3.7-jadval O’zbekistonda 2004-2008 yillarda davlat obyektlarining xususiylashtirilishi
Yillar
Xususiylashtirilgan obyektlar soni
Xususiylashtirishdan tushgan pul mablag’lari, mlrd. so’m
2004
1228
78,4
2005
980
80,5
2006
673
70,5
2007
631
111,1
2008
392
130,6
O’zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlari.
Respublikada xususiylashtirishning manzilli yo’naltirilganligi uning navbatdagi xususiyatidir. Bu aholining barcha qatlamlariga mazkur jarayonda aniqroq va natijaliroq qatnashishi imkonini beradi. Xususiylashtirishning manzilli yo’naltirilganligi uy-joylarning o’z egalariga imtiyozli yoki bepul berilishida, aholining ko’proq muhtoj va zaif qatlamlarini qo’llab-quvvatlashning turli xil dasturlari byudjet mablag’lari hisobiga qoplanishida, qishloq aholisi o’z yordamchi xo’jaligi uchun chek yerlar olishi kabilarda ifodalanadi.
O’zbekistonda xususiylashtirishning to’lovliligi uning navbatdagi muhim xususiyatidir. Pulni to’lash orqali davlat tasarrufidagi korxona va obyektlarni xususiylashtirishda mulkni bepul taqsimlash bilan bog’liq salbiy holatlar bartaraf etilishi bilan birga qator muammolarni hal qilish imkoniyati yaratiladi. Bulardan asosiysi avvalo tadbirkorlikni, xususiylashtirilgan korxonalarni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlashning moliyaviy manbalari paydo bo’ladi, bozor infratuzilmasini barpo etish uchun resurslar vujudga keladi va aholini ijtimoiy muhofazalash dasturini ro’yobga chiqarish uchun mablag’lar jamlanadi. Davlat mol-mulkini yangi mulkdorlarga sotish yo’li orqali ularni mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirilishi bilan birga xususiylashtirishdan olinadigan mablag’lar shu korxonaning o’zini qo’llab-quvvatlashga, yangi raqobatlashuvchi korxonalar barpo etishga ham sarflanadi.
Navbatdagi muhim xususiyat – respublikada mulkni davlat tasarrufidan chiqarish chog’ida aholi uchun kuchli ijtimoiy kafolatlar yaratildi va ta’minlandi. Ijtimoiy kafolatlar bir butun imtiyozlar tizimi orqali yaratildi. Bular xususiylashtirilayotgan korxona mehnat jamoasiga aksiyalarni imtiyozli shartlar bilan sotish, yangi mulkdorga eskirgan asosiy fondlar hamda ijtimoiy infratuzilma obyektlarini bepul topshirish, davlat korxonalarining mol-mulki, fermalar, bog’lar va shu kabilarni imtiyozli shartlar asosida xususiylashtirish hamda soliq to’lashda ayrim imtiyozlar berish kabilardir.
Respublikada davlat mulkini xususiylashtirishning o’ziga xos boshqa jihatlari Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan bayon qilingan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishning asosiy qoidalaridan kelib chiqadi. Bular quyidagilar:
a) davlat mulkini xususiylashtirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning ichki mantiqiga bo’ysindiriladi va ularning asosini tashkil qiladi;
b) mulkni xususiylashtirish jarayoni davlat tomonidan boshqariladi;
v) xususiylashtirishni huquqiy-me’yoriy jihatdan ta’minlashda qonunlarga rioya etiladi.