51.Turkistonda 1916 yilgi xalq qo‘zg‘oloni va uning tarixiy ahamiyati.
XX asr boshlariga kelib Rossiyadagi ijtimoiy, siyosiy vaziyat Turkistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. O‘lka hududida demokratik-inqilobiy harakatlar avj ola boshladi. Bu harakatlarni biz nafaqat rus aholisi orasida, balki mahalliy mehnatkashlar orasida ham kuzatamiz.
Turkiston o‘lkasi hududida temir yo‘llarning qurilishi, zavod va fabrikalarning ishga tushirilishi Rossiya markaziga ko‘plab o‘lka boyliklarini chiqib ketishini osonlashtirdi. Bu jarayon mahalliy aholi ahvolini yanada og‘irlashuviga sabab bo‘ldi. Turkiston o‘lkasi hududida dehqonlar g‘alayonlari, norozilik chiqishlari ortib bordi.
Rossiyaning 1914 yilda boshlagan birinchi jahon urushiga tortilishi natijasida mahalliy xalqdan olinadigan soliqlar miqdori oshib bordi. Turkiston o‘lkasi hududida ersiz dehqonlarning soni ko‘paydi. CHor hukumatining 1916 yil 25 iyunda «Urush borayotgan joylarda mudofaa va harbiy inshootlarni qurish, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan jamiki boshqa ishlarni bajarish uchun rus bo‘lmagan aholining erkak qismini jalb etish to‘g‘risidagi» farmoni e’lon qilindi. Ushbu farmonga muvofiq hozirgi O‘zbekiston hududlaridan 19-43 yoshgacha bo‘lgan 250 mingdan ziyod erkak aholi front ortidagi ishlarga (mardikorlikka) chaqiriladigan bo‘ldi.
Mardikorlikka ketadiganlar uch oyda qaytib kelishlari va bungacha ularning oilalari hukumat tomonidan ta’minlanishi va’da qilindi. Ro‘yxatga olish davomida amaldorlar boylik orttirish payida bo‘lishib, boylarning bolalarini pul evaziga ro‘yxatga kiritishmadi. Bