Topshiriqlar:
Masofaviy va elektron o‘qitish vositalarining didaktik xususiyatlarini topib yozing.
Masofaviy va elektron o‘qitish tizimida dasturiy vositalardan foydalanib kasbiy fanlarga oid electron kurs yarating.
Topshiriqlar:
Masofaviy ta’lim — o‘qitishning yangi shakli bo‘lib, u o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holdagi ko‘rinishlaridan farq qiladi. U ta’limning yangi shakllari, metodlari, vositalari, tashkil etilishi, pedagog va tinglovchi o‘rtasidagi hamda tinglovchilarning o‘zaro muloqoti shakllarini nazarda tutadi. Shuningdek, bunday ta’limning o‘ziga xos turli shakllari, ijtimoiy buyurtma bilan asoslangan o‘z maqsadiga, tanlangan ta’lim muassasasining o‘quv dasturlarida belgilangan mazmun hamda o‘qitish metodlarining tashkiliy shakli va maxsus vositalariga ega bo‘ladi.
Masofaviy ta’lim asosini tashkil etgan zamonaviy kompyuter telekommunikatsiya texnologiyalari, bilimlarni uzatish va tinglovchilarni turli xil o‘quv axborotlari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘qitishning an’anaviy vositalaridan ustunlik qilishi bilan farqlanadi. CD-ROM interaktiv disklar, e’lonlarning elektron doskasi, multimediali gipermatn, Internet interfeyslari yordamida global tarmoqdan ma’lumot va bilimlarni olish tinglovchilarni o‘zaro muloqot jarayoniga faol jalb qilishi va pedagogik jarayonlarni boshqarish imkoniyatini berishi bilan ajralib turadi. Ta’limda bu xildagi zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining turli o‘quv fanlari o‘qituvchilari tomonidan qo‘llanilayotgani, ta’limning samaradorligini oshirishda, uni intensivlashtirishda muhim tamoyil sanaladi hamda pedagog kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini tashkiliy-metodik ta’minotini yengillashtiradi. Shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan masofaviy ta’lim kompyuter testlari yordamida tashxis va nazorat qilishning interaktiv, pedagogik tajriba almashish metodlariga tayanib, kurs tinglovchilariga ish joylarida, o‘zlari uchun qulay paytda zaruriy amaliy yordam ko‘rsatishni ta’-minlaydi.
Masofaviy malaka oshirish texnologiyalarini quyidagi uch toifaga ajratish mumkin:
nashr materiallari;
ta’limning kompyuter vositalari (elektron darsliklar, kompyuter testlar va bilimlarni nazorat qilish, multimedia-ning yangi vositalari);
videokonferensiyalar — audio va videokanallar, kompyuter tarmog‘i bo‘yicha telekommunikatsiya texnologiyalari vositalari.
Telekommunikatsiya va kompyuter tarmog‘i orqali videomuloqotlarning tashkil etilishi, ularning masofaviy ta’lim vositasi sifatida shakllanayotgani malaka oshirish tizimi yangi metodik va texnik ta’minotini amalga oshirish imkoniyatini yaratmoqda. Sifatli videoaloqalar kompyuter yordamida videoseminar va videokonferensiyalar tashkil etishning eng ishonchli vositalaridan hisoblanadi. Bunday vositalar pedagog-o‘qituvchilarning masofaviy malaka oshirishlarida, xususan, bir necha o‘nlab kishilar guruhi bilan ta’lim masalalariga tegishli muammolarni hal qilishda, individual shaklda tinglovchini o‘qitish, unga metodik yordam ko‘rsatish, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga samarali joriy etilishini ta’minlashi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda tinglovchilarning ovoz va videotasvirlar orqali muloqot qilishlaridan tashqari, tinglovchi bilan pedagogning hamkorlikda kompyuter monitoridagi tasvirlarini boshqarish imkoniyatlari vujudga keladi.
Masofaviy malaka oshirish ta’limi quyidagi metodlarga tayanadi:
tinglovchilarni masofaviy ta’lim resurslari va vositalari asosida o‘qitish metodi;
individuallashtirilgan o‘qitish metodi;
tinglovchi tomonidan o‘qituvchi yoki ekspertga taqdim etiladigan o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga asoslangan metod (muloqot jarayonida tinglovchi faol ishtirok etadi);
o‘quv jarayoni barcha ishtirokchilarining o‘zaro faol ta’sirlashuvi asosida tashkil etilgan metod.
Bunda birinchi metod uchun multimediali yondashuv xarakterli bo‘lib, turli o‘quv vositalari yordamida nashr, audio-videomateriallarga asoslangan ta’lim resurslari yaratiladi va kompyuter tarmog‘i orqali tinglovchilarga quyidagi o‘quv materiallari yetkaziladi:
ma’lumotlarning interaktiv bazasi;
elektron jurnallar;
o‘rgatuvchi kompyuter dasturiy mahsulotlari (elektron darsliklar).
Ma’lumotlarning interaktiv bazasi telekommunikatsiya texnologiyalari orqali o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan tizimlashtirilgan bilimlar majmuasi bo‘lib, ular asosida kurs tashkilotchilari yaratilgan resurslar yordamida tinglovchi va pedagoglar uchun zaruriy materiallar bazasini ta’minlab turadilar. Elektron jurnallar davriy nashrlar hisoblanib, ta’lim oluvchilarga kompyuter tarmog‘i orqali yetkaziladi. Ular ta’lim oluvchilar uchun muhim axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi. O‘qituvchilar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimida ta’limni rivojlantirishning asosiy didaktik tamoyillari masofaviy ta’lim shakllari uchun ham asos bo‘lib xizmat qiladi. Pedagog o‘qitishning tarbiyaviy hamda rivojlantiruvchi vazifalari(maqsad)ga yo‘naltirilganlik tamoyiliga ko‘ra, tinglovchilarda ma’lum bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish bilan birga, aniq bir mavzu bo‘yicha mashg‘ulotning tarbiyalovchi va rivojlantiruvchi omillarini ham e’tiborga olish lozim.
Masofaviy ta’limda bu tamoyil, tinglovchini bilish faoliyatining kreativ tavsifi tamoyili ko‘rinishida talqin qilinadi. Kreativ axborot texnologiyasi interaktiv xususiyatga ega bo‘lib, tinglovchidan qabul qilinadigan umumiy axborotlar tavsifini xususiy vaziyatlarga tatbiq qilishni talab etadi. O‘qitishning ilmiylik tamoyilini masofaviy ta’lim jarayonida amalga oshirish tinglovchilarning ma’lum fan mazmuni bo‘yicha ilmiy dalillar, tushuncha va qonuniyatlar hamda nazariyalarni o‘zlashtirishini nazarda tutadi. Ilmiylik tamoyili tinglovchilardan ilmiy izlanish ko‘nikmalarini rivojlantirishni talab etadi. Buning uchun laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlarni bajarishda muam-moli ta’lim metodlarini keng qo‘llash talab etiladi. Mazkur tamoyilni masofaviy ta’limda muvaffaqiyatli amalga oshirilishi o‘zlashtiriladigan bilimlarning fundamentalligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ta’limning fundamentalligi tamoyili quyidagi psixologik mezonlar asosida amalga oshirilishi tinglovchining o‘quv dasturi materiallarini to‘laqonli o‘zlashtirishini ta’minlaydi:
ta’lim oluvchining yuqori motivatsiyaga egaligi;
tinglovchi shaxsining ta’lim maqsadlariga erishishga yo‘naltirilganligi;
muloqot qilish qobiliyatlarining shakllanganligi;
faoliyatining tanqidiy tahlili asosida o‘zini uzluksiz rivojlantirib borish;
masofaviy o‘quv rejalarini ishlab chiqishda tinglovchi shaxsining psixofiziologik xususiyatlari, vaqt budjetining e’tiborga olinganligi.
Ta’limning fundamentalligi tamoyiliga ko‘ra tinglovchi, o‘quv dasturi mavzularini o‘zlashtirishda ijodiy mazmundagi topshiriqlarni bajarishi talab etiladi. Bu tamoyil ijodiy mazmundagi masofali o‘qitishni asosan ma’lum hajmdagi mazmunini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirishni nazarda tutuvchi an’anaviy ta’limdan farqlab turadi. Shuningdek, masofaviy o‘qitishda, aniq faoliyat yo‘li bilan axborotlarni qabul qilishning erkin tanlash tamoyilini ham yuqoridagi tamoyilning davomi sifatida qarash mumkin. Tizimlilik va izchillik tamoyili esa an’anaviy o‘qitishda bilimlar, ko‘nikma va malakalarni ma’lum tizimda, aniq ketma-ketlikda, o‘quv materialining har bir yangi elementini bir-birlari bilan uzviy bog‘liqlikda hamda mantiqiy ketma-ketlikda berilishini taqozo etadi. Masofaviy ta’limda tinglovchining individual ta’lim olish bo‘yicha chiziqli tamoyili shakllanadi. Tinglovchining ta’lim olish jarayonini faollashtirish maqsadida, ta’lim mazmunining bosqichma-bosqich murakkablashib borilishi tizimi shakllantirilgan bo‘lib, u tinglovchining shaxsiy maqsadini aniq belgilashi, mashg‘ulotlarning ustuvor yo‘nalishlari, o‘qitishning shakl va tezkorligini tanlashiga imkoniyat yaratadi.
Masofaviy ta’limda o‘quv materiallarining mazmun va murakkablik darajasiga ko‘ra tinglovchi darajasiga mosligi tamoyili tinglovchilarning rejalashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni aqliy hamda jismoniy jihatdan ortiqcha yuklanishsiz egallashlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Tinglovchilarning individual xususiyatlarini hisobga olish tamoyili masofaviy ta’limni tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etib, masofaviy kurslar moduli tuzilishini tinglovchi shaxsining psixofiziologik, psixologik, psixosotsiologik individual xususiyatlarini hisobga olinishini ta’minlaydi. Ko‘rgazmalilik tamoyili — ta’limda shaxsning barcha sezgi organlariga ta’sir qilish orqali ta’lim samaradorligini oshirishni nazarda tutadi. Masofaviy ta’limda ushbu tamoyil asosan virtuallashtirish texnologiyasi vositasida ta’minlanadi. Xususan, unda videofilmlar, o‘rgatuvchi kompyuter dasturlari, interaktiv texnologiyalardan keng foydalanish nazarda tutiladi. Ko‘rgazmali materiallar hamda multimedia testlaridan foydalanish metodikasi masofaviy ta’limda ko‘rgazmalilik tamoyilining keng tarqalgan muhim vositalari hisoblanadi.
Xulosa sifatida quyidagilarni alohida ta’kidlab o‘tish joiz:
1. Masofaviy ta’lim tizimi kadrlarni tayyorlash va ularning malakalarini oshirish hamda ta’lim muassasalarini kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan kadrlar bilan ta’minlashda ijobiy samara beradi.
2. Kompyuterlar va tarmoqli telekommunikatsiya texnologiyalarining ta’limda qo‘llanilishi pedagoglar malakasini oshirishda qulay vosita hisoblanadi.
3. O‘qituvchilar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimida didaktik tamoyillarga amal qilingan holda masofaviy ta’lim shakllaridan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |