kelmaydigan narsa bo‘lishi mumkin emas. Masalan, arpa urug‘idan bodring
etishtirish mumkin emas. Imkonsizlik tushunchasining boshqa bir ma’nosi
imkoniyat va zaruriyat kategoriyalarining munosabatlari bilan bog‘liq. Zaruriyat va
imkoniyat – bir zanjir bo‘g‘inlari: rivojlanayotgan predmet zaruriyati uning boshqa
bir holati bo‘lishi mumkinligini belgilaydi. Ammo predmetning rivojlanishida,
odatda, ko‘p sonli muqobil imkoniyatlar mavjud bo‘lgani bois, ulardan birini
tanlash zaruriy hisoblanmaydi. Bir imkoniyatning ro‘yobga chiqishi qolgan
imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish imkonini bermaydi. Tuzatib bo‘lmaydigan
oqibatlarga olib kelgan qabul qilgan qarori, o‘ylamasdan sodir etgan qilmishidan
afsus chekmagan odam topilmasa kerak. Ba’zan imkonsizlik boy berilgan
imkoniyat tarzida mavjud bo‘ladi. Bu holda imkoniyat imkonsiz bo‘lmagan narsa
sifatida va ayni vaqtda zarur bo‘lmagan narsa sifatida namoyon bo‘ladi.
Voqelik – amalga oshgan, aktuallashgan borliqni tavsiflovchi falsafiy kategoriya:
voqelik amalga oshgan imkoniyat hisoblanadi
.
Voqelik tushunchasi ikki ma’noda ishlatiladi. Birinchidan, voqelik – bu mavjud
borliq, biz yashayotgan dunyo, uning ongimizdagi in’ikosidir. Voqelik tushunchasi
ayrim predmetning borlig‘iga ham tegishlidir. Bu ma’noda u ob’ektning holatini
tavsiflovchi mazkur lahzadir. Ikkinchidan, voqelik ro‘yobga chiqqan imkoniyat
sifatida tavsiflanadi. Bu ma’noda voqelik tushunchasi imkoniyat kategoriyasining
nisbatdoshi hisoblanadi. Ular bir-biriga o‘tuvchi qarama-qarshiliklardir. Imkoniyat
potensial, voqelik esa aktualdir. Imkoniyat – abstrakt va mazmun jihatidan
qashshoq tushuncha. Voqelik – muayyan va mazmunan boy tushuncha, chunki u
ko‘p sonli xossalar, individual betakror jihatlarni o‘z ichiga oladi.
Har bir predmet ko‘p sonli aloqalar yuzaga kelishiga zamin yaratuvchi muayyan
muhitda mavjud bo‘ladi. Shu sababli muhim yoki ikkinchi darajali, tasodifiy yoki
zaruriy bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘p sonli imkoniyatlar mavjuddir.
Imkoniyatning ro‘yobga chiqishida ichki va zaruriy aloqalar muhim rol o‘ynaydi,
ammo uning ro‘yobga chiqish shartlari, garchi ular tasodifiy xususiyatga ega
bo‘lsa-da, rivojlanish jarayoniga sezilarli darajada, ba’zan hal qiluvchi ta’sir
ko‘rsatadi. Ayni shu sababli voqelik ham zaruriy va tasodifiyning birligi
hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: