3.5 Muskullarning charchashi
Mushaklarning charchashi - alohida a’zo yoki butun organizmni, ma’lum darajadagi ishdan so‘ng, ish qobiliyatini vaqtincha pasaytirishi yoki butunlay yo‘qotishidir. Mushaklar charchashi ularning uzoq muddatli qisqarishi (taranglashishi) oqibatida sodir bo‘ladi va resurslarni qisman kamayishi to‘g’risida signal beruvchi biologik ahamiyatga ega.
Ayrim organ va to‘qimalarning ishlashi natijasida ish qobiliyatining vaqtincha pasayishiga ularning charchashi deyiladi. A’zo yoki to‘qima dam olganidan keyin charchog’i yozilib, yo‘qolib ketadi. Agar tanadan ajratib olingan muskul uzoq vaqt ketma-ket, tez-tez ta’sirlab turilsa, oradan muayyan vaqt o‘tgach, muskulning qisqarish kuchi tobora kamayib boradi va bora-bora muskul butunlay qisqarmay qo‘yadi. Bu vaqtda muskulning qo‘zg’aluvchanligi, labilligi, qisqaruvchanligi pasayadi, mutloq kuchi kamayadi. Muskul qanchalik tez qisqarsa, u shunchalik tez charchaydi. Muskulning charchashini tushuntirish uchun bir qancha nazariyalar yaratilgan. Ba’zi olimlar ishlash natijasida energiya zahirasi tugab qoladi, degan fikrni bayon qilsa, boshqa bir guruh olimlar ishlash vaqtida organizmda har xil zararli moddalar hosil bo‘lgani uchun muskul zaharlanib, charchab qoladi, deb tushuntiradilar. Lekin bu nazariyalaming har ikkisi ham charchash sabablarini to‘la-to‘kis tushuntirib bermaydi. Ishlab turgan muskulda chindan ham moddalar almashinuvining turli zararli mahsulotlari, jumladan, sut kislota, azot qoldiqlari va boshqalar hosil bo‘lib, muskulning ish qobiliyatini ancha pasaytiradi. Shuningdek, muskul ishlaganda energiya zahiralari ham kamayadi. Ammo bu jarayonlarning hech biri ham charchashni tushuntirish uchun to‘ la asos bo‘la olmaydi. Charchashni tushuntirish uchun yaratilgan nazariyalaming hech biri charchashning kelib chiqishida nerv tizimining rolini e’tiborga olmagan. I.M.Sechenov, I.P.Pavlov, N.E.Vvedenskiy va A.A.Uxtomskiylar charchashning boshlanishida nerv tizimining katta rol o‘ynashini ko‘rsatib berdilar. N.E.Vedenskiy muskulning charchashi mohiyat eftibori bilan reflektor akt ekanligini o‘z tajribalarida isbotladi. O‘sha tajribalarda u muskuldan oldin nerv tizimi charchashini aniqladi. Muskulning charchashida bosh miya yarim sharlarining po‘stlog’i ham katta rol o‘ynaydi. L.A. Orbeli charchagan muskulning ish qobiliyati vegetativ, ayniqsa uni simpatik bo‘limi ta’sirida o‘zgarishini, ya’ni muskul charchab turganida unga keladigan simpatik nerv ta’sirlansa, muskulning yana qaytadan ishlay boshlashini o‘z laboratoriyasida aniqladi. Bu vaqtda simpatik nerv muskulda sodir bo‘layotgan moddalar almashinuvini o‘zgartirish yo‘li bilan uning ishlashini yaxshilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |