3-MAVZU: RIVOJLANISH FALSAFASI
REJA:
Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyusiyasi.
Qonun tushunchasi. Falsafaning asosiy qonunlari.
Kategoriya tushunchasi va ularning turlari.
Mavzuning tayanch iboralari O‘zgarish, harakat, o‘zaro aloqadorlik, taraqqiyot;eng umumiy, umumiy va xususiy aloqadorlik, dialektika, determinizm, indeterminizm, sinergetika; qonun, bog‘lanish, kategoriya, sifat, miqdor, me’yor, inkor, vorislik, ziddiyat, sinergetika.
Jahon siyosiy hayotidagi jiddiy o‘zgarishlar, shuningdek O‘zbekistonda milliy istiqlolning amalga oshirilishi falsafadagi ko‘pgina an’naviy tushunchalarga yangicha tafakkur nuqtai-nazardan qarashni taqozo qiladi. Taraqqiyot, uning manbai, dialektika kabi tushunchalarga bugungi fan, ijtimoiy hayot tajribalari asosida yondashilayotganligining sababi ravshan. Dialektika o‘rniga sinergetika (ilmiy tadqiqotlarning fanlararo yo‘nalishi haqidagi metod)ni qo‘yish, qarama-qarshiliklarning kurashi haqidagi ta’limot o‘rniga ularning uyg‘unligi, revolyusiya o‘rniga evolyusiya, dialektika o‘rniga murosasozlik falsafasini qo‘yish tendensiyalari ko‘zga tashlanadi. Bu takliflarda jon bor ekanligini ta’kidlash bilan birga, har qanday ta’limotlar qorishmasini falsafa o‘rniga tiqishtirish falsafaning ming yillarni o‘z ichiga olgan boy tajribasidan, muammolaridan voz kechishga olib kelmasligini ham esdan chiqarmaslik kerak.
Biz mazkur mavzuni yoritishda o‘zgarish, harakat, taraqqiyot, bog‘lanish tushunchalari mazmunini bilib olish lozim.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, olamdagi narsa-hodisalar eng kichik zarrachalardan tortib, to osmon jismlarigacha, oddiy organizmlardan tortib, to inson jamiyatiga qadar doimo o‘zgarish, harakat va rivojlanish jarayonlarini boshidan kechirib turadi, ular o‘rtasida abadiy o‘zaro aloqadorlik, o‘zaro ta’sir, o‘zaro bog‘liqlik amal qiladi. Tevarak-atrofimizda hech qachon biror-bir hodisa o‘zgarishsiz, harakatsiz voqe bo‘lmaydi. Shunday ekan o‘zgarish harakat, o‘zaro bog‘lanish, taraqqiyot chegaralarining qisqacha falsafiy ma’nosini tushunib olishimiz kerak. «Harakat» tushunchasi kundalik muloqotda olamda yuz beradigan har qanday o‘zgarish ma’nosini bildiradi. Bu - jismning makonda o‘rin almashinishi deganidir. Falsafiy tilda esa mexanik harakat atalib, uning eng oddiy shaklidir. Oldingi Ma’ruzalarimizda qayd etilganidek, harakatning bir qadar murakkab shakllari (fizik, ximik, biologik, ijtimoiy va b.) ham mavjud. Harakatning barcha shakllari o‘zaro bog‘langandir. Chunonchi, oddiy mexanik harakatni olib ko‘raylik. U oddiy qismlarning bir-biriga o‘tishi, elektromagnit va gravitatsion maydonlarning o‘zaro ta’siri, mikroolamdagi kuchli va kuchsiz o‘zaro ta’sirlarning keng miqyosdagi jarayonlari bilan belgilanadi. Harakat shakllari bir-biriga o‘tib turadi, harakat hech qachon mutloq sukunat holatida bo‘lmaydi, binobarin, sukunatning o‘zi ham harakatdir, shunday harakatki, bunda narsa-hodisalarning sifat ko‘rinishi o‘zini saqlab turadi, ularning shakli va makondagi o‘rni esa buzilmaydi, biroq muayyan o‘zgarishlarni boshidan kechiradi.Ko‘rinadiki, harakat, bir tomondan, moddiy jismlar, shuningdek ularni tashkil etadigan elementlar o‘rtasidagi aloqadorlikning natijasi, ikkinchi tomondan, ulardagi o‘zgarishlar tarzidir. O‘zgarishlar makondagi oddiy siljishdan tortib, murakkab ijtimoiy rivojlanishlargacha takomillashib boradi.
Yuqoridagi fikrlarga chuqurroq e’tibor berilsa, o‘zgarish, harakat jarayonlari narsa-hodisalar o‘rtasida yuz beradigan o‘zaro aloqadorlik, o‘zaro bog‘lanishsiz amal qila olmasligiga ishonch hosil qilamiz. Aytish mumkinki, narsa-hodisalarning o‘zgarishi, harakati va rivojlanishiga ular o‘rtasidagi bog‘lanish va aloqadorlik, ta’sir va aks ta’sir sabab bo‘ladi. Biroq har qanday bog‘lanish ham rivojlanishga olib kela bermaydi. Buning sababi shundaki, ular mohiyati, ta’sir ko‘lami va doirasi jihatidan rang-barang bo‘lib, zaruriy va tasodifiy, ichki va tashqi, bevosita va bilvosita, muhim va muhim bo‘lmagan turlarga bo‘linadi. Shu ma’noda olamda boshqa narsa-hodisalardan alohida, ular bilan bog‘lanmagan, o‘zaro aloqadorlikda va ta’sirda bo‘lmagan voqea-hodisa mavjud emas1.
Do'stlaringiz bilan baham: |