TURSUNBOY ADASHBOYEV
Hozirgi zamon o’zbek bolalar adabiyotining katta shoiri, yetuk tarjimon Tursunboy Adashboyev o’qishga ishtiyoqmand, qiziquvchan, tirishqoq bo’lib o’sdi. Urushdan keyingi og’ir yillarda beshinchi sinf o’quvchisi T.Adashboyev tunlari ko’sak chuviydigan ovuldoshlariga baxshi Davron Shobdonov bilan navbatma-navbat “Go’ro’g’li”, “Alpomish”, “Kuntug’mish” dostonlarini o’qib berardi.
O’sha kezlarda folklorshunos Hodi Zarif “Sovet O’zbekistoni” (Hozirgi nomi “O’zbekiston ovozi”) gazetasida dostonlarni baxshilar og’zidan yozib olish kerakligi haqida maqola e’lon qiladi. Maqolaga ko’zi tushib qolgan Tursunboy qo’shni qishloqlik Olim baxshidan “Yozi bilan Zebo” dostonini to’la yozib olib, Toshkentga jo’natadi. Oldin Hodi Zarifdan, keyinroq Muzayyana Alaviyadan maktublar oladi. Bir oz vaqt o’tgach, bu doston “Sharq yulduzi” jurnalida bosiladi, kitob bo’lib chiqadi va xalqning mulkiga aylanadi.
Bo’lajak shoir oltinchi sinfda o’qiyotgan chog’ida Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini G’.G’ulom tabdilida o’qiydi, so’ng A.Qahhorning hikoyalar to’plami bilan tanishadi va ustozlarga maktub bitadi. Ikki ulug’ yozuvchi ham uning xatlariga javob yozgani qishloqda shov-shuvga sabab bo’ladi. Tursunboyning ko’ngliga o’sha vaqtdayoq so’z mehri tushgandi.
1957-yilda o’rta maktabni bitirishi bilan Tursunboyni Frunze (hozirgi Bishkek) shahrida o’zbek tilida chiqa boshlagan “Qirg’iston haqiqati” gazetasiga ishga chaqirishadi. U vaqtlarda malakali jurnalistlar kam, T.Adashboyev esa ushbu gazeta tomonidan hajviy asarlar bo’yicha e’lon qilingan ko’rik-tanlovda satirik she’rlari bilan qatnashib, ikkinchi o’rinni egallagandi.
1959-yilning may oyida Mirtemir “Manas” eposini tarjima qilish niyatida Qirg’istonga boradi. Respublika yozuvchilar uyushmasi “Manas”ning variantlari bilan tanishish maqsadida Talas va Issiqko’l atroflarini kezayotgan o’zbek shoiriga T.Adashboyevni yo’ldosh qilib tayinlaydi. Ular ikki hafta davomida birga bo’lishadi. Oradan yil o’tib, Mirtemirning aralashuvi bilan qirg’istonlik xavaskor shoir Do’rmonda o’tgan yosh ijodkorlarning seminar-kengashiga taklif etiladi. Kengashda u o’zbek bolalar she’riyatining yirik vakili Qudrat Hikmatga shogird tutinadi.
Tursunboy Adashboyev qat’iy ichki intizomga ega odam. Bu hol uning ijodi sermahsul bo’lishiga olib keldi. Shu vaqtga qadar shoirning o’ttizga yaqin kitobi bosilib chiqqan. Asarlari o’zbek va qirg’iz bolalar she’riyati antologiyalari hamda darsliklaridan o’rin olgan. T.Adashboyev tan olingan tarjimon ham. U qirg’iz tilidagi yigirmadan ortiq kitobni o’zbekchaga ag’dargan. Jumladan, “Manas” eposini nashr yo’li bilan tarjima qilgan, T.Qosimbekovning “Singan qilich” tarixiy romani, To’qtag’ul, S.Eraliyev, S.Jusuyev, B.Sarno’g’ayev va boshqa o’nlab qirg’iz adiblarining asarlarini o’zbek tiliga o’girgan. Jahon bolalar she’riyatining K.Chukovskiy, S.Marshak, Yan Bjeva, Q.Mirza, Q.Junushev singari vakillari ijodi bilan o’zbek o’quvchilari uning tarjimasida tanishgan.
