Mavzu: Nemis sharqshunoslik maktabi
Reja:
1.Nemisda sharqshunoslikning paydo bo‘lish sabablari
2.Nemis sharqshunosligining rivojlanish bosqichlari
3.Nemis sharqshunoslik markazlari va ularni shuhrat qozonish omillari
4.Nemislik sharqshunos olimlar
5.Nemislik sharqshunos olimlarning ilmiy asarlari
Nemisda O‘rta Osiyo, aniqroq aytganda Markaziy Osiyo maktabining shakllanishi o‘ziga xos tarixiy xususiyatlarga ega. Ushbu o‘ziga xoslik nemis olimlari tomonidan Markaziy Osiyoni o‘rganish turkologiyadan, nemis sharqshunosligining rivoji esa filologiyadan boshlanganidadir. Bu xarakterli jihat german sharqshunosligi paydo bo‘lishining birinchi bosqichida dominant sifatida vujudga keldi. Klassik sharqshunoslik davrida tilshunoslik va turkologiyaning yetakchi yo‘nalishlarga aylanishiga xizmat qildi. Keyinchalik esa kuchli an’ana sifatida saqlanib qoldi. Nemis sharqshunosligining xarakterli jihatlariga to‘xtalganda, shuni alohida ta’kidlash lozimki, u boshqa davlatlarda, birinchi navbatda Rossiyada analogik tartiblarning rivojlanishiga chuqur ta’sir ko‘rsatdi. Shu sabablar tufayli Nemis sharqshunosligi Yevropa sharqshunosligining umumiy foniga, Angliya va Fransiya sharqshunos olimlarining izlanishlariga ularga yetishmayotgan zaruriy elementlarni qo‘shdi. Biroq o‘rta asrlarda Sharqni o‘rganish jarayoni Nemisda barcha G‘arbiy Yevropa davlatlari uchun umumiy – katolik ilohiyotiga muvofiq va cherkov homiyligida kechdi. XII asr o‘rtalarida Papa Innokentiy IV Yevropada birinchi bo‘lib sharq tillari (ibroniy va arab) va adabiyoti kafedrasini tashkil qildi. 1311-yilda Papa Klement V Venadagi Sinodda arab, xaldey, ibroniy tillarini katolik olamining yirik universitetlarida o ‘rgatish tashabbusi bilan chiqqanida, bu jarayon umumyevropa xarakterini oldi. Bundan Nemis ham chetda qolmadi. Nemislik talabalar ko‘p asrlar mobaynida Parij, Oksford, Salamanka universitetlarida, shuningdek, Yevropa sxolastikasining boshqa markazlarida ta’lim olishdi. Uzoq yillar davomida lotin tiligagina tarjima qilingan (masalan, Qur’oni karim ma’nolarining 1143-yildagi tarjimasi) va shu tilda yozilgan manbalar, XV asrdan boshlab esa nemis tiliga o‘girilganini ko‘rishimiz mumkin.
XVI asrda Nemisda turkologiya shakllanishni boshladi. Uning rivojlanishi Usmoniylar manbalarini o‘rganish asosida bo ‘ldi. XVII asrda ba’zi nemis xonliklari Sharq bilan savdoda faollik va qiziqish bildirishgan. 1633-yilda Golshtiniya gersogi Fridrix III Leypsig universiteti magistri, olim, yozuvchi va tarjimon Adam Oleariy boshchiligida Rossiyga elchi yuboradi. Uning Rossiya orqali Eronga sayohati olti yil davom etadi. U Eronga tashrifi mobaynida
(1635-1639) sinchkovlik bilan Eron filologiyasini o‘rganadi va keyinchalik Sadiyning “Guliston” asarini tarjima qiladi.
XVIII asrdan boshlab Nemisda Osiyo xalqlarini etnografik jihatdan o‘rganilishi Rossiyada etnografiya fanining rivojlanish tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Bir muddat Rossiyada nemis tili rasmiy ilmiy til hisoblangan. Nemis yerlaridan chiqqan ko‘plab olimlar asarlarini o’z vatanida nashr etilishini afzal ko‘rishgan. Shunday qilib, bu davrda Rossiya va Nemisda sharqshunoslikning rivojlanishi bir-birini to‘ldirgan va o‘zaro ta’sir o‘tkazgan. Nemislarning tarixshunoslikka qo‘shgan hissasiga kelsak, u Rossiyadagi sharqshunoslik tarixiga oid asarlar tufayli mashhur bo‘lgan. Shuni ta’kidlash lozimki, “Nemis tarixshunosligi” atamasi uzoq muddat davomida nafaqat german davlatlaridagi, balki Markaziy Yevropadagi sharqshunoslikning rivojlanishini ham o‘z ichiga olgan. Nemis va nemis tilidagi ilm-fan sohasiga (XX asrgacha) Avstriya, Vengriya, Chexiya, Shveytsariya, Niderlandiya, Skandinaviya davlatlari, Finlyandiya, va Boltiqbo‘yi mintaqasini kiritish mumkin. Ma’lumki, asrlar davomida Gabsburglar imperiyasi Usmoniylar davlati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lgan. Siyosiy va iqtisodiy aloqalar tufayli turk tili va adabiyotini o‘rganishga ehtiyoj paydo bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan turkologiya shu sohadagi nazariy tilshunoslikning rivojlanishiga turtki bo‘lib xizmat qilgan.
1754-yili Venada bitiruvchilari Nemis va Yevropa ilm-fanini dunyoga taratgan Sharq akademiyasiga asos solindi. Akademik Bartold ta’kidlaganidek, Nemisda sharqshunoslikning muvaffaqiyatlari ilohiyotning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan va u keyinchalik filologiya uchun asos vazifasini o‘tagan. Nemis universitetlari va kutubxonalarida Fransiya, Angliya, qo‘shni Gollandiya kabi sharq qo‘lyozmalarining boy to‘plamlari mavjud bo‘lmagan. Istisno tariqasida Xottingen sharq qo‘lyozmalari to‘plamini keltirish mumkin. Shu sababli Nemis ilm-fani diqqatini til uslublarini rivojlantirishga qaratdi va bu sohada muvaffaqiyatlarga erishdi. Nemis klassik filologiyasi, shuningdek, ilohiyotining muvaffaqiyatlarini Qur’oni karimni o‘rganish belgilab berdi.
1834-yilda Flyugel Qur’onning tasdiqlangan nusxasini nashrdan chiqardi. Keyinchalik Qur’onning matni bilan ishlashni Redslob davom ettirdi. Tasavvufni jiddiy o‘rganishni ilohiyotshunos professor Tolyuk o‘zining lotin tilidagi monografiyasida boshlab berdi. Nasafiy, Rumiy, Sha’biy, Jomiy kabi so‘fiy olimlar ta’limotining kelib chiqishini ilk islom davridagi zohidlikda topish mumkin degan xulosaga keldi. Tolyukning bu konsepsiyasi zamondosh sharqshunos olimlar tomonidan keskin tanqidga uchradi.
XIX asr boshlarida Yevropa sharqshunosligi, asosan, Nemisda yangi yo’nalish, ikki ilohiy kitob – Qur’on va Injilni qiyoslab o‘rganish paydo bo‘ldi. K. Gerok islom paydo bo’lish tarixiga xristianlikning ta’sirini o‘rgandi. Umuman olganda, nemis islomshunosligi XIX asrning birinchi yarmida islom haqidagi bilimlarni, birinchi navbatda, yangi manbalarning kiritilishi va sistematizatsiya qilinishi hisobiga rivojlandi.
XIX asrning birinchi yarmida Yevropada qiyosiy tilshunoslik sohasidagi muvaffaqiyatlar nemis turkshunos olimi Genrix Klaprot (1783-1835) nomi bilan bog‘liq. Klaprot Fanlar akademiyasi tashrifi bilan Rossiyada bo‘lib, Sibir va Kavkazga sayohat qiladi. O‘z izlanishlari natijasida ural-oltoy tillarining o‘rganilishiga va turkiy tillarning klassifikatsiya qilinishiga katta hissa qo‘shadi. Muhim manbalardan “Boburnoma” va “Kodeks Kumanikus” bo‘yicha amalga oshirgan ishlari katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Klaprotning asosiy, eng mashhur asari “Ko‘p tilli Osiyo” hisoblanadi. Bu asarda olim turkiy tillar leksikasidan foydalanish asosida qiyosiy-tarixiy metod va lingvistik analizning qo‘llanilishiga yaqqol misol keltiradi. Tyubingen sharqshunoslik universitetining faoliyati german sharqshunosligining rivojlanish an’anasini ko‘rsatishga yaqqol misol bo‘la oladi. Sharq tillari va madaniyatini o‘rganish bu universitetda (hozirda Karl Eberxard nomi bilan ataladi) 1447-yili, ya’ni u asos solingan paytdan boshlanadi. Dastlab u xristian ilohiyotshunosligi doirasidagi yordamchi fan edi. Biroq,
1521-yili asos solingan ibroniy tili kafedrasida arab tilini o‘rgangan professor-olimlar muntazam faoliyat olib borishgan. 1775-yili kafedra mudiri lavozimiga tayinlangan Krisrian Fridrix Shurrerning kelishi bilan Tyubingenda sharqshunoslik ilohiyotdan ajratiladi. 1872-yildan 1889-yilgacha kafedrani Albert Sotsin boshqaradi. Uning arab tili grammatikasi hozirgi kungacha ishlatib kelinayotgan Karl Brokkelmanning arab tili grammatikasi uchun asos qilib xizmat qilmat qildi.
XIX asr birinchi yarmi va o‘rtalari Nemis ilm-fanida Sharqqa qiziqishning o‘sishi bilan xarakterlanadi. 1845-yildan, keyinchalik, Nemisning Sharqshunoslik sohasidagi asosiy nashrlardan biriga aylangan “Nemis sharq jamiyati jurnali” nashr etila boshlandi. Vaqt o‘tishi bilan bu nashr turkologiya, islomshunoslik, sharqshunoslik bo‘yicha manbalarni o‘rganishga, asosiy ilmiy ma’lumotlarning to‘planishiga xizmat qildi. Shuningdek “Chet elda” (1827-yildan), “Globus” (1844-yildan) jurnallari mashhur bo‘ldi. Bularda geografik, tarixiy, etnografik ma’lumotlar nashr etilgan.
Nemis va Rossiya sharqshunosligining XIX asr tarixi mashhur olim Vilgelm Radlov (1837-1918) nomi bilan bog‘liq. U Berlin universitetida ta’lim olgan. 1858-yilda Yena universitetida “Osiyo xalqlariga dinning ta’siri to‘g‘risida” nomli nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Radlov ilmiy faoliyatining eng samarali davri 1859-1871-yillarga to‘g‘ri kelgan. Bu davrda olim Rossiya xizmatida bo‘lib, Oltoy, Sibir, Qozog‘iston va Markaziy Osiyoga sayohat qilgan. U turkiy xalqlarning adabiy, me’moriy va arxeologik yodgorliklarini diqqat bilan o‘rgandi va o‘z sayohatlari haqida xotiralar qoldirdi. Radlov tilshunoslik sohasidagi tadqiqotlari bilan sharqshunoslik rivojiga, shubhasiz, ulkan ta’sir ko‘rsatdi va uni haqli ravishda Rossiya va Yevropa sharqshunosligi yangi bosqichining asoschisi deyish mumkin. Bundan tashqari, uning ilmiy merosi XX asr sharqshunosligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Radlovning eng mashhur asari “Sibirdan” hisoblanadi. U 1958-yildagina rus tiliga tarjima qilingan. Bungacha Radlov asarlari bilan faqat nemis va rus tillari orqali tanishish mumkin bo‘lgan.
XIX asr o‘rtasiga kelib Nemisning Leypsig va Gall shaharlarida yirik arabshunoslik markazlari shakllanadi. Mumtoz arabshunoslikning German maktabi arab qo‘lyozma merosining an’anaviy o‘rganilishi va nashr etilishiga tayanadi. G‘arb sharqshunoslari birlashtirilishida XIX asrning 1-yarmida tashkil qilingan “Nemis sharqshunoslik jamiyati” (Zeitschrift der Deutschen Morgenlendischen Gesellschaft –ZDMG) katta o‘rin tutadi, u hozirgi paytgacha chop etiladigan davriy nashrlarga ega.
XIX asr ikkinchi yarmi, ayniqsa XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi nemis sharqshunosligi Rossiya Turkistoniga e’tiborni kuchayishi bilan xarakterlanadi. Sababi bu davrda Nemis o‘zini mustamlaka kuchi sifatida ko‘rsatishga urindi. Turkiya, Eron va O‘rta Sharq mulklarida faol harakatlar olib bordi. Turkistonni o‘rganish Rossiya tajribasidan foydalanishga imkon sifatida Nemis uchun foydali bo‘ldi. Lekin keyin ayon bo‘lishicha Nemis Turkistonni “Sharqqa hujum” ning maqsadlaridan biri sifatida ko‘rgan.
1887-yilda Berlinda bo‘lib o‘tgan sharq tillari seminari ilm-fan va mustamlakachilik amaliyoti birlashganligining belgisi hisoblanadi. Unda Bismark sharqshunoslik sohasidagi bilimlarning Nemis mustamlakachilik siyosatida qo‘llanilishiga alohida e’tibor qaratishni talab qildi.
Yevropa sharqshunosligining davrlashtirish tarixiga muvofiq XIX asr ikkinchi yarmi – XX boshi rivojlanishning klassik davri hisoblanadi va bu Nemis sharqshunosligiga ham tegishlidir. Bu davrda, birinchi navbatda, tilshunoslik sohasida yorqin ilmiy maktablar paydo bo‘ldi va yangi ilmiy yo‘nalishlar rivojlandi. Ushbu jarayon sharqshunoslik tashkilotlari, bo‘limlari, seminarlar va davriy nashrlarning keng tarmog‘iga asoslangan edi. Nemis sharqshunosligining yirik markazlari Berlin, Leypsig, Gettingen, Shtutgart, Gamburg va Drezden shaharlarida bo‘lgan. Sharqshunoslik manbashunosligi tashkiliy tadqiqot ishlari rejasida katta ahamiyat kasb etdi. 1887-1914 – yillarda Nemisda “Sharqiy biliografiya” chop etilganligi yetarlicha manba shakllanganligidan dalolat beradi. Yoqutning Berlin qo‘lyozmalari asosida F. Vyustenfeld 1886-yildan 1873-yilgacha 6-tomli “Yoqutning geografik lug‘ati” ni nashr ettirdi. Sharq qo‘lyozmalarining Yevropa miqyosidagi katta to‘plamlariga Berlin va Gottingen to‘plamlarini kiritish mumkin. XVIII asr oxirida Gottingen universiteti bitiruvchisi I.Yerig sovg‘a qilgan mo‘g‘ul tilidagi 33 ta matn asosiy manba vazifasini o‘tagan. Yerig bu matnlarni Rossiyada xizmatda bo‘lgan payti to‘plagan. XIX asr davomida to‘plam muntazam ravishda to‘ldirib borilgan. 1894-yilda u kataloglashtirilgan, 1907-yilda esa qayta ishlanib B.Laufer (1874-1934) tomonidan tasvirlangan. Umuman olganda, Gettingen universiteti mo‘g‘ulshunoslik va xitoyshunoslikning yirik markazi sifatida rivojlangan.
XIX asr ikkinchi yarmida Nemisda Markaziy Osiyo bo‘yicha klassik manbalarni tadqiq qilish davom etdi. 1855-yili F. Shlidt Rubrukning 1253-1255-yillardagi missiyasi analiziga asoslangan yirik tadqiqot ishini nashr ettirdi. O‘rta asrlar sharqshunosligining o‘rganilishiga arabshunos olimlar o‘z hissalarini qo‘shishgan. 1892-yilda Georg Yakob arabcha geografik yozuvlar bo‘yicha olib borgan tadqiqot natijalarini nashr ettirdi. 1894-yilda M. Xutsma klassik arab manbalari asosida “Turkiy-arabcha lug‘at”ni tayorladi. Mumtoz arab filologiyasini ko‘p tomonlama o‘rganish natijasi sifatida arab adabiyoti tarixi va somiy tillar qiyosiy grammatikasi bo‘yicha Karl Brokkelman (1868-1956)ning fundamental asarlarini hisoblash mumkin. Bu asarlar XX asr boshiga kelib, jahon arabshunosligida yig‘ilgan barcha bilim va materiallarning to‘plamidir. Bu asarlar o‘z ahamiyatini hanuzgacha saqlab kelmoqda.
Arab filologiyasidan adabiyotshunoslik,manbashunoslik, matnshunoslik, epigrafika, papirusshunoslik, paleografiya ajralib chiqadi. Xitoyshunos olimlar ham chetda qolishmadi.
1904-yilda O. Franke xitoy manbalarini o‘rganish asosida Markaziy Osiyo tarixida sak va dastlabki turkiy davrlarni qamrab olgan tadqiqotini sharqshunoslar e’tiboriga qaratdi. Nemis xitoyshunosligining paydo bo‘lishi va xitoy manbalarini o‘rganishdagi muvaffaqiyatlar Fridrix Xirt (1845-1927) nomi bilan bog‘liq. Xirt Leypsig, Berlin, Greyfsvald universitetlarida xitoyshunos sifatida ta’lim oldi. 1870-1897-yillarda Xitoyda yigirma yetti yil ishlagani uning ilmiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu davrda olim O‘rta asrlar Xitoy manbalarining katta qismini to‘pladi va qayta ishlab chiqdi. “Xitoy yilnomalari Osiyo xalqlarining tarixini o‘rganishdagi manba sifatida” , “Xitoy manbalari bo‘yicha Islom davlatlari” kabi fundamental asarlari, shuningdek sharqiy turklarning VII-VIII asrlardagi tarixi va hunlar to‘g‘risidagi tadqiqotlari Xirtning manbashunos sifatidagi faoliyatining natijasi sifatida namoyon bo‘ldi.
1902-yildan 1920-yilgacha bo‘lgan ilmiy faoliyati AQSHning Kolumbiya universitetidagi ishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
XIX asr oxiri-XX asr boshlari Nemis sharqshunosligidagi yirik shaxslardan biri Yozef Markvart (1864-1930) edi. Uning ilmiy qiziqishlari ko‘p qirrali edi: qadimiy turk tarixi va filologiyasi, eronshunoslik, kumanologiya. Turkiy runik yozuvlarining puxta tahlili natijasida Markvart “O‘rxun yozuvlari” maxsus sanoq tizimiga ega degan xulosaga keldi. Keyinchalik uning xulosalari “Qadimgi turkiy yozuvlar xronologiyasi” shaklida nashr etildi.
1897-yili Markvart Eron tarixiga oid fundamental ishini yakunladi. Tabiiyki, bu monografiyada Markaziy Osiyo tarixi muammolariga ham to‘xtalib o‘tilgan.
XX asr o‘rtalariga kelib arabshunoslik barcha yo‘nalishlarining yakun va natijalari Islom ensiklopediyasida o‘z aksini topadi. Ayni shu davrda (1950) Berlinda Iogann Fyukning arab tili tarixi bo‘yicha ilk tizimli ocherki nashr etiladi.
Mumtoz arab adabiyotshunosligi, uning keng faktik va bibliografik materiallari arabshunoslik german maktabining vakili bo‘lgan Fuat Sezgin (1967-1984) tomonidan "Arab yozma adabiyoti tarixi" bo‘yicha asarda o‘z aksini topadi. Mumtoz arab filologiyasi (tilshunoslik va adabiyotshunoslik)ning natijalari, mazkur sohalarda yangi material, kashfiyot va tadqiqotlar natijasi Nemisda mualliflar jamoasi tomonidan (1982-1987) yilda chop etilgan ikki jildli asarda o‘z aksini topgan. Hozirgi paytga qadar yakuniga yetmagan, hujjatli materiallarga asoslangan holda davom ettirilayotgan katta xalqaro asar mumtoz va zamonaviy arab tilining arabcha-fransuzcha-inglizcha lug‘atidir (Parijda nashr etiladi). Mumtoz arab tilining xuddi shunday lug‘ati (materialning boshqa to‘plamiga asoslangan) jamoaviy tarzda 1957 yildan boshlab Nemisda nashr etilmoqda.
Teodor Nyoldeke. Nemis somiyshunos, arabshunos, eronshunos, turkshunos olimi. U 1836-yil 2-martta Harburg shahrida tavallud topdi. 1868-yildan Kilsk va Gattigen universitetlarida, 1872-yildan 1906-yilgacha Strasburg universitetida sharq tillari bo‘yicha professor lavozimida ishlagan. 1885-yil Peterburg Fanlar akademiyasida muxbir a’zo va 1927-yildan SSSR Fanlar akademiyasida faxriy a’zo hisoblangan. U Qur’oni karim, somiyshunoslik, eronshunoslik, turkshunoslik hamda sharq madaniyati va tili haqidagi 700 ga yaqin asarlar muallifi. U 1930-yil 25- dekabrda Karlsrue shahrida vafot etgan.
Fyuk Iogann Vilgelm. I.V.Fyuk nemis sharqshunos arabshunos olim. U 1894-yil 8-iyulda Nemisning Mayn daryosi sohilidagi Frankfurt shahrida tug‘ildi. U 1930-1935 yillarda Dakka shahri universitetida professor bo‘lib ishlagan. 1948-yilda Leypsig shahridagi Sakson Fanlar akademiyasining a’zosi, 1961- yilda Qohiradagi “Arab tili akademiyasi”ning muxbir a’zosi bo‘lgan.
1956- yilda Nemis arabshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun GDR ning “Milliy mukofoti”ga sazovor bo‘lgan. I.Fyuk ijodi davomida arab tili va adabiyoti tarixiga oid asarlar, arabshunoslik tarixiga oid 1950-yildan shu kunlargacha chop etilayotgan “Arabiya 1950” nashrining hamda ilk islom tarixiga oid bir qancha manbalar muallifidir. U ba’zi g‘arb tilshunoslaridan farqli o‘laroq islom ta’limotidagi hadis ilmini mukammal o‘rgandi va haqiqiy hamda to‘g‘ri hadislar borligini ilmiy jihatdan isbotlab berdi. I.Fyuk 1974-yil 24-noyabrda Galle shahrida vafot etdi.
Karl Brokkelman. Nemis sharqshunos olimi Karl Brokkelman 1868-yilning 17-sentabrida Nemisning Rostok shahrida dunyoga kelgan. Sharq tarixi, arab adabiyoti, somiyshunoslik, arab adabiyoti va arab bibliografik lug‘atlari tuzish ishlari bilan shug‘ullangan. Uning e’tiborga sazovor ishlaridan biri “ تاريخ الادب العربية” “Arab adabiyoti tarixi” nomli so‘rovnomasi (spravochnigi)dir. Rus sharqshunos olimi Krachkovskiy fikricha, bu asar arablarning arab tilida ijod qilgan yozuvchiyu shoirlari, undan tashqari VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan tarixchilari haqidagi to‘liq ma’lumotlar to‘plamidir. Asarning I tomi 1898-yilda, II tomi 1902-yilda nashr qilingan.Brokkelman Brekley, Kyoniksberg, Galle, Berlin universitetlari professori unvoniga ega bo‘lgan. 1956-yilning 6-mayida Galleda vafot etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |