Mavzuga oid mashqlar orqali talabalar bilimini tekshirish va mustahkamlash.
373-mashq. O’qing. Undalmalarni topib, ularning qaysi so’z turkumi bilan ifodalanganini, o’rnini va intonatsiyasiga ko’ra qo’yilgan tinish belgilarini tushuntiring.
1. “U uyga choy so’rashsa, Yo’lchi akangga kelib shipshit, Gulnor qizim!”—deb to’y bekasi Lutfiniso ketdi. (O.) 2. Gapir, Qo’zivoy, gapir, bo’taloq, so’z seniki! (H. G`.) 3. Qani, Sinchalakxon qizim, mana buni kiyib oling-chi! (A. Q.) 4. Kuylangiz, xonim qizlar, chevar qizlar, Boshlarda ipak ro’mol hilpillasin! Kuylangiz, asl qizlar, dongdor qizlar, Ko’kraklarda YUlduzlar yaltillasin. (Mirm.) 5. Dadangni hurmat qil, puchuq. (H. G`.) 6. Oy yuzli, shakar so’zli, olamda tanho go’zal, ayting-chi, siz chindan ham shu uyning bekasi bo’lasizmi? (H. G`.) 7. Xadicha! Sarvi! Qumri! Erkinoy! Saodat! Uylaringizga boringlar. Ertalab “Baxt uyi”da uchrashamiz. (H. G`.) 8. Do’ppilar qutluq, askar bola!— Qulluq, opoq buva. (H. G`.) 9. Suyukli qiz, qora ko’z Navro’z, Badaxshonning nozli kaptari, Sen haqingda yuritaman so’z... (Mirm.)
374-mashq. O’qing. Undalmalarni aniqlang. Undalmaning egaga o’xshash va farqli tomonlarini tushuntiring. Undalmalarni egaga aylantirgan holda gaplarni qayta tuzib ko’ring.
— N a m u n a: Hali ham terdirganingiz yo’kmi, ota?. (M.Ism.) — Otam hali ham terdirgani yo’qmi?
1. Ummatali, seni o’rtoq Oxunboboev tabriklab telegramma yuboribdilar. Ma, ol, o’qi! (S. Ahm.) 2. Lekin shuni ham inobatga olingki, mayor, Turkistonda siz boshqa familiya bilan yurasiz. (S. Kalmikov.) 3. Jiyan, aqling bo’lsa, kishining bir tiyiniga xiyonat qilma. (O.) 4. – Hoy, tentakkinalarim, tog`angni bevoshlik qilib qiynamanglar. (S.Ahm.) 5. Kampir, achchiqqina xo’rda qilib ber, mehmon bolani bezgak ushlab qolibdi. (S. Ahm.) 6. Dunyo turguncha turing, malikam, Baxtingiz daryoday mavjlansin, bekam. (S. Nazar.) 7. Sira tashvish tortmagaysiz, oyi, men tinchman. (O.) 8. Hashamsiz purviqor qoyamsiz, Tiz cho’kmas, gard yuqmas g`oyamsiz, kift tutgan ming pillapoyamsiz, Ey baland cho’qqilar, qoyalar. (Z.O.)
375-mashq. O’qing, tegishli tinish belgilarini qo’yib, undalmali gaplarni ko’chiring. Undalmalarning tagiga chizing va ularning uyushiq bo’laklardan farqini ayting.
1. O’lmas o’z muallimangni tanqid qilishing yaxshi emas. Senga bu ish yarashmaydi. (SH.) 2. “Tug`ilgan kuningizga odamning jonidek aziz bir narsa keltiraman azizim”, — dedi kunlardan birida Mahmudjon xotiniga. (H. Tojiboev.) 3. SHu narsa yodingizda bo’lsin Meliboy millatidan qat`i nazar, ishchi bilan dehqon hamisha og`ayni. (S. Kalmikov.) 4. Bahoroy Salima Naima Halima YUringlar, menga qarashib yuboringlar. (H. G`.) 5. Sizni ilgariroq saylasak bo’larkan Ashirali aka. (H. G`.)
376-mashq. O’qing. Kirish so’z, kirish birikma va kiritma gaplarni toping, tinish belgilarini qo’yib ko’chiring.
1. Qo’qqisdan shamol yoshroq ko’ringan qizning zotan har ikkovi ham yosh qizlar edi, shlyapasiga chatilgan uzun yashil to’rni ochib yubordi, qizning sutga chayilganday oppoq yuzi, oltin tusli sochi, tiniq moviy ko’zlari ko’rinib ketdi. (F. Kuper.) 2. Oltinshoh ko’rfazi. Ma`murlar ular orasida Amerika ofitserlari ham ko’rinadi hammollar, taksichilar, gadoylar har biri o’z maqsadi yo’lida teploxodni kutishga hozirlik ko’rar. (S. Azimov.) 3. Dars tayyorlashdan charchab universitetga kirish uchun tayyorgarlik ko’rayotgandim.daryochaga cho’milgani ketayotgan edim. (K. Abukov.) 4. ”Otamning taxti shak-shubhasiz meniki, bu jihatdan ko’nglim to’q”. — der edi valiahd to’ra. (S. Ulug`zoda.) 5. Aftidan bu ishga... hokimlar ham engil-elpi qarayotgan ko’rinadilar. (S. Ulug`zoda.) 6. Sahroyi bir odamning fahmicha uni nomard deyishdan ko’ra sharmandalik yo’q edi. (S. Ulug`zoda.) 7. Manzilga etgach Nasibalar shaharning chekkasida bir hovlida turar edilar Nasiba meni qo’yarda-qo’ymay ichkariga boshlab kirdi. (O.YO.)
377-mashq. O’qing. Kiritma gaplarni topib, uning o’zi kiritilgan gapning qaysi bo’lagiga aloqador ekanini, ajratilgan bo’laklardan farqini ayting.
1. Keng, uzun, paxtasi chiqib yotgan to’nimning (bu dadamning eski jomakor to’ni) barini belimga bog`lab olgan bo’lsam-da, loyga belangan orqa etagi tovonimga shalp-shalp urardi. (N. S.) 2. Sovuq kunlarning birida, oktyabrning oxirida (Polshada esa qish erta tushadi) bizlarni baraklardan haydab chiqishdi. (D. Kyusak.) 3. Qizil duxobaga o’ralgan daftarchaning jildiga (Qalandar buni keyin, madrasaga qaytgach ko’rdi) zar bilan shu satrlar bitilgan edi. (O.YO.) 4. Biroq ikkovi ham — ular davlat sekretari Meysner bilan prezident Gindenburgning o’g`li Oskar edi — hech kim tanimaydigan bu irqchining aft-basharasi qanaqaligini ham bilishmasdi. (A. CHakovskiy.) 5. Ustozi professor Danilovich o’z shogirdining qobiliyatli yigit ekanligini maqtar, u bilan faxrlanardi ham. (Kim biladi deysiz, balki bu gaplarni Hoshimning o’zi tarqatgandnr.) (J. Abd.) 6. YOzda qishloqqqa borganlarida kamina...(u mahalda men o’n uch – o’n to’rt yashar bola edim) ularga pochtachilik qilardim... (O.YO.)
Do'stlaringiz bilan baham: |