2-mavzu. Mehnat va ish haqi hisobi
Mavzu rejasi:
1. Mehnatga haq to‘lash va uni hisobga olishning vazifalari
2. Mehnatga haq to‘lashning tarifli tizimi
3. Mehnatga haq to‘lashning tarifsiz tizimi
4. Mehnatga haq to‘lash shakllari
5. Mehnatga haq to‘lash va undan undiriladigan ushlanmalar hamda ajratmalar hisobi
6. Ta’til muddatini hisoblash va vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini to‘lash
tartibi
7. Daromadga solinadigan soliq stavkasi va ularning hisobi
8. Ijtimoiy soliq to‘lovga ajratmalarining buxgalteriya hisobi
Tayanch iboralar: Mehnat haqi, mehnatga haq to‘lash ta’rifi, mehnatga haq
to‘lashning ta’rifsiz tizimi, mehnatga haq to‘lash shakllari, ish haqidan ushlanmalar,
mehnatga haq to‘lashdan ajratmalar, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi,
ijtimoiy soliq tshlovi.
1. Mehnatga haq to‘lash va uni hisobga olishning vazifalari
Moddiy boyliklarni ishlab chiqarish jarayoni mehnat quroli va mehnat buyumlaridan
tashqari, bevosita mehnat jarayonini ham o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqarish jarayonida
ishlab chiqarish vositalaridan foydalanib kishining iste’molini qondiradigan mahsulot
vujudga keltiriladi.
Xo‘jalik yuritishning bozor tizimiga o‘tish sharoitida mehnatga haq to‘lash, ijtimoiy
qo‘llab-quvvatlash va xodimlarni himoya qilish sohasidagi davlatning ko‘plab vazifalari
bevosita korxonalarga berilgan. Mehnatga haq to‘lashning shakllari, tizimlari va
miqdorini, mehnat natijasiga qarab rag‘batlantirishni korxonalar mustaqil o‘zlari
belgilaydi.
Mehnat munosabatlarini, shu jumladan xodimlar mehnatiga haq to‘lashni yuridik
asosini mehnat to‘g‘risidagi qonuniy hujjatlar, korxonalarning jamoat shartnomalari va
boshqa muayyan me’yoriy hujjatlar tashkil etadi.
Mehnatga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni buxgalteriya hisobi 6710-
«Mehnat haqi bo‘yicha xodim bilan hisoblashishlar» passiv schyotida yuritiladi. Mehnat
va unga haq to‘lash hisobi korxonaning hisob tizimida markaziy o‘rinlardan birini
egallaydi va u mehnatning son va sifati, iste’molga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan
foydalanish ustidan tezkor nazoratni ta’minlashga qaratilgan.
2009 yil 1 avgustdan boshlab byudjetdan moliyalashtiriladigan muassasasalar,
tashkilotlar va korxonalarning xodimlari mehnatiga haq to‘lash O‘zR Vazirlar
Mahkamasini 21iyul 2009 yildagi № 206 Qarori bilan tasdiqlangan Yagona tarif setkasi
(YaTS)ga asosan amalga oshiriladi. U o‘z ichiga 22 tarif razryadini oladi va tarif
koeffitsientlari orqali turli xil razryaddagi ish va ishchilar (malaka) o‘rtasidagi mehnatga
haq to‘lash nisbatini namoyon etadi.