[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.04.00 Ta’lim muassasalari / 13.01.04.02 O‘rta ta’lim muassasalari]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3392-son qaroriga muvofiq, o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda ona Vatanga sadoqat va uning mustaqilligini himoya qilish bo‘yicha burch tuyg‘usini shakllantirish, harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini singdirish, shuningdek, respublika oliy va oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yetarli bilimga ega bo‘lgan iqtidorli yoshlarni tizimli ravishda tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3392-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga biriktirilgan, 1-ilovada ko‘rsatilgan umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda (keyingi o‘rinlarda — maktablar) harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflar (keyingi o‘rinlarda — ixtisoslashtirilgan sinflar) faoliyat yuritayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarning harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflari to‘g‘risida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
maktablarning ixtisoslashtirilgan sinflarida o‘qish muddati besh yildan (7 — 11-sinflar) iborat bo‘ladi;
2020-2021 o‘quv yilidan boshlab ixtisoslashtirilgan sinflarga 6-sinfni bitirgan 30 nafar o‘quvchi qabul qilinadi;
ixtisoslashtirilgan sinflar uchun zarur bo‘ladigan maxsus sport jihozlari, o‘quv maqsadlariga mo‘ljallangan qurol-aslaha va harbiy-texnik mulk namunalari va parametrlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan ishlab chiqiladi;
ixtisoslashtirilgan sinflarda o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratish hamda maxsus harbiy-texnik va qurol-aslahalardan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Milliy gvardiyasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Milliy gvardiyasiga:
a) ixtisoslashtirilgan sinflarga o‘quvchilarni qabul qilish jarayonlari tashkil etilishi va o‘tkazilishini qat’iy nazoratga olish;
b) o‘quvchilar, ularning ota-onalari yoki o‘rnini bosuvchi shaxslar, jamoatchilik o‘rtasida ixtisoslashtirilgan sinflarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi, ulardagi ta’lim-tarbiya jarayoni haqida tushuntirish ishlarini olib borish;
v) ixtisoslashtirilgan sinflarga o‘quvchilar qabuli yuzasidan maktablarda qabul komissiyasi tashkil etilishini va ularning belgilangan tartibda faoliyat yuritishini ta’minlash;
g) har yili 1-avgustga qadar qabul jarayonlari uchun jismoniy tayyorgarlik topshiriqlarini tayyorlash va test sinovlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
d) ixtisoslashtirilgan sinflar uchun o‘quv reja va dasturlarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ayrim fanlarning chuqur o‘qitilishini joriy etish bilan birga o‘quvchilarning qo‘shimcha ravishda mustaqil bilim olishlari uchun yetarli sharoitlar yaratish;
e) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan sinflar o‘quvchilarining hududlardagi tarixiy obidalar, muzeylar, ziyoratgohlar va diqqatga sazovor joylarga muntazam tashriflarini uyushtirish;
j) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
ixtisoslashtirilgan sinflar o‘quv-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy ilg‘or uslub va shakllarini, yangi pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini, o‘quvchilarning o‘quv, psixologik va jismoniy yuklamalarini optimallashtirishni hisobga olgan holda ta’lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan sinflarni yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmog‘iga to‘liq ulash va o‘quvchilarning undan doimiy ravishda foydalanishlarini ta’minlash;
z) ixtisoslashtirilgan sinflar o‘quvchilarining intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mo‘ljallangan turli to‘garaklar, qiziqishlari bo‘yicha klublar, seksiyalar, shu jumladan, sport seksiyalarini tashkil etish vazifalari yuklatilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan talab etiladigan mablag‘larni 2020-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining parametrlari doirasida ajratilishini ta’minlasin.
6. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlar), grantlari, shuningdek qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-aprel,
237-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 17-apreldagi 237-son qaroriga
1-ILOVA
Harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan sinflari mavjud umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarning
RO‘YXATI