Jinoiy javobgarlik. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarining qo’pol buzilishi natijasida og’ir jarohatlanish yoki bir necha kishining og’ir jarohatlanishi sodir bo’lsa yoki baxtsiz hodisa o’lim bilan tugasa, qoidani buzishda ayblangan rahbar xodim jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jinoiy javobgarlik rahbar xodimni vazifasidan chetlatish yoki ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan belgilanadi.
Bunda ma’muriy va texnik xodimlarning mehnat muhofazasi qonunlarini, texnika xavfsizligi qoidalarini, ishlab chiqarish sanitariyasi talablarini bilmasliklari inobatga olinmaydi.
Korxonalarida ishlab chiqarish sanitariyasi va mehnat muhofazasi holatlari uchun javobgarlik korxona direktori, bosh muhandis, ularning o’rinbosarlari, bosh mexanik, bosh energetik, fabrika mudirlari, tsex boshliqlari va smena ustalariga yuklanadi.
2. Ishlab chiqarishda faoliyat xavfsizligini boshqarish tizimini mablag‘ bilan ta’minlash.
2016 yil 22 sentyabrdagi “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuniga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi qonunda quyidagilar belgilangan:
6-modda. Mehnatni muhofaza qilishni moliyalashtirish.
Mehnatni muhofaza qilishni moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratiladigan budjet mablag‘lari;
ish beruvchining o‘z mablag‘lari;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan mehnatni muhofaza qilish jamg‘armalarining mablag‘lari;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Mehnatni muhofaza qilish uchun budjet mablag‘lari tegishli (respublika va mahalliy) budjetlarda alohida qayd bilan ajratiladi, bu mablag‘lardan boshqaruv organlarining, nazorat qiluvchi va tekshiruvchi organlarning ta’minoti, ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, mehnatni muhofaza qilishga oid davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni bajarish uchun foydalaniladi.
Har bir ish beruvchi mehnatni muhofaza qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni qonun hujjatlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek jamoa kelishuvlarida yoki boshqa ichki normativ hujjatlarda belgilanadigan miqdorda ajratadi. Xodimlar ana shu maqsadlar uchun biror-bir chiqim qilmaydilar.
Tashkilotlar mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamg‘armani o‘zining tijorat faoliyati va boshqa faoliyatidan olinadigan foyda (daromadlar), shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan tashkil etishga haqlidir.
Mehnatni muhofaza qilishga mo‘ljallangan mablag‘lardan boshqa maqsadlar uchun foydalanilishi mumkin emas.
Mehnatni muhofaza qilish uchun ish beruvchi tomonidan mablag‘lar ajratish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamg‘armalarni tashkil etish va ularning mablag‘laridan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ishtirokida belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |