II BOB YUZASIDAN XULOSALAR
Yaponiyada davlatlararo aloqalar natijasida zamonaviy teatr XX asrda vujudga kela boshladi. Bu davrda yaratilgan zamonaviy teatrlar yapon xalqi madaniyatining ajralmas bir bo‘lagiga aylanishiga, mahoratli dramaturg, aktyor, aktrisalarning yetishib chiqishiga tayanch bo‘ldi.
Shunday mahoratli dramaturglardan biri Junji Kinoshita taniqli zamonaviy yapon dramaturglaridan biri hisoblanadi. Uning asosiy asarlari xalq og‘zaki ijodi va tarixiy voqealar asosida yaratilgan bo‘lib, asosiy mavzu urush, aybdorlik hissi, javobgarlik tushunchalarini o‘z ichiga qamrab olgan.
Dramaturgning xalq ertaklariga qiziqishi ertaklarni yangi talqinda ko‘rish imkoniyatini yaratdi. Og‘zaki ravishda aytilgan ertaklar endi sahna yuzini ko‘ra boshladi. Bu bilan dramaturga yapon adabiyotida minvageki janriga asos soldi. Bu janrda xalq ertaklari pyesalar shaklida yozilib, sahnada ijro etiladi.
Yapon ertaklari odatda qisqa shaklda bo‘lib, qahramonlar ham 3-4 kishini tashkil etadi. Dramaturg Kinoshita ijodida ham bu hodisani kuzatishimiz mumkin. Uning “Tunggi turna” pyesasi qahramonlari turna qiz – Tsu, uning turmush o‘rtog‘i – Yohyo, shuningdek, Sodo, Unzu va bir necha bolalardan iborat. Bu pyesa “Turnaning iltifoti” nomli yapon xalq ertagi asosida yozilgan.
Ertakning aniq kelib chiqishi noma’lum bo‘lsa-da, Kinoshita Junjining 1949 yilgi “Tungi turna” spektaklidagi xalq ertagining yangi varianti 1900 yillarning o‘rtalarida yaponlarda milliy qayta tiklanish hissini uyg‘otishga va xalqaro miqyosda mashhur bo‘lishiga zamin yaratdi. Bu pyesa butun dunyo bo‘ylab spektakl, opera, yapon qo‘g‘irchoq teatri, bunraku ko‘rinishida namoyish etildi.
Pyesada ochko‘zlik insonlar hayotida tez-tez uchrab turadigan yomon illatlardan biri ekanligi, bu illatga qul bo‘lish natijasida inson taqdiri fojiali yakunlanishi yana bir marta o‘z isbotini topadi. Ertaklarning yangi uslubda talqin qilinib, sahnaga qo‘yilishi Yaponiyada yangilik bo‘ldi. Bu pyesa boshqa davlatlarda ham mashhurlikka erishib, ko‘plab tillarga tarjima qilina boshlandi.
Bosh qahramon Yohyo oqko‘ngilligi sababli jarohatlangan turnani davolaydi. Turna uning mehribonligiga javob tariqasida ayol kishi qiyofasiga kirib, unga turmushga chiqadi. Kinoshita Yohyo obraziga mehribonlikdan tashqari qiziquvchanlik xususiyatini ham qo‘shdi. Qiziquvchanligi va Sodo bilan Unzuning undovi tufayli, Tsuning yagona iltimosi, ya’ni mato to‘qiydigan xonasiga kirishdan o‘zini tiyib tura olmaydi. Natijada, bu narsa oilaning buzilishiga sababchi bo‘ldi.
Yaponiyada turnaga nisbatan alohida hurmat mavjud. Hatto, unga “donishmand” sifatida qaralib, ehtirom ko‘rsatiladi. Yaponlar bu qushga mehribonlik, saxiylik, muloyimlik, tinchlik, hokisorlik kabi xislatlar xos deb hisoblaydi. Bosh qahramon ismi – Tsu ham yaponcha “tsuru” degan so‘zdan olingan bo‘lib, turna degan ma’noni anglatadi. Shu sababdan ham yapon xalqi ertaklarida biz turna obrazini ko‘p uchratishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |