Davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini, davlat boshqaruvini markazlashtirishdan chiqarish, davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy ta’minoti darajasini oshirish hamda iqtisodiyotni boshqarishda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish orqali isloh qilish. Demokratiya tamoyillariga tayanuvchi davlat hokimiyati xalq manfaatini ifoda etib, jamiyatni boshqarish hamda rivojlantirishga xizmat qiluvchi bunyodkor kuch sifatida namoyon bo‘ladi. Davlat hokimiyati jamiyatga siyosiy rahbarlik qilib, unga yaxlitlik va barqarorlik baxsh etadi. O‘zbekistonda hokimiyat idoralarining xalq manfaatlariga bo‘ysundirilgani konstitutsiyaviy prinsip tarzida ular faoliyatining asosiy mezoniga aylandi.
Mustaqillikka erishgach, jamiyat va davlat hayotining konstitutsiyaviy huquqiy asoslarini mustahkamlash yo‘lidan borib, mamlakatimiz o‘z Konstitutsiyasini qabul qildi, uning zamirida milliy qonunchilik tizimi shakllandi. Konstitutsiya va qonunlar davlat va jamiyat qurilishini demokratlashtirish va liberallashtirishning huquqiy asoslarini tashkil etdi. Avvalo, davlat organlarini shakllantirish va faoliyat yuritishi sohasiga hokimiyatlar taqsimlanishi prinsipi joriy etildi: hokimiyat tuzilmalarining vakolatlari samarali konstitutsiyaviy mexanizm asosida mutanosib xolga keltirilib, ularning faoliyati inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga yo‘naltirildi.
Amalga oshirayotgan konstitutsiyaviy modernizatsiya qilish va davlat qurilishi sohasidagi izchil islohotlar natijasida ratsional davlat boshqaruvi tizimi shakllandi, hokimiyat tuzilmalari o‘rtasida vakolatlarning mutanosib taqsimlanishiga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning 2017 yil 7 fevralda qabul qilgan «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlar va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning rolini yanada kuchaytirishga, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilgani ayniqsa e’tiborga molik.1 Bu tarixiy hujjatda mamlakatning yaqin istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari belgilab berildi. «Iqtisodiyotda davlat ishtirokini strategik asoslangai darajada qisqartirish, xususiy mulkni yanada rivojlantirish va uni himoya qilishga doir kompleks masalalarni hal etish, hukumat, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajadagi hokimliklar uchun eng muhim ustuvor vazifa sifatida belgilanadi»2.
Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirishda, davlat hokimiyati tuzilmalari (parlament, prezident, hukumat) o‘rtasidagi munosabatlarning samarali tashkiliy va huquqiy mexanizmlarini yaratishda so‘nggi yillarda konstitutsiyaviy qonunchilikka joriy qilingan yangi institutlar muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, 2011 yil 18 aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (78, 80, 93,96 va 98moddalariga)»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni davlat hokimiyati tizimini yanada demokratlashtirishning muhim huquqiy asosi bo‘ldi.
“Davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga baho berishda qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari qanday himoya qilinayotgani, ularga davlat xizmatlari ko‘rsatishning sifati va ochiqligi biz uchun eng asosiy mezon bo‘lishi shart. Shu borada bir fikrni yana takrorlab aytmoqchiman: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari halqimizga xizmat qilishi kerak” deb ta’kidladi prezidentimiz Shavkat Mirziyoev
Hokimiyat sub’ektlari o‘rtasida vakolatlar mutanosib taqsimlanishiga erishishda islohotlarning avvalgi bosqichida Asosiy qonunimiz 98-moddasiga kiritilgan tuzatishlar jiddiy ahamiyat kasb etdi. Konstitutsiyaviy qonunchilikni takomillashtirishga yo‘naltirilgan bu tuzatishlar, birinchidan, hokimiyat tarmoqlari mustaqilligining oshishiga xizmat qilsa, ikkinchidan, davlat hokimiyati tizimida o‘zaro bir-birini tiyib turish mexanizmida yangi bo‘g‘inlarni nazarda tutadi. Masalan, Vazirlar Mahkamasi vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish, ijro etuvchi hokimiyat devonini tuzish va unga rahbarlik qilish huquqi Prezident vakolatlari doirasidan chiqarildi. Bosh vazirning Prezidentga viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlarini tayinlash va lavozimdan ozod etish uchun taqdim qilish huquqining berilishi Bosh vazir boshchiligidagi ijro etuvchi hokimiyat mustaqilligini va ta’sirini oshirishga xizmat qilsa, Bosh vazir nomzodini taklif etish va tasdiqlash tartibi, shuningdek, uning hisobotini tinglash va muhokama qilish tartib takomilining kiritilishi Parlament rolini yanada kuchaytirishga ko‘maklashuvchi institut bo‘ldi.
Hokimiyatlar tizimidagi yana bir demokratik institutning mazmuni quyidagicha: O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan takdirda qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman yo‘naltirilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga kiritilgan ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalar Konstitutsiyaning 78 va 93-moddalariga ham tegishli tuzatishlarni kiritish zaruratini belgiladi. Jumladan, Konstitutsiyaning 78-moddasi 15-bandida Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlari sifatida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish vakolati nazarda tutildi. Bu holat ham siyosiy partiyalar, ham parlament roli va ta’sirining oshirilishiga, Oliy Majlisning qonunlar ijro etilishi ustidan amalga oshiradigan nazorat faoliyatining yanada takomillashtirilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarning avvalgi bosqichida Hukumatni shakllantirish tartibi yanada demokratlashtirildi. Konstitutsiyaning 98-moddasiga kiritilgan qoidaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiyalar tomonidan taklif etiladi.
Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan takdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.3 Ushbu norma davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va ta’sir etish mexanizmini yanada takomillashtirdi.
Shu munosabat bilan xalq hokimiyatining eng muhim poydevori sifatida jamoatchilnk nazorati institutini kuchaytirish bo‘yicha mamlakatimiz Konstitutsiyasining 32-moddasida, shuningdek, «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida», «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqa hujjatlarda muhrlab qo‘yilgan talablarning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratamiz.
Konstitutsiyaning 78-moddasiga yangi 21-band kiritilib, unda parlament nazorati instituti nazarda tutildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mustaqilligini va ayni vaqtda vakillik organi oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Konstitutsiyaning 103-moddasi viloyat, tuman va shahar hokimining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etish majburiyatini belgilaydigan norma bilan to‘ldirildi. Ushbu hisobotlar bo‘yicha xalq deputatlari kengashlari tegishli qarorlar qabul qilishi orqali bu konstitutsiyaviy institut yuridik jihatdan rasmiylashtiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoev Konstitutsiya qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida milliy saylov qonunchiligimizga tamomila yangi institutni viloyat, tuman va shahar hokimlarini tegishli hududlardagi aholi tomonidan bevosita saylash g‘oyasini ilgari surdi. Bu ham hokimlarning xalq oldida hisobdorligini kuchaytiradi.4 Shuningdek, Konstitutsiyaning 117-moddasiga asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining faoliyatini tashkil etishning konstitutsiyaviy asoslarini belgilaydigan tuzatishlar kiritildi.
Konstitutsiyaga kiritilgan yana bir yangi normaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti endi mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari bo‘yicha Respublika Oliy Majlisiga murojaat etish huquqiga ega bo‘ldi. Ko‘pgina rivojlangan davlatlarning konstitutsiyalarida Prezident mamlakat hayotining muhim masalalari bo‘yicha parlamentga murojaat («poslanie») qilish huquqiga ega. Odatda, bunday murojaat bir yilda bir marta amalga oshirilib, unda Prezident davlatning ichki va tashqi siyosatining ustuvor masalalari yuzasidan asosiy vazifalarni bayon etadi, o‘z yondashuvi va munosabatini bildiradi.