3-Mavzu: O‘smir tomonidan sinfning idrok etilishiga xos xususiyatlarini oʼrganish metodikasi.
Shaxslararo munosabatlarning tarkibiy qismlaridan biri odamlarning bir-birini idrok etishi va tushunishidan iborat. Insonning inson tomonidan idrok qilinishi jarayoniga bir qancha omillar- ijtimoiy ustanovkalar, shaxslararo munosabatlarning xususiyatlari, insonlarning bir – biri xaqidagi maʼlumotlari va boshqalar taʼsir koʼrsatadi. Ijtimoiy pertsepsiya jarayoniga nafakat shaxslararo munosabatlar, balki insonning guruh bilan boʼlgan munosabatlari ham taʼsir koʼrsatadi. Shu tufayli guruh individ tomonidan qanday idrok etilayotganini oʼrganish shaxslararo idrok jarayonini tadqiq etishning muhim jabhasidir.
Mazkur metodika Ye.V.Zalyubovskaya tomonidan taklif etilgan boʼlib, individda guruhni idrok etishning 3 tipidan qaysi biri ustun ekanini aniqlashga xizmat qiladi. U tiplar quyidagilardan iborat.
1 - tip. Individ guruhini oʼz faoliyatiga xalaqit berayotgan narsa sifatida idrok qiladi yoki unga neytral munosabatda boʼladi. Guruh individ tomonidan yaxlit birlik sifatida idrok etilmaydi. Individ hamkorlikdagi faoliyatdan oʼzini chetga tortadi, koʼproq individual faoliyatni xush koʼradi, uning guruh aʼzolari bilan boʼlgan aloqalari sust boʼladi. Guruhni idrok etishning bunday tipini «Individualistik tip» deb atash mumkin.
2 – tip. Individ guruhni u yoki bu shaxsiy maqsadlarga erishish vositasi sifatida idrok etadi. Bunda guruh individ uchun qanchalik foydaligiga bogʼliq ravishda idrok etiladi va baholanadi. Individ guruhning mutasaddi, muayyan masalalar boʼyicha zarur axborotni va yordamni bera oladigan vakillarini maʼqul koʼradi. Guruhni idrok etishning mazkur tipini «Pragmatik tip» deb atash mumkin.
3 - tip. Individ guruhini yahlit birlik va mustaqil qadriyat sifatida idrok qiladi. Uning uchun butun guruh va guruh aʼzolarining muammolari birinchi oʼrinda turadi. Shu tufayli individ butun guruhning ham, ayrim aʼzolarning ham muvaffaqiyatidan oʼzini manfaatdor, deb biladi. Umumiy faoliyatga oʼz hissasini qoʼshishga intiladi. Individda jamoaviy mehnatga nisbatan ehtiyoj kuzatiladi. Guruhni idrok etishning bunday tipini «Kollektivistik tip» deb atash mumkin.
Soʼrovnoma 14 hukmdan iborat. Har bir hukm 3 muqobil variantga ega. Variantlar guruhni idrok etishning 3 tipidan biriga mos keladi.
Koʼrsatma: «Biz taʼlim jarayonini takomillashtirish maqsadida maxsus tadqiqot oʼtkazayapmiz. Sizning soʼrovnoma savollariga beradigan javoblaringiz bizga bu borada yordam berishi mumkin. Siz soʼrovnomada har bir hukm gapdan keyin berilgan variantlar (a, b, v) dan biridagi fikrni tanlashingiz kerak. Tanlangan fikr sizning nuqtai nazaringizni toʼliqroq aks ettirishi lozim. Unutmang, javoblar orasida toʼgʼri yoki notoʼgʼrisi yoʼq. Ulardan faqat bittasini tanlang».
Do'stlaringiz bilan baham: |