Muhammad Sharif Gulxaniy.
XIX asrning birinchi yarmi Qo‘qon adabiy muhitida masal – tamsil janrida xalqchil asar yaratishga muvaffaq bo‘lgan shoirdir. Uning hayoti va ijodiga oid tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, Gulxaniy tabiatan yumor va hajvga usta, xalq urf-odatlari va til boyliklarini, maqol, matal, naql va rivoyatlarni chuqur biladigan ijodkordir. U fors-tojikcha g‘azallarida Jur’at taxallusini qo‘llagan bo‘lsa, o‘zbek kitobxonlariga Gulxaniy taxallusi bilan mashhur. Gulxaniy – olovqalb, majnunsifat ma’nolarini bildiradi. Gulxaniyning eng muhim ijodiy fazilati shundaki, u XIX asr folkloristi sifatida o‘zbek xalqining donishmandligini ifoda etgan masallar, maqollarni to‘plab, o‘zining mashhur “Zarbulmasal” asarini yaratgan. Shoir uni yaratishda xalq og‘zaki ijodi bilan birga, buyuk hind masali “Kalila va Dimna”dan, Firdavsiy, Jomiy, Hofiz Sheroziy, Shayx Sa’diy, Alisher Navoiy kabi mutafakkirlar asarlari an’analaridan keng foydalangan.
Chindan ham jahon adabiyoti xazinasining noyob durdonasi sanalmish “Kalila va Dimna” qadimgi hind folklori zaminida vujudga kelgan. Uni hind podshohi Dobshalim uchun faylasuf Beydabo yozganligi naql qilinadi. Jumladan, kitob muqaddimasigi ayrim fikrlar e’tirofga loyiq: “Har bir xalqning olim va faylasuflari qanday vositalar bilan bo‘lmasin, o‘z orzu va istaklarini amalga oshirmoq, mavjud tartibni intizomga solmoq uchun hamisha fikr yuritganlar, har xil tadbirlar ila ish ko‘rmoqchi bo‘lganlar, bu haqda har xil asarlar yozmoqqa intilganlar.
Shulardan biri qushlarning va yovvoyi, yirtqich hayvonlarning tilidan yozilgan, g‘oyat chuqur ma’noli, nafis ramz va muammolarga to‘la ushbu kitobdir... Olimlar bu yo‘lni tanlab zo‘r imtiyozga ega bo‘lganlar: avvalo, bu bilan ular xohlagan so‘zlarini aytib, har bir bobni orzu qilganlari darajada bezash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Buning ustiga, ular shu yo‘l bilan nasihat, hikmat, latifa va hazil-mutoyiba javohirlarini birbiriga qo‘shganlar, toki dono odamlar bu kitobni mutolaa qilib, foydalansinlar, nodon odamlar esa, uni afsona deb o‘qisinlar.
Yosh shogirdlar esa, savodli bo‘lmoq, ilm orttirmoq, naql aytmoq maqsadida bu kitobda yozilganlarni osonlik bilan yodlarida saqlab qolgusidirlar. Katta bo‘lib, aql va tajriba egasi bo‘lganlarida, yodlab olgan va esda saqlab qolgan naqllar ustida fikr yuritib, ularni tushunganlarida dillari naqadar foydali hikmatlar bilan to‘lganligini ko‘radilar va o‘zlari kutmagan ulkan boylikka, bitmas-tuganmas xazinaga ega bo‘lganlarini biladilar. Yoshlarning xursandligi katta bo‘lganda otasidan meros bo‘lib qolgan xazinani topgan va shu tufayli umrining oxiriga qadar qiyinchilik ko‘rmasdan yashay olishini bilgan odamning sevinchiga o‘xshaydi.
Ta’kidlangan jumlalarni Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari haqida ham aytish mumkin. Bu esa asarning yosh kitobxonlar uchun g‘oyat muhimligini asoslaydi. Gulxaniy ham Yapaloqqush va Ko‘rqush suhbatida ayrim hikoyatlar bayonini “Kalila va Dimna”nadan topmoq joizligini ta’kidlaydi. “Zarbulmasal” Umarxonning amri, istagi bilan yozilganligi, u xalq orasida keng tarqalgan zarbulmasallarni – xalq maqollarini yig‘ib, kitob holiga keltirish lozimligini aytgani hamda Gulxaniy shu nozik xizmatga loyiq, deb topilgani nazarda tutilsa, mazkur asarlarning maqsad-mohiyati juda yaqinligi oydinlashadi.
“Zarbulmasal” so‘zi “zarb” va “masal” so‘zlarining qo‘shilmasidan iborat bo‘lib, adabiy atama sifatida masal, maqol, matal keltirib so‘zlamoqlikni anglatadi. Zero, undagi pandnamo hikoyatlar, xususan, majoziylik, qushlar, hayvonlar tilidan so‘zlash, “Tuya bilan bo‘taloq”, “Maymun bilan najjor”, “Toshbaqa va chayon”, “Bozanda va Navozanda” kabi bir qancha masallar hamda xalq maqollarining keltirilishi bilan ham yuqorida zikr qilingan asardan ijodiy ilhomlanib yozilganligini tasdiqlaydi. Ammo, aytish joizki, “Kalila va Dimna” turli mavzudagi hikoyatlar zamirida qurilgan pand-u hikmatlardan, voqealar bayoni, maqollar ifodasi ham mumtoz adabiyotga xos yashirin, majozlar tilida so‘zlashdan iborat. Undagi masallar garchi turli parranrdalar, qushlar va yirtqich hayvonlar o‘rtasidagi munozaralar, munosabatlar orqali hikoya qilinsa-da, yuksak andisha, falsafiy va purhikmat o‘gitlar ustuvorlik qiladi. Gulxaniy esa feodal jamiyatining kishisi sifatida o‘tkir satiraga keng o‘rin bergan. Binobarin, “Zarbulmasal” majoz asosiga qurilgan qissa bo‘lib, unda turmush voqea-hodisalari, turli ijtimoiy toifaga mansub kishilarning fe’l-atvorlari, bir-biriga munosabatlari qushlar, hayvonlar tilida bayon qilinadi. Muhimi, asarda xalq maqollari va naqllari (400 dan ortiq) keng o‘ringa ega. Undagi asosiy voqea-hodisalar qushlar – hayvonlar timsollari orqali ifodalanganligi, bosh qoliplovchi hikoya boyo‘g‘li va Yapaloqqush hikoyasi bilan bog‘lanib ketuvchi katta-kichik masal-hikoyalar ham keltirilganligi uchun adib uni “Zarbulmasal” deb nomlagan.
Qushlar obrazi asarning asosiy mazmunini belgilaydi, hayvon-hasharot va kishi obrazlari qushlarning o‘zaro suhbatlarida, ular tomonidan keltirilgan naql-u rivoyatlarda namoyon bo‘ladi. Asar sujetidagi voqealar xalq ertaklariga monand yozilgan: Yapaloqqush o‘g‘li Kulonkir sultonni uylantirish maqsadida o‘z yaqini Ko‘rqushni Boyqush huzuriga sovchilikka yuboradi. Boyo‘g‘lining nihoyatda go‘zal, quyosh yanglig‘ Gunashbonu ismli qizi bor edi. Yapaloqqushning “har qancha qalin bo‘lsa topilur” deya o‘z tarafidan sovchilikka borishga unaganida, Ko‘rqush quyidagi maqollar orqali unga gap uqtirmoqchi bo‘ladi: “Bor maqtansa topilur, yo‘q maqtansa chopilur”, “Yolg‘on masal turmas”, “Uyat o‘limdan qattiq”, ”Ermon yog‘ochining egilgani – singani, er yigitning uyalgani – o‘lgani”, “Oyoq yugurigi oshqa, og‘iz yugurigi boshqa...” Sen kim, Boyo‘g‘lining eshigiga kishi yubormoq kim? Hech bilmasmusenki, “Teng tengi birla, tezak qopi birla”. Yapaloqqush: “Andin bizning nima kamligimiz bor?",– deganda esa Ko‘rqush: “Maqtangan qiz to‘yda uyalur”, “O‘zini maqtag‘on o‘lumning qarovuli”. Sening ahvoling olamg‘a ma’lumdir. “Oyni etak birla yashirsa bo‘lurmi?”, “Chumchuq semursa, botmon bo‘lurmi?”, “Olako‘zanak ola bo‘lsa ham, arslon bo‘lmas, olato‘g‘anoq olg‘ur bo‘lsa ham, ahvoli ma’lum” kabi. Ana shunday maqolli aytishuvlar, “sovchi”ning yo‘ldagi hamsuhbatlari orasidagi masallar hikoyasi, bir-ikki bordi-keldidan so‘ng ming xaroba – chaldevor(chordevor) qalin badaliga Boyo‘g‘li rozilik beradi. Yapaloqqush shonu shavkat bilan to‘y anjomlarini keltiradi, o‘sha davrdagi quda-andachilikka xos hamma rasm-rusumlar, milliy odatlar bajo keltirilib, to‘y marosimlari o‘tkaziladi.
Bu marosimlarda ikki tomondan juda ko‘p qushlar – Ko‘rqush, Hudhud, Turumtoy, Kordon, Bozanda, Navozanda, Anqo, Humo, Ukob, Lochin, Oqqush, Turna, G‘oz, O‘rdak, Suqsur, Kaklik, Bedana, Olato‘g‘anoq, Zarqaldoq kabilar qatnashadi va har biri o‘ziga yarasha xizmatni ado etadilar. Farg‘ona iqlimida xarobalar kam bo‘lganligi uchun Movarounnahr iqlimidan (Buxoro amirligi) 1000 chordevor topishib, kelin Gunashbonu mahriga to‘laydilar. Ko‘rinadiki, Gulxaniy asarda aniq makon (Ho‘qand, Buxoro) va zamon (XIXasr), hayotiy voqelik (feodal jamiyatidagi notenglik)ni hamda xalq an’analarining yaxshi-yomon qirralarini majoz va kinoya, so‘z o‘yinlari, kesatiqlar orqali bayon etadi.
Garchi unda o‘z yurti (Qo‘qon) va uning xoni (Umarxon)ga sodiqlik, u boshqarayotgan yurtning boshqa hududlardan ko‘ra obodroq ekanligiga ishora etilsa-da, Xolboqi misgar, Yodgor po‘stindo‘z, Muhammad Amin mufti, Otaboy amin, Sayid Azimxon, Eshon kalla haqidagi hajviy-rivoyaviy epizodlarni ochiq-oydin keltiradi. Muallif o‘z masallarida majoziy obrazlar orqali hukmron sinf vakillarini fosh qiladi, mamlakatga xarobalik, xalqqa qashshoqlik keltirgan o‘zaro feodal urushlarga qarshiommaning noroziligini ifodalaydi. Shuning uchun Yapaloqqush va Boyo‘g‘lining bir-biriga quda bo‘lishi voqeasini keltiradi. Bu ikki quda to‘y bahonasi bilan mamlakatni xonavayron qiladi.
Yozuvchi Ko‘rqush, Hudhud, Kulonkirsulton, Sho‘ranul, Malik Shohin va Kordonlarning bir-birlariga aytgan masallari, hikoyalari orqali asarning g‘oyaviy mazmunini ravshanlashtiradi. Gulxaniy “Maymun bilan najjor” masalida hunar va hunar ahlini ulug‘laydi, qo‘lingdan kelmaydigan ishga aslo urinib kulgi bo‘lma, ko‘r-ko‘rona birovga taqlid qilib falokatga yo‘liqma, degan fikrni maymun qismati orqali ko‘rsatadi. Bu masal axloqiy tarbiyaviy mavzuda bo‘lib, ishning mohiyatini bilmay, pala-partish kirishuvchi va oxirida o‘zi sharmanda bo‘lib qoluvchi kishilarga o‘git-nasihat tarzida keltirilgan.
Mehnatkash xalqning og‘ir hayoti va mehnati, huquqsizligi va nochorligi, ayanchli qismati esa “Tuya bilan bo‘taloq”da badiiy tasvirlangan. Gulxaniy bu masalda Sarbon, Tuya va Bo‘taloq orqali xususan, o‘zi yashayotgan jamiyatdagi tengsizlikni, uning og‘ir mashaqqatlarini bayon qiladi. Chunki xalq uchun “tirikchilik toshdan qattiq”, Sarbon o‘z g‘amida, tuya og‘ir yuk ostida, Bo‘taloq esa ona sutidan mahrum.
Gulxaniyning “Toshbaqa bilan chayon” masalida esa bir-biriga zid va qaramaqarshi ikki obraz berilgan: toshbaqa – aqlli, farosatli, safarlarda ko‘p yurib, ancha tajriba orttirgan, insofli, sodiq va qadrdon do‘st timsoli, chayon esa uning ziddi. U boshqalarga yomonlik qilishdan huzur qiladi, yaxshilikni bilmaydigan kimsalarning ramziy obrazidir.
Gulxaniy qissadan hissa chiqarib, kishilarni hushyorlikka odamoxunlikka undab: “Aslning xatosi bo‘lmas, nojinsning oshnosi bo‘lmas”, “Bo‘ynida illati borning oyog‘i qaltiraydi”,– degan maqollarni keltiradi. “Zarbulmasal” majoz va masallar, xalqning jonli iboralari asosiga qurilgan asar. Undagi she’riy va nasriy matnlar turli badiiy san’atlar vositasida ta’sirchan ifoda etilgan.
“Zarbulmasal” ham “so‘z matosi qadim o‘tmishda to‘qilgani, ranginkamon rishtalari butun yer yuzini, go‘zal so‘z gilamlari bilan burkab chiqqan” yodgorliklarga monandligi jihatidan, nafaqat kattalar, balki bolalar ham zo‘r qiziqish bilan o‘qib kelayotganligi uning bolalar kitobxonligidagi muhim o‘rnini belgilaydi. Umuman, asarda zarb, zarblash usulidan foydalanilgani uchun nomi “Zarbulmasal” hisoblangan bu asar tarkibida “Toshbaqa bilan chayon”, “Tuya bilan bo‘taloq”, “Maymun bilan Najjor”, “Kabutar bilan zog‘”, “Yodgor po‘stindo‘z”, “Dumsiz eshak”, “Yolg‘onchi tuya” kabi masallarning jami 15 dan ortiqligi ayonlashadi. Zotan, “Zarbulmasal” xalq orasida “Yapaloqqush hikoyasi” ham deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |