3-MAVZU: Tadbirkorlik sifatlari va ko‘nikmalari
Tadbirkor nimalarni bilishi va qilishi kerak? U, eng avvalo, tadbirkorlik faoliyatini qanday amalga oshirishni, qanday sharoitda amaliy harakat qilishni, uchraydigan to‘siqlarni hal qilish yo‘11arini va qanday yutuqlarga erishishni bilishi darkor. Tadbirkor — ishlab chiqarishni tashkil etishni hamda mahsulotni sotish ni, bozor munosabatlari sharoitida yuzaga keladigan aniq sharoitlarni baholashni va to‘g‘ri yo‘l tanlashni bilishi lozim.
Tadbirkorlikdagi muhim omil — bu tadbirkorning shaxsiy xususiyatlari. Tadbirkor bo‘lish uchun tashqi holatdan tashqari faqat shaxsan o‘ziga bog‘liqlik tomonlari borki, sarmoya va huquqiy muhit to‘la mavjud bo‘lganda ham busiz u haqiqiy tadbirkor bo‘la olmaydi. Bu uning ishbilarmonlik, tijorat qobiliyatidir.
Ishbilarmonlik juda keng tushunchaga ega. Bu, avvalo, nazariy va amaliy bilimlar yig‘indisi bo‘lib, bunda, birinchi navbatda, iqtisodiyot asosini, aynan bozor iqtisodiyotini bilish zarur. Ma’lumki, iqtisodiyotni tushunmay, bozorning farqiga bormay tadbirkor bo‘lish mumkin emas. Tadbirkorlar bozor iqtisodiyotining ijodkorlaridir. Chunki ular oddiy ijrochi emas, balki bozor iqtisodiyoti, uning munosabatlari, mexanizmlariga ijobiy yondashuvchilar, rivojlantiruvchilardir, bozor to‘g‘risidagi tushunchani kengaytiruvchi, uning turliligini ta’minlovchi, haqiqiy holatini boyituvchi shaxslardir.
Bozorni o‘z vaqtida sezib borish, uning holatini oldindan ko‘ra bilish, bozorning ertangi talabi darajasida ish ko‘rish, har tomonlama bilimdon, sezgir, o‘tkir bo‘lishni talab etadi. Bu aholi turmush darajasi, daromadlar harakati, turli tabaqadagi aholi talabining o‘zgarib borishini oldindan bilish va barcha ishlab chiqarish, tijorat faoliyatini shu holatga moslashgan holda o‘zgarib borishi uchun intilish demakdir.
Buning uchun tadbirkor har tomonlama bilimdon bo‘lmog‘i zarur. Shundagina u mazmunan ishbilarmon bo‘lishi mumkin. U zamonaviy texnika, texnologiya, tashkilotchilik, bilimdonlik darajasida bo‘lmasa, orqada qoladi, raqobatga bardosh bera olmaydi va bozor ishtirokchisi sifatida yuqori darajaga erisha olmaydi. Tadbirkor ish yuritish sohasida barcha omil, chora- tadbir, voqelikka bir xil munosabatda bo‘lib, hammasini o‘z diqqat markazida tuta bilish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak.
Bulardan tashqari, tadbirkor haqiqiy insoniy qobiliyatlar va xususiyatlarga ega bo‘lishi kerakki, u haqiqatan ham ishboshi, tashkilotchi, boshqaruvchi, ko‘pchilikni birlashtira olish qobiliyatiga ega shaxs bo‘lishi zarur. Amaliyotda o‘z shaxsiy manfaatini xalq manfaati bilan bog‘lovchi, xalq uchun zarur ishlarni o‘z hisobiga bajaruvchi, homiylik qiluvchi tadbirkorlar juda ko‘p. Har tomonlama ilg‘or, yuqori madaniyatli, xalqparvar va xalq oldida katta obro‘ga ega badavlat tadbirkor-sohibkorlar, ayniqsa, rivojlangan, iqtisodiyoti yuqori darajadagi mamlakatlarda oddiy holatdir.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni xohlagan insonlar ega bo‘lishi lozim bo‘lgan (yoki rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lgan) ma’lum xususiyatlar mavjud. Agar tadbirkorlarni boshqa insonlar guruhi bilan turli xususiyat va ko‘nikmalarni baholash orqali solishtiradigan bo‘lsak, tadbirkorlar bir qator o‘ziga xos xususiyatlar mavjudligi bilan ajralib turadilar, xususan:
1. Yuqori mehnat qobiliyati: biznesni boshqarish yuqori harakatchanlikni va intiluvchanlikni talab qiladi. Bu — zarur bo‘lganda, uzoq muddat davomida ishlay olish, tang vaziyatlarda ham juda qattiq ishlash va yaxshi uxlay olish imkoniyati bo‘lmaganda ham mehnat qobiliyatini saqlay olish bilan bog‘liq.
2. O‘z kuchiga ishonish: biznesda rivojlanish uchun insonlar o‘z kuchlariga va o‘zlari oldiga qo‘ygan maqsadlarga erisha olish qobiliyatlari borligiga ishonishlari lozim. Bu, odatda, quyidagi ibora bilan ifodalanadi: «Agar siz biron nimaga juda intilsangiz va shu narsa ustida ishlashga tayyor bo‘lsangiz, siz o‘zingiz istagan narsaga, albatta, erishasiz».
3. O‘z kelajagini qurish: o‘ziga ishonchli ish va daromad yara- tish barcha tadbirkorlarning maqsadi bo‘lib hisoblanadi; bu maqsadga erishishga bo‘lgan ishonch ularning shaxsiy qobiliyatlariga asoslanadi. Bu — biznesdan olinayotgan daromadning miqdori muvofiq mezonga yetishi uchun bir necha yil o‘tishi mumkinligini anglatadi.
4. Foyda olishga yo‘nalganlik: pul ishlab topishga bo‘lgan qiziqish insonning o‘z korxonasini boshqara olishga qodirligini belgilovchi aniq ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu biznesning birinchi darajali ekanligini anglatadi. Pullar korxona doirasida ishlashi lozim, tadbirkorning bundagi vazifasi esa korxonada mavjud pullar yangi pullarni ishlab chiqarishi uchun ular qay tarzda qo‘llanishi lozimligi yechimini topishdir.
5. Maqsadlarga erishishga intilish: biznesda muvaffaqiyatga erishish aniq maqsadlarni qo‘ya bilish qobiliyatiga, shuningdek, ushbu maqsadlarga erishishda qat’iylik bilan ishlashga bog‘liq. Ushbu maqsadlarni qo‘ya bilish qobiliyati (inson nimaga o‘rganishi lozimligi borasida) va ushbu maqsadlarga erishish yo‘nalishida ishlash tadbirkor uchun poydevor hisoblanadi.
6. Tirishqoqlik: ko‘pgina insonlarga har qanday biznes vaqt- vaqti bilan qiyinchiliklar va ko‘ngil qolishlarni olib keladi. Ishni qat’iy davom ettirish va muammoni uning yechimi topilgunga qadar, uni yengishdagi qat’iyat — muvaffaqiyatga erishishning asosiy omillari hisoblanadi.
7. Omadsizliklarni bartaraf qila olish: har bir biznes, albatta, o‘zida ko‘ngil qolishi va omadsizliklarning suvosti toshlariga, lekin shu bilan birga, muvaffaqiyat cho‘qqilariga ega. Omadsizliklarni bartaraf qila bilish uning manbayini aniqlashni, tegishli xulosalar chiqarishni va unda yangi imkoniyatlar kurtaklarini topishga harakat qilishni nazarda tutadi. Agar bunday xususiyat insonda yo‘q bo‘lsa, dastlabki omadsizliklarning o‘ziyoq insonning o‘zini o‘zi band qilish harakatlariga chek qo‘yadi.
8. Qaytma aloqadan foydalanishni bilish: ishlar qanday ketayotganligi, rejalar qanday amalga oshayotganligi haqida bilish, qaytma aloqa belgilarini tahlil qila bilish, shuningdek, boshqalar bilan maslahatlashish yana bir asosiy sifat bo‘lib hisoblanadi.
9. Tashabbuskorlik: tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, muvaffaqiyatli biznesmenlar tashabbuskorlikni namoyon qilib, uni o‘z qo‘liga olish imkoniyatini qidirishgan holda o‘zlarini shunday holatga qo‘yishadiki, muvaffaqiyat uchun ham, mag‘lubiyat uchun ham mas’ul bo‘lishadi.
10. Eshitish istagi: muvaffaqiyatli rivojlanuvchi biznesmenlar guruhiga boshqalarga quloq solmaydigan va tashqi resurslardan foydalanmaydigan, o‘z ichiga kirib ketgan individumlar guruhi kirmaydi. O‘z kuchiga ortiqcha ishonish, zarur bo‘lganda, bank xizmatlari, buxgalterlar va biznes maslahatchilar kabi malakali mutaxassislardan yordam so‘rash qobiliyatini inkor etmaydi.
11. Shaxsiy mezonlarni o‘rnatish: faoliyat yuritish mezonlarini o‘rnatish va ularga erishish bo‘yicha keyingi ish olib borish — gullab-yashnovchi korxonaning yana bir ko‘rsatkichi hisoblanadi. Bu mezonlar daromad, sifat, sotuv hajmi yoki aylanma mablag‘ darajasini aniqlab berishi mumkin. Ko‘pgina korxonalar ularning ishlari yildan yilga yaxshiroq borishiga intilishadi, ular joriy yil uchun o‘rnatilgan mezonlarga nisbatan yuqoriroq mezonlarni o‘rnatib, ularga erishadilar.
12. Noaniqlik sharoitida ishlay bilish: tadbirkorlik yollanma mehnatga nisbatan ko‘proq noaniqlik bilan bog‘liq. Bu noaniqlik sotuv hajmi va aylanma mablag‘ga tegishli bo‘lishi, shu bilan birga, materiallarni ta’minlash, narx, bankning qo‘llab-quvvatlashi kabi boshqa sohalarni ham qamrashi mumkin. Bunday noaniqlik sharoi- tida ruhiy charchashsiz ishlash qobiliyati juda muhim omil sanaladi.
13. Ishga butunlay berilib ishlash: korxonani yaratish va uni boshqarish faoliyatiga butunlay berilib ketish, shuningdek, hayot tarzi o‘zgarishini talab qiladi. Biznes tadbirkor hayotida birinchi ustuvorlik bo‘lishi lozim.
14. Xarakterning kuchli tomonlariga tayanish: muvaffaqiyatga erishuvchi biznesmenlar ularda mavjud bo‘lgan kuchli tomonlarga tayangan holda ish olib borishadi, bu tomonlar qo‘l ishini sifatli bajara olish ko‘nikmalari, sotishni bilish, yaxshi tashkil qilish qobiliyati, hujjatlar va boshqa yozma materiallarni chiroyli rasmiylashtira olish, aniq bir mahsulot yoki xizmatni bilish, savdo tizimidagi insonlarni bilish, shuningdek, aloqalarni o‘rnata olish va ularni qo‘llay bilish qobiliyati bo‘lishi mumkin.
15. Ishonchlilik va to‘g‘rilik: haqiqatgo‘ylik, ish munosabatlarida to‘g‘rilik va va’da qilingan ishni bajarishdagi ishonchlilik korxonani muvaffaqiyatli boshqarishning asosiy omillari bo‘lib hisoblanadi.
16. Tavakkalni o‘z zimmasiga ola bilish: har bir korxonaning faoliyati tavakkal bilan bog‘liq. O‘lchangan yoki hisoblab chiqilgan tavakkalni o‘z zimmasiga ola bilish qobiliyati ko‘rsatkich bo‘lib hisoblanadi. Tavakkalga bunday yondashuv ushbu tavakkal butunlay yo‘q bo‘lishi uchun taxminiy narxlar va foydani aniqlash, muvaffaqiyatga erishish ehtimoli va o‘z qobiliyatiga ishonishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, tadbirkorning shakllanishiga bir qator omillar ta’sir etadi — ma’lumoti, fe’l-atvori, oilaviy ta’sir, oldingi ishi va hayotiy tajribasi, o‘z ishiga munosabati, rejalari va h.k. Bozor iqtisodiyotini shakllantirish jarayonida yuqori malakali tadbirkorlarga ega bo‘lish uchun ma’lum ishlarni amalga oshirish kerak. Bu, avvalo, mutaxassislar tayyorlash, o‘qitish va o‘qish jarayonlarini shunga moslashtirish demakdir.
Mamlakatimizda bu sohada juda katta ishlar olib borilib, mutaxassislar tayyorlashda muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda. Tadbirkor-biznesmenlar tayyorlash kengaytirilib, yetakchi mamlakatlarda o‘qishga minglab yoshlar yuborilyapti. O‘qish, o‘qitish, mutaxassislar tayyorlash tizimi bozor talabi asosida qayta ko‘rilayotir.
Tadbirkorga xos xususiyatlardan yana biri uning madaniyatidir. Tadbirkorlik madaniyatining asosiy belgilari sifatida quyidagilarni ko‘rsatishimiz mumkin:
1. Tadbirkorlik madaniyati — bu madaniyat omillarini hamma yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy tashkil qilish (moddiy va ma’naviy).
2. Madaniyatning ayrim unsurlari rivojlanishi bo‘yicha g‘oya, maqsad, vazifalarning bir-biriga mos kelishi.
3. Tadbirkorning amaldagi qonunchilik doirasida faoliyat yuritishi.
4. Tadbirkorning ijtimoiy-iqtisodiy, texnikaviy, zamonaviy ilm-fan yutuqlariga tayanishi.
5. Tadbirkor o‘z faoliyatida xodimlari va hamkorlarini eng qadrli kishilari sifatida qabul qilishi kerak.
6. Tadbirkor har doim kelajakka ishonch va umid bilan qarab, qolganlarni ham o‘ziga ishontira olishi lozim.
Maqsadga erishish uchun tadbirkorga korporativ madaniyatning ahamiyati beqiyosdir. Tadbirkorlik faoliyatida o‘z biznesini boshqarish — bu korporativ madaniyatni rivojlantirishdir. Tadbirkorning korporativ madaniyatni boshqarish pog‘onalari quyidagichadir:
1. Madaniyatning rivojlanish an’analari va holatini tahlil qilish.
2. O‘rganilayotgan davrda mavjud muammolarni aniqlash.
3. Paydo bo‘lgan muammolarning obyektiv va subyektiv omillarini aniqlash.
4. Mavjud muammoning yechimini topadigan imkoniyatlar va yo‘llarini ko‘rsatish.
5. Chuqur o‘rganilgan va tahlil etilgan mulohazalardan foydalanish.
Zamonaviy tadbirkorlarning AQSHlik yorqin vakili Maykl Dell — u Dell Computer Corp. firmasini 19 yoshida, birinchi kurs talabasi ekanligida tuzgan. Firmaning dastlabki sarmoyasi bir ming AQSH dollariga teng bo‘lgan. Maykl 40 yoshga to‘lganida kompaniyaning sotilish hajmi 45 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan. U kompyuter ishlab chiqaruvchi firmalar orasida yetakchi o‘ringa chiqqan.
«DELL» korporatsiyasining asoschisi Maykl Dell muvaffaqiyatining to‘qqiz qoidasi:
• bozorni yaxshilab o‘rgan;
• vositachisiz sot;
• senga mahsulot yetkazib turuvchilarni hurmat qil;
• xodimlaringni hurmat qil;
• sening muvaffaqiyatingni faqat sening mijozlaring kafolatlaydi;
• o‘z ustingda ishlashdan charchama;
• keng ko‘lamda o‘yla va harakat qil;
• o‘z iqtidoringga va o‘zingga ishon;
• o‘sishni o‘z maqsadingga aylantirma.
O‘zingizning tadbirkorlik qobiliyatingizni uzluksiz rivojlantiring.
Biznes odamining asosiy xossalaridan biri bu faollik — mavhum sharoitlarda harakat qilishga tayyorgarlik hisoblanadi. Bu biznes uchun unchalik o‘ziga xos bo‘lmagan, biroq bu faoliyatda dastlabki qadamni qo‘yish uchun, muvaffaqiyatga erishish va uni mustahkamlash keyinchalik barpo qilinadigan biznes poydevorini shakllantirish uchun kerakli shart hisoblanadi. Boshqa ikki sifat biznes va biznesmenning yetuklikka erisha borishi bilan juda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bular hisobiy fikrlash va marketingni tanlash. Bu xususiyatlarning rivojlanishiga muvaffaqiyat to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘libgina qolmasdan, biznesmen ishining rivoji ham bog‘liqdir. Bulardan yana biri — odamlarni boshqara olish qobiliyati bo‘lib, ijtimoiy ruhiy xususiyat hisoblanadi.
Biznes gullab-yashnashi uchun pul bilan ishlay bilishning o‘zi yetarli bo‘lmay, odamlar bilan ishlay bilish ham kerak. Yaxshi biznesmen ish muloqoti san’ati sirlarini muntazam egallab borishi lozim. Bu sifatlar biznes bilan shug‘ullanayotgan odamda naqadar mushtaraklashib ketishi va uning shaxsiy xususiyatlarini shakllantirishi haqida tortishish mumkin. Boshqa faoliyat turlarida bo‘lgani kabi insonda kasbiy xususiyatlarining ildiz otish me’yori keng miqyosda ro‘y beradi, ya’ni yuzakidan yuqori (professional) darajagacha bo‘lishi mumkin.
Bu sifatlar o‘zgarmas, qotib qolgan, doimiy shakllangan va barqaror ko‘rinishda bo‘lmaydi. Ular shaklan o‘zgarib boradi, bir holatdan boshqasiga o‘tadi. Biznesning har bir yangi holatida yangi va o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib boradi. Bu o‘zgarishlar dinamikasi bir vaqtning o‘zida inson tayyorligi va ichki talabi hamda biznesning o‘z shart-sharoitlarini rivojlantirib borishi bilan belgilanadi. Inson o‘zining intilishlari bilan faoliyatning bo‘lajak talablaridan ilgarilab ketishi yoki ularga bo‘lgan munosabatda kech qolishi mumkin. Mana shuning o‘zida biznes odamga taklif qilayotgan qattiq qoidalardan biri namoyon bo‘ladi: kim ulgurmasa, kech qolgan bo‘ladi. Agar biznesmen fikrlash usuli va o‘z xulqini, atrofdagi o‘zgarishlar darajasiga yetguncha o‘zgartira olmasa, uni noqulay oqibatlar kutadi. Turli manbalardan axborot to‘plang. Ko‘proq biznes-adabiyotlar sotib oling, saytlarda qayd etiling, tadbirkorlikka bag‘ishlangan teleko‘rsatuvlarni tomosha qiling, u yoki bu darajada tadbirkorlikka aloqador odamlar bilan muloqotda bo‘ling, turli treninglarga qatnashing.
Imkoni boricha ko‘proq ma’lumot va maslahatlardan foydalaning. Keng miqyosdagi, ishonarli axborot va mutaxassislarning maslahatlari, har qanday biznesni ochish bilan bog‘liq tavakkalchilikni kamaytiradi. Savol bergan javob oladi. To‘g‘ri berilgan maslahat savolning javobidan ustun. Shu sababli sizga konsalting kompaniyalari va ularning maslahatchilaridan ko‘proq axborot olishni tavsiya etamiz.
TAYANCH SO‘Z VA IBORALAR
Tadbirkorlikning asosiy tamoyillari: foydaga intilish; iqtisodiy erkinlik; iqtisodiy mas’uliyat; iqtisodiy tavakkalchilik; raqobatda qatnashish; tadbirkorlik siri; halollik; nufuz (imij); xususiy mulk; yuqori mehnat qobiliyati; o‘z kuchiga ishonish; o‘z kelajagini qurish; foyda olishga yo‘nalganlik; maqsadga erishishga intilish; tirishqoqlik; omadsizliklami bartaraf qila olish; qaytma aloqadan foydalanish; tashabbuskorlik; eshitish istagi.
Do'stlaringiz bilan baham: |