2- mavzu. Markaziy Osiyo sivilizatsiya o’choqlaridan biri



Download 37.96 Kb.
Sana24.02.2017
Hajmi37.96 Kb.
2- Mavzu. Markaziy Osiyo sivilizatsiya

o’choqlaridan biri.

(Central Asia is one of the centres of human civilization)



Reja:

1.“Madaniyat” va “Sivilizatsiya” tushunchalarining mazmun mohiyati va ularning o’zaro bog’liqligi va farqi.

2. Markaziy Osiyo hududida ibtidoiy jamoa tuzumi va uning tarixiy davrlari.

3. Ibtidoiy jamoa tuzumiga xos manzilgohlar.

4. Qadimgi davrlarning ma’naviy asoslari.
Mashg’ulot maqsadi: insoniyatning paydo bo’lishi, uning madaniy hayoti va sivilizatsion jarayonlar haqida to’liq tassavvurga ega bo’lish.
Tayanch tushunchalar: madaniyat, sivilizatsiya, ibtidoiy davr, patriarxat, neolit, tosh qurollar, birinchi mehnat taqsimoti, manzilgohlar va h.k.

Hozirgi O’zbekiston hududi qadimgi davrlardan boshlab madaniy jarayonlar va sivilizatsiya o’choqlaridan biri bo’lganligini barcha olib borilgan tarixiy va arxeologik tadqiqotlar isbotlaydi. Shu o’rinda albatta, “madaniyat” va “sivilizatsiya” tushunchalarining mazmun mohiyati haqida to’htalish lozim (Garchi bu Madaniyatshunoslik fani predmetida yoritilsa ham).

Keyingi davrlardan ilmiy adabiyotlarda “madaniyat” tushunchasiga 250 dan ortiq ta’riflar berilsada, ularning mazmun mohiyatida bir birini to’ldiruvchi jihatlar mavjud. Ayrim ilmiy manbalarda “madaniyat” lotincha “kulьtura” so’zidan olingan bo’lib, ta’lim tarbiya, shu jumladan, yerga dastlabki ishlov berish ma’nosini anglatadi deyilgan bo’lsa (Xorujenko K.M. Kulьturologiya - ensiklopedicheskiy slovarь. Rostov Don: Feniks. 1997), boshqa o’quv adabiyotida “madaniyat” – arabcha “madinalik” shaharlik degan ma’nolarni anglatadi deb yozilgan (Bekmurodov M va boshqalar. Sotsiologiya. T: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002). Ayniqsa O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning madaniyatga bergan ta’rifi diqqatga sazovar bo’lib. Keng ma’noni qamrab olgan: “Madaniyat degan so’zni keng ma’noda tushunish kerak. O’z vaqtida ishlab, o’z vaqtida dam olish – bu ham madaniyat. Quriladigan uyni guvaladan emas, pishiq g’ishtdan mustahkam qilib qurish – bu ham madaniyat. O’z uyi, o’z mahallasi tozaligi va obodonchiligiga e’tibor berish – bu ham madaniyat” (Karimov I.A. Tinchlik va xavfsizligimiz o’z kuch-qudratimiz, hamjihatligimiz va qat’iy irodamizga bog’liq. 12 jild. T:O’zbekiston, 2004). Darhaqiqat, ajdodlarimiz o’z ijtimoiy hayotlarida oddiy kundalik turmushdan yuksak madaniy taraqqiyotga erishib keldi. Sodda mehnat qurollari bugungi kunda eng taraqqiy etgan texnologik ish qurollariga aylandi, chayladan bunyod etilgan turar joylar bugungi kunda zamonaviy xonadonlarga aylandi. Bularning barchasi insoniyatning asrlar davomidagi ongidagi taraqqiyoti natijasidir.

Sivilizatsiya tushunchasi nima? Sivilizatsiya – bu dunyo xalklarining turli davralarda xayotning hamma sohalarida, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda erishgan yutuqlari hamda taraqqiyot bosqichiga ko’tarilish jarayonlaridir. Bu jarayonlar esa insoniyatning paydo bo’lishi va rivojlanishi, jamiyatning rivojlanish darajasi, moddiy va ma’naviy madaniyatning yuksalishi, qabilalar va xalqlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni o’z ichiga oladi.

Aslini olganda “sivilizatsiya” tushunchasi muayyan bir hudud davlat, umuman, jahon, ularning ijtimoiy- siyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishining ma’lum bir bosqichiga nisbatan qo’llaniladi. “Sivilizatsiya” lotincha “sivilus” so’zidan olingan bo’lib, aynan “fuqarolikka oid” degan ma’noni angalatadi (Falsafa asoslari. Tuzuvchi va mas’ul muharrir Q.Nazarov. T.:O’zbekiston, 2005). Sivilizatsiyaga berilgan ta’riflardan ko’pchilik uni madaniy-texnik taraqqiyotning yuqori bosqichi, ba’zilar esa jamiyat tarixiy davri, ma’lum bir qolipdagi namunasi (“formatsiya” bilan tenglashtiriladi), boshqalar esa, insoniyatning yovvoyilik va vahshiylikdan so’nggi taraqqiyot davri deb belgilashadi. Nima bo’lganda ham bizningcha, madaniyat va sivilizatsiya uzviy bog’liq bo’lib, bir biri bilan to’ldiradi, bir birsiz sodir bo’lmaydi. Shuning uchun ularning rivojlanishini quyidagicha tasavvur etish mumkin: Madaniyat – Sivilizatsiya – Inqiroz.

Mehnat qurollari umumniki bo’lgan va umumiy turmushga ega bo’lgan insoniyatning dastlabki bosqichi ibtidoiy jamoa tuzumi deyiladi. Ibtidoiy jamoa tuzumi – kishilik jamiyati tarixining boshlang’ich va tarkibiy qismi bo’lib, u juda katta davrni o’z ichiga oladi. Ibtidoiy jamoa davri kishilari ibtidoiy to’da va urug’–aymoqchilik deb atalgan ikki davrni o’z boshlaridan o’tkazganlar. Ibtidoiy jamoa tuzumi tarixchilar tomonidan asosan moddiy manbalar asosida o’rganilgan.

Ma’lumotlarga qaraganda yer yuzida odamlar bundan 3,5 -3 million yillari ilgari (ayrim manbalarda 3–2 million yillari ilgari) paydo bo’lgan. Odamlarning kelib chiqishi va rivojlanishi tarix fanida antropogenez deb ataladi (“antropos” – odam, “genezis” – rivojlanish).Odamning dastlabki makonlari Sharqiy Afrikaning Olduvay darasi, Indoneziyaning Yava oroli bo’lgan. Bu odamlar pitekantroplar bo’lib, “janub maymuni” deb atalgan. Biroq yaqinda olimlar Efiopiyadan 20 yoshli ibtidoiy ayolning suyak qoldiqlarini topishdi (Arxeolog R.Sulaymonov ma’lumotlari). Dastlabki odamlar fan tilida Homo habilis – “Ishbilarmon odamlar” deb yuritilgan. “Ishbilarmon odamlar”ning vakillari bo’lmish zinjantrop va avtralopiteklar (lotincha janub maymuni) bundan 3–2 million yillar oldin yashaganlar. Pitekantroplar miloddan 700–600 ming yillar, sinantroplar esa (Xitoy odami) 600–500 ming yillar ilgari yashagan. Ular ilk paleolit davri odamlari hisoblanadi. O’zbekiston hududidan eng qadimgi odamlar ilk paleolit davrida taxminan 700–500 ming yillar oldin paydo bo’lgan. Bu odamlar Xitoy odami, ya’ni sinantroplar mansub bo’lgan. Shunday qilib, ibtidoiy jamoa tuzumi davri quiydagi davrlarga bo’linadi: Paleolit – mezolit – neolit – eneolit – bronza. Temir davri ibtidoiy jamoa tuzumi davriga kirmaydi, chunki bu davrda bizning hududimizda davlatlar paydo bo’lgan. Umuman mavzuni o’rganishda davrlarning quyidagi muhim xususiyatlariga e’tibor qaratish lozim:

Har bir davrning sanasi;

Har bir davrning o’ziga xos muhim yangiligi;

Har bir davrga xos manzilgohlarni yodda saqlash.

Paleolit davri (paleos – qadimgi, litos – tosh) miloddan avvalgi 3 – 2 mln. – 12 mingyilliklarni o’z ichiga oladi. Bu davr o’z navbatida 3ta muhim bosqichga bo’linadi:

Ilk paleolit – mil.av. 700–100 mingyilliklar (Ashelь davri).

O’rta paleolit – mil.av.100–40 mingyilliklar (Mustьye davri).

So’nggi paleolit – mil.av. 40–12 mingyilliklar (Madlen davri).

Dastlabki paytda odamlar g’orlarda to’da holda yashashgan, mehnat quroli ham umumniki bo’lgan. Biologik mavjudot payti odamlar hech narsani o’zlashtirmaganlar, keyinchalik ijtimoiy mavjudga aylanishi bilan olamlar asta sekin tabiat borliqlarini o’zlashtira boshlaganlar. Ilk marta ular toshdan mehnat qurollarini o’zlariga qulay holda yaratganlar, ya’ni daryo toshlarini yo’nib, parmalashni o’rganganlar.Bir tomoni o’tkirlashgan qo’pol daryo toshlari chopperlar deb ataladi.

O’rta paleolit odamlari neandertallar deb ataladi. Bularning ilk qoldiqlari Fransiyaning Neandertalь shahridan topilgan. O’zbekiston hududida esa neandertalь odam qoldig’i Surxondaryo viloyatidagi Teshiktosh g’oridan topilgan bo’lib, bu 9 yoshli bolaga mansub. Neandertalь bolaning kalla suyaklari antropolog olim M.Gerasimov tomonidan tiklangan, arxeolog Okladnikov tomonidan topilgan.

So’nggi paleolit davrida insoniyat hayotida juda ko’plab o’zgarishlar sodir bo’lgan. Ular quyidagilar:

Urug’chilik jamoasining paydo bo’lishi (oilalarning paydo bo’lishi);

Matriarxat davrining boshlanishi, oilani ayol kishining boshqarishi;

Irqlarning (mongoloid, yevropoid. negroid) paydo bo’lishi;

Sun’iy olovning kashf etilishi;

Ilk turar joylar (g’orlardan chayla va yarim yerto’lalarga chiqilishi);

Ilk diniy tasavvurlar (fetishizm, animizm, anamizm, totemizm, mug’onalik va h.k.)

Tasviriy san’atning paydo bo’lishi;

Zamonaviy qiyofadagi odamlar (kromanьon)

Nutqning o’sishi;

Ayollar bezagi – taqinchoqlar – munchoq, bilaguzuk, tumorlar.

Paleolit davrining asosiy manzilgohlari: Farg’ona vodiysida Selengur, Toshkent vohasining Ko’lbuloq (Angren yaqinida), Xo’jakent, Obirahmat g’orlari, Samarqand yaqinidagi Omonqo’ton, Takalisoy, Zarafshon vodiysidagi Uchtut va Ijond toshkonlari, Surxondaryo viloyatidagi Teshiktosh g’ori va h.k.

Mezolit davri (“mezos”o’rta, “litos” tosh) ulkan muzlik dari tugashi bilan boshlanadi. Mezolit davrining buyuk ixtirolaridan biri murakkab mehnat qurollarining vujudga kelishi bo’ldi. Odamlar bu davrda o’q-yoy yasashni ham o’rganadi. O’q–yoyning kashf etilishi bilan chopqir hayvonlar va qushlarni ovlash imkoniyati yaratiladi. Kichik bir ovchilar to’dasi endi o’zining barcha urug’doshlarini boqa oladigan bo’ladi. Bu davrda yakka ovchilik, ya’ni ovchilikning kasb bo’lishi alohida ajralib turadigan jihatdir.

Mezolit davri oxirlarida odamlar hayvonlarni o’zlari o’rgata boshlaydilar. Ovchilar itni o’rgatib olishlari bilan ov unumi oshadi. Ular tutib olingan qo’zichoq, echki, buzoqlarni so’ymasdan, manzilgoh yonida zahira tarzida boqadigan bo’ldilar. Mezolit davri oxirlarida Old Osiyoda xo’jalikning yangi tarmog’i – dehqonchilik va chorvachilik vujudga keladi. Neolit davriga kelib bu tarmoqlar keng ko’lamda rivojlanadi.

O’zbekiston hududi mezolit davri odamlariga yashash uchun qulay edi. Bugungi kungacha arxeologlarimiz mezolit davrining yuzdan ortiq manzilgohlarini o’rganganlar. Ayniqsa Farg’ona vodiysi va O’zbekiston janubining tog’ yonbag’irlarida mezolit manzilgohlari ko’proq kashf etilgan. Farg’ona vodiysidagi Obishir manzilgohi misolida ko’rish mumkinki. Bu yerning odamlari miloddan avvalgi 9–8 mingyilliklarida ovchilik bilan kun kechirganlar. Mezolit davri eng qadimgi manzilgohlaridan biri Bo’zsuv kanali bo’yidan (Toshkent shahri hududi) topilgan. Bu yodgorlik miloddan avvalgi 10–9 mingyilliklarga taalluqli bo’lib, Quyilish nomi bilan mashhur.

Mezolit davrining yana bir yodgorligi Boysun tog’larida Machay soyi yonidagi qoya etagidan topilgan. Uni tadqiq etganda Machay g’orida mezolit davri oxirlarida ovchilar va baliqchilar yashaganligi ma’lum bo’ldi. O’zbekiston hududining Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi ko’l va soy bo’ylarida mezolit davri ovchilari va baliqchilari yashaganlar. Keyingi yillarda bu davr manzilgohlari O’zbekistonning boshqa viloyatlaridan ham topildi.

Dastlabki qoya tasvirlarni qadimshunosning qizalog’i kashf qilgan. O’shanda ular Ispaniyaning Altamir g’orida edilar. Ranglar qirmizi va boshqa ranglar bilan ishlangan. Buning siri hanuz ochilmagan. Ular so’nggi paleolitda chekilgan (tosh devorga o’yib ishlangan). O’zbekistonda bunday rasmlar mezolit davrida kashf etilgan. Ularning ayrimlari rang berib ishlangan. Ba’zilari o’yib ishlangan. Surxondaryo viloyatidagi Zarautsoy qoya tasvirlari mezolit davriga oid. Toshga o’yib tushirilgan rasmlar fan tilida petrogliflar deb ataladi (yunoncha “petros”tosh, “glife” o’yish).

Neolit davri (“neo” yangi, “litos”tosh) miloddan avvalgi 6–4 mingyilliklarni o’z ichiga oladi. Arxeologlar neolit davrining boshlanishini sopol idishlar yasashning kashf etilishi bilan belgilaydilar. Mezolit va neolit davrida odamlar mikrolit– toshdan mayda mehnat qurollari tayyorlashni o’rganadi. Shuningdek toshga ishlov berishning ilgari noma’lum bo’lgan usullarini: silliqlash, qirtishlash va burg’alashni ham o’rganadi. Ular endi mehnat qurollari yasashning yangi usullarini, chaqmoqtoshdan parrakchalar chiqarishni ham kashf etadi. Endi toshning keraksiz tomonlari urib tushurilmasdan undan pichoqa o’xshagan parrakchalar, qirg’ich, nayza uchlari charxlab olingan.

Neolit davrida qabilalarning ko’pchiligi o’troq hayot tarziga o’tadi, doimiy yashash uchun manzilgohlar qura boshlaydi. Guvaladan uylar qurish boshlanadi. Urug’ jamoasining qarorgohlari shakllanadi. O’troq hayot tarzi va mehnat qurollarining takomillashuvi jamoalarning ziroat va chorvachilikka o’tishiga olib keladi, turli buyumlar yasay oladigan hunarmandchilikning rivoj topishiga asos bo’ladi.

Bu davrda ishlab chiqaruvchi xo’jalik deb ataluvchi jarayon ham namoyon bo’ladi. Ishlab chiqaruvchi xo’jalik bu– dehqonchilik va chorvachilik uzoq vaqtlargacha urug’ni o’simlik vahayvon mahsulotlari bilan ta’minlab turdi. Termachilikdan dehqonchilik vujudga keldi, ovchilik va hayvonlarni qo’lga o’rgatishdan chorvachilik kelib chiqdi.

Neolit davri muhim kashfiyotlaridan biri kulolchilik, tikuvchilik va to’quvchilik bo’ldi. Endi odamlar baliq va qushlarni tutish uchun to’r ham to’qiydigan bo’ldilar. Sopol idishlar qo’lda yasalgan. Egri va to’r chiziqlar bilan naqshlangan. Jundan ip yigirilgan, mato to’qilgan, kiyim tikilgan. U hayvon terisiga qaraganda ancha qulay edi.

Neolit davrida odamlarning asosiy mashg’uloti ov, baliqchilik va termachilikdan iborat edi. Markaziy Osiyoning janubiy viloyatlarida miloddan avvalgi 6–5 mingyilliklarida neolit davri qabilalari ziroatchilikka o’tadi. Ziroatchilarning dastlabki qarorgohlari jilg’alar bo’ylab joylashgan. Shunday qadimiy makonlardan biri Chaqmoqli deb atalib, Ashgabatdan 40 chaqirimli yerdadir. Tadqiqot ishlari natijasida bu yerdan paxsali bir xonali uylar topilgan. Uylar ichidan chaqmoqtoshdan yasalgan mehnat qurollari, sopol parchalari topilgan. Chaqmoqli Markaziy Osiyoning aholisi ishlab chiqarish xo’jaligiga o’tgan dastlabki qishloqlaridan biri hisoblanadi.

Neolit davrini o’rganishda asosan 3ta yirik madaniyat o’ziga xos xarakterli manzilgohlar sifatida ko’zga tashlanadi. Ular quyidagilar:

Joytun – Turkmaniston janubidagi miloddan avvalgi 6–5 mingyilliklar makonidir.

Kaltaminor – ovchi va baliqchilarning qadimgi yodgorligi. U Xorazmning sobiq Kaltaminor kanali o’zanidagi manzilgohlardan iborat. Bu madaniyatning yaxshi saqlangan makoni bu Jonbos–4 dir.

Hisor – hozirgi Tojikiston hududidagi makonlardan biri bo’lib. Bu manzilgohda chorvachilik va dehqonchilik yaxshi rivojlangan.

Neolit davrining oxirlarida odamlar yana bir kashfiyotni amalga oshirdilar: bu dastlabki metall – mis edi.

Eneolit (mis–tosh davri) bu tosh qurollari bilan misning ishlatilgan davridir. Bu davr miloddan avvalgi 4–3 mingyilliklarni o’z ichiga oladi. Bu davrning asosiy yangiliklari – ona urug’chilik davri o’zining yuqori cho’qqisiga chiqqan davr bo’ldi. Shuningdek, xom g’ishtdan ko’p xonali uylar uylar qurilgan va Markaziy Osiyoning janubida sug’orma dehqonchilik vujudga keldi.

Eneolit davrining asosiy manzilgohlari Turkmaniston janubidan topib o’rganilgan. Bu manzilgohlarga Anov, Namozgoh, Oltintepa makonlari kiradi.

Bronza davri – Markaziy Osiyo hududida bu davr miloddan avvalgi 3–mingyillik o’rtalaridan boshlanadi va miloddan avvalgi 2–mingyillikka kelib o’z rivojining yuksak darajasiga yetadi. Bu davrda o’troq dehqonchilik taraqqiy etadi, yirik qarorgohlar tashkil topadi. Bronza davrining asosiy yangiliklari quyidagi xususiyatlari bilan ajralib turadi:

Bronzaning kashf etilishi;

Ota urug’chilik, ya’ni patriarxat davri;

Birinchi mehnat taqsimoti;

Ilk shahar belgilari;

Hunarmandchilik ustaxonalari;

Birinchi transport (arava) va h.k.

Patriarxat – bu oila va urug’ni ota boshqargan, qarindoshlik ota tomondan belgilangan. Patriarxat urug’chilikka o’tish patriarxal oilaning vujudga kelishiga olib keladi. Bunday oila bir–biriga qarindosh ota urug’i bo’yicha yuritiladigan bir necha avlodlardan iborat bo’ladi. Patriarxal oila umumiy bir xonadonda yashagan, kelishib mehnat qilingan va butun mulk umumniki, ya’ni o’sha oilaniki hisoblangan.

Bronza davrida sug’orma dehqonchilikning keng yoyilishi, kulolchilik charxi va g’ildirakning kashf etilishi, katta – katta inshoatlar qurish ishlarining amalga oshirilishi, ko’plab hayvonlarning qo’lga o’rgatilishi miloddan avvalgi 2–mingyillik o’rtalarida chorvachilikning dehqonchilikdan ajralib chiqishini ta’minladi. Shu tariqa mehnat taqsimoti vujudga keldi. Bronza davrida birinchi mehnat taqsimoti bu – chorvachilikning dehqonchilikdan ajralib chiqishi.

Bronza davrining manzilgohlari quyidagilar:

Zamonbobo – miloddan avvalgi 3–2 mingyilliklarda yashagan qadimgi chorvador va ziroatchilar yodgorligi. Buxoro viloyatining Qorako’l tumanida joylashgan.

Sopollitepa – bronza davrining O’zbekiston janubidagi miloddan avvalgi 2–mingyillikka oid manzilgohi.

Sarazm – eneolit va bronza davri qadim ziroatchilarining miloddan avvalgi 3–2 mingyilliklarga doir manzilgohi.

Jarqo’ton – hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani yaqinidagi manzilgoh bo’lib, jarlik ustidagi qo’ton degan ma’noni anglatadi.

Tozabog’yob madaniyati – miloddan avvalgi 2–mingyillik o’rtalarida Amudaryoning quyi oqimlarida yashagan ziroatchi va chorvador qabilalar madaniyatidir.

Bronza davridagi ilk shaharlarga Sopollitepa, Jarqo’ton va Afrosiyob shahar xarobalari kiradi. Undan tashqari so’nggi bronza davri va temir davriga o’tish davridagi manzilgohlarga esa Xorazm (Yakka porson, Tagisken maqbarasi), Chust madaniyati (Farg’ona vodiysi), Kuchuktepa, Bo’yrachi, Bandixon, Qiziltepa (Surxondaryo viloyati), Sangirtepa, Yangitepa, Yerqo’rg’on (Qashqadaryo vohasi) kabilar kiradi.

Arxeologlar Sopollitepa yodgorligini qazib o’rganishganida bronza davriga xos kenotaflarni topishgan. Bu shundan dalolta beradiki, Sopollitepa aholisi “u dunyo”ga ishonishgan. Marhumning jasadini uning shaxsiy buyumlarini bilan dafn etishgan. Agar inson bedarak yo’qolsa, uning ruhini dafn etganlar. Qabrga sopol idishlar va bronza buyumlar qo’yilgan. Olimlar bunday qabrni kenotaf deb ataganlar. Bir so’z bilan aytganda kenotaf – mayitsiz qabr.

Xulosa o’rnida aytish mumkinki, inson o’zining aqlu zakovati va tafakkuri orqali yuksak rivojlanish darajasiga yetib kelgan. Aynan bizning hududimizda insoniyatning sivilizatsion taraqqiyoti ko’plab tarixchi olimlarimiz tomonidan o’rganilib isbotlab berilgan. Inson o’zining ongi orqali biologik mavjudotdan ijtimoiy mavjudotga aylana oldi (Homo habilisdan homo sapiyensga), hayvonot dunyosiga ajralib chiqdi. Hududimizda qadimgi davrlardan boshlab chorvachilik, dehqonlichilik, bog’dorchilik, polizchilik, savdo va hunarmandchilik madaniyatlari tarkib topdi. Bu yerda yashagan eng qadimgi odamlar ham yaratuvchanlikni o’zida mujassam etgan.

Albatta, ibtidoiy davrning o’ziga xos ma’naviy asoslari mavjud.

Ularda ham bayramlar, marosimlar bo’lganligi, sodda tasviriy san’at rivojlanganligini olimlar aniqlagan. Ibtidoiy odamlar qoyalarga ko’proq ov va tabiat manzaralarini aks ettirganlar (Takalisoy, Sarmishsoy, Zarautsoy, Soymalitosh). Qadimgi odamlar nimadandir g’azablansa yoki xursandchilik (chaqaloq tug’ilsa yoxud ov baroridan kelsa) bo’lsa olov atrofida aylanib raqs tushganlar.

Ibtidoiy davrda tibbiyotning sodda kurtaklari namoyon bo’la boshlagan. Bunday soddalik tibbiyot deb atalmasa, o’sha davrlarda insonlar o’zlarini himoya qilishdagi ijtimoiy zarurat deb qaraganlar. Afrosiyob xarobalaridan tuynugi quyosh ko’proq tushadigan tomonga qarab qurilgan uy ichidagi maxsus xonalar topilgan. Arxeologlar bergan ma’lumotlarga qaraganda, bu ayollarning tug’ruq jarayonidagi xonalar bo’lgan va birinchi doyalar ham ayollar bo’lishgan. Shuningdek, odam kalla suyagining tripanatsiya qilingan bo’lagi, uylarning burchaklaridan zararli hasharotlarni qirib yuboruvchi o’t–ulanlarning kuygan qoldiqlari topilgan. Demak, buni sanitariya gigiyenaning ilk kurtaklari deyish mumkin.

Shuning uchun ham tarix fanida insoniyatning ilk paydo bo’lishini o’rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, bugungi fan texnika, qishloq xo’jaligi yutuqlariga qadimgi davrlardan boshlab asos solingan. Faqat bu keyinchalik insoniyat tomonidan yanada takomillashib bordi.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:

1. Yer yuzida odam qachon va qayerda paydo bo’lgan?

2. Hozirgi O’zbekiston hududidan topilgan odam qaysi davrga taalluqli va odamning qaysi turiga mansub?

3. So’nggi paleolitning buyuk o’zgarishlarini sanang...

4. Yakka ovchilikka o’tish qaysi davrga xos?

5. Ishlab chiqaruvchi xo’jalik nima va qaysi davrga xos?

6. Joytun va Kaltaminor madaniyatlariga qaysi makonlar kiradi?

7. Kenotaf nima?

8. Birinchi mehnat taqsimoti nima va u qaysi davrda paydo bo’ldi?

9. Zamonaviy qiyofadagi odamlar qanday nom bilan ataladi?

10.Sivilizatsiya tushunchasiga ta’rif bering...
Adabiyotlar:

1. Karimov I.A. Tinchlik va xavfsizligimiz o’z kuch-qudratimiz, hamjihatligimiz va qat’iy irodamizga bog’liq. 12 jild. T:O’zbekiston, 2004.

2. Arsixovskiy A. Arxeologiya asoslari. T.: 1970.

3. Asqarov A., Alьbaum A. Poseleniye Kuchuktepa T.: 1970.

4. Arxeologiya hikoya qiladi. T.: 1974.

5. Kabirov J., Sagdullayev A. O’rta Osiyo arxeologiyasi.T.:1990.

6. Qodirov A. Tibbiyot tarixi. T.: Ibn Sino, 1993.

7. Xorujenko K.M. Kulьturologiya - ensiklopedicheskiy slovarь. Rostov Don: Feniks. 1997.

8. O’zbekiston tarixi. A.Sagdullayev., Eshov B. tahriri ostida. 1 jild. T.: Universitet, 1997.

9. Bekmurodov M va boshqalar. Sotsiologiya. T: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002.



10. Falsafa asoslari. Tuzuvchi va mas’ul muharrir Q.Nazarov. T.:O’zbekiston, 2005)

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa