4. Jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish
YUrtimizda mustaqillik yillarida har bir yilni ma’lum bir sohaning samarali islohotiga qaratish maqsadida alohida nom bilan atash va ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy islohotlar barobarida ma’lum bir yo‘nalishni tubdan yaxshilashga qaratish an’anasi shakllandi. SHu an’anani davom ettirgan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligini nishonlash marosimida Prezident SH.Mirziyoev 2017 yilni yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qildi. Bundan maqsad, mamlakatdagi demokratlashtirish jarayonlari samaradorligi va sifatini tubdan yaxshilash, fuqarolarning erkinliklari, huquqlari, munosib turmush tarzi va manfaatlarini ta’minlash, bunda davlat idoralari mas’uliyatini kuchaytirish, xalq bilan ochiq muloqotlarni yo‘lga qo‘yishda yangi samarador vositalar va usullarni joriy etish, „Inson manfaatlari — barcha narsadan ustun“ shiori ostida ish olib borish hisoblanadi. Prezident SH.Mirziyoev davlat va boshqaruv organlari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilot mutasaddilari faoliyatiga nisbatan ta’kidlaganlaridek, “Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi”1. Xalq qabulxonalarining barcha hududlarda ish boshlagani, xalq bilan keng miqyosda muloqot olib borilayotgani davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
PM.gov.uz portali – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (2016 yil 23 dekabrga qadar Bosh vazir) virtual qabulxonasining faoliyatiga 4 oy to‘ldi. Ushbu davr mobaynida 334 mingdan ortiq murojaatlarning ko‘rib chiqilganligi (jami kelib tushgan murojaatlar 2017 yil 24 yanvar holatiga 409 mingni tashkil etgani) portalning jamiyat hayotida o‘z o‘rni borligidan dalolatdir2.
Hukumatning virtual portali ish boshlagani, mamlakatimizning barcha hududlarida halq qabulxonalarining ochilishi, 2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi jamoatchilik nazoratini keng miqyosda rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratdi. Xalq qabulxonalarining barcha hududlarda ish boshlagani, xalq bilan hech bir mamlakatda uchramaydigan miqyosda keng muloqot olib borilayotgani davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ildam rivojlantirish uchun imkoniyat yaratdi. CHunki xalq qabulxonasiga kelgan yoki mansabdor shaxslar bilan bevosita muloqotda ishtirok etayotgan fuqarolar ayni paytda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillari bo‘lgan o‘sha mansabdor shaxslarga savollar berish, so‘rovlar va takliflar kiritish orqali jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar.
Harakatlar strategiyasida Prezident SH.M.Mirziyoev ilgari surgan - “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” – prinsipini ijtimoiy-siyosiy hayotda amalga oshirishga doir dasturiy maqsadlar ham mujassamlashgan. SHuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining joylarda ishlarning holatini o‘rganish va xalq bilan muloqot qilishga doir faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori loyihasini ishlab chiqish, unda hududlardan saylangan deputat va senatorlar har oyda 10-12 kun davomida bir tumanda bo‘lib, davlat hokimiyati organlari faoliyatini o‘rganib, tahlil qilishi, tegishli rahbarlarning hisobotini xalq deputatlari Kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritishi hamda tegishli xulosalar berishi, shuningdek Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi ishtirokida o‘rganish natijalari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarini o‘tkazish, Oliy Majlis Senati tomonidan har bir viloyatda navbatma-navbat namunaviy xalq deputatlari Kengashlari ishini tashkil etish nazarda tutilmoqda. Agar parlamentning xalq irodasi va manfaatlari asosida faoliyat yuritishi hamda qonunlar qabul qilishi eng asosiy demokratik qadriyatlardan biri ekanligiga e’tibor bersak, deputatlar va Senat a’zolarining o‘z saylovchilari bilan o‘zaro muloqotlari, joylardagi muammolardan habardor bo‘lishi, ularning echimlarini topishda ishtirok etishi, mahalliy vakillik organlarini jonlanishiga ko‘maklashishi mamlakatimizda fuqarolik jamiyati unsurlarini rivojlanishiga shart-sharoitlar yaratadi. CHunki, oliy vakillik organi deputati avvalambor o‘z saylov okrugidagi fuqarolarning vakili, Senat a’zosi esa o‘zi saylangan mintaqa mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakilidir. SHuning uchun ham parlament a’zolarining xalq ichida ko‘proq faoliyat yuritishi davlatimiz barqarorligini yanada mustahkamlash omillaridan biridir.
SHu sababli fuqarolik jamiyatining eng asosiy tamoyillaridan kelib chiqqan holda davlatni boshqarishda hukumat bilan xalq orasidagi muloqotni tashkil etish, fuqarolarni tashvishga solayotgan, muammolar tug‘dirayotgan savollarni vaqtida o‘rganish va ularga hal qilish maqsadida 2017 yilgi davlat dasturining birinchi galdagi vazifalarida samarali muloqot mexanizmlarini tashkil qilish rejalashtirildi va bir vaqtning o‘zida bu rejalar amalga oshirilmoqda:
Joylarda “xalq qabullari” ni joriy etishning tashkiliy-amaliy, huquqiy, moddiy-texnik va moliyaviy asoslarini belgilash, fuqaro murojaatlari eng ko‘p kuzatiladigan sohalardagi byurokratik to‘siqlarni va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinishini ta’minlanmoqda. Aholiga talab katta bo‘lgan davlat xizmatlarini «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha bir muassasa orqali ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi. SHunga ko‘ra davlat organlari faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalari o‘rnini kengaytirish, «Elektron hukumat» tizimini samarali rivojlantirish borasidagi choralar-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda jamoatchilik nazoratiga konstitutsiyaviy maqom berilgan. O‘zbekistonda fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki, jumladan, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Mamlakatda fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojlanishi jamoatchilik nazoratining shakllanishi va rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq. Bir tomondan, jamoatchilik nazoratining rivojlanishi fuqarolik jamiyatining rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan fuqarolik jamiyati rivojlanib borgani sari jamoatchilik nazorati uchun kengroq imkoniyatlar va istiqbollar paydo bo‘ladi. Rivojlangan va keng quloch yoygan jamoatchilik nazoratini fuqarolik jamiyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaganidek, fuqarolik jamiyatining rivojlanishini ham jamoatchilik nazoratisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Jamoatchilik nazoratining mavjudligi va qanchalik keng tarmoq yoygani, aytish mumkinki, fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasidan guvohlik beruvchi eng muhim mezonlardan biridir.
Fuqarolik jamiyati jamoatchilik nazorati rivojlanishi uchun imkoniyatlar yaratishining sababi shundaki, tom ma’nodagi samarali, mustaqil va xolis nazoratni iqtisodiy va siyosiy jihatdan erkin fuqarolar va ularning birlashmalarigina amalga oshirishi mumkin.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, modernizatsiyalash sharoitida jamoatchilik nazorati mazmunida muhim o‘zgarishlar o‘z ifodasini topadi. Bu esa, faoliyat sub’ekti bo‘lgan har bir shaxs o‘z zimmasiga muayyan majburiyatlarni olish bilan birga, boshqalardan, davlat hokimiyati organlaridan ularning zimmasidagi majburiyatlarni, vazifalarni bajarishlarini talab qilish huquqini beradi.
Mamlakatning barqaror rivojlanishida jamiyat va shaxsning munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy mexanizmlardan biri bo‘lgan davlat nazorati muhim rol o‘ynaydi. Ayni paytda, jamiyat, undagi fuqarolik institutlari va barcha fuqarolar jamoatchilik nazorati orqali davlat va boshqaruv sub’ektlarining faoliyatini mavjud ijtimoiy me’yorlar, qadriyatlar, huquqiy andozalar yordamida nazorat qiladi.
Davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining zarurligini buyuk faylasuflar asoslab berishgan. Masalan, Aristotel o‘zining asarlarida xalqning mansabdor shaxslar va hukmdorlar ustidan nazoratini davlatning siyosiy baqarorligi hamda gullab-yashnashining eng muhim shartlaridan biri deb hisoblagan.i
Abu Nasr Forobiyning «Fozil odamlar shahri» asarida ham hukmdorlarning aholi oldida hisob berib turishlari va ularning qonunlarga so‘zsiz buysunishlari zarurligi alohida ta’kidlanadi.ii
Jamoatchilik nazoratining maqsadi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining mavjud qonunlarga mosligini tekshirishdan iborat. Jamoatchilik nazoratining sub’ektlari kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, mahalla va boshqa jamoat birlashmalar hisoblanadi.
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan tub ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning 2016 yil kuzidan boshlangan yangi bosqichi jamoatchilik nazoratini rivojlantirishga yangi talablar qo‘ydi va ayni paytda yangi imkoniyatlar ochdi. Jamoatchilik nazorati oldiga yangi talablar qo‘yilishi shu bilan izohlanadiki, belgilangan yangi vazifalar, Harakatlar strategiyasini to‘la amalga oshirish jamoatchilik nazoratini keskin kuchaytirishni taqozo qiladi. Ikkinchi tomondan, Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishning dolzarbligini yanada oshirib yuboradi.
Jamoatchilik nazoratining eng muhim shartlaridan hisoblanadigan “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining oshkoraligi to‘g‘risida”gi qonun 2013 yilda qabul qilingan va uni bajarish bo‘yicha 2013-2014 yillarda Samarqand va Buxoro viloyatlarida o‘tkazilgan eksperiment ijobiy natijalar bergan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bunday oshkoralikni butun mamlakat miqyosida ta’minlash uchun asos yaratdi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish ikki yo‘nalishda olib borilmoqda. Birinchidan, davlat o‘zining bosh boshqaruv sub’ekti maqomini saqlagan holda jamoat tashkilotlari bilan aloqalarni yangi asosga o‘tkazmoqda. Endi davlat o‘zining muayyan funksiyalarini, bir qator vakolatlarini, huquq va resurslarni jamoat tashkilotlariga o‘tkazmoqda. SHu yo‘l bilan davlat jamoat tashkilotlarining o‘zini o‘zi boshqarish imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Ikkinchi tomondan, jamiyat jamoat tashkilotlarini rivojlantirish orqali ularning ulkan salohiyatlarini mamlakatni boshqarish yo‘nalishida faollashtirmoqda. Endi, davlat fuqarolar bilan munosabatlarni yangicha asosga o‘tkazish uchun yangi tipdagi munosabatlar, ya’ni shartnoma va boshqa munosabatlarni siyosiy, ma’muriy-buyruqbozlik munosabatlari o‘rniga tatbiq etmoqda.
Harakat strategiyasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish fuqarolik jamiyati institutlari jamoatchilik nazorati yordamida davlat organlariga xalaqit bermagan holda davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirishga, korrupsiyaga qarshi salohiyatini oshirishga, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga katta yordam ko‘rsatadi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro munosabatlari bir tomondan fuqarolik jamiyati institutlarining davlat hokimiyati organlari faoliyati ustidan nazorat shaklida bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ijtimoiy sheriklik shaklida ham bo‘ladi. Bu ikki shaklni bir medalning ikki tomoniga o‘xshatish mumkin.
Ijtimoiy sheriklik davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi munosabatlarning yangi shakli bo‘lib, u rivojlangan mamlakatlarda XX asrning birinchi yarmida vujudga keldi. Insoniyat tarixida qilingan eng ulkan ijtimoiy ixtirolardan biri ijtimoiy sheriklikdir. Bu ixtiro kashf etilguniga qadar insoniyat tarixida isyon va qo‘zg‘olonlar, ijtimoiy taranglik va qonli oqibatlar bilan tugagan larzalar tez-tez yuz berib turdi. Ijtimoiy sheriklik nazariyasining vujudga kelishi va ijtimoiy amaliyotga tadbiq etilishi larzalarning keskin kamayishini ta’minladi. Insoniyat tarixida ana shunday buyuk rol o‘ynagan nazariya mustaqillik qo‘lga kiritilgandan keyin O‘zbekistonda ham jamiyat hayotiga keng tadbiq etila boshladi. U hayotga nafaqat tadbiq etildi, balki uning nazariy asoslari boyitildi va amaliy jihatlari rivojlantirildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunida ijtimoiy sheriklikning sub’ektlari va maqsadlari quyidagicha ta’riflangan: “Ijtimoiy sheriklik davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan tarmoq, hududiy dasturlarni, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarni hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi hamkorligidir.”
Ijtimoiy sheriklik mafkurasi sinfiy ziddiyatlarni yumshatish, manfaatlarning uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan mafkura edi. Bu mafkuraning kelib chiqishiga asosiy sabab mehnat sohasidagi munosabatlar edi va bu mafkura birinchi navbatda mehnat munosabatlarini tartibga solish maqsadida yaratildi. Ijtimoiy sheriklik yo‘lini tanlagan mamlakatlarda sinfiy ziddiyatlar tufayli kelib chiqadigan ijtimoiy larzalar soni keskin kamaydi, jamiyat taraqqiyoti uchun kengroq imkoniyatlar yaratildi.
O‘zbekiston mustaqillika erishgan dastlabki yillardan boshlab taraqqiyotning inqilobiy emas, tadrijiy tamoyilini tanladi. Bu yo‘l hayotga ijtimoiy sheriklikni tadbiq qilishni taqozo etar edi. SHuning uchun ham mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab qabul qilingan me’yoriy-huquqiy va siyosiy hujjatlarda ijtimoiy sheriklikning asosiy tamoyillari aks etdi.
Mustaqil mamlakatimiz fuqarolik jamiyatini qurishni maqsad qilib qo‘ygan ekan, bu holat ham ijtimoiy sheriklikni hayotga keng tadbiq qilishni taqozo etadi. CHunki, ijtimoiy sherikliksiz fuqarolik jamiyatini qurish xomxayol bo‘lib qoladi. Fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish mamlakatdagi davlat hokimiyati organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi, turli millatlar va konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi sheriklikka tayanib amalga oshiriladi. Ijtimoiy sheriklikka turlicha yondashuvlarni amalga oshirayotgan tadqiqotchilarning deyarli barchasi uning asosiy maqsadi turli ijtimoiy guruhlar, qatlamlar, sinflarning manfaatlarini muvofiqlashtirish va muhofaza qilish ekanini, shuningdek, dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy vazifalarni hal etishga ko‘maklashish, demokratiyani chuqurlashtirishga, huquqiy davlat, ochiq demokratik fuqarolik jamiyatini shakllantirishga ko‘maklashish ekanini e’tirof etishadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunida davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlari ijtimoiy sheriklik sub’ektlari sifatida belgilab qo‘yilgan.
i
ii
Do'stlaringiz bilan baham: |