2022-yil uchun yuridik va jismoniy shaxslarning yer solig‘i stavkalari
06/01/2022
1) Saqlab qolindi:
- yuridik va jismoniy shaxslarning yer solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibi;
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatiga nisbatan belgilangan soliq stavkasi – 0,95% (Solq kodeksi 429-modda);
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i hisobotlarini taqdim etish – joriy soliq davrining 1-mayiga qadar (Soliq kodeksi 431-modda).
2) Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘ining bazaviy stavkalari o‘rtacha 1,07 baravarga indeksatsiya qilindi.
3) 2022-yilda jismoniy shaxslar (YATTdan tashqari) uchun hisoblangan soliq summasi 2021-yilda hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim.
4) Pasaytirilgan soliq stavkasini bazaviy soliq stavkasiga bosqichma-bosqich yetkazish davom ettiriladi. Soliq kodeksining 429- moddasida nazarda tutilgan yuridik shaxslarning alohida obyektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun soliq stavkalariga nisbatan qo‘llaniladigan pasaytiruvchi koeffitsiyent 0,25 dan 0,3 gacha oshirildi.
Yagona ishtirokchilari nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalaridan iborat bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan ushbu toifadagi soliq to‘lovchilar uchun soliq yukini 2021-yil darajasida saqlab qolish maqsadida, yer solig‘i stavkasiga 0,25 koeffitsiyenti saqlab qolindi.
Liniyali obyektlarga nisbatan (Soliq kodeksining 429-moddasi oltinchi qismining ikkinchi-beshinchi xatboshilari) respublikaning har bir tumani va shahri bo‘yicha o‘rtacha belgilangan soliq stavkasiga 0,3 koeffitsiyenti qo‘llaniladi.
Har bir tuman va shahar bo‘yicha o‘rtacha soliq stavkasi qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkasi joylashgan joydagi soliq organi tomonidan xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari belgilagan soliq stavkalari asosida aniqlanadi hamda ular har yili 5-yanvarga qadar soliq to‘lovchilarga yetkaziladi.
5) Qonun hujjatlarida yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘iga nisbatan oshirilgan soliq stavkalarini belgilash yo‘li bilan taʼsir choralari qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan obyektlarni soliqqa tortish tartibi saqlanib qolindi. Bunda, ushbu yer uchastkalariga Soliq kodeksining 428-moddasida ko‘rsatilgan soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydi.
6) Geologiya-qidiruv va (yoki) qidiruv ishlari uchun ajratilgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i soliq solish obyektidan chiqarib tashlandi.
7) Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i bo‘yicha joriy soliq davri uchun soliq hisobotlarini 1-fevralga qadar taqdim etish huquqi berildi.
Bunda, ushbu soliqni to‘lash, aylanmadan soliq to‘lovchilar toifasiga kirmaydigan soliq to‘lovchilar tomonidan yillik summaning 1/12 qismi miqdorida 2022-yilning 1-fevraliga qadar amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |