4. Elektr va suv ta’minoti inshootlari
Temir yo‘l transporti MDH davlatlarining elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 7% dan ko‘prog‘ini iste’mol qiladi. Elektr energiya asosan poezdlar tortishga va qisman notortuvchi (depo, bekat, ustaxona va nohiya) iste’molchilari ta’minotiga ishlatiladi.
Texnikaviy foydalanish qoidalariga ko‘ra temir yo‘llarda elektr ta’minoti uskunalari quyidagilarni ta’minlashi kerak:
– belgilangan massa, tezlik va oraliq interval bilan talabiy miqdorlarda poezdlar harakatining betinimligi va xavfsizligi;
– SMB qurilmalari, aloqa va hisoblash texnikalarini I-toifali iste’molchi sifatida ishonchli ta’minoti;
– barcha temir yo‘l transporti iste’molchilarini ishonchli ta’minlash.
5. Temir yo‘l stansiyalari va uzellari inshootlari.
Stansiyalar poezdlarni qabul qilish, jo‘natish, bir yo‘lli temir yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalish poezdlarini o‘zaro o‘tkazib yuborish, poezdlarning o‘zaro o‘zib o‘tishidan tashqari yuklarni qabul qilish, egalariga topshirish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarni ham bajarishga mo‘ljallanib rivojlangan yo‘l tarmoqlariga ega bo‘ladi. Yo‘l tarmoqlanishi ko‘p bo‘lgan yirik stansiyalarda poezdlarni qaytadan tuzish bilan bog‘liq bo‘lgan manyovr ishlari va tarkiblar bilan texnik jarayonlar ham bajariladi.
Bajariladigan ishlar xususiyatiga qarab stansiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi: oraliq, uchastka, saralash, yo‘lovchi va yuk stansiyalari. Agar stansiyaga uch va ko‘proq magistral yo‘nalishlar tutashadigan bo‘lsa ular uzel (tugun) stansiyalar deb ataladi. Bajaradigan ishining murakkabligi va hajmiga qarab stansiyalar sinflarga ajratiladi. Katta miqdorda ishlarni bajarishga mo‘ljallangan va yuqori darajadagi texnik jihozlangan stansiyalar sinfsiz, keyingilari esa I, II, III, IV va V sinflarga ajratiladi.
Stansiyalar temir yo‘l tarmoqlarining ishlashida katta ahamiyatga ega. Ular temir yo‘l transportining asosiy ishlab chiqaruvchi xo‘jalik birligi (korxonasi) bo‘lib, temir yo‘l xizmatlaridan foydalanuvchi (yuk jo‘natuvchilar, oluvchilar va yo‘lovchilar) mijozlarning barcha aloqalari stansiyalar orqali olib boriladi.
Vagonlar aylanish davrining 3/4 qismi stansiyalar hisobiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ham vagon aylanishini tezlashtirishning asosiy imkoniyatlarini stansiyalardan izlash lozimligini unutmaslik kerak. Yangi temir yo‘l qurilishi sarf-xarajatlarning 40 foizdan ortiqrog‘i ham stansiyalar qurilishiga to‘g‘ri keladi.
Stansiyalarni loyihalashda quyidagi asosiy maqsadlarni bajarishga e’tiborni qaratish kerak: harakat xavfsizligi va zaruriy miqdordagi poezd o‘tkazish qobiliyatini ta’minlash; loyihaning rasoligini, ya’ni faqat temir yo‘lning emas, balki halk xo‘jaligining boshqa tarmoqlari, aholi punktlari va boshqa transport turlarining manfaatlarini ham ta’minlash; atrof-muhit muhofazasi talablarini qondirish; tejamkor va kelajak rivojlanish imkoniyatlari katta bo‘lgan loyihalarni tanlash.
Nazorat savollari
1. Temir yo‘llarning asosiy qurilmalari va inshootlari nimalardan iborat?
2. Lokomotiv xo‘jaligining asosiy vazifalari nimalardan iborat? Uning ishlab chiqarish bo‘limlari temir yo‘llarda qanday joylashadi?
3. Vagon xo‘jaligining vazifasi nimalardan iborat, uning qanday ishlab-chiqarish birliklari bor?
4. Temir yo‘llarda avtomatika va telemexanika tizimlarining ahamiyati qanday?
5. Signallashtirishning vazifalari, signallarning turlari va qo‘llanilishi qanday?
6.Temir yo‘llarda elektr ta’minoti tizimi qanday?
7. Qanday temir yo‘l stansiyalarini bilasiz va ularda bajariladigan ishlar nimadardan iboraт?
Do'stlaringiz bilan baham: |