14-MAVZU:AMALIY VA LABARATORIYA MASHG’ULOTLARI.
REJA:
Amaliy mashg‘ulot o‘quv ishini tashkil etishning asosiy shakli.
Amaliy mashg‘ulotlarning maqsadi.
Laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish texnologiyasi.
Laboratoriya mashg‘ulotlari usullari.
Amaliy mashg‘ulot o‘quv ishini tashkil etishning asosiy shakli. Oliy o‘quv yurtlarida seminar, laboratoriya va amaliy darslar ma’ruza eshitish davomida olgan bilimlarini mustahkamlash uchun o‘tkaziladi va nazariyani amaliyot bilan bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi.
Amaliy mashg‘ulot o‘quv ishini tashkil etishning asosiy shakllaridan biri bo‘lib, eksperimental tavsifdagi mustaqil topshiriqlarni talabalarning professor-o‘qituvchi bilan birgalikda bajarishini o‘zida aks ettiradi.
Amaliy mashg‘ulotining bosh maqsadi – biror bir fanga doir nazariy qoidalarni amaliy jihatlarini ochib berish; talabalarning o‘rganilayotgan qonuniyatlarni o‘ziga xosliklari va namoyon bo‘lish shakllarini chuqur tushunishlarini ta’minlash; bo‘lajak mutaxassislarda o‘rganilayotgan ob’ekt bilan amaliy muloqotga kirishish ko‘nikmasini shakllantirishdir. Laboratoriya (amaliy) mashg‘ulotlar talabalarning ilmiy dunyoqarashini shaklantirishda muhim rol o‘ynaydi.
Amaliy mashg‘ulot – bu ta’lim beruvchini ta’lim oluvchilar bilan faol suhbatga kirishishiga yo‘naltirilgan, nazariy bilimlarni amaliy faoliyatda amalga oshirish uchun sharoitni ta’minlovchi, mashg‘ulotni o‘qitish shaklidir.
Amaliy mashg‘ulot darslarini ikki turga ajratish mumkin. Bular ma’ruza darsi mavjud bo‘lgan va ma’ruza darsi mavjud bo‘lmagan fanlardan (masalan, chet tillar) o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlar. Amaliy mashg‘ulot darslari fan dasturlari va ishchi dasturlari hamda kalendar tematik rejalariga qat’iy amal qilingan holda o‘tkaziladi. Amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish bo‘yicha zarur adabiyotlar ro‘yxati beriladi. Ma’ruza darsi mavjud bo‘lgan amaliy mashg‘ulotlarda asosan ma’ruza darslarida o‘tilgan materiallar mashqlar bajarish yordamida mustahkamlanadi.
Amaliy mashg‘ulot quyidagi maqsadlarga erishish uchun qo‘llaniladi:
nazariy materialni tartibga solish;
ko‘nikmalarni hosil qilish;
bilimlarni nazorat qilish.
Ta’lim beruvchi amaliy mashg‘ulotni samarali o‘tkazish uchun quyidagilarni hisobga olish zarur:
o‘zining tayyorgarligi, bunda savol va javob texnikasiga ega bo‘lishi;
o‘quv guruhining holati: uning motivatsiyasi, uning tashkil etish xususiyati;
o‘quv jarayonining texnik jihozlanishi.
Amaliy mashg‘ulot darslarida yangi pedagogik texnologiyalar yoki interfaol usullardan foydalanish uchun imkoniyatlar katta bo‘ladi. O‘qituvchi darsga kirib, tashkiliy ishlarni o‘tkazadi. Xonaning darsga tayyorgarligi, doskaga yozish va o‘chirish vositalarining mavjudligi hamda talabalar davomati aniqlanadi. Darsda o‘tiladigan mavzu e’lon qilinib, doskaga yozib qo‘yiladi. O‘tgan mavzuning asosiy mazmuni qisqacha bayon qilinib, yangi mavzu rejasi beriladi. Ma’ruza darslari mavjud bo‘lgan fanlardan amaliy mashg‘ulot darslari albatta ma’ruza o‘tilgandan keyin o‘tkaziladi. Ma’ruzada o‘tilgan materiallarning asosiy xulosalari tushuntiriladi, ma’ruza bilan amaliy mashg‘ulot bog‘lanadi. Amaliy mashg‘ulotlar fanning, hattoki mavzularning xususiyatlaridan kelib chiqib, turli xil usullarda o‘tkazilishi mumkin. Amaliy mashg‘ulot darslarida savol-javoblar, diskussiyalar tashkil qilinadi, faol ishtirok etgan talabalar rag‘batlantirilib ball qo‘yiladi. Amaliy mashg‘ulot darslarining qat’iy dastur bo‘yicha sifatli o‘tilishini, talabalar bilimining o‘z vaqtida baholanishini fandan ma’ruza olib boruvchi o‘qituvchi muntazam nazorat qilib borishi shart. Shuningdek, amaliyot o‘qituvchisi bilan dastur bajarilishi, amaliyot darslarida nimalarga alohida e’tibor qaratilishi, ma’ruzada mavzularni qaysi qismlari kam yoki ko‘proq yoritilganini va boshqa o‘quv-uslubiy masalalarda maslahatlashib, fikrlashib turishi lozim.
Ma’ruza darslari rejalashtirilmagan, faqat amaliy dars o‘tkaziladigan fanlardan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishda nazariy bilimlar bilan amaliy mashqlar bajarish birgalikda olib boriladi. Dastlab mavzu bo‘yicha nazariy bilimlar beriladi, o‘qituvchi misol va mashqlar bajarib ko‘rsatadi. Shundan so‘ng talabalar mustaqil mashqlar bajaradi. O‘qituvchi talabalar bilimini baholab boradi. Amaliy darsni o‘qituvchi xulosalab yakunlaydi.
“Amaliy mashg‘ulot” termini pedagogikaga oid adabiyotlarda ham keng, ham tor ma’noda izohlanadi. “Amaliy mashg‘ulot” termini keng ma’noda mashq, seminar (ularning barcha turlari) va laboratoriya mashg‘ulotlarini umumlashtiradi. Amaliy mashg‘ulotlarning ma’ruzadan farqlanadigan asosiy me’yorlaridan biri o‘quv jarayoni qatnashchilarining birgalikdagi harakatlarida o‘ziga xos xarakterdadir. Ular vazifalariga ko‘ra ham farqlanadi. Agar ma’ruzada ilmiy bilimlar asosi bayon qilinadigan bo‘lsa, amaliy mashg‘ulotlarda bilimlar chuqurlashtiriladi, kengaytiriladi va detallashtiriladi. Eng muhimi, amaliy mashg‘ulotlar talabalar bilimini sinashga ham xizmat qiladi.
Amaliy mashg‘ulotlar talabalarni biror-bir mavzu bo‘yicha bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash uchun o‘tkaziladi.
Amaliy mashg‘ulotlar – pedagogikadagi mustaqil ta’lim shaklidir. Amaliy mashg‘ulotlarni o‘ziga xos xususiyatlari shundaki, quyiladigan vazifa, o‘qituvchi va talaba faoliyatini tashkil etishni birgalikda amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Amaliy mashg‘ulotlarda tor doiradagi amaliy xarakterga ega bo‘lgan masalalar hal etiladi.
O‘qituvchi amaliy mashg‘ulotlarda talabalar faoliyatini tashkil etish, ularga topshiriqlarni bajarishga yordam berishdan iborat bo‘ladi.
Amaliy mashg‘ulotlarda talabalarni tashkil etishning frontal, guruhli, yakka holda, juftli ishlash shakllaridan foydalaniladi. Bu esa o‘qituvchiga alohida talabalarda turli malaka va ko‘nikmalarni mustahkamlashga yordam beradi. Laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish texnologiyasi. Laboratoriya mashg‘ulotlarining asosiy tavsifi shundaki, unda talabalar mustaqil ravishda vazifa bajaradilar yoki eksperiment o‘tkazadilar.
Laboratoriya ishlari – oliy maktabda egallanadigan ijtimoiy-gumanitar, kasbiy bilimlarni mustahkamlash, amaliy ko‘nikma va malakalar hosil qilishga xizmat qiladi. O‘rganilgan nazariy bilimni amalda qo‘llashga o‘rgatadi.
Tajribada sinab ko‘rish yo‘li bilan uni mustahkamlaydi, kasbni egallashga yo‘l ochadi. Laboratoriya ishlari tadqiqot xarakteri (tavsifi)ga ega bo‘lib, kuzatish, tajribada sinab ko‘rish yo‘li bilan masala (muammo)ga doir faktlar to‘plash, ularni umumlashtirib, nazariy xulosalar chiqarishga o‘rgatadi.
Laboratoriya mashg‘ulotlarining asosiy tavsifi shundaki, unda talabalar mustaqil ravishda vazifa bajaradilar yoki eksperiment o‘tkazadilar. Ilmiy-texnik taraqqiyot sharoitida laboratoriya ishlari talabaga nazariy bilimlarni qo‘llash mexanizmini chuqur va ko‘rgazmali o‘rganish imkonini beradi. Laboratoriya mashg‘ulotlari talabada tadqiqot o‘tkazish ko‘nikmalarini shakllantiradi, fan va texnikaga ijodiy yondashishni ta’minlaydi, eksperimentning umumiy metodikasini egallashga imkon beradi.
Laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazishda quyidagi didaktik tamoyillarga amal qilinadi:
laboratoriya mashg‘ulotlarini rejalashtira olish va o‘tkaza olish;
laboratoriya mashg‘ulotlarining maqsadini aniq belgilab olish;
fan va ishlab chiqarish bo‘yicha bilimlarni chuqurlashtirish imkoniyatlariga talabalarda qiziqish uyg‘otish;
talabada natijani mustaqil ravishda qo‘lga kiritish imkoniyatini ta’minlash;
talabani nazariy jihatdan tayyorlash;
laboratoriya mashg‘ulotlari nafaqat aniq mavzu bo‘yicha bilimlarni yakunlash, balki talabalarni tarbiyalash manbai hamdir.
Ilmiy-texnik taraqqiyot sharoitida laboratoriya ishlari talabaga nazariy bilimlarni qo‘llash mexanizmini chuqur va ko‘rgazmali o‘rganish imkonini beradi.
Laboratoriya mashg‘ulotlari talabada tadqiqot o‘tkazish ko‘nikmalarini shakllantiradi, fan va texnikaga ijodiy yondashishni ta’minlaydi, eksperimentning umumiy metodikasini egallashga imkon beradi.
Laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazishda quyidagi didaktik tamoyillarga amal qilinadi:
laboratoriya mashg‘ulotlarini rejalashtira olish va o‘tkaza olish;
laboratoriya mashg‘ulotlarining maqsadini aniq belgilab olish;
fan va ishlab chiqarish bo‘yicha bilimlarni chuqurlashtirish imkoniyatlariga talabalarda qiziqish uyg‘otish;
talabada natijani mustaqil ravishda qo‘lga kiritish imkoniyatini ta’minlash;
talabani nazariy jihatdan tayyorlash;
laboratoriya mashg‘ulotlari nafaqat konkret mavzu bo‘yicha bilimlarni yakunlash, balki talabalarni tarbiyalash manbai hamdir.
Ta’lim muassasalarida laboratoriya mashg‘ulotlari nazariya va amaliyotni bog‘lovchi, ularning birligini ta’minlovchi asosiy vositachi bo‘lib, talabalarning bilimlarini mustahkamlashda, mustaqillik, o‘lchov asboblari bilan o‘lchay olish, tajriba o‘tkaza bilish ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishda, o‘lchash xatoliklarini baholay bilish kabi amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |