Sharh va izohlar
Mazkur g’azal yetti baytdan iborat. Mavzu va g'oyaviy yo'nalishi nuqtayi nazaridan oshiqona.
Qofiyalanishi: a-a, b-a, d-a, e-a, f-a, g-a, h-a, i-a. Qofiyalanishiga ko’ra oddiy g’azal bo’lib, baytlardagi qofiyalar quyidagilar: davronini, hijronini, afg’onini, javlonini, paykonini, qonini, vayronini, jonini.
Qofiya mutlaq qofiya hisoblanadi.
G'azalda ma’shuqa bevosita ishtirok qilmaydi. Uning haqidagi barcha ma’lumot-u xabarlar oshiq tilidan beriladi. G'azalda matladan boshlangan mazmun maqtaga qadar izchil davom etadi. Ayni uslubiy-g'oyaviy jilo g'azal yakporaligini ta’min etgan.
Maqtaning ikkinchi misrasida "Navoiy " taxallusi qo'llanilgan.
Yaxlit ma'noli voqeaband g'azallar yaratish ulug' Navoiy lirikasiga xos bo'lgan xususiyatdir. Maqsud Shayxzoda bunga birinchi bo'lib e'tiborini tortgan edi. Navoiydan oldingi shoirlar ijodida ahyon-ahyonda uchrab turadigan bu xususiyat Navoiy ijodida izchillik xususiyatini oladi, muayyan rivoya, badiiy ifoda tarziga aylanadi. Turfa lisoniy holatlar, voqea-hodisalar tasviriga bag'ishlangan turkum-turkum g'azallar shundan dalolat beradi. Yaxlit ma'noli g'azal mazmuniga ko'ra oshiqona, ya'ni oshiqning hijrondagi iztiroblarini, kechinmalarini ifodalaydi. Shu jihatdan uni sharhi hol usulida yozilgan asarlar sirasiga kiritish mumkin. Ammo zohiriy ma'nolari bilan oshiqona bo'lib ko'ringan ushbu g'azalda orifona (tasavvufiy) ma'nolar ham ifoda etiladi. Alisher Navoiyning aksar g'azallarida zohiriy va botiniy ma'no, "dunyoviy ishq" va "ishqi ilohiy", boshqacha aytganda , "majoziy" ma'nolar bilan "haqiqiy" ma'nolar birga qo'shilib, biri ikkinchisini taqozo etib keladi. Biz Navoiy lirikasini tahlil qilayotganimizda bu ikki ishqni ajrata olmaymiz. Navoiy lirikasida majoziy ishq haqiqiy ishqqa qarama-qarshi qo’yilmaydi. Balki majoziy ishq ishqi haqiqiyning bir ko’rinishi yoki haqiqiy ishq yo’lidagi o’ziga xos bosqich sifatida baholanadi. Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin”da “Al majozu qantarat ul -haqiqat” (majoz haqiqat ko’prigidur), degan mashhur arabcha iborani keltirgan. “Ruhan pok, ma’naviy komil inson uchun majozning o’zi ayni haqiqatdir. Muhimi shundaki, Navoiyning o’zi masalaning muhimligini his etgani uchun bo’lsa kerak, bir necha g’azal va qit’alarida o’z yo’nalishini maxsus izohlaydi”.1
Masalan:
“Gar Navoiy yig’lasa, ishqing majoziydur dema,
Kim nazar pok aylagach, ayni haqiqatdir majoz.”
Yoki:
“Ko’rmasa husni majoziy ichra juz sunini
Oshiqekim, bo’lsa ishq atvori ichra pokboz.
Zohido, bu ishqdin man aylama oshiqnikim,
Gar sen idrok ylasang, ayni haqiqatdur majoz”
Ikki ma'nolilik, ikki yo'nalishli tasvir mazkur g'azalga ham xos.
Bilamizki, Navoiyda oshiqning yoridan judolik lahzalarini tasvirlovchi g’azallar ancha. Ammo har bir g’azalda o’zgacha ohang, maftun etuvchi san’atkorlik qo’llaniladi va tabiiyki, bu ayni holatga mos bo’lib tushadi. Goh yorini safarga ketgani, goh va’dasiga vafo qilmay kelmagani, beparvolik va o’yinqaroqlik qilgani , gohida oshiqni sinash uchun ataylab hijron azobiga solishi, rang-barang kiyimlar kiyib, bezanib husnini ko’z-ko’z etishi, oshiqni battar qiynashi va gohida saman ot choptirib maydonga kirishi jozibali lavhalarda ko’rsatilgan.
Yori visolidan mahrum bo’lgan oshiq ko’ngliga hijron g’amining qanchalar achchiq ekanligini bilmasligini aytadi. Navoiyning ushbu g’azali ham an’anaviy mavzuda, ya’ni ishq mavzusida. Bu baytda oshiqning hijron azoblari-yu iztiroblari o’z ifodasini topgan. Matla bevosita oshiqning ko’ngilga murojaati bilan boshlanadi. Farhod mumtoz adabiyotda komil inson timsoli. U ham o’z sevgilisiga yetishish uchun ancha azob-u mashaqqatlarni tortgan, ularni yengib o’tgan. Oshiqning iztiroblari shu qadarki, Farhod ham unga hamdard bo’ladi.
Nasim sharq mumtoz adabiyotida ko'p uchraydigan obrazlardan biridir. Shamol,yel,nasim,bodi sabo -bularning barchasi qahramonlarning xabari,sevgi-muhabbatini yor-u do'stlariga yetkazuvchi hisoblanadi.Yuqoridagi baytda Farhod obdazi tilga olingan edi.Navoiyning "Farod va Shirin" dostonida ham Farhod o'limi oldidan bodi saboga murajaat qilib, ota-onasiga so'nggi so'zlarini yetkazish epizodi mavjud. Mazkur baytda oshiq yori visoliga shunchalik tashnaki, hatto nasi unga mehrsiz yorining ot yelishxabarini keltirsa, uni to'tiyo kabi ko'ziga surtishini aytadi. Bunda oshiq uchun o'z mahbubasi qanchalik qadrli ekanligi badiiy suratda namoyon bo'lgan. Nasimga murojaat qilish nido san'atini yuzaga keltirgan.
4-baytga kelib, oshiqning dard-u hasratlari o'z haddi a'losiga yetadi. “Ko'nglim senda qoldi” iborasini ham o'z ma'nosida, ham ko'chma ma'noda tushunish mumkin. Lirik qahramon xokiylar deganda yoriga oshiq bo'lgan oshiqlarni nazarda tutyapti. U o'z mahbubasini rashk qilib, ularni tuproqqa tenglashtirmoqda. Ag'yor otgan kamon o'qlarini esa xasta ko'ngli o'rnida saqlagan. Bunda oshiq ma'shuqasi uchun har narsaga tayyor, degan g'oya ilgari surilgan. Oshiq chekayotgan azoblari sababini topganday bo'ladi, ya'ni dunyo chamanida gul oshiq bulbul qonini oqizishni istagani uchun qizil to'n kiygan. Demak, oshiqlar uchun qiyinchilik, ma'shuqadan jabr-u zulm ko'rish azaliy qismat ekan. Mana shularga sabr qilgan oshiqqina o'z maqsadiga yetishadi. Bunda husni ta'lil va tajohili orif san'atlarining go'zal namunasi yaratilgan. Oshiq g'amni o'q yomg'iriga o'xshatar ekan, hijron azobining naqadar shiddatli va zulmkor ekanligini ta'kidlaydi. Bu ham yetmaganiday, g'am yomg'iri uning vayron bo'lgan ko'nglini ham yiqitadi. Maqtada lirik qahramon ajalga murojaat qilib, uning jonini olishni yor dardiga qo’yib berishni iltijo qiladi. Zero, hijron azobi ajaldan ham halokatliroqdir.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, g’azalda oshiqning hijron-u ayriliq damlarida chekkan sog’inch iztiroblari, dardli kechinmalari tasvirlangan. Ammo tasvir o’quvchining qalbini hayajonga soladigan darajada kuchli va ta’sirchandir. Shu tariqa yorga umidvor, vasl umidida qiynalayotgan oshiq tuyg’ulari g’azalda tarannum etilgan. G’azalda qo’llanilgan badiiy san’atlar, qofiyalar bu holatni kuchaytirgan, yaxlit bir kuy, dardli qo’shiq vujudga kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |