O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ajdodlar merosi va milliy qadriyatlarni tiklash borasidagi xizmati. Islom Karimov xalqimizning milliy-ma’naviy qadriyatlariga hurmat bilan munosabatda bo’lishni, muqaddas dinimizni, an’analarimiz va urf-odatlarimizni saqlash va rivojlantirishni, bebaho tarixiy merosimizni asrab-avaylashni davlat siyosati darajasiga olib chiqdi. Bu hayotiy zarurat edi. Chunki o’z ozodligini, erkini qo’lga kiritgan xalq ko’p asrlar davomida bosib o’tgan tarixiy yo’lini aniq bilishi, buyuk ajdodlari merosidan to’la bahramand bo’lishi kerak edi. Bu millatimizning o’zligini anglab yetishi, sovet hukmronligi davrida toptalgan g’ururini tiklashi, yuksaltirishi, mamlakatimizning kelajak yo’lini belgilab olishi uchun xizmat qilardi. Ushbu ishlarni amalga oshirishda mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning mustaqillikning ilk yillarida taarixchi olimlar bilan uchrashuvda o’rtaga tashlagan “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q” degan g’oyaviy konsepsiyasi asos bo’ldi.
Tariximizni haqqoniy yoritishda xalqimizning yaratuvchilik faoliyati bilan bog’liq bo’lgan qadimiy shaharlarimizdagi yodgorliklar, obidalar, inshootlarni qayta qurish, ta’mirlash, asl holida bunyod etish kabi ishlarga alohida e’tibor berildi. Madaniy boyliklar tariximizning asl manbalari, ilmiy asoslari hisoblanadi. Ma’lumki, mamlakatimizda 7198 ta tarixiy yodgorliklar ro’yxatga olingan bo’lib, shunday 2357 tasini me’moriy obidalar, 3843 tasini arxeologik yodgorliklar, 998 tasini mahobatli tarixiy inshootlar tashkil qiladi. Bu raqamlar mamlakatimizni nafaqat Sharqda, balki butun dunyoda tarixiy madaniy yodgorliklarga boy o’lkalardan biri sifatida namoyon etadi.
Yurtimiz mustaqillikka erishishdan oldin bu me’moriy yodgorliklar, obidalarning aksariyati buzilgan, ta’mir qilinmagan, yarim vayrona holatlarda edi. Islom Karimov birinchi navbatda, ana shunday inshootlarni, yodgorliklarni qayta tiklash, ta’mirlash, asl tarixiy asosda bunyod etishga e’tiborni qaratdi. Natijada xalqaro jamoatchilik ishtirokida o’tmishda fan, ta’lim, ma’naviyat, madaniyat markazlari hisoblangan Samarqandning 2750 yilligi, Qarshining 2700 yilligi, Buxoro, Xiva va Termizning 2500 yilligi, Marg’ilonning 2000 yilligi, O’zbekistonning boshqa shaharlar yubileylari keng nishonlandi. Allomalarimiz nomlari bilan ataladigan 50 dan oshiq muqaddas ziyoratgohlar ham qaytadan bunyod etilib, obod va go’zal maskanlarga aylantirildi.
Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillik yillarida madaniy meros obyektlarini qayta qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish bilan birgalikda o’tmishda yashab o’tgan ulug’ allomalar, buyuk siymolar merosini o’rganish, nomlarini ulug’lash, xotiralarini abadiylashtirish borasida ham ulkan ishlar qilindi. Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshbandiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy, Mahmud az-Zamaxshariy kabi “Sharq uyg’onish davrini” yaratgan misli ko’rilmagan davlat arboblari va olimlar, mutaffakirlar, shoirlar hamda ma’rifatparvarlarning yubiley sanalari nishonlandi. Jahon hamjamiyati ularning Islom madaniyatiga va jahon faniga qo’shgan bebaho hissasini e’tirof etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |