi haqidagi asosli taxmindir. Gipoteza olimlar tomonidan ilmiy muammoning qo‘yilishiga sabab bo‘lgan ilmiy dalillarni taxminiy tushuntirish maqsadida ilgari suriladi. Gipoteza tekshiriladigan bo‘lishi lozim, u empirik tekshirish imkonini beruvchi oqibatlarga olib keladi. Agar bunday tekshirishning iloji bo‘lmasa, gipoteza ilmiy jihatdan asossiz hisoblanadi.
Gipoteza qay darajada asosli bo‘lmasin, u nazariyaga aylanmaydi. Shu sababli ilmiy bilishning navbatdagi bosqichi – gipotezaning haqiqiyligini asoslash serqirra jarayon bo‘lib, mazkur gipotezadan kelib chiqadigan oqibatlarning mumkin qadar ko‘prog‘i o‘z tasdig‘ini topishi lozimligini nazarda tutadi. Shu maqsadda kuzatish va eksperimentlar o‘tkaziladi, olingan yangi dalillar gipotezadan kelib chiqadigan oqibatlar bilan taqqoslanadi. Empirik darajada qancha ko‘p oqibatlar o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lsa, ularning boshqa gipotezadan kelib chiqish ehtimoli shuncha kam bo‘ladi. Gipotezaning eng ishonarli tasdig‘i – empirik tadqiqot jarayonida gipotezada bashorat qilingan oqibatlarni tasdiqlovchi yangi ilmiy dalillarning aniqlanishidir. Shunday qilib, har tomonlama tekshirilgan va amalda o‘z tasdig‘ini topgan gipoteza nazariyaga aylanadi.
Nazariya – hodisalarning muayyan turkumi, bu turkumdagi hodisalarning mohiyati va ularga nisbatan amal qiladigan borliq qonunlari haqidagi bilimlarning mantiqiy asoslangan va amaliyot sinovidan o‘tgan tizimidir. Nazariya tarkibiga uning asoslari sifatida mavjud bo‘lgan va yuzaga kelishini belgilagan barcha elementlar kiradi. Dastlabki nazariy negiz, ya’ni jamuljam holda tadqiqot ob’ekti haqida umumiy tasavvurni, ob’ektning ideal modelini tashkil etuvchi ko‘p sonli tamoyillar, aksiomalar, qonunlar nazariyaning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Nazariy model ayni vaqtda asosiy nazariy tamoyillar tizimiga tayanuvchi kelgusi tadqiqotlar dasturi hamdir.
Nazariya tushuntirish, bashorat qilish, amalda sinash va sintez qilish kabi muhim funksiyalarni bajaradi. Nazariya ilmiy dalillar tizimini tartibga soladi, ularni o‘z tarkibiga kiritadi va o‘zini tashkil etuvchi qonunlar va tamoyillardan oqibatlar sifatida yangi dalillarni yaratadi. Puxta ishlab chiqilgan nazariya fanga ma’lum bo‘lmagan hodisalar va xossalarni bashorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nazariya odamlar amaliy faoliyatining negizi bo‘lib xizmat qiladi, ularga tabiiy va ijtimoiy hodisalar dunyosida yo‘l ko‘rsatadi.
Nazariyada ilmiy g‘oyalar, ya’ni unda aks ettirilgan ob’ektlar turkumi doirasida amal qiluvchi fundamental qonuniyatlar haqidagi bilimlar markaziy o‘rinni egallaydi. Ilmiy g‘oya mazkur nazariyani tashkil etuvchi qonunlar, tamoyillar va tushunchalarni mantiqan izchil yaxlit tizimga birlashtiradi. O‘z shakllanish jarayonida nazariya mavjud tamoyillar, kategoriyalar va qonunlar tizimiga tayanadi va yangi tamoyillar, kategoriyalar va qonunlarni kashf etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |