4- Ma’ruza: Biologik ta’lim mazmunining tarkibiy qismlarini shakllantirish yo`llari
Reja :
1.Umumiy o‘rta ta’lim o‘quv yurtlarida biologik ta’limning tarkibiy qismlari
2.Akademik I.YA. Lerner bo’yicha ta’lim mazmunining tarkibiy qismlari.
3. Umumiy biologik tushunchalar
Har qanday o‘quv fanini o‘qitishda uning mazmuni nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Unga asosiy sabab o‘quv fani mazmuni o‘sha fanning o‘ziga xos yo‘nalishi, o‘qitish tizimi, metodlari, vositalarini belgilab beradi. O‘quv fanining mazmuni o‘quv dasturlari, darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari orqali aniqlashtiriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim o‘quv yurtlarida biologik ta’limning tarkibiy qismlari bo‘lib, botanika, zoologiya, odam anatomiyasi va fiziologiyasi hamda sitologiya, biokimyo, genetika, evolyusion ta’limot majmuasidan iborat bo‘lgan Biologiya (Sitologiya va genetika asoslari va Biologiya (Ekologiya va evolyusiya asoslari) o‘quv fanlari hisoblanadi. Mazkur o‘quv fanlarida turli xil o‘simliklar, xayvonlar, odamlarning tashqi, ichki tuzilishi hayot faoliyati, tashqi muhit bilan bog‘liqligi to‘g‘risida hamda hujayraning uning organoidlarining tuzilishi, funksiyasi, irsiyat o‘zgaruvchanlik evolyusion ta’lim va shu kabi bilimlar beriladi. Maktab biologiya ta’limini ayrim o‘quv fanlariga ajratish qonuniy bo‘lib, ko‘p yillik pedagogik tajribalar asosida o‘zini oqlagan. Biroq biologik ta’limning turli o‘quv fanlariga ajralishi tirik tabiatdagi narsa xodisalarni alohida-alohida o‘rganishga emas, balki ularning bir yaxlitligini, o‘zaro bog‘liqligini ifoda etgan holda o‘qitilishini taqozo qiladi.
Didaktikada ta’lim mazmunining tarkibiy qismlari juda ko‘p tadqiqotchilar tomonidan aniqlangan. Jumladan, akademik I.YA. Lerner tomonidan ta’lim mazmunining tarkibiy qismlariga:
Bilimlar (ilmiy tushunchalar, g‘oyalar, qonunlar, ilmiy nazariyalar);
Faoliyat usullari (ko‘nikma va malakalar);
Ijodiy faoliyat tajribalari;
Qadriyatlar tizimi kiritilgan.
Biologiya o‘quv fanining bilimlar tarkibiy qismiga birinchi navbatda ilmiy tushunchalar kiradi. Ular biologiyaning ayrim sohalariga oid xususiy va biologiyaning barcha sohalariga xos bo‘lgan umumiy biologik tushunchalardan tashkil topadi.
Umumiy biologik tushunchalar qatoriga:
organizmlarning hujayraviy tuzilishi;
modda va energiyaning almashinuvi;
organizm va muhitning o‘zaro birligi;
irsiyat va o‘zgaruvchanlik;
organik olam evolyusiyasi tushunchalari kiradi.
Biologiya o‘quv fani mazmunining bilimlar tarkibiy qismiga g‘oyalar ham kiradi. Biologiya ta’lim mazmunida o‘quvchilar ongiga quyidagi:
organik olam evolyusiyasi;
tirik tabiat tuzilishining har darajada ekanligi;
organ tuzilishi bilan funksiyasining o‘zaro bog‘liqligi;
biologik sistemalarning tabiiy muhit bilan aloqadorligi;
o‘z-o‘zini boshqarish;
nazariya bilan amaliyotning birligi kabi g‘oyalar singdiriladi.
Biologik qonunlar ham biologiya o‘quv fanining mazmunining tarkibiy qismi bo‘lib hisoblanadi. Biologik qonunlardan sirasiga:
Mendel va Morganning irsiyat qonunlari;
Ber qonuni;
Xardi-Vaynberg qonuni;
V.I.Vernadskiyning atomlarning biogen migratsiyasi qonuni va h.k larni kiritish mumkin.
Biologiya fan mazmunining yana bir komponenti ilmiy nazariyalardir. Umumiy o‘rta ta’lim biologiya o‘quv ta’lim mazmuniga CH.Darvinning organik olamning evolyusion nazariyasi, A.N.Seversovning filembriogenez nazariyasi, T.Morganning xromosoma nazariyasi va nihoyat hozirgi zamon gen nazariyasi kiritilgan.
Yuqorida qayd etilgandek, ta’lim mazmunining asosiy qismini bilimlar (ilmiy tushunchalar, g‘oyalar, qonunlar, ilmiy nazariyalar) tashkil etadi.
Faoliyat usullari - ko‘nikma va malakalardan iborat bo‘lib, o‘quvchilar tomonidan o‘quv dasturida ko‘zda tutilgan ko‘nikma va malakalarni egallashini belgilaydi.
Ta’lim mazmunining uchinchi tarkibiy qismi bo‘lgan ijodiy faoliyat tajribalari o‘quvchilarning avval o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalarini yangi kutilmagan vaziyatlarda qo‘llash orqali tarkib toptiriladi. SHu sababli, o‘qituvchi ta’lim-tarbiya jarayonida bilimlarni tayyor axborot shaklida emas, balki muammoli vaziyatlarni vujudga keltirish natijasida o‘quvchilarning avvalgi mavzularda o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalarini yangi kutilmagan vaziyatlarda qo‘llashiga imkon yaratishi, ularda mustaqil va ijodiy fikr yuritish ko‘nikmalarining tarkib topishiga zamin tayyorlashi zarur.
Ta’lim mazmunining to‘rtinchi tarkibiy qismi bo‘lgan qadriyatlar tizimi o‘qitish jarayonida ta’lim-tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashni ko‘zda tutadi. Mazkur tarkibiy qismni o‘quvchilarda shakllantirish biologiyani o‘qitishda ta’lim-tarbiya masalalariga bog‘liq holda yoritildi.
TALABALARNING O‘ZLASHTIRGAN BILIMLARINI NAZORAT QILISH TOPSHIRIQLARI
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida biologik ta’lim asoslari deganda nimani tushunasiz?
2.Umumiy o‘rta ta’lim o‘quv yurtlaridagi biologik ta’limning maqsadi va vazifalari nimalardan iborat
Do'stlaringiz bilan baham: |