2-MA’RUZA
MAVZU: YOZMA YODGORLIKLAR. QADIMGI YODGORLIKLARNING YOZUV XUSUSIYATLARI
ISLOM MADANIYATINING SHAKLLANISHI VA ILK MUSULMON UYG‘ONISH (RENESSANSI) DAVRI.
Reja:
1.Qadimgi yodgorliklarning yozuv xususiyatlari.
2.«Avesto» yodgorligi (er.av.VII asr) zardushtiylikning muqaddas kitobi sifatida.
3. «Avesto» qadimgi mif va afsonalar majmui.
4. «Avesto» adabiy manba. Asardagi yetakchi qahramonlar va timsollar.
5. O‘rxun-Enasoy obidalarining yaratilish tarixi va tarqalish o‘rni, ularning kashf etilishi
6. O‘rxun-Enasoy yodgorliklarining janr xususiyatlari.
7. O‘rxun-Enasoy yodgorliklarida mifologik tasavvurlar
8.Somoniylar, saljuqiylar, g‘aznaviylar va qoraxoniylar davrida islomiy madaniyat.
Hadis to‘plash an’anasi va turkistonlik buyuk muhaddislarning roli.
10. Arab va fors tillaridagi adabiyot
11.Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino asarlarida adabiyot masalalari.
12.Badiiy asarlar va tazkirachilik
Qadimgi yodgorliklarning yozuv xususiyatlari o‘ziga xos. Bizgacha ieroglifik va piktografik yozuvlar, mixxat va runiy yozuvdagi ilk manbalar yetib kelgan. Bular Andijonda Lo‘mbitepada topilgan ko‘za bandidagi taxminan 3-5 asrlarga tegishli qadimiy turkiy yozuv namunalari, O‘rxun-Enasoy yodgorliklari va boshqalar. Qadimgi yozuvlar tosh, teri suyak, yog‘och, oyna sopol idish kabi buyumlarga yozilgan. Keyinchalik qog‘ozga yozila boshlagan.
Dastlabki yozuv rasm tarzida bo‘lgan. Bu piktografik yozuv deyilgan. Grekcha “piktus” – chizilgan, “grafe” yozaman demakdir. Bunda har bir rasm biror ma’noni ifodalagan. Masalan, quyosh – kunduzni, oy – tunni, daraxt – o‘rmonni kabi.
Iyeroglif –qadimgi misrliklar va ba’zi bir xalqlar yozuvida butun bir bir tushuncha, ibora, so‘z, bo‘g‘in yoki tovushni ifodalagan hayvon, odam, har xil buyum, asbob va h.k. tasviridan iborat belgi. Insonlar qo‘l ushlashib turgan inson rasmi orqali do‘stlik, koinot jismlari tasviri orqali ularni ifodalashgan. Bu ieroglifik va piktografik yozuvlardir. Yozuv dastlab Mesopatamiyada paydo bo‘lgan va bu yozuv tarixga mixxat nomi bilan kirgan. Eramizdan oldingi 5-4 asrlarda markaziy Osiyoning Eronga yaqin hududlarida mixxat yozuvi qo‘llanilgan. Hozirgi eramizdan boshlab 6-asrgacha so‘g‘d yozuvi ishlatilgan. Shuningdek, xorazmiy, moniy, braxma, suryoniy kabi yozuvlardan ham foydalanishgan. 5-8 asrlarda O‘rxun-Enasoy yozuvidan foydalanishgan. Bu yozuv Run yozuviga o‘xshab ketgani uchun run, turkiy run, runik yozuvlari yoki dulbarchin deb ham yuritiladi. Bu yozuv o‘ngdan chapga, yuqoridan pastga qarab yozilgan va o‘qilgan.
"Avesto" - zardushtiylik dinining muqaddas kitobi. Qadimgi Turon-u Eron xalqlarining mushtarak yodgorligi hisoblangan "Avesto" eramizdan oldingi VI asrlarda vujudga kelgan eng qadimgi dinlardan bo‘lgan zardushtiylik islomga qadar O‘rta-Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan. Manbalarda e’tirof qilinishicha, "Avesto"ga Zardusht asos solgan. Yana bir qarashda ta’kidlanishicha, "Avesto", xudodan vahiy sifatida payg‘ambar Zardushtga noil bo‘lgan. Fanda Zardusht shaxsi haqida munozarali fikr mulohazalar mavjud. Tarixchi olim Tabariy uni "Zardusht bin Yunon" deb qayd etsa, Beruniy Zardushtni ozarbayjonlik Safid Tuman degan kishi farzandi ekanligini e’tirof etadi. Aksariyat manbalarda zardushtiylik dini Zaratushtra (Zardush) ta’limoti deb ham ataladi. Shunday bo‘lishiga qaramay, "Avesto"day qomusiy manba shakllanishi va takomilini bir shaxsning nomi bilan bog‘lab bo‘lmasligi ta’kidlanib kelinadiki, bunga qo‘shilish mumkin.
"Avesto" 21 nas, ya’ni kitobdan iborat bo‘lgan. Beruniyning ma’lumot berishicha, "Avesto" qo‘lyozmasi o‘n ikki ming qoramolning terisiga oltin harflar bilan yozilgan. Yunonlar istilosi davrida ushbu kitobning uch nusxasi mavjud bo‘lgan. Iskandar ulardan birini kuydirib tashlashdan oldin undagi tib, astronomiyaga oid qismlarini Yunon tiliga tarjima qildirgan. Shunday qilib, Aleksandr "Makedonskiy "Avesto" ning bir nusxasini yo‘q qilib tashlagan, bir nusxasini Yunonistonga yuborgan. Kitobning bir nusxasi esa zardushtiylikka e’tiqod qo‘ygan kishilar tomonidan asrab qolingan.
Eramizning III asrida Sosoniylar hukmronligi davrida zardushtiylik rasmiy e’tiqod sifatida tarqalganligi manbalarda qayd etiladi. Bu davrda sosoniylar "Avesto" ni qayta tiklashgan, mazmuni qo‘shimchalar bilan to‘ldirilgan holda tiklangan va pahlaviy tilida yozib chiqilgan.
"Avesto" yodgorliklarining bizga ma’lum (hozircha) eng qadimgi nusxasi 1324-yilda ko‘chirilgan bo‘lib, Kopengagenda saqlanadi. Mazkur kitob qayta tiklangandan so‘ng unga sharhli tarjimalar bitilgan. Sharhlar "Zand" deb nomlanadi. "Avesto"ning ayrim nusxalarida, o‘sha zandlarning pahlaviy tilida yozilganligi kuzatiladi. Shuning uchun "Avesto" matni uning sharxlari bilan birgalikda "Avesto va Zand" Yoki "Zand Avesto" atamalari bilan yuritiladi.
"Avesto" ayrim sharhlar bilan sanskrit (qadimgi hind tili)ga va Ovrupaning bir qator tillariga tarjima qilingan. "Avesto" mutarjimi tarix fanlari doktori, prof. Mirsodiq Mirsulton o‘g‘li Is’hoqov.
"Avesto"ning ko‘p qismlari bizgacha yetib kelmagan. "Avesto"ning "Yasna", "Videvdot" ("Vendidot"), "Yasht", "Vispret" ("Visparad") kabi qismlari fanga ma’lum. Bu nash (kitob) larning muayyan vazifalari bo‘lgan. Jumladan, "Yasna" 72 bobdan iborat bo‘lib, u namoz uchun zarur duolar sifatida talqin qilinadi. Yana "Yasna" qurbonlik qilish marosimida aytiladigan qo‘shiqlar, xudolar madhiyasi va shu kabi diniy marosimlarga xos rasm-rusumlarni o‘z ichiga oladi. Axura Mazda haqidagi xabar payg‘ambar Zardushtga doir ayrim ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan o‘n yetti Goh (Got) ham "Avesto" ning "Yasna" bo‘limi tarkibida yetib kelgan. Bu she’riy parchalar "Avesto"ning eng qadimiy, izohlanishi murakkab qismlari hisoblanadi. Chunki ayni yana shu satrlarda Zardusht yashagan qadimiy qatlam voqealariga ko‘proq ishoralar qilinadi.
"Videvdot" 72 bobdan iborat bo‘lib, mazkur sahifalar Axura Mazda va Zaradushtraning savol-javobi shaklida yozilgan. "Videvdot" Axura Mazdaning dushmanlari hisoblangan devlarni mahv etishga qaratilgan duolar to‘plami deyish mumkin. "Vispret" esa 24 bobdan tarkib topgan bo‘lib, namoz va zikru sano matnlarini o‘z ichiga oladi "Avesto"ning "Yasht" qismida 22 qo‘shiq mavjud. Bular Axura Mazdadan boshlab u yaratgan turli ma’budlar sha’niga aytilgan, o‘qilishi ko‘p savobli hisoblangan alqov-olqish (gimn)lar to‘plamidir.
Zardushtiylik ta’limotida Axura Mazda azaliy va abadiy iloh sifatida alohida mavqega ega. Uning nomi "Yuksak daholi hukmdor" ma’nosini anglatgan. Axura Mazda dunyoning 12 ming yil davom etishini belgilab qo‘ygan. Dastlabki uch ming yillikda ruhiy dunyo yetakchilik qiladi. So‘ngra Angra Manyu yuzaga keladi. Axura Mazda barcha ezguliklar ijodkori bo‘lib, borliqdagi hamma yaxshiliklarning sababchisi hisoblanadi. Yovuzlik esa Angra Manyu tarafidan ezgulikka zid o‘laroq vujudga keltirilgan. Bu ikki kuch o‘rtasidagi kurash ham uzoq tarixga ega. U to‘qqiz yuz yil davom etadi. Shundan so‘ng, Axura Mazda g‘olib kelishi kerak. Angra Manyu esa qorong‘ulikka haydaladi. Ikkinchi uch ming yillikda Axura Mazda moddiy borliqni barpo etadi. Osmon, yer, suv, o‘simliklar, hayvonot dunyosi yuzaga keladi. Nihoyat odam yaratiladi. Ana shu jarayonda Angra Manyu yovuz devlarni o‘z yordamchilarini tayyorlaydi. Uchinchi ming yillikda Angra Manyu o‘z devlari bilan Axura Mazda yaratgan dunyoga xuruj qilib kirib keladi, U Ajam (ilon) bilan birinchi inson – Gayumart (Kayumars)ni va uning doimiy hamrohi buqani o‘ldiradi. Ammo ularning urug‘lari yerga to‘kilib yo‘q bo‘lib ketmaydi. O‘sha urug‘lardan odamlar va ezguliklar, hayvonot unib chiqib, ko‘payadi. Kurash esa davom etadi. Ezgulik kuchlari nihoyat g‘olib chiqadi va yovuz kuchlarni yer ostiga haydaydi. To‘rtinchi uch ming yillik Zaratushtraning tug‘ilishidan boshlanadi. U yer yuziga o‘z e’tiqodini targ‘ib qiladi. Zaratushtra uch o‘g‘il ko‘radi va ulardan harbiylar, ruhoniylar hamda dehqonlar paydo bo‘lib ko‘payadilar. O‘n ming yildan so‘ng ezgulik va yovuzlik kuchlari orasida oxirgi kurash boshlanadi. Qattiq yong‘in boshlanib yer usti va osti yonib ketadi. Zaratushtraning avlodidan bo‘lgan Saots’yant halok bo‘lgan dunyoni qaytadan tiklaydi, o‘liklar tiriladilar, yerda abadiy hayot tantana qiladi.
"Avesto", shuningdek, "Bundaxshin"da aytilishicha, ikki olam, yaxshilik va yomonlik olami bor. Yaxshilik olamiga Ahura Mazda (Hurmuz), yomonlik olamiga Angra Manyu (Axriman) boshchilik qiladi. Go‘yo 3000 yil mobaynida bu ikki olam bir-biri bilan to‘qnashmagan, olishmagan. Yaxshilik va nur olamidan xabar topgan Axriman unga qarshi kurash ochmoqchi bo‘ladi Hurmuz, bu kurashning oldini, olib, ikkinchi uch ming yillikda osmon, suv, yer, o‘simlik, hayvonlar kabi mavjudotlarni hamda birinchi insonni yaratadi. O‘sha davrda zulm ham, kasallik va o‘lim ham bo‘lmagan ekan. Shundan so‘ng uchinchi davr (6000-8999) - kurash davri boshlanadi. Yer yuzi turli kuchlarning to‘qnashuv maydoniga aylanadi. Ahriman birinchi insonni o‘ldirsa ham, kishilik urug‘ini butunlay yo‘qotib yuborolmaydi. To‘rtinchi davr (9000.-11999) da yaxshilik va nur kuchlari yomonlik va zulmat ustidan g‘alaba qozonadi. Yaxshilik va yomonlik kuchlari o‘rtasida shafqatsiz kurash manzaralari Mitra, Anaxita, Kayumars, Yima (Jamshid), Gershasp, Elikbek va boshqalar obrazida mujassamlashtirilgan (Mallayev N. O‘zbek adabiyot tarixi. Toshkent.: "O‘qituvchi", 1976, 43-6et).
Do'stlaringiz bilan baham: |