Bolalar ichki dunyosini yaxshi biladigan Tursunboy Adashboyev kichiklarga atalgan asarlar aql o’rgatishdan, nasihatdan xoli bo’lishi kerak deb hisoblaydi. “Bolalarga qisqa vaznli, kutilmagan qofiyalarga asoslangan, jinday yumor va falsafa omuxta qilingan she’rlar yozish kerak. Qofiyalardagi ohandorlik asarni tez va oson yod olinishini ta’minlaydi”, -deydi shoir. Tursunboy she’rlarida fe’l qofiyalarni kam qo’llaydi, imkon qadar ot, sifat, son, hatto, yordamchi so’zlarni qofiya sifatida ishlatadi. Shoir she’r misralarining imkon qadar qisqa bo’lishiga alohida e’tibor qaratadi. Bola qisqa she’rni nafasi qaytmay o’qiydi, oson yod oladi. Shoir she’rlaridagi ravonlik asl tuyg’ularning yosh yuraklarga tezroq yetib borishiga xizmat qiladi.
T.Adashboyev bolajon ijodkor sifatida bola o’zini kichik deb o’ylaganlar, unga aql o’rgatib, yo’l ko’rsatmoqchi bo’lganlar bilan ko’ngillashmasligini yaxshi tushunadi. U yana biladiki, bola tenglik istaydi, barabarlik izlaydi. U o’ziga teng bo’lganlarga el bo’ladi. Tursunboy Adashboyev – bolafe’l odam, bola ko’ngil ijodkor bo’lgani uchun ham bola ko’ngliga oson yo’l topadi.
Shoir bolalar tabiatidagi yumorga moyillikni yaxshi tuyadi. Shu bois uning deyarli barcha bitiklarida komizm ustuvorlik qiladi. Chunki bola olamga kulib, charaqlab qaraydi, dunyoni yorqin ranglarda, quvonch og’ushida ko’radi. Shu bois T.Adashboyevning she’rlariga kulgu hamishalik yo’ldosh. Lekin bu kulgu she’rlarning sirtida emas, zamirida bo’ladi. She’rning mohiyatiga etilsagina, kulgu qo’zg’aladi. “Kim aytadi?” she’rida shoir turli hayvonlarning o’z bolalari borasidagi xasratlarini tasvirlaydi. Tulki bolasining “sodda, to’poriligi”dan, olmaxon farzandlarining “qo’pollarning qo’poli” bo’lib o’sayotganidan yozg’irsa, eshak xo’tigining “zotli” ekani bilan maqtanadi. Yo’lbars esa o’g’ilchasini o’ta «mehribon» hisoblaydi. She’rda qissadan hissa chiqarilmaydi, xulosani aytish o’quvchining ixtiyorida qoladi: “Fil yupatib do’stlarin Ko’taradi ko’nglini. Xo’sh, kim aytar ularning shu gaplari to’g’rimi?” Bu savol o’quvchini o’ylashga, har bir hayvonning gaplari bilan ularning xususiyatlarini solishtirishga undaydi. She’rda aks ettirilgan holat odamlarga qanchalar xosligi to’grisida o’ylab ko’rishga chorlaydi. Adashboyev bolalarning ko’ngliga kirmoq, yuragini bilmoq istaydi. Shu yo’sin ularnida o’zgani his qilish, birovning ko’nglini tushunishga o’rgatadi. Ko’ngil hisobga olinmasa, yaxshilik ham yomonlikka yo’yishi mumkinligi “Fufayka” she’rida ta’sirli ifoda etiladi. Unda sho’ro maktablarida barcha o’quvchilar oldida etim bolalarga kiyim-kechak tarqatilgani, bu esa, o’ksik bolalar ko’ngliga tuzalmas jarohat yetkazgani tasvirlanadi. Shoir bunday qilishning yomonligini aytib o’tirmay, o’zi kechirgan voqeaning ko’nglida qoldirgan chandig’i tasviri orqali o’quvchida munosabat uyg’otadi. Natijada she’rxon qilingan noo’rin «mehribonlik» bolani qanchalar haqoratlab, o’ksitganini to’la his etadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |