Foydalanishni boshqarishning rolli modeli (RBAC)
RBAC usulida foydalanishni boshqarishning asosiy g‘oyasi tizimning ishlash logikasini tashkilotda kadrlar vazifasini haqiqiy ajratilishiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan. RBAC usuli foydalanuvchini axborotga ruxsatini boshqarishda uning tizimdagi harakat xiliga asoslanadi. Ushbu usuldan foydalanish tizimdagi rollarni aniqlashni nazarda tutadi. Ro‘l tushunchasini muayyan faoliyat turi bilan bog‘liq harakatlar va majburiyatlar to‘plami sifatida belgilanishi mumkin. Shunday qilib, har bir ob’yekt uchun har bir foydalanuvchini foydalanish ruxsatini belgilash o‘rniga, rol uchun ob’yektlardan foydalanish ruxsatini ko‘rsatish yetarli. Bunda foydalanuvchilar o‘z navbatida o‘zlarining rollarini ko‘rsatishadi. Biror rolni bajaruvchi foydalanuvchi rol uchun belgilangan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
RBAC usulining asosiy afzalliklari quyidagilar:
Ma’murlashning osonligi.
Foydalanishlarni boshqarishning klassik modellarida ob’yekt bo‘yicha muayyan amallarni bajarish huquqlari har bir foydalanuvchi yoki foydalanuvchilar guruhi uchun ro‘yxatga olingan bo‘ladi. Rolli modelda rol va foydalanuvchi tushunchalarini ajratish vazifani ikki qismga ajratish imkonini beradi: foydalanuvchi rolini aniqlash va rol uchun ob’yektga ruxsatini aniqlash. Ushbu yondashuv boshqaruv jarayonini sezilarli darajada osonlashtiradi. Chunki, foydalanuvchini javobgarlik sohasini o‘zgartirganda undan eski rolni olib tashlash va unga yangi vazifasiga mos kelidagan rolni berishning o‘zi kifoya qiladi. Agar foydalanish huquqi bevosita foydalanuvchi va ob’yektlar o‘rtasida aniqlansa, shu prosedura yangi foydalanuvchi huquqlarini qayta tayinlash uchun ko‘p harakatlarni talab qiladi.
Rollar iyerarxiyasi.
Rollarning haqiqiy iyerarxiyasini yaratish orqali haqiqiy biznes jarayonlarini aks ettiruvchi rollar tizimini yaratish mumkin. Har bir rol o‘z imtiyozlari bilan bir qatorda boshqa rollarning imtiyozlariga ega bo‘lishi mumkin. Ushbu yondashuv tizimni boshqarishni sezilarli darajada osonlashtiradi.
Eng kam imtiyoz prinsipi.
Eng kam imtiyoz prinsipi tizimdagi ma’lumotlarning ishonchligini ta’minlash uchun juda muhimdir. Bu foydalanuvchiga imkoniyatlari orasidan faqat muayan vazifani bajarishi uchun kerak bo‘lganini berilishini talab etadi. Buning uchun vazifa maqsadini aniqlash, uni bajarish uchun zarur bo‘lgan imtiyozlarni to‘plash va bu asosida foydalanuvchini imtiyozlari cheklash talab etiladi. Joriy vazifani bajarish uchun talab qilinmaydigan foydalanuvchi imtiyozlarini rad etish tizimning xavfsizlik siyosatini buzilishidan saqlaydi.
Majburiyatlarni ajratish.
Tizimda foydalanishlarni boshqarishning yana bir muhim prinsiplaridan biri bu vazifalarni taqsimlashdir. Firibgarlikni oldini olish uchun bir shaxs tomonidan ko‘plab vazifalarni bajarib bo‘lmaydigan holatlar amalda yetarli mavjud. To‘lovni yaratish va uni tasdiqlash bunga misoldir. Shubhasiz bu amallarni bir shaxs bajara olmaydi. Rollarga asoslangan usul esa ushbu muammoni maksimal darajada osonlik bilan hal qilishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |