Mitra - Quyosh xudosi. "Avesto"da u bitmas-tuganmas kuchga ega bo‘lgan pahlavon sifatida gavdalantiriladi. Qadimgi Turon va Eron xalqlarining mushtarak ma’naviy merosi bo‘lgan "Avesto" Mirsodiq Mirsulton o‘g‘li Is’hoqov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Mutarjim ushbu muqaddas manbani o‘zbekchaga o‘girishda I. Steblin-Kamenskiyning ruscha tarjimasi, shu bilan bir qatorda, "Avesto" asl matni nashrlari va G‘arbiy Ovrupa tillariga qilingan tarjimalariga tayanadi.
Ardvi Sura Anaxita-yer, suv va unum ma’budasi. Professor M.Is’hoqovning izoh berishicha, Anaxita Ardvi Suraning «pokiza, toza» ma’nosini anglatuvchi doimiy sifatidir. Bu sifatda Ardvi Suraning o‘simliklar, nabotot homiysi, hosildorlik, farovonlikni ta’minlash ma’budasi ekanligi kabi vazifalari ham qo‘shilib ketadi. Ardvi Suraning sopoldan ishlangan haykalchalari qo‘lida anor, bir tutam ko‘k novda tasvirlanishi ham o‘sha fazilati tufaylidir. Anohid tabiatning o‘lmaslik ramzi hisoblanadi
Kayumars afsonasi. Qadimgi Turon va Eron xalqlari orasida keng tarqalgan. Kayumars afsonasining mufassal bayoni va uning turli nusxalari haqida Abu Ja’far Muhammad bin Jariy Tabariyning "Ta’rixi Tabariy" asarida ma’lumotlar beriladi. Shuningdek, Firdavsiyning "Shohnoma", Beruniyning "O‘tmish avlodlardan qolgan yodgorliklar", Alisher Navoiyning "Tarixi muluku Ajam" asarlarida ushbu afsonaning tafsilotlarini uchratish mumkin. Professor S.P.Tolstoyning "Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab", adabiyotshunos N. M. Mallayevning "O‘zbek adabiyoti tarixi", hamda V tomlik "O‘zbek adabiyoti tarixi" kitobining I tomida (Toshkent.: 1977) ushbu qadimiy afsona haqidagi ilmiy mulohazalar o‘z ifodasini topgan. Olimlarning fikricha, Kayumars afsonasining asosiy manbasi “Avesto”dir.
N. Mallayev Kayumarsni Gaya Martan yoki gavomard (ho‘kiz kishi) deya atalganligini e’tirof etib, mifologiyaga ko‘ra, u Ahura Mazda tomonidan yer yuzida yaratilgan ilk odam ekanligini qayd qiladi. Tadqiqotchi Kayumarsning ikki vujud: ho‘kiz va odamdan tarkib topganligini aytib o‘tib, uni insoniyatning ashaddiy dushmani bo‘lgan Ahriman tomonidan o‘ldirilishi, Kayumars jasadining ho‘kiz qismidan 55 xil don, 12 xil o‘simlik, sigir va ho‘kiz, ulardan esa 272 xil foydali hayvonlar paydo bo‘lgani, odam qismidan esa insonning erkak va ayol jinsi hamda metall vujudga kelganligini bayon etadi (Mallayev N.O‘zbek adabiyoti tarixi. Toshkent.: "O‘qituvchi", 1976, 45-bet).
Beruniy ham "O‘tmish avlodlardan qolgan yodgorliklar" asarida Kayumars afsonasining variantlari xususida to‘xtaladi. Olimning fikricha, Kayumarsning "Tirshoh" ("Tog‘ podshohi") va Gilshoh ("Loyshoh") degan laqablari bo‘lgan. Kayumars afsonasining Beruniy asaridagi tafsilotlari N. Mallayevning mulohazalari uchun asos vazifasini o‘tagan ko‘rinadi. Afsonada hikoya qilinishicha Ahrimanning qilmishlaridan xudo ham hayratda qoladi va peshonasidan ter chiqadi. Terni artib tashlagandan ter tomchisidan hosil bo‘lgan Kayumarsni Ahrimanga jo‘natadi. Kayumars Ahriman yoniga yetib kelib, uning yelkasiga minib oladi va shu holda dunyoni aylana boshlaydi Nihoyat, Ahriman bir hiyla bilan Kayumarsni yelkasidan uloqtirib tashlaydi va uni ustiga minib olib eyajagini aytadi. Seni qaysi tomoningdan boshlab yeyayin, deya so‘raydi. Ahriman Oyoq tomonimdan, deb javob beradi Kayumars va ilova qiladi: tokim bosh qismimga yetguningcha dunyo go‘zalligidan uzoqroq bahra olib turayin. Ammo Kayumars Axriman o‘zi aytgan gapning teskarisini qilishini bilar edi. Axriman Kayumarsni bosh tomonidan yeya boshlaydi. Beliga yetganda, Kayumrsning urug‘donidan ikki dona urug‘ yerga tushadi va ulardan o‘simlik o‘sib chiqadi. O‘sha o‘simliklardan esa bir o‘g‘il va bir qiz (Meshi va Meshona) paydo bo‘ladi. Ularni forslar Odam va Momohavo deb biladilar. O‘sha mo‘jizaviy odamlar yana Malhi va Malhiana deb ham atalganlar. Xorazmliklar esa ularni Mard va Mardona deb ataydilar (O‘zbek adabiyoti tarixi. 5 tomlik. 1-tom. Toshkent.: "Fan", 1977, 26-bet).
Jamshid afsonasi: Jamshid haqida Firdavsiy, Tabariy, Beruniy, Navoiy kabi shoir va olimlarning asarlarida qiziqarli ma’lumotlar beriladi. N.M. Mallayev "Alisher Navoiy va xalq ijodiyoti" nomli kitobida Jamshid haqidagi mulohazalarini bayon etarkan, uning "Avesto"da Yima nomi bilan atalganligini qayd etadi. Olimning fikricha, yetti yuz yil hukmronlik qilgan Jamshid zamonasida kishilar Ahrimanning zulmidan qutiladilar, muhtojlik, kasallik va o‘lim yo‘qolib ketadi. Yana shu kitobda qayd etilishicha, Yima adolatli hukmdor bo‘lib, uning davrida qahraton sovuq va jazirama issiq, qarish va o‘lish ham bo‘lmagan ekan. Jamshid yer yuzini uch baravar kengaytiradi, chorva mollari va turli xil qushlarni ko‘paytiradi. Biroq qahraton qish boshlanib, kishilarga ofat keltiradi. Qish o‘tib qor va muzlar erib yaylovlarni suv bosadi. Shunda Jamshid yana najotkorlik ko‘rsatadi. U katta g‘ovlar qurib, kishilarni va ularning mol-mulkini suv toshqinidan saqlab qoladi, uy-joylar quradi, ariqlar ochadi (Mallayev N.Navoiy va xalq ijodiyoti. Toshkent.: 1974, 99-100-betlar).
Hikoya qilinishicha, Navro‘z Jamshidning Ozarbayjonga safar qilgan kuni emish, Jamshid u yerga kelgach, o‘ziga bir shohona taxt yasattirib, turli qimmatbaho toshlar, durru javohirlar bilan bezatilgan tojini boshiga kiyib, taxtiga o‘tiribdi. Bu orada quyosh chiqib, oftobning nuri Jamshidning toji bilan taxtiga tushibdi. Birdan butun tevarak atrof munavvar bo‘lib ketibdi. Bu mo‘jizani ko‘rib, hayratlangan el-ulus Jamshid taxtiga o‘tirgan o‘sha kunni Navro‘z, ya’ni yangi kun deb bayram qilgan ekan (Navro‘z Tuzuvchilar; T. Mirzayev, M. Jo‘rayev. Toshkent.: "Fan", 1992,19-bet).
"Avesto" zardushtiylik dinining muqaddas kitobi bo‘lishi bilan bir qatorda Turon-u Eron va boshqa yaqin Sharq mamlakatlarining tarixi, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, tili, urf-odatlari, xalq og‘zaki ijodi haqida ma’lumot beruvchi noyob qomusiy manbadir. Undan o‘rin olgan afsonalar, qo‘shiqlar ma’lum darajada xalq og‘zaki ijodining qadimiy janrlari namunalarini, o‘zida mujassam etganligi bilan muhim adabiy ahamiyatga ega. Avestoshunoslar o‘rtasida uzoq davom qilgan munozara uning paydo bo‘lish vatani atrofida bo‘ldi. Bahs va tortishuvlar natijasida G‘arbiy hamda Sharqiy nazariyalar shakllandi. "Avesto" tarkibidagi she’riy parchalarning pishiq o‘rganilishi esa Sharqiy nazariya foydasiga xizmat qildi. 2001-yilning 23-fevralida Urganch davlat universitetida "O‘zbekiston "Avesto" vatani: O‘tmish, bugun, kelajak" mavzuida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi, prof. M.M.Is’hoqov tomonidan uning katta qismi o‘zbekchalashtirildi.
Toshga o‘yib ezilgan adabiy tarixiy lavhalardan tarkib topgan qadimiy obidalar O‘rxun va Enasoy daryolari havzalaridan topilganligi bois fanda O‘rxun-Enasoy yodgorliklari nomi bilan yuritiladi. Rus xizmatchisi Remezov, keyinchalik shved olimi Iogann Stralenberg va olim Missershmidtlar tomonidan ilm ahliga ma’lum qilingan. Grigoriy Spasskiyning "Sibirskiy vestnik" ("Sibir axboroti") jurnalida mazkur yodgorlik haqida maqolasi e’lon qilingan. N.M.Yadrintsev Mo‘g‘ulistonning Kosho-Saydam vodiysidagi O‘rxun daryosi havzalaridan shunga o‘xshash madaniy yodgorliklarni aniqlagan. Fin-uyg‘ur ilmiy jamiyati hamda akademik V.V.Radlov boshchiligidagi rus olimlarining O‘rxun daryosi bo‘ylarida ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazgan. Daniyalik olim Vilgelm Tomsen "tangri", "turk" so‘zlarini, keyinchalik 1893-yilning 25-noyabrida barcha harflarni aniqlab yodgorlikdagi matnlarni to‘la o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Akademik V.V.Radlov esa V.Tomson va o‘zining tajribalariga tayanib yodgorlik matnini birinchi bo‘lib rus tiliga tarjima qildi.
Turk xoqonlarining davlati Turondan Dunay daryosigacha bo‘lgan bepoyon hududni o‘z ichiga olgan. Bu mamlakat O‘rta Osiyo, Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Oltoy o‘lkalarida yashovchi turli xalq va qabilalarni o‘zida birlashtirgan edi. Ayni xoqonlik unga yaqin va yondosh bo‘lgan mayda-mayda hukmronliklarning uyushmasidan iborat bo‘lgan. M.N.Yadrintsevning topgan yodgorliklari ana shu hukmdorlardan Bilga xoqon - Mog‘iyon (734 yilda vafot etgan) va uning ukasi Kultegin (732 yilda vafot etgan) qabr toshlariga o‘yib yozilgan yodgorliklardir. Shu vaqtlardan boshlab bu yodgorliklar fanda "O‘rxun-Enasoy" yodgorliklari, undagi yozuvlar esa turkiy run (run-sirli, yashirin demakdir) yoki O‘rxun-Enasoy yozuvi deb atala boshlandi.
Er-u xotin Dmitriy va Elizaveta Klementslar Selenga daryosi bo‘ylaridan ikkita ustunga yozilgan turk xoqonlarining maslahatchisi To‘nyuquqqa atab yozilgan katta yodgorlikni kashf etdilar. Bulardan tashqari, 1896-1897 yillarda Avliyo ota (hozirgi Jambul) shahri yaqinida, Talas daryosi bo‘yida beshta tosh yodgorliklari va qog‘oz, charm, yog‘och, turli idish-tovoqlarga bitilgan ma’naviy obidalar topildi.
Yodgorliklarni dunyo turkiyshunoslari tomonidan sinchiklab ilmiy o‘rganish hamon davom etmoqda. Mazkur bitiklarni V.Tomsen va V.Radlovlardan keyin S.E.Malov, S.G.Klyashtorniy, I.V.Stebleva, X.O‘rxun, T.Tekin, Najib Osim, G.Aydarov, o‘zbek olimlaridan A.Rustamov, A.Qayumov, G‘.Abdurahmonov, N.Rahmonovlar o‘rganishmoqda. A.P.Qayumovning "Qadimiyat obidalari", G.Abdurahmonov, A.Rustamovlarning "Qadimgi turkiy til" nomli kitoblari tarkibida ushbu yodgorliklardan namunalar o‘zbek tiliga o‘girilib, nashr etilgan.
O‘rxun-Enasoy obidalarining aksariyat qismini qabr toshlaridagi bitiklar tashkil etadi. Bulardan Bilga xoqon va uning ukasi Kulteginning qabr toshlaridagi she’riy parchalar muhim adabiy ahamiyat kasb etadi. Kultegin bitiktoshi Eltarish o‘g‘li sharafiga o‘rnatilgan bo‘lib, uning muallifi Yo‘llug‘ tegindir. Unda Kulteginning qahramonliklari, uning vatan, ona-yurt oldidagi buyuk xizmatlari sharaflanadi. Kultegin bitiktoshining akasi Bilga xoqon tilidan yozilganligi kuzatiladi.
Mog‘ilyon so‘nggi turk xoqonlaridan biri bo‘lib, u "Bilga-Qoon" "ulug‘ xoqon" unvonini olishga musharraf bo‘lgan. U juda ko‘p harbiy yurishlar olib borib, mamlakati sarhadlarini ancha kengaytirgan. Mustahkam, qudratli va markazlashgan davlat barpo etgan. Shunday janglarning birida, 732 yilda Kultegin qahramonliklar ko‘rsatib, mardlarcha vafot etadi.
Bitiktoshda Kulteginning ko‘rsatgan qahramonliklari o‘z ifodasini topgan. Kultegin otasidan yetti yoshida yetim qolgan. U amakisi va akasi xoqonligi davrida harbiy xizmatda bo‘ladi, vatan uchun olib borilgan janglarda ishtirok etadi. Kultegin 47 yoshida vafot qilgan
Kishi o‘g‘li o‘lmoq uchun tug‘ilgan. (O‘sha kitob, 75-bet)."Bilga xoqon" bitiktoshida ham uning hayoti, olib borgan kurashlari tafsiloti, inson shaxsi va ayniqsa, uning erki bilan bog‘liq masalalar teran badiiy tahlil qilingan bitikdagi voqealar Bilga xoqonning Tang‘ut tarafga lashkar tortishi voqealari tasviri bilan boshlanadi. Undagm jang lavhayaari faqat Bilga xoqon umri chizshlari bo‘lmay, balki turkiy xalqlarning shonli tarixi sahifalari hamdir.
Mazmuni: Men-Dono To‘nyuquq erurman. Tabg‘ach davlatida tarbiyalandim.Turk xalqi tabg‘ach davlatiga bo‘ysunar edi.
To‘nyuquq - ikkinchi turk xoqonligiga asos solgan Eltarish xoqonning maslahatchisi va sarkardasi bo‘lgan. Turkiy xalqlar Tabg‘ach eliga qaram va uning hukmronligi ostida bo‘lgan paytda To‘nyuquq hamda Eltarish xoqon birgalikda ozodligi uchun kurash olib boradilar. Shunday ozodlik harakatlari natijasida turkiy qavmlar qaramlikdan qutiladi va o‘zining mustaqil davlatini barpo etadi. Bitiktoshda To‘nyuquq rahbarligi ostida o‘tkazilgan harbiy tadbirlar nisbatan mufassal badiiy talqinini topadi.
O‘rxun-Enasoy bitiklari xotiralar, qabr toshlarga o‘yib yozilgan tarix va marsiyalardan, turli xij-hujjat tamg‘a pul namunalaridan iborat bo‘lib, V-VIII asrlarning juda qimmatli yodgorligi sanaladi. Oltoydan Mo‘g‘ulistonga qadar cho‘zilgan bepoyon hududda yashagan xalqlar va qabilalar tomonidan yaratilgan. "To‘nyuquq", "Uyuk-arxon", "Borliq", "Tuva" va boshqalar ham Kultegin va Bilga xoqon yodgorliklari singari katta ilmiy va badiiy ahamiyatga egadir. Ularning matnlarida turkiy xalq va qavmlaridan qirg‘iz, uyg‘ur, o‘g‘uz qabilarning nomlari tilga olinadi. V.V.Radlov, V.Tomsen, S.E.Malov kabi olimlar Enasoy bo‘yidagi ko‘pchilik yodgorliklarni qirg‘iz tiliga mansub deb hisoblaydilar. O‘rxun-Enasoy yodgorliklarida qirg‘iz, uyg‘ur, tuva, turkman, o‘zbek va boshqa turkiy tillarga xos leksik boylik hamda grammatik shakllar ham ko‘zga tashlanadi. Shunga ko‘ra, bu yodgorliklarni turkiy xalqlarning mushtarak madaniy merosi sifatida o‘rganish va talqinu targ‘ib qilish maqsadga muvofiqdir.
O‘rxun-Enasoy yodgorliklari tarixiy va adabiy manba hamdir. Chunki ularda ijtimoiy-iqtisodiy hayot, turkiy xalqlar va qabilalarning urf-odatlari, e’tiqodiy qarashlari, badiiy ijodi namunalari o‘z ifodasini topgan. Bitiktoshlarda she’riy misralarning uchrashi, turli tarixiy voqealar ifodasida badiiy uslubdan foydalanganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, qabr toshlaridagi marsiyalarning badiiylik darajasi birmuncha yuksak. Ular orqali vafot etgan kishining qiyofasi manzaralarini ko‘z o‘ngimizda gavdalantirishimiz va motam tutuvchining murakkab ruhiy holati bilan tanishishimiz mumkin.
„Irq bitig“ (Ta’birnoma) – toshga emas, qog‘ozga yozilgan runiy yozuvlaridir. Bu yozuv 100 sahifacha keladigan kitobchaga bitilgan. Uni Dunxuanda A.Steyn degan arxeolog topgan. „Irq bitig“ni V.Tomsen ingliz tiliga, S.Ye.Malov esa rus tiliga tarjima qilganlar. „Irq bitig“ S.Ye.Malov tarjimasida 60 bo‘lak, 104 satrdan iborat.
„Irq bitig“da turmushning turli ko‘rinishlari, lavhalari tasvirlanadi va ularga muallifning ta’biri, munosabati bayon qilinadi. Masalan, birinchi lavha:
Ten-si-men. Yorug‘, kecha oltin o‘rin o‘za o‘lurman, quvanurman. Ancha biling: ezgu bul.
Bunda „Ten-si-men“ xitoy xoqonining ismi. U o‘zining kimligini bildirib, kecha va kunduz oltin o‘rin uzra o‘tirganini aytadi, o‘zining quvnoq kayfiyatda ekanini bildiradi. Bu yaxshilik, ezgulik nishonasidir. (tushda hukmronlarni ko‘rish yaxshilik alomati bo‘lgan). Ikkinchi parchaning ma’nosi:
Men chavkar (ola) otli taqdir(yo‘l) xudosiman, Kunduz va kechqurun otni „yeldiraman“. U ikki oy oldin, Odam o‘g‘lini uchratdi. Odam qo‘rqdi. „Qo‘rqma“ – dedi u.“Senga baxt beraman“, - dedi u. Bilib qo‘ying: bu – yaxshi.
Ayrim o‘rinlarda biror voqea hikoya qilinadi. Ulardan muallif xulosa chiqarib maslahat beradi. U voqealar ikki kuchning to‘qnashuvi, hayotda yuz beradigan turli-tuman hodisalardan iborat.
Ayiq bilan to‘ng‘iz Dovon ustida to‘qnashdi. Ayiqning qorni yorilibdi. To‘ng‘izning oziq tishi sinibdi, deyishdi. Bilib qo‘ying: bu – yomon.
Ko‘rinadiki, „Irq bitig“ ma’lum maqsadga xizmat qiladigan, hayot hodisalaridan chiqarilgan xulosalar yig‘indisidan iborat. Uning mazmuni turmush bilan chambarchas bog‘langan. Asosan, real hayot ko‘rinishlarini o‘z ichiga oladi. Yakun va xulosalar ibratomuz ramziy mazmunga ega. Til jihatdan hozirgi turkiy tillar lug‘at tarkibiga kirgan ko‘pgina so‘z va ifodalardan tashkil topgan. Shu jihatdan u o‘zbek tiliga yaqin turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |