2.Aholi migratsiyasi.
Respublika aholisining ko’payishida tashqi migratsiyaning ham roli bor. Ammo bu omilning ijobiy ta’siri ko’proq avvalgi yillarga to’g’ri kelgan. 70 va, xususan, 80-yillar oxiridan boshlab ushbu jarayon O’zbekiston uchun manfiy natijaga ega bo’lgan. Bu, asosan, bir vaqtlar O’zbekistonga ko’chib kelganlarning yana o’z vatanlariga kaytib ketishlari natijasida yuz bergan.
Shuningdek, keluvchilar soni muntazam ravishda kamayib borgan, ketuvchilar miqdorida esa aniq, bir yunalishdagi jarayon uncha sezilmaydi. Masalan, respublikamizdan tashqariga ketganlarning eng ko’p miqdori 1990 yilda ko’zatilgan. Biroq, shu yili kelganlar soni ham nisbatan ko’p bo’lgan. Buning natijasida migratsiya qoldig’i (saldosi) minus 121 ming kishini tashkil qilgan. 1994 yilda ketganlar soni avvalgi yillarga qarag’anda uncha ko’p bo’lmasada, ammo kelganlar juda ozchilikni tashkil qilgan (mos ravishda 179 va 38 ming kishi), oqibatda, migratsiya qoldig’i ko’rilayotgan davrda eng yuqori bo’lgan (minus 141 ming kishi). 2010-yilda kelganlar 139,8 ming, ketganlar 183,9 ming, migratsiya qoldig’i minus 44,1 ming kishi bo’lgan. 2012-yilda esa bu ko’rsatkichlar 169,7; 210,6 va minus 40,9 ming kishiga teng bo’lgan.L.P.Maksakova va O.B.Ota-Mirzaev ma’lumotlariga qaraganda, 1991-1997 yillarda respublika shahar joylari bo’yicha netto-migratsiya, ya’ni sof salbiy migratsiya qoldigi rus millatiga mansub bo’lganlarda 302 ming, tatarlarda 95, yahudiylarda 50, ukrainlarda 28, nemislarda 20 ming kishini tashkil etadi. Ketuvchilarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga tug’ri keladi. O’zbekiston Ukraina va Qozog’iston davlatlari bilan ham bo’lgan aholi aloqalarida ancha ko’p manfiy migratsiya qoldig’iga ega, uning musbat natijasi esa ko’proq Tojikiston hisobidan yuzaga kelgan.
Qayd etish lozimki, tashqi migratsiyada eng avvalo shahar aholisi qatnashadi. Binobarin, migratsiyaning salbiy oqibati ham ayni shaharlarda va jumladan, rusiyzabon xalqlar ko’prok joylashgan sanoat markazlarida ko’zatiladi. Shuning natijasida, masalan, Chirchiq, Olmaliq, Angren kabi shaharlarda aholi soni 1991 yilga qaraganda kamaygan yoki juda oz darajada ortgan. qolaversa, Toshkent shahrida ham aholi soni uncha ko’p o’smagan.
Tashqi migratsiyadagi vaziyat shahar joylardagi mehnat resurslarining miqdor va sifat jihatlariga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Chunonchi, migratsiyada asosan katta yoshdagilar va malakali ishchi kadrlarning qatnashganlari sababli mehnat resurslaridan foydalanishda muvaqqat muammolar vujudga kelishi muqarrar.Aholining tabiiy va mexanik harakatidagi o’zgarishlar uning milliy, jins va yosh tarkibiga ham ta’sir ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |