II. ASOSIY QISM.
Frazemaning ifoda plani deganda uning tovush tomoni, leksik tarkibi, birikmaga yoki gapga teng konstruksiyasi nazarda tutiladi. Masalan: ko‘nglini olmoq (birikmaga teng), ko‘zlari qinidan chiqib ketdi (gapga teng), boshi qotdi (gapga teng), ensasi qotdi (gapga teng) kabi. Frazemalar orasida qo‘shma gapga teng qurilishli turg’un konstruksiyalar ham uchraydi: "g’or yog’ib, izlar bosildi" kabi.
Frazemalar tarkibidagi so‘zlarning bog’lanishi erkin birikma yoki gap tarkibidagi so‘zlarning bog’lanishidan farq qilmaydi: ularning barchasida so‘zlar tobelanish asosida bog’lanadi, biroq: a) erkin birikmadagi yoki gapdagi bog’lanish nutq jarayonida, nutq bilan bir paytda sodir bo‘ladi; frazemadagi bog’lanish esa nutq paytidan ancha avval yuzaga kelib, turg’unlashib qoladi, inson xotirasida va tilda yaxlitligicha saqlanadi; b) erkin birikmadagi yoki gapdagi so‘zlarni so‘zlovchi o‘z ixtiyori bilan almashtira oladi: "keng ko‘cha" birikmasi o‘rnida "tor ko‘cha" birikmasini, "men o‘qiyman" gapi o‘rnida "men ishlayman" gapini qo‘llashi mumkin, ammo "yulduzni benarvon urmoq" birikmasi o‘rnida "yulduzni narvonsiz urmoq", "yulduzni shotisiz urmoq", "yulduzni beshoti urmoq" birikmalari qo‘llanmaydi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, har qanday turg’un birikma frazema bo‘lavermaydi. Masalan, Birlashgan Milllatlar Tashkiloti birikmasi turg’un konstruksiyadir, ammo to‘g’ri ma’noli turg’un konstruktsiya bo‘lganligidan frazema hisoblanmaydi. Frazema yaxlit holda ko‘chma ma’no ifodalashi shart.
Frazemalarning ifoda planida leksemalardan tashqari, yordamchi so‘zlar (ko‘makchilar) va turli forma yasovchi morfemalar qatnashishi mumkin. Masalan, ochiq yuz bilan (bu frazemaning ifoda planida "bilan" ko‘makchisi qatnashgan), dam olmoq (bu frazemaning ifoda planida "-moq" morfemasi ishtirok etgan). Keltirilgan misollarda ko‘makchi va affiksal morfema frazemalarning doimiy belgilari hisoblanadi, chunki ular shu frazemalarning ichki grammatik qurilishiga mansubdir, ammo dam oldim, dam olgin, dam olsin kabi bog’lanishlarda qo‘llangan "-di+m", "-gin", "-sin" morfemalari (zamon, shaxs-son, mayl ko‘rsatkichlari) shu frazemalarning ifoda planiga kirmaydi, chunki bu morfemalar nutq talabiga ko‘ra qo‘shiladi.
Frazemaning mazmun plani uning nimanidir nomlashi, ifodalashi, anglatishidir. Masalan, og’zi-qulog’ida frazemasining mazmun planida "xursand" ma’nosi ifodalangan.
Frazemaning mazmun plani albatta ko‘chma ma’noga asoslanadi, aks holda uning to‘g’ri ma’noli turg’un birikmalardan (elektron hisoblash mashinasi, kvadrat uyalab ekish kabi sostavli terminlardan) farqi qolmaydi.
Frazemaning mazmun planidagi ma’no frazeologik ma’no hisoblanadi. Qiyos qiling: leksemaning mazmun planida-"leksik ma’no"; frazemaning mazmun planida-"frazeologik ma’no". Frazeologik ma’no leksik ma’nodan murakkabroqdir, chunki u frazema tarkibidagi so‘zlar bog’lanishidan kelib chiqadi va umumlashgan bo‘ladi.
Frazemaning semantik tarkibida frazeologik ma’nodan tashqari, uslubiy bo‘yoq ham mavjud bo‘ladi. Masalan, to‘nini teskari kiymoq frazemasining semantik tarkibida "o‘chakishmoq" (frazeologik ma’no) bilan birga "qaysarlik" semasi (uslubiy bo‘yoq) ham bor. To‘rt tomoni qibla frazemasida "qayoqqa xohlasa ketaversin" ma’nosi bilan birga salbiy baho (uslubiy bo‘yoq) ham ifodalangan. Chehrasi ochiq frazemasining semantik tarkibida esa "xushtabiat" ma’nosi ijobiy baho (uslubiy bo‘yoq) semasi bilan qoplangan.
Salbiy yoki ijobiy baho semalari, odatda, frazemalarning mazmun planida bo‘rtib turadi, bu omil frazemalardan nutqiy ta’sirchanlikni ta’minlovchi uslubiy vosita sifatida foydalanish imkonini beradi, ayniqsa, badiiy asar tilida bunday birliklarning roli katta. M i s o l l a r: Bir umr qulingiz bo‘lmasam, kalomullo ursin, ko‘zim ochildi, aka! (T.M.) Rangi quv o‘chib, yupqa lablari titrab, ko‘zlarining paxtasi chiqib ketdi. (H.N)
Badiiy asar tilining qanchalik aniq ravshan, ravon, pishiq bo‘lishi badiiy asarning xalq orasida tez tarqalishiga, kitobxonlar ongiga tez yetib borishiga yo‘l ochadi. Chunonchi, A.Qahhor xalq maqollarini aynan, o‘zgarishsiz berish bilan birga, ba’zan bu maqollarni asar qahramonlari nutqi bilan bog‘lab, o‘zgartirilgan shakllarda qo‘llaydi. Bu esa asar qahramonlari tomonidan aytilayotgan gaplarning yanada haqqoniyligini, tabiiyligini ta’minlagan. U o‘z asarlarida xalq iboralarini qahramonlar fe’l-atvoriga moslab qo‘llaydi. Bunday o‘ziga xos nutq asar har bir qahramonining fe’l-atvori, dunyoqarashi o‘ziga xosligini ta’minlabgina qolmay, atrofidagilarga, boshqalarga salbiy yoki ijobiy munosabatini ham ifodalaydi. Uning salbiy yoki ijobiy xislat, fazilatlarini yanada bo‘rttirish uchun ham xizmat qiladi. Xuddi shunday mohirona so‘z qo‘llashni Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, S.Ahmad kabi ulug‘ san’atkorlar qatori keyingi avlod vakili adib Tog‘ay Murod ijodida ham kuzatish mumkin.
Mana masalan, Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanida qo‘llangan iboralarning rang-barangligini ko‘rib, ularning asar g‘oyasini, obrazlarning xarakterini ochib berishdagi o‘rni beqiyos ekanligining guvohi bo‘lamiz. Yozuvchi Tog‘ay Murod roman oxiridagi ilovasida “Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman!” – deb bejizga yozmagan edi. Ushbu roman bilan xalqimizga chindan ham katta haykal qo‘ydi. Yozuvchi o‘z asari tilining tabiiyligini ta’minlash uchun ham Surxon vohasi shevalari, so‘zlashuv nutqi shakllari, xalq iboralaridan mahorat bilan foydalangan. Asar juda sodda tilda, haqiqiy dehqon tilidan bayon etilgani tufayli ham unda qo‘llangan jaydari so‘zlar, birikmalar va iboralar o‘quvchini tezda o‘ziga rom etadi. Tog‘ay Murod asar qahramoni Dehqonqulning sodda, do‘lvor xarakteriga mos iboralarni topib qo‘llaydi. Yozuvchi qahramonlari tilidan iboralarni ishlatganida, ularning ichki dunyosini, boshqalarga munosabatini ham hisobga oladi. Shuning uchun ham Dehqonqulning onasi uni koyir ekan og‘ir so‘zlar bilan qarg‘amaydi, balki:
“Onamiz ketimdan tosh otib qoladi. – Ha, oshingni yeyin sen tentakni, oshginangni yeyin!– deydi”. Maktab direktorining nutqidagi ibora esa o‘z o‘quvchisini odam o‘rnida ko‘rmaydigan , o‘ta qo‘pol, bemehr bir kimsa, qahri qattiq odamligidan darak beradi:
“Jasadingni qara! Jasadingdan eshak hurkadi! O‘l-e, shu kuningga-e!”. Aslida xalq “haybatidan ot hurkadi” deydigan iborani uning tilidan “Jasadingdan eshak hurkadi” deb ishlatadi. Tog‘ay Murod asarlari iboralarini o‘rganish xalq orasida keng qo‘llanilayotgan, ammo hali badiiy adabiyotga, adabiy tilga kirib kelmagan iboralarni aniqlash, ular asosida badiiy asar tili iboralari lug‘atini yaratish imkonini beradi. Tog‘ay Murodning asarlarida milliy ruh, qadimiy an’ana va marosimlar, unutilish arafasida turgan qadriyatlarni yoritish alohida o‘rin tutadi. Milliy qadriyatlarimiz kitobxon qalbiga birinchi navbatda tilimiz orqali jo bo‘ladi. Romanda Surxon vohasining so‘lim qir-adirlari, tanti va mehnatsevar odamlari hayoti, tog‘-u toshlarining betakror manzaralari tasvirlanadi. Tabiat manzaralarini qahramonlar xarakter-holati, kechinmalari bilan uzviy bog‘liq holda tasvirlash – adib asarlariga xos yetakchi xususiyatdir. Asarda tabiat o‘zgarishlari qahramonlar kayfiyatiga qarab o‘zgacha uslubda ifodalangan. Masalan: ”Tulki qiziga to‘y berdi. Kun qiyalab-qiyalab nur to‘kdi. Kun sariq-sariq nur to‘kdi. Kun betini ko‘rib bo‘lmadi. Kun nuriga qarab bo‘lmadi. Olam iliq-iliq bo‘ldi. Olam sariq-sariq bo‘ldi. Havoda oppoq-oppoq bir nimalar uchdi. Havola-havola uchdi. Aylana-aylana uchdi. Burala-burala uchdi. Osmon misoli un elaklamish-un elaklamish bo‘ldi. Oppoq bulutlar orasidan kun to‘kilib-to‘kilib turdi” (OQD, 105-bet.).
“Tulki qiziga to‘y berdi”. Ushbu jumlani adib o‘zi o‘ylab topmagan. Bu, ota-bobolarimizdan qolgan ibora. Bunday holat osmonda yirik-yirik qor parchalari o‘ynoqlab ko‘rinish berganda, quyosh zangori tus olsa ham, o‘z tarovatini yo‘qotmay turgan payt bo‘ladi. Shu manzaraga qarab dehqonlar “Tulki qiziga to‘y berdi” deyishadi. “Otamdan qolgan dalalar” romani tilining o‘ziga xosligi yana shundan iboratki, ko‘p hollarda asarning ta’sir kuchini oshirish niyatida adib so‘zlarni takror-takror qo‘llaydi. Masalan: ”Yormazorda muhtasham masjid-madrasa bo‘ladi. Oqposhsho mo‘min-mazlumni ana shu Yormazor masjid-madrasa qoshida to‘dalaydi. Mo‘min-mazlum mung‘ayib-mung‘ayib turadi. Mo‘min-mazlum birov-birovini ko‘ksiga yig‘laydi. Mo‘min-mazlum uzun kun ana shunday turadi” (15-bet). Ushbu misolda yettita gap, o‘ttiz uchta so‘z bo‘lib, ularda “Mo‘min-mazlum” sifati olti marta takrorlanib kelgan, ya’ni har bitta gapda shu sifat qayta-qayta qo‘llanilgan. ”Yormazor”, “bir-birovi”, ”yig‘laydi” kabi so‘zlar ikki martadan qo‘llanilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, takror qo‘llanilayotgan so‘zlar soni o‘n to‘rtta, matnda esa jami o‘ttiz uchta ishlatilgan, ya’ni, gaplarning deyarli yarim so‘zlari takror qo‘llanilgan. Asarda qo‘llanilgan so‘zlarning ko‘pida milliy qadriyatlarimiz aks etgan. Masalan,yuqorida keltirilgan misoldagi “muhtasham bir masjid-madrasa”, “mo‘min-mazlum”, “ko‘ksiga yig‘laydi” va “yelkasiga yig‘laydi” kabi so‘z-iboralar milliy qadriyatlarimiz, kechmishimiz aks ettirilgan, milliylik nafasi ufurib turgan til birliklaridir. ”Otamdan qolgan dalalar” asari o‘quvchilarning milliy qadriyatlarimiz haqida tasavvurga ega bo‘lishlariga yordam beradi. Tog‘ay Murod romanlari adibning, qolaversa, milliy adabiyotimizning shunchaki navbatdagi namunalari emas. XX asr, aniqrog‘i, salkam bir asr davom etgan istibdod nihoyasida maydonga kelgan “Otamdan qolgan dalalar” bilan “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanlari o‘sha asr intihosida o‘lkada yuz bergan milliy uyg‘onish natijasida boshlangan millatning bir necha avlod asl o‘g‘lonlari – yorqin iste’dodlar qalbini olov bo‘lib o‘rtagan nido bo‘lib yangraydi. “Otamdan qolgan dalalar” bosh qahramonining nomi qahhorona tarzda ismi jismiga mos – Dehqonqul. Muallif roman yaratilishi jarayonidagi ijodiy-ruhiy holati ustida to‘xtalib: “Endi qonim o‘z g‘animlarim uchun qaynamadi. Yo‘q, o‘z g‘animlarim o‘z yo‘lida qoldi. Endi qonim…qudratli g‘animlarim uchun qaynadi…, –deb yozadi. Bu lo‘nda e’tirofda romanning asosiy ruhi – pafosi aniq ravshan ifodalangan.
Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, bu roman Olloh in’om etgan eng ulug‘ ne’mat-hurligini, mustaqilligini, erkini, ozodligini boy bergan, bosqinchilar bo‘yinturug‘ini bo‘yniga ilib, istibdod iskanjasida qulga aylangan xalqning ayanchli holi, u chekkan zahmatlar tufayli adib dilidagi oh-armon, nola-fig‘on, bir asrdan ortiq davom etgan imperiya zulmi, zug‘umiga qarshi zo‘r nafrat-tug‘yon kabi yangradi. Roman markazida Dehqonqul obrazi turadi. Asar voqealari hayoti, taqdiri, qismati, ruhiy dunyosi ona yer, kindik qoni to‘kilgan muqaddas tuproq bilan mustahkam bog‘liq. Xullas, har bir yozuvchi frazeologizmlardan o‘z imkoniyati doirasida ustalik bilan foydalanadi. Yozuvchi iboralarni asar qahramonlari tilidan ishlatar ekan, ularning ichki dunyosi, ma’naviyatini yaqqol ko‘rsatishga harakat qiladi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani XX asr o‘zbek adabiyotiga va bugungi o‘zbek adabiy tiliga katta hissa bo‘lib qo‘shilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning iboralardan foydalanish mahoratini chuqur va keng ko‘lamda o‘rganish oldimizga qo‘ygan asosiy maqsadimizdir.
T.Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani iboralarini tahlil qilar ekanmiz, asarda o‘zbek tiliga xos 300 ga yaqin iboraning 400 marotabadan ortiq qo‘llanganligining guvohi bo‘lamiz. T.Murod iboralarni takror-takror qo‘llashdan qochadi. Vaholanki uning so‘zlarga kuchli bo‘yoq berish maqsadida so‘zlarni, so‘z birikmalarini, ba’zan butun boshli gaplarni takror qo‘llash usuli hammaga ma’lum. Biz romanda boshidan qolsin, esidan chiqmoq, esini yig‘moq, gap yo‘q-so‘z yo‘q, gap o‘roli kelganda, ichidan qirindi o‘tmoq, ko‘z ostidan qaramoq, ko‘z uzmaslik, ko‘zi ketmoq, ko‘zini olmaslik, ko‘ngli uvushmoq, ko‘rmayin ham-kuymayin ham, mehmon atoyi xudo, nazar solmoq, oyoq ilmoq, past ketmaslik, qirchinidan qiyilmoq, quloq solmoq, qo‘li kosov-sochi supurgi, razm solmoq, so‘z bermoq, tili bormaslik, tilga kelmoq, toqati toq bo‘lmoq, yo‘l bo‘lsin, yo‘l olmoq, o‘pkasini bosolmaslik kabi iboralarninggina ikki, ayrimlarining uch-to‘rt marta qo‘llanganligini ko‘ramiz. Bu hol yozuvchining o‘z qahramonlari nutqiga huda-behudaga iboralarni kiritib, sun’iy bo‘yoqdorlik yaratishdan qochganligini ko‘rsatadi.
Chindanda, yozuvchi asar bosh qahramoni Dehqonqul nutqida ham, uning onasi Bolxin moma nutqida ham, kolxoz raisi yoki maktab direktori nutqida ham iboralarni ko‘p ishlatmaydi. Ishlatganda ham mo‘ljalni aniq oladi. Romanda qo‘llangan iboralarning leksik-semantik xususiyatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular ko‘proq asar hikoyachisi tilidan keltirilgan. Bu tabiiy. Asar Dehqonqul tilidan bayon etilgan. Oddiy o‘zbek paxtakori Dehqonqul nutqi butun bo‘y-basti bilan o‘zining Surxon vohasi kishisi ekanligini ko‘rsatib turadi. Frazeologizmlar tarkibida qaysi turkumga oid so‘zning yetakchiligiga qarab, ot, fe’l, sifat yoki boshqa komponentli iboralar deb qaraladi. Biz ishimizda frazeologizmlarni semantik ma’no ifodalashiga ko‘ra guruhlab o‘rganish metodini maqsadga muvofiq deb tanladik. Shunga ko‘ra romanda qo‘llangan iboralarni quyidagi guruhlarga bo‘lib o‘rganish mumkin.
1. Kishi tana a’zolari nomlari va ularning faoliyatini ifodalovchi so‘zlar ishtirokidagi iboralar.
2. Mavhum tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar ishtirokidagi iboralar.
3. Hayvonlar, o‘simliklar nomlarini hamda ular bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar ishtirokidagi iboralar.
4. Xalq maqollari, urf-odatlar nomlarini ifodalovchi so‘zlar ishtirokidagi iboralar.
5. Sonlarni ifodalovchi so‘zlar ishtirokidagi iboralar.
6. Jins, qarindosh-urug‘ ma’nolarini ifodalovchi so‘zlar ishtirokidagi iboralar.
T.Murod asar qahramonlarining dunyoqarashi, ma’naviyatiga xos so‘z va iboralarni mahorat bilan qo‘llaydi. Ular qahramon xarakterini, ijobiy yoki salbiy xislatlarini ochishga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, yozuvchi T.Murod o‘zbek adabiy tilidagi iboralardan ham, xalq so‘zlashuv uslubidagi iboralardan ham unumli va o‘rinli foydalana olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |