Tarbiya jarayonidagi ziddiyatlar va uning harakatlantiruvchi kuchlari.
Tarbiya uzoq davom etadigan va aslida uzluksiz jarayon boʻlib, bu jarayon bola maktabga kelishidan ilgariroq boshlanadi va butun umr boʻyi davom etadi. Tarbiya koʻpgina sabablarga, oʻquvchilarnnng individual-tipologik tafovvutlarga, ularning hayotiy va ma’naviy tajribasiga, shaxsiy faolligiga bogʻliq.
Ichki qarama-qarshiliklar, masalan: oʻquvchiga qoʻyiladigan talablar bilan uning yetukliligi, boodobliligi oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar yoki tashqi ta’sirlar bilan tarbiyalanuvchining ichki pozisiyasi, ya’ni uning bu ta’sirlarga boʻlgan munosabati oʻrtasidagi qarama-qarshilik tarbiya jarayonining manbai, harakatlantiruvchi kuchi boʻladi. Masalan: agar tarbiyachi bolalarga yangi faoliyat turini tavsiya qilgan taqdirda uning odobliligi, bu ishga kirishib ketishga tayyorgarligini hisobga olmagan boʻlsa, u qanchalik koʻp harakat qilmasin, tarbiyalanuvchilar passiv boʻladilar, shuning uchun bu ishning oʻquvchilarga ta’sir etish darajasi samarali boʻlmaydi.
Tarbiya jarayonining dialektikasi uning ziddiyatli ekanligida namoyon boʻladi. Aslida bu narsa tarbiyalanuvchilarga nisbatan qoʻyiladigan talablar bilan ularning tayyorgarlik darajasi, rivojlanish darajasi oʻrtasidagi qarama-qarshilikni hal etishga qaratilgandir. Tashqi ziddiyatlar obyektiv mavjud boʻlgan normalar bilan atrofdagi kishilar yurish-turishi oʻrtasidagi nomuvofiqlikda tafovvutda namoyon boʻladi. Tashqi ziddiyatdlardan biri - tashqi talablar bilan oʻquvchining xulq-atvori oʻrtasidagi ziddiyatdir.
Maktab oʻquvchilarining da’volari bilan uning shaxsiy imkoniyatlari oʻrtasidagi ziddiyat ham ichki ziddiyatlar jumlasiga kiradi. Bu ziddiyatlar xulq-atvorda ravshan ifodalanadi. Va’da berib – va’dasini bajarmaydi, biror ishni boshlab qoʻyib, oxiriga yetkazmaydi.
Insonnning shaxs sifatida kamol topishidagi asosiy manbalardan biri: talablar bilan ularni qondirish usullari (sharoitlari) oʻrtasidagi ziddiyatlardir. Agar maktab oʻquvchisining talablari tegishli ashyo yoki harakat bilan va zarur hajmda qondirilsa, ziddiyat ilk bosqichdayoq bartaraf etiladi.
Yosh avlodni tarbiyalash kishilik jamiyatining yashashi va davom etishining eng zarur shartidir. Jamiyatning odamga tarbiyaviy ta’siri uning ilk bolalik davridan boshlanadi. Bu ta’sir oila, maktab, jamoatchilik va xalq ta’limi tizimi orqali amalga oshiriladi. Tarbiya jarayoni tarbiyachilarining sistemali va rejali ta’sirini hamda tarbiyalanuvchilarning xilma-xil faoliyatini oʻz ichiga oladi. Tarbiya jarayonida bolalarning hayot va faoliyatini pedagogik jihatdan toʻgʻri uyushtirish juda muhimdir.
Tarbiya jarayonining muhim xususiyatlaridan biri uning sistamali olib borilishi va bir maqsadga qaratilganligidir. Masalan: mamlakatimizda komil insonni tarbiyalash uchun barcha imkoniyat va sharoit vujudga keltirilgan boʻlib, yosh avlod ilk bolalikdan to voyaga yetgungacha yasli, bogʻcha hamda maktablarda mohir tarbiyachi va oʻqituvchilar qoʻlida tarbiyalanadi. Tarbiya jarayonining samarasi ham tarbiyachiga, ham tarbiyalanuvchiga bogʻliqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |