Reglament
155-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan Qonunchilik palatasiga qaytarishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonun bir oy muddat ichida Qonunchilik palatasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
156-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan va Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan mas’ul qo‘mitaga topshiriladi.
Kengash mas’ul qo‘mitaning xulosasini olgach, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi masalani Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibi loyihasiga birinchi navbatda kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni Qonunchilik palatasining majlisida qayta ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va fikrlarini, ushbu takliflar va fikrlar bo‘yicha mas’ul qo‘mitaning xulosasini bayon etishdan boshlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
qonunni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va fikrlarini inobatga olgan holda qabul qilish;
qonunni bundan buyongi ko‘rib chiqishdan olib tashlash;
qonunni avvalgi qabul qilingan tahririda ma’qullash.
157-modda. Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va fikrlarining, shuningdek mas’ul qo‘mitaning ushbu takliflar va fikrlar bo‘yicha xulosasining muhokamasi tugaganidan keyin ushbu takliflar va fikrlarni hisobga olgan holda qonunni qabul qilish yoki bundan buyongi ko‘rib chiqishdan olib tashlash to‘g‘risidagi taklif ovozga qo‘yiladi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va fikrlari qonunni yanada maromiga yetkazishni taqozo etsa, Qonunchilik palatasi mazkur qonun ustidagi ishni qonun loyihasining birinchi o‘qish tartib-taomilidan boshlab davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Agar deputatlar umumiy sonining ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va fikrlarini inobatga olgan holda qabul qilingan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti takliflari va fikrlarining bir qismi ma’qullangan taqdirda, qonunni qabul qilish keyinga qoldiriladi. Mas’ul qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangan takliflari va fikrlarini hisobga olgan holda qonun matnini tayyorlash hamda qonunni Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etish topshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining loaqal bitta taklifi yoki fikri rad etilgan taqdirda qonunni qabul qilish uchun deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi talab qilinadi.
Mas’ul qo‘mitaning taklifiga binoan qonunni Qonunchilik palatasi avval qabul qilgan tahririda ma’qullash to‘g‘risidagi masala Qonunchilik palatasida ovozga qo‘yilishi mumkin. Bunday holda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi va ma’qullash uchun Senatga yuboriladi.
Agar Qonunchilik palatasi qonunni bundan buyongi ko‘rib chiqishdan olib tashlash to‘g‘risida to‘xtamga kelsa, palata qaror qabul qiladi, ushbu qaror ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va Senatga yuboriladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qayta ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmasdan Senatga yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |