2-AMALIY MASHG’ULOT
Mavzu: Yo‘l mintaqasini tayyorlash va uning uchun zarur bo‘lgan mexanizmlarning ish unumdorligini aniqlash.
Yo‘l mintaqasini tayyorlash ishlari qurilishni tashkil etish loyihasi (QTEL) va ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari (ICHTEL) asosida yo’l poyi qurilgunga qadar amalga oshirilishi lozim. Bu ishlar: trassani tiklash va bog’lash, ajratilgan mintaqani tozalashdan, yo’l poyi elementlarini joyida belgilashdan, suv chetlatish va quritish, yo’l ko’tarma asosini tayyorlash, vaqtinchalik yo’llar va inshootlar qurish, aloqa va elektr tarmog’i tortish, energiya, suv, bug’ va gaz ta’minotini tashkil etish ishlari kiradi.
Geodezik rejalash asosining hajmi va tarkibi, hamda qurilish jarayonida geodezik ishlarni bajarishdagi haqiqiy o’zgarishlar QMQ 3.01.03 talablariga javob berishi kerak. Trassani tiklash va joyiga bog’lashda yo’lning har ikki tomoniga ustunchalar o’rnatish bilan yo’l mintaqasi ajratib olinadi. Qurilishni joyiga geodezik bog’lash asoslarini, odatda, buyurtmachi amalga oshirib, qurilish-montaj ishlari boshlanmasdan oldin 10 kun muddat ichida unga tegishli texnik hujjatlarni, hamda qurilish maydonidagi bog’langan punktlar va belgilarni pudratchiga topshirishi kerak.
Qurilayotgan yo’l to’shamasi takomillashgan yengil, o’tuvchi va quyi turdagi qoplamadan iborat bo’lganda, balandligi 1,5 m dan kam bo’lmagan yo’l ko’tarmalari ostida balandligi 10 sm gacha bo’lgan to’nkalarni qoldirishga yo’l qo’yiladi.
Yo’l poyini qurish ishlari boshlanmasdan oldin tozalash paytida yig’ilgan chiqindilarni qoldirish man etiladi.
Grunt uchun zahira yer va karyerlarni ishlatishga tayyorlash paytida, ajratilgan yer maydonini chegaralash, tozalash va gruntni tashish yo’llarini qurish ishlarini bajarish kerak.
Grunt uchun zahira yer va karyerlarga ajratilgan maydonlarda suv yig’iladigan joylar bo’lsa, unda tuproq va tozalash ishlari boshlanmasdan oldin yuza suvlarini chetlatuvchi qurilmalarni qurish kerak bo’ladi. Agar ishlov beriladigan tuproqning namligi mehyordan ortiq bo’lsa, unda tuproqni quritish choralari ko’riladi.
Agar avtomobil yo’lining qurilish surhati yer osti inshootlarini qurish ishlaridan oldinda bo’lsa, unda tegishli idoralar bilan kelishgan holda, yo’l poyining butunligini saqlash uchun inshootlar o’tkaziladigan joylarda kojuxlar yoki boshqa xildagi qurilmalar o’rnatiladi.
Qurilish ishlari tugagandan so’ng vaqtincha foydalanishga ajratilgan yer maydonlari loyihada ko’rsatilgandek qayta ishlanib, foydalanuvchilarga topshirilishi zarur.
Asosiy ishlarni bajarishdan oldin yo’l mintaqasini daraxt, buta, to’nka, yirik toshlar va boshqalardan tozalanadi. So’ngra yo’l quriladigan mintaqadagi o’simlik qatlami 0,15 -0,20 m qalinlikda buldozer yoki avtogreyder yordamida qirqib, chetga surib qo’yiladi. Uni keyinchalik yo’l poyi yonbag’ir qiyaligini mustahkamlash uchun ishlatiladi.
Yo’l mintaqasini ishlari taqsimlash grafigini qurish uchun koordinata o’qlarida yo’l uzunligi va grunt ishlari hajmini joylashtiramiz. O’qdan yuqorida o’yma, quyida ko’tarma hajmlari joylashtiriladi. Grafikda ko’tarmani barpo qilishda grunt qaerdan keltirilishi va o’ymada ishlaganda ortiqcha grunt qaerga ishlatilishi ko’rsatilishi kerak. Shu maqsadda eng avvalo, o’ymadagi gruntni taqsimlashni ko’rsatishimiz kerak. O’ymadagi grunt ko’tarma hosil qilishi uchun to’liq ishlatiladi. Etmay qolgan gruntni skreperlar yordamida 100-500 m masofada yon rezervdan tashiladi. Agar yon rezervdagi grunt yaroqsiz bo’lsa, u holda ko’tarma tashib keltiriladigan gruntdan barpo qilinadi. Yo’l poyini qurishda 2 m gacha bo’lgan ko’tarmalarni yon rezervdan barpo qilishda buldozerlardan, 2 m dan yuqori bo’lgan ko’tarmalarni o’ymadan yoki yon rezervdan 500 m gacha bo’lgan masofadan tashib keltirib qurish uchun skreperlarni qo’llash maqsadga muvofiqdir. Yo’l poyini qurishda gruntning o’rtacha tashish masofasi 2 km bo’lsa, u holda ekskovator va avtomobil-samosvallardan foydalangan holda olib boriladi.
Asosiy qurilish ishlarini “grunt ishlarining taqsimlanish grafigi”ga asoslanib olib boramiz.
a) ko’tarmani karerdan tashib keltiradigan grunt yordamida barpo qilish:
Ekskovator yordamida gruntni karyerda ishlash
Avtosamosvallar yordamida gruntni trassaga tashish
Avtogreyder (buldozer) yordamida gruntni yoyish
Suv sepuvchi mashina yordamida gruntni optimal namlikka yetguncha suv sepib namlash
Yengil va og’ir katoklar yordamida gruntni zichlash
b) Ko’tarmani yon rezervdagi gruntdan barpo qilish
Skreper yordamida yo’l ko’tarmasini barpo qilish
Suv sepuvchi mashinalar yordamida gruntni namlash
Yengil va og’ir katoklar yordamida ko’tarmani zichlash
v) Gruntni o’ymadan ko’tarmaga surib yo’l poyini barpo qilish (50-100 m gacha)
Buldozer yordamida gruntni o’ymadan ko’tarmaga surish
Avtogreyder yordamida yoyish
Suv sepuvchi mashinalar yordamida gruntni namlash
Yengil va og’ir katoklar yordamida zichlash
Do'stlaringiz bilan baham: |