Ahmad YUgnakiy «Hibat ul-Haqoyiq»
Ahmad YUgnakiy (12-asr oxiri, Samarqand, YUgnak qishlog`i — 13-asr 1-yarmi) — shoir, mutafakkir. Tarjimai holi haqida deyarli ma`lumot yo`q. «Hibat ul-haqoyiq» («Haqiqatlar tuhfasi») asari bizgacha etib kelgan. Uning oxirida Adib Ahmad ismi tilga olinadi. Asar nusxalaridan biriga temuriy amaldorlardan Arslonxoja Tarxon tomonidan ilova qilingan 10 baytli masnaviyda YUgnakiy haqida ba`zi ma`lumotlar mavjud. Undan ma`lum bo`lishicha, Adib Ahmad YUgnak degan so`lim va bahavo joyda tug`ilgan. Otasining oti Mahmud YUgnakiy bo`lgan.
Kitobi adabdan iborat bo`lib, nomi - «Hibat ul-haqoyiq». Kitob koshg`ariy tilda she`riy yo`l bilan yozilgan. «Qutadg`u bilig»dan 1—2 asr keyin yaratilgan bu asar o`zbek mumtoz adabiyotining noyob durdonasi hisoblanadi. Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» tazkirasida YUgnakiyni O`rta Osiyoning mashhur shayxlari qatoriga qo`yib, uning tug`ma ko`rligi xususida so`zlaydi, yana Navoiy Husayn Boyqaroning o`g`li Badiuzzamonga yozgan xatlaridan birida ham «Hibat ul-haqoyiq»dan parchalar keltiradi. «Hibat ul-haqoyiq» asari shoir haqidagi ma`lumotlarni birmuncha to`ldirishga, YUgnakiy yashab ijod etgan davrni tahlil qilishga imkon beradi.
YUgnakiy tug`ilgan joy olimlar o`rtasida ko`p tortishuvlarga sabab bo`lgan. Samarqand, Farg`ona va Turkistonda YUgnak degan joy borligi aytilsada, ko`pchilik uni Samarqand atrofida deyishga moyil va keyingi tadqiqotlar bu fikrning to`g`riligini tasdiqlaydi. 12-asrda yashagan mashhur muarrix Abulkarim as-Sam`oniy «Al-Ansob» («Nasabnoma») kitobida yozadi: «Bu nisba (taxallus) «YUg`anak»dan va bu (joy) Samarqand qishloqlaridan. Bu nisba bilan Abuhomid Ahmad ibn Abu Ahmad al-YUg`anakiy mashhurdirlar».
SHoir «Hibat ul-haqoyiq»ni tugatib, uni hukmdori Dod Sipohsolorbekka taqdim etadi. Mashhur sharqshunos olim E.E.Bertel`s bu asar qadimiy o`zbek adabiy tilidan mumtoz o`zbek adabiy tiliga o`tishda bir ko`prik bo`lganini aytadi. Asar tilida qadimiy turkiy so`zlardan ko`ra, arab va fors so`zlarining ko`p qo`llangani shundan dalolat beradi. YUgnakiy bu asari bilan o`zbek adabiy tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qo`shgan.
«Hibat ul-haqoyiq» 14 bob, 512 misradan iborat. Dostonning 1-bobi Allohga hamd, 2-bobi Muhammad (sav) na`ti va choryorlar ta`rifiga, 3-bobi Dod Sipohsolorbek madhiga bag`ishlangan. 4-bobda kitobning yozilish sabablari bayon qilingan. Dastlabki 4 muqaddima bobdan so`ng asosiy qismga o`tiladi. 5-bob — ma`rifatning foydasiyu jaholatning zarari, 6-bob — til odobi, 7-bob — dunyoning o`tkinchiligi, 8-bob — saxiylik va baxillik, 9 va 10-boblar turli masalalarga bag`ishlangan bo`lib, 11-bob — kitobning xotimasi (asarning 1480 yil Istanbulda Abdurazzoq Baxshi tomonidan ko`chirilgan nusxasida 11 bob mavjud — 3 bob yo tushib qolgan, yo boshqalariga qo`shilib ketgan).
YUgnakiy o`zini shoir emas, balki adab muallimi, deb hisoblagan. O`ziga xos axloq kitobi bo`lgan bu asarga Qur`oni karim va Hadisi sharif ma`nolari singdirilgan. U islom dini axloqini tashviq qilish, komil insonni tarbiyalab etishtirish maqsadi bilan yozilgan.
«Hibat ul-haqoyiq» ilk bor uyg`ur yozuvida bitilgan. Uning nusxalari ko`p bo`lib, ularda asar hajmi turlicha. Hozircha ma`lum qo`lyozmalardan 3 tasi (biri uyg`ur yozuvi, ikkinchisi arab va uyg`ur yozuvi, uchinchisi esa arab yozuvi bilan bitilgan) to`liq, qolganlari parchalardan iborat. 1444 yil Samarqandda Zaynulobidin baxshi, 1480 yil Istanbulda Abdurazzoq baxshi va Turkiyaning To`pqopi kutubxonasidagi noma`lum kotib tomonidan ko`chirilgan qo`lyozmalar e`tiborli nusxalar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |