100 ichida sonlar ustida og‘zaki mashqlarning didaktik xususiyatlari.
Ikkinchi o‘nlik sonlarini og‘zaki nomerlashni o‘rganish o‘nlik haqidagi tushunchalarni shakllantirishdan boshlanadi. O‘qituvchi cho‘plarni 10 tadan qilib bog‘lab, birlardan qanday qilib o‘nlar hosil bo‘lishini ko‘rsatadi. Bunday mashqlarni o‘quvchilar ham bajaradilar, so‘ngra ular o‘nliklarni sanaydilar, qo‘shadilar va ayiradilar. Masalan: mana bu qatorda nechta o‘ntalik cho‘plarni bog‘ladilar? Stol ustiga mendagiga qaraganda uchta ko‘p o‘ntalik cho‘p qo‘ying; quyidagi masalani yeching: 5 ta o‘ntalik tuxumlar sotib olindi, 2 ta o‘ntalik tuxumlar ishlatildi: nechta o‘ntalik tuxum qoldi? Misollarni yeching: 1 o‘nl.—4 o‘nl., 5 o‘nl +4o‘nl. va h. k. O‘quvchilar bunday mashqlarni bajarish natijasida o‘ntaliklarni (o‘nlarni) oddiy birlik (bir)lar kabi sanash, qo‘shish va ayirish mumkinligi to‘g‘risida xulosa chiqaradilar.[15] So‘ngra birlar va o‘nlarni sanash asosida 11—20 sonlarning hosil bo‘lishi qaraladi va ularning nomlari tushuntiriladi. O‘qituvchi: Bu yerda 1 ta o‘ntalik yoki 10 ta cho‘p bor. Sanoqda 10 dan keyin keladigan son qanday hosil qilinadi? O‘quvchi: O‘nga bir qo‘shiladi. O‘qituvchi: Qaranglar, o‘ntalik ustiga 1 ta cho‘p qo‘yaman — o‘n va bir bo‘ladi. Cho‘plar nechta bo‘ldi? O‘quvchi: Hammasi bo‘lib 11 ta cho‘p. O‘qituvchi: O‘n bir sonida nechta o‘ntalik (o‘n) va nechta bir bor? O‘quvchi: Bitta o‘nlik va bitta bir. O‘qituvchi: Sanoqda 11 sonidan keyin keladigan sonni qanday hosil qilish mumkin? O‘quvchi: O‘n birga birni qo‘shish kerak. O‘qituvchi: Yana bitta cho‘p qo‘shamiz. Cho‘plar hammasi nechta bo‘ldi? Navbatdagi sonlar ustida ham shunday ishlar olib boriladi, natijada o‘quvchilar ikkinchi o‘nlik sonlari tarkibi bilan va sanoqda ularning kelish tartibini o‘zlashtiradilar. Shundan keyin sonlarning o‘nli tarkibi to‘g‘risidagi bilimlar ko‘rgazmali qurollar yordamida va ularsiz mustahkamlanadi. 1) 12 ta cho‘pni sanab qo‘ying va bu nechta o‘ntalik cho‘p va alohida nechta cho‘p tashkil qilishini aniqlang: 2) 1 ta o‘ntalik cho‘pni va yana 4 ta cho‘pni oling — hammasi bo‘lib nechta cho‘p oldik? 3) 17 sonida nechta o‘ntalik va birlik bor? 4) qaysi son 1 o‘nlik va 9 ta birlikdan iborat? Og‘zaki nomerlashni, keyinroq esa yozma nomerlashni o‘rganishda, qo‘shish va ayirish hollari qaraladi, ular sonlarni xona qo‘shiluvchilarga ajratish va uni tashkil etishga keltiriladi. Masalan, misollarni yeching: 10+9, 17—10, 13 — 3 (tushuntirish: 13— bu 1 o‘nlik va 3 birlik, 3 ta birni ayiramiz, natijada 1 ta o‘nlik yoki 10 ta birlik hosil bo‘ladi). Bunday mashqlar sonlarning o‘nli tarkibini ongli o‘zlashtirishga ham imkon yaratadi. Natural qatorda sonlarning hosil bo‘lishi, ularning miqdoriy va tartib munosabatlari quyidagi mashqlarni bajarishda aniqlanadi: 1) 12 dan boshlab bittalab sanang, hosil bo‘ladigan sonlarni ayting, 20 dan boshlab bittalab ayirib teskarisiga sanang va hosil bo‘ladigan sonlarni ayting. 2) Sanoqda 15 sonidan oldin qaysi son aytiladi? 16 sonidan keyin-chi? 18 va 20 sonlari o‘rtasida-chi? 3) 17 dan 1 ta katta (kichik) sonni ayting. 4) Misollarni og‘zaki yeching: 13+1, 18—1, 14 sm —1 sm, 19 sm + 1 sm.
Do'stlaringiz bilan baham: |