II BOB. SCHOTLARNING BOG‘LANIShI
III qism. Majburiyatlar
VI bo‘lim. Joriy majburiyatlar
VII bo‘lim. Uzoq muddatli majburiyatlar
Hisobvaraqlar rejasi III qismining schotlari majburiyatlarning barcha turlari buxgalteriya hisobini tartibga solish uchun qo‘llaniladi.
Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asosga muvofiq (Moliya vazirligi tomonidan 1998 yil 26 iyulda 17-07/86-son bilan tasdiqlangan, O‘zR AV tomonidan 1998 yil 14 avgustda 475-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) majburiyatlarning asosiy tavsifi shundan iboratki, bunda xo‘jalik yurituvchi sub’ekt boshqa yuridik va jismoniy shaxslar oldida joriy majburiyatlarga ega bo‘ladi.
Majburiyatlar - bu hisobot yoki oldingi davrlarda vujudga kelgan kreditorlik qarzidir va uning qoplanishi (tartibga solinishi) iqtisodiy nafni kamaytirishga olib kelishi mumkin, ya’ni amaldagi aktivlar kamayishi to‘g‘risida ishonch mavjuddir. Majburiyatda qoplanishi lozim bo‘lgan aniq belgilangan qarz yoki muayyan harakat qilish, masalan, sotilgan mahsulotning yaroqsizligini tuzatish yoki oldindan haqi to‘langan ishni bajarish majburiyati (nimanidir bajarish) mujassamlanadi.
Mol yetkazib berish yoxud oldi-sotdi shartnomasining tuzilishi majburiyat vujudga kelganligini anglatmaydi. U tayyor mahsulot yetkazib berilgandan keyin yoki unga egalik qilish huquqi rasmiy ravishda o‘tkazib berilgandan keyin vujudga keladi. Xizmatlarni iste’mol qilish, bajarilgan ishni qabul qilish majburiyatlar vujudga kelishiga va ular uchun oldindan to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda, buning uchun haq to‘lanishi lozimligiga olib keladi.
Muayyan huquqiy cheklovlarda, masalan, bekor qilinishi ko‘zda tutilmagan mol yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma tuzilganda, mol yetkazib berilishidan qat’i nazar ham majburiyatlar vujudga keladi. Molni qabul qilishdan voz kechish katta miqdordagi pul summasi (boqimonda)ning to‘lanishini talab qiladi va tegishli majburiyatlar vujudga kelishiga olib keladi.
Majburiyatlarni qoplash odatda muayyan aktivlarni kreditorga o‘tkazish yoki boshqa usullar bilan amalga oshiriladi. Xususan, majburiyatlarni qoplash majburiyatlarning qiymatini pul mablag‘lari bilan to‘lash yoki uni qoplash uchun shunga mos keladigan qiymatdagi boshqa aktivlarni o‘tkazib berish; majburiyatga teng bo‘lgan summaga xizmatlarni ko‘rsatish yoki ishlarni bajarish; bir majburiyatni boshqa majburiyat bilan almashtirish; o‘zaro kelishuv bo‘yicha qoplangan majburiyatlarga teng summada aksiyalarni yoki boshqarishda va foydada ishtirok etish boshqa huquqlarini taqdim etish yo‘li bilan korxona kapitaliga majburiyatni kiritish orqali tartibga solinishi mumkin. Kreditor tomonidan o‘z talablarini bekor qilish yoki talab qilish huquqini yo‘qotish ham majburiyatlarni qoplash usullaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Majburiyatlarni qoplash aktivlarni kamaytiruvchi muayyan xarajatlarni talab qilganda yoxud boshqa yo‘l bilan kelgusi iqtisodiy naflarni kamaytiradi degan taxmin qilishga asos mavjud bo‘lgan taqdirdagina majburiyatlar hisobga olinishi mumkin. Bu to‘lovni talab qiladigan bitimni ijro etish, ijro uchun qabul qilingan sud qarorlari, boqimondani to‘lash yoki budjetga soliqni to‘lash niyatiga ega bo‘lishdir.
Chet el valyutasida ifodalangan majburiyatlar chet el valyutasini qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda qayta hisoblash yo‘li bilan schotlarda milliy valyutada hisobga olinadi.
Majburiyatlarni hisobga olish tartibi quyidagi asosiy qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi:
- Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asos (Moliya vazirligi tomonidan 1998 yil 26 iyulda 17-07/86-son bilan tasdiqlangan, O‘zR AV tomonidan 1998 yil 14 avgustda 475-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan);
- O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risidagi nizom (O‘zR MB boshqaruvining 2002 yil 12 apreldagi 60(1/4)-son qarori bilan tasdiqlangan, O‘zR AV tomonidan 2002 yil 15 aprelda 1122-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan);
- Chet el valyutasidagi operatsiyalarni buxgalteriya hisobi, statistika va boshqa hisobotlarda aks ettirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2004 yil 2 sentabrdagi O‘zR MVning 98-son, IVning 41-son, DSQning 2004-57-son, MBBning 257-V-son va Davstatqo‘mning 8-son qarori bilan tasdiqlangan, O‘zR AV tomonidan 2004 yil 17 sentabrda 1411-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan);
- Buxgalteriya hisobida ijara operatsiyalarini aks ettirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (moliya vazirining 2009 yil 11 maydagi 54-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan, O‘zR AV tomonidan 2009 yil 1 iyunda 1961-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) va b.
Hisobvaraqlar rejasining III qismi VI bo‘lim "Joriy majburiyatlar" va VII bo‘lim "Uzoq muddatli majburiyatlar"dan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |