2020 yilda mamlakatimizad soliq boyicha amalga oshirilayotgan islohatlar Mamlakatimiz soliq tizimidagi islohotlar milliy iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Soliqlar aslida davlatning mustahkam byudjetini shakllantirishga qaratilgan tushumlar manbai hisoblanib, hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga qayta yo‘naltirilishi bilan ahamiyatlidir. Shu bois har bir fuqaro o‘zi tasarruf etgan mulki yoki daromadining belgilangan ulushini mamlakat rivoji uchun ajratishi bu iqtisodiy jarayonning barqarorligini ta'minlaydi.
Mustaqil O‘zbekistonimizda har bir islohot inson hamda uning manfaatlari uchun amalga oshirilayotganini joriy yil avvalidan Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining qabul qilinishi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona 12 foizga tushirilgani, konsepsiyaning mantiqiy davomi sifatida soliq va bojxona sohasidagi imtiyozlarni tartibga solish borasida huquqiy asosning ishlab chiqilgani, yanada e'tiborlisi, tadbirkorlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining 20 foizdan 15 foizga, yagona ijtimoiy to‘lov stavkasining esa 25 dan 12 foizga pasaytirilganida ham ko‘rish mumkin.
Darhaqiqat, soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat ortidan halol daromad orttirishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimizning 2019 yil 26 sentyabr “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soliq yukini kamaytirish va tadbirkorlik sub'yektlarini soliqqa tortishdagi nomutanosibliklarni qisqartirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Bu bilan qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz “zanjiri”ni shakllantirish, iste'mol bozorining barqarorligini ta'minlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish uchun munosib sharoit yaratish maqsadida joriy yilning 1 oktyabridan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ining stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi.
Endi tahlillarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, birgina Navoiy viloyatida qariyb 2 ming nafar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari mavjud bo‘lsa, avvalgi tartibda bir oyda o‘rtacha 80 milliard so‘m davlat byudjetiga majburiy to‘lovlarni amalga oshirgan. Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab yangi tartib joriy qilingach noyabr va dekabr yakuni bilan ya'ni 2 oyda byudjetga tushum qariyb 42 milliard so‘mga kamayadi. Demak, bir oyda o‘rtacha 21 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ iste'molchilar ixtiyorida qolmoqda.
Joriy yil boshidan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar ikki xil rejimda soliq to‘lab kelmoqda. Ya'ni, tovar aylanmasi 3 milliard so‘mgacha bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar soddalashtirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i rejimida va tovar aylanmasi 3 milliard so‘mdan oshgan soliq to‘lovchilar umumbelgilangan rejimda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lamoqda. Vaholanki, ushbu holatda bir xil ishlab chiqarishga ega bo‘lsada, yirik korxona 20 foizli stavkada, kichik korxona esa tabaqalashtirilgan holda faoliyat turidan kelib chiqib, o‘rtacha 7 foiz stavkada byudjetga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘laydi. Bu bir xil ishlab chiqarishga ega soliq to‘lovchilarning soliq yuki mutanosib emasligidan dalolat berardi.
Shuni qat'iy inobatga olib, 2020 yil 1 yanvardan soddalashtirilgan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash rejimining bekor bo‘lishi adolat va tenglik, mahsulot tannarxining arzonlashishi, soliq to‘lovchilar daromadining oshishi va qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning soliq yuki birxillashishiga olib keladi.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihatga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, bugungi kunda viloyatda 333 ta davlat tashkilotlari va 209 ta davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan yagona ijtimoiy to‘lovchi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular tomonidan joriy yil yakuni bilan 1 trillion 87 milliard 466 million so‘m mablag‘ byudjetga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Endilikda, ya'ni 2020 yil 1 yanvardan yagona ijtimoiy to‘lov stavkasining 25 foizdan 12 foizga tushirilishi natijasida 518 milliard so‘m xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ixtiyorida qolishi ko‘zda tutilyapti.
Bugungi shiddatli iqtisodiy raqobat muhitida tadbirkorlarga keng imtiyozlar berish, zarur qulayliklarni yaratish muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz soliq siyosatida ana shunday zamonaviy tamoyillarni inobatga olib, ayrim hollarda oddiygina hisobotlarni topshirish muddatlaridagi kechikish yoki ba'zi tushunmovchiliklar yuzaga kelgan vaziyatlarda tadbirkorlarning banklardagi hisob raqamlarini vaqtincha yopib qo‘yish holatlari kuzatilar edi. Endilikda bu tartibdan voz kechilib, tadbirkorga zarur maslahat va ko‘mak berish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida shaffof tizim yaratildi.
Prezidentimizning joriy yil 10 iyuldagi “Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tadbirkorlik sub'yektlari aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarlikni tan olib, davlat soliq xizmati organlarining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorini olgan kundan e'tiboran o‘n kun muddatda ichida moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lasa, tadbirkorlik sub'yektlari mazkur huquqbuzarlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan jinoiy va ma'muriy javobgarlikdan ozod etiladi. Shuningdek, mazkur qaror bilan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor unga nisbatan qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan boshlab, qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar miqdorining 50 foizini o‘n kun davomida ixtiyoriy ravishda to‘laganda, uni jarima summasining qolgan qismini to‘lashdan ozod etish bo‘yicha moliyaviy jarimalarni undirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur islohotlar natijasida davlat byudjetiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ayrim omillar ham yuzaga kelishi tabiiy. Birgina qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining pasayishi evaziga, yo‘qotilayotgan byudjet tushumlarini qoplash maqsadida viloyatda qo‘shimcha manbalar aniqlanib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra oyiga o‘rtacha 43 milliard so‘m mablag‘ tushumi prognoz qilinmoqda. Bunda xususan, soliq stavkasining pasayishi natijasida yangi tadbirkorlik sub'yektlari yoki soliq to‘lovchilarning ortishi, yagona yer solig‘i to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tishi va boshqa yengilliklar hisobidan byudjet daromadlari barqarorlashib boraveradi.