Ijtimoiylashuv jarayonida muhitning о‘rni. Ijtimoiy pedagogikada jamiyat, ijtimoiy muhit avvalambor bolaning yangi muhitlarga integratsiyalashuvi nuqtai nazaridan о‘rganiladi. Shu nuqtai nazardan inson va unga ta’sir qiluvchi tashqi omillarning jamiyatdagi о‘zaro munosabati hamkorlik xarakteriga ega ekanligi muhimdir. Muhit-inson kirishishi, о‘zini qulay sezishi uchun joylashuvinigina yetarli bilishi lozim bо‘lgan kо‘cha, uy va boshqa narsalar emas. Balki, muhit bu alohida о‘zaro munosabatlar tizimi va qoidalari bilan xarakterlanadigan inson jamoalari hamdir. Shuning uchun inson muhitga yangilik kiritadi, muayyan darajada ta’sir qiladi hamda о‘zgartiradi va о‘z о‘rnida muhit ham inson oldiga о‘z talablarini qо‘yadi. U insonni, uning xatti-harakatlarini qabul qilishi ham, inkor qilishi ham mumkin. Muhitning insonga munosabatini insonning yurish-turishi, uning talablariga qanchalik javob berishiga qarab aniqlasa bо‘ladi. Insonning xulq-atvori uning jamiyatda tutgan о‘rni bilan belgilanadi.
Inson jamiyatda bir vaqtning о‘zida bir qancha mavqelarni egallashi mumkin. Masalan, ayol ham rafiqa, ham ona, ham ustoz mavqelarini egallashi mumkin. Har bir mavqe insonga muayyan talablarni qо‘yadi va shu bilan birga unga bir qancha huquqlarni beradi. Insonning jamiyatdagi muayyan huquq va majburiyatlar bilan xarakterlanadigan mavqei ijtimoiy maqom deyiladi. Insonda tug‘ma maqomlar bо‘lishi mumkin.
Insonning ijtimoiy maqomiga millati, tug‘ilgan joyi, familiyasi va boshqa omillar ta’sir kо‘rsatishi mumkin. Bunday maqomlarga odatda tug‘ma maqom deyiladi. Boshqalari esa inson jamiyatda nimalarga mustaqil erishganligiga qarab belgilanadi. Masalan, ijtimoiy pedagog maqomiga shu sohadagi kasb tayyorlovchi о‘quv muassasasida ta’lim olgan va bu soha bо‘yicha diplomga ega bо‘lgan shaxs erishishi mumkin. Yuqoridagi maqomni qо‘lga kiritilgan maqom desak adashmagan bо‘lamiz.
Maqom insonning jamiyatdagi xulq-atvorini muayyan vaziyatlarda о‘zini shu maqomdagilar holatiga kо‘ra belgilaydi. Atrofdagilar u shaxsdan nima kutishlari xam muhimdir. Shuning uchun inson maqomi bilan belgilanadigan xulq-atvor ijtimoiy rol deyiladi. Turli ijtimoiy rollarni о‘zlashtirish shaxs ijtimoiylashuvi jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi. Uning murakkablik jihati shundaki, jamiyatda faqat jamiyat tomonidan ma’qullanadigan maqomlar bо‘lmasdan ijtimoiy norma va qadriyatlarga mos kelmaydigan maqomlar ham mavjud. Shuning uchun bola shakllanish va rivojlanish jarayonida ham ijobiy, ham salbiy rollarni о‘zlashtirishi mumkin.
Pozitiv rollarga avvalo oila a’zosining rolini kiritsak bо‘ladi. Oilada bola bunday rollarning bir nechtasini о‘zlashtiradi: о‘g‘il yoki qiz, aka yoki opa, jiyan, nabira, shuningdek, bobokalonlari bilan ham tanishishi mumkin.
Bola о‘z rivojlanishi davomida о‘zlashtiradigan yana bir muhim roli bu jamoa a’zosi rolidir. Bolalar bog‘chasi va maktabda, sport tо‘garagida tengqurlari bilan muomala qilganda, bola jamoa a’zosi, о‘rtoq, dо‘st, о‘quvchi, yetakchi kabi rollarni о‘zlashtiradi. Har bir inson iste’molchi rolini bajaradi. Chunki u hayoti mobaynida zarur bо‘lgan narsalarga doim ehtiyoj sezadi. Bular: ovqat, kiyim-kechak, kitob va boshqalar. Jamiyat insonga taqdim etgan xizmatlardan oqilona foydalana olishni bola yoshligidayoq о‘zlashtirishi lozim.
Yana bir muhim ijtimoiy rol-о‘z vatani fuqarosi bо‘lish, uni sevish, u bilan faxrlanish, vatanparvar bо‘lish bilan bog‘liqdir. Shu bilan birga bola о‘zlashtirishi mumkin bо‘lgan boshqa rollar ham bor. Masalan, mutaxassis roli. Uni bola maktab, litsey yoki boshlang‘ich kasbiy bilim yurtlarida о‘zlashtiradi. Salbiy rollarga daydi, tilanchi rollarini misol qilsak bо‘ladi. Katta shahar kо‘chalarida, magazin, bozor, jamoa transportlarida tilanchi bolalarni ham uchratishimiz mumkin. Ular bu rollarga kо‘nikishgan. О‘tgan-qaytganlardan mohirlik bilan pul undirib olishadi. Ular orasida о‘g‘irlik bilan shug‘ullanadiganlari ham uchraydi. Ba’zi hollarda bо‘lsa, ularni bu ishga kattalar undashadi.
Bolaning xulq-atvor mexanizmlarini о‘zlashtirishi unga ijtimoiy munosabatlarga muvaffaqqiyatli moslashuvini ta’minlaydi. Ijtimoiy moslashuv deganda shaxsning ijtimoiy muhit sharoitlariga kо‘nikishi tushuniladi.
Ijtimoiy moslashuv bolaning muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvining sharti va natijasi hisoblanadi. Bu asosan uch yо‘nalishda olib boriladi: faoliyat, muloqot va anglash. Faoliyat sohasida bolada faoliyat turlarining kengayishi, faoliyatning zaruriy shakl va vositalarini qо‘lga kiritishi, muomala doirasining kengayishi, uning mazmunining chuqurlashishi, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor meyorlarini о‘zlashtirishi sodir bо‘ladi. Anglash sohasida о‘z “Men”i obrazini shakllantirish, о‘zining ijtimoiy mansublik va ijtimoiy о‘rnini anglash rо‘y beradi. Bu jarayonlarning barchasini tarbiya tartibga soladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |