Ko`rish analizatorining tuzilishi va yoshga xos xususiyatlari. Ko`rish organi ko`z bo`lib, insoniyat ko`zi orqali dunyodagi barcha narsalarning rang-barangligini uning o`simlik va hayvonot dunyosini o`rganish bilan birga o`qishni, yozishni va mehnatning boshqa turlarini o`rganadi. Ko`zning bevosita ta'sirlovchisi yorug`lik bo`lib, yorug`lik ko`z retseptorlariga ta'sir etib ko`ruv sezgisini hosil qiladi. Ko`ruv organi bolaning 11- 12 yoshigacha rivojlanib boradi.
Odamda ko’z olmasi bir nechta manbaadan: yorug’lik sezuvchi to’r parda miya
pufagining yon devoridan, ko’z gavhari - ektodermadan, tomirli va fibrozpardalar - mezenximadan taraqqiy etadi1
Ko`zning tuzilishi. Ko`z bosh suyagining ko`z kosachasida joylashgan bo`lib, ko`z soqqasi va uni o`rab turgan apparatdan ya'ni ko`z soqqasini harakatga keltiruvchi muskullar, qovoq kipriklar, ko`z yoshi bezlari, qon tomirlari kabilardan iborat. Ko`z soqqasi sharga o`xshash bo`lib, oldingi va orqa qutblarga bo`linadi. Ko`z soqqasi tashqi va ichki qismlardan iborat. Tashqi qismi uch qavatdan ya'ni tashqi - oqsil parda (sklera), o`rta-tomirli parda va ichki - to`r pardadan iborat. Ichki qismiga ko`z ichi suyuqligi, gavhar va shishasimon tana kiradi. Ko`z soqqasi hajmi chaqoloqlarda 16 mm, kattalardla esa 24 chamasida bo`ladi. Ko`z soqqasining o`sishi va rivojlanishi 5 yoshgacha tez ya'ni intensiv kechadi. 9-12 yoshda sustlasha boshlaydi. Sklera yoki oqsil pardaning qalinligi 1 mm chamasida bo`lib rangi oq bir qismi qovoqlar ostidan ko`rinib turadi. Skleraning orqa qismida teshikcha bo`lib undan nerv o`tadi. Skleraning 1/5 qismi shox pardaga 4/5 qismi orqa oqsil pardaga to`g`ri keladi. Shox pardada qon tomirlar bo`lmaydi. Tashqi pardaning ichki qismida tomirli parda bor. Bu pardada qon tomirlar va pigment ko`p pigment miqdori har xil bo`ladi. Tomirli parda oldingi rangdor, o`rta kipriksimon tana va orqa xususiy tomirli qismga bo`linadi. Tomirli parda qon tomirlarga boy bo`lib, ko`z to`qimalarini oziq moddalar va kislorod bilan ta'minlaydi. Bu qavatning oldingi qismi rangli parda deb atalib hammada har xil (qora, ko`k, sarg`imtir va x.k.) bo`ladi. Bu pardaning o`rtasida yumoldoq teshikcha bo`lib u ko`z qorachig`idir.Rangdor pardada radial va xalqa shaklidagi sillik muskullar joylashgan bo`lib, xalqa muskullari qisqarganda ko`z qorachig`i torayadi, radial muskullar qisqarganda ko`z qorachig`i kengayadi. Rangdor pardaning orqasida tiniq ikki tomoni qavariq linza-gavhar joylashgan. Gavhar yarim suyuq modda bo`lib, yupqa tiniq kapsula ichida joylashgan. Unda qon tomirlari bo`lmaydi. Shox parda bilan rangdor pardaning o`rtasida kichkina bo`shliq bo`lib, bunga ko`zning oldingi kamerasi deyiladi. Rangdor parda bilan gavharning o`rtasida ham bo`shliq bo`lib bunga ko`zning orqadagi kamerasi deb ataladi. Har bir ko`ruv nervida 1 mln. ga yaqin nerv tolalari bor.
Ko`z soqqasining ichki ya'ni to`rsimon pardasi ayniqsa muhim ahamiyatga ega bo`lib, uning orqa qismida yorug`likni, ranglarni qabul qiluvchi retseptorlar joylashgan. Ular maxsus nerv hujayralari bo`lib, tayyoqcha va kolbacha shaklidadir. Ko`z soqqasining to`rsimon pardasida 130 mln ga yaqin tayyoqchasimon retseptorlar bo`lib, ular yorug`lik kamayganda yoki tun vaqtida qo`zg`aladi.
Kolbachasimon retseptorlar to`r pardada 7 mln ga yaqin bo`lib, yorug`lik yetarli bo`lganda qo`zg`alib, ko`zning kunduzi ko`rish qobiliyatini ta'minlaydi. Kolbachasimon retseptolar funktsiyasiga ko`ra uch xil: ko`k, yashil va qizil ranglarni qabul qiluvchi bo`ladi. Uchalasining baravar qo`zg`alishi esa oq rangni ko`rishga imqon beradi chunki to`r pardaning kolbachasimon retseptolarida ranglarni sezuvchi retseptorlar yoki nervlar bo`ladi. Tayyoqchasimon retseptorlarda esa bu kabi ranglarni sezuvchi retseptor yoki nervlar bo`lmaydi, shuning uchun kechasi qorong`u bo`lib ko`rinadi.
Ko`z bajaradigan funktsiyasiga ko`ra ikki qismga: ko`zning optik sistemasi va retseptor qismiga bo`linadi. Ko`zning optik sistemasiga, uning shox pardasi, ko`z ichi suyuqligi, gavhar va shishasimon tana kiradi. Bular ko`zga tushadigan yorug`lik nurini sindirib o`tkazadi va uni ko`zni ichki to`r pardasida joylashgan retseptorlarga to`plab beradi.
Nur sindirish dioptriya bilan o`lchanadi. Bir dioptriya deganda fokus oralig`i 1 m bo`lgan linzaning nur sindirish kuchi tushiniladi. Agarda nur sindirish kuchi oshsa fokus oralig`i qisqaradi.
Fokus oralig`i 50 sm. bo`lgan linzaning nur sindirish kuchi 2 dioptriyaga (2D ga) teng bo`ladi. Shox pardaning nur sindirish kuchi 43D, gavharing nur sindirish kuchi kamroq bo`lib, o`zgarib turadi. Ko`zning butun optik sistemasini nur sindirish kuchi uzoqka qaraganda 58D yaqin masofada esa — 70D. Shox parda, gavhar orqali sariq dog` markaziga o`tgan chiziqqa ko`ruv o`qi deb ataladi. Narsalarning tasviri to`r pardaga kichkina va teskari bo`lib tushadi. Narsa ko`zdan qancha narida tursa, to`r pardadagi tasviri shuncha kichik bo`ladi va aksincha narsa ko`zga qancha yaqinroq tursa to`r pardadagi tasvir o`shancha katta bo`ladi. Narsalarning tabiiy ravishda ko`rilishi hayot tajribasiga bog`liq.
Ko`z akkomodatsiyasi. Akkomodatsiya ko`zning moslanishi bo`lib ya'ni ko`zning uzoqni va yaqinni ko`rishini ta'minlaydi. Ko`z akkomodatsiyasi ko`z soqqasini harakatga keltiruvchi nervini parasimpatik tolalari bilan ta'minlangan kipriksimon muskullarni reflektor qisqarishi natijasida gavharni elastikligi o`zgarishi bilan vujudga keladi. Odam yaqindan narsalarga qaraganda gavhar qavariqroq bo`ladi, uzoqdan narsalarga qaraganda esa yassiroq bo`ladi.
Ko’rish o’tkirligi. Ikkita buyum bir-biriga qo’shilib ketmasdan ular oralig’idagi eng kichik masofa bilan belgilanadi. Ko’rish o’tkirligi maxsus Golovin jadvali yordamida aniqlaniladi.
Ko`zning ko`rish maydoni. Ko`zni harakatlantirmay turganda atrofdagi buyumlarni, ularning rangini ko`ra olish xususiyati ko`rish maydoni deb ataladi.
Bolalarning ko`zi katta odamning ko`z tuzilishidan farq qiladi. Bolalarda ko`z kosa chuqurligi va ko`z soqqasi tanasiga nisbatan kattalarga qaraganda kattaroq bo`ladi. Sklera va tomirli pardalar yupqaroq shox parda esa qalinroq bo`ladi. Ko`z soqqasi bola hayotining birinchi yilida bir muncha tez o`sadi, so`ngra o`sishi sekinlashib boradi. Yangi tug`ilgan bola ko`zi qisqa vaqtda ochiladi. Qovoqlarning kelishilgan harakati bolaning bir oyligidan boshlanadi, bolaning 2 oyligidan esa ko`z soqqasi turli predmetlarga va yorug`likka nisbatan harakatlanadi. 2 oylikdan boshlab yaltiroq narsalarga qaray boshlaydi. Ko`zning koordinatsiyalashgan harakati mashq qilish tufayli bolaning 6 oyligidan yoki 1 yoshidan boshlanadi. Ko`rish analizatorining avval pereferik so`ng markaziy qismi taraqqiy etadi. Yangi tug`ilgan bolaning ko`ruv nervi tolalari kam differentsiyalashgan bo`ladi. Ko`ruv nervining mielinlashuvi bolaning 1,5 yoshigacha davom etadi.
Yangi tug`ilgan bola ko`zining nur sindirish xossasi katta odam ko`zining nur sindirish xossasidan farq qiladi. Yangi tug`ilgan bola yaqinni ko`ra olmaslik hususiyatiga ega bo`ladi. Ko`pincha bola va maktab yoshidagi bolalarda gavhar yassiroq shaklda bo`lgani uchun, uzoqni yaxshi ko`raolmaslik hususiyati uchrab turadi. Odamning yoshi ortishi bilan gavharning elastikligi kamayib boradi. Yosh ortishi bilan akkomodatsiya chegarasi kamayib boradi. Masalan: 9-11 yoshda 14D. 12-14 yoshda 12, 9D, 15-17 yoshda - 12D, 18-20 yoshda - 12D, 21-22 yoshda — 11,5D bo`ladi.
Narsalarning qog`ozdagi tasvirini anglash, bolaning 3-4 oyida vujudga keladi. Bolalarda ranglarni sezish asta-sekin taraqqiy etadi. Avval sariq rang nisbatan sezish shakllanadi. Yashil, ko`k ranglarning sezish chegarasi 12-13 yoshgacha davom etadi. Bogcha bolalari narsani avval shakliga, so`ng o`lchamiga oxiri rangiga ahamiyat beradi. Rang ajratish qobiliyati 25 yoshgacha ortib boradi. Qiz bolalarda rang ajratish qobiliyati o`g`il bolalarga nisbatan yaxshi rivojlangan bo`ladi. Ko`rish o`tkirligi bolalarda kattalarga nisbatan yuqori bo`ladi. Kitob bilan ko`z orasi 30-35 sm dan kam bo`lmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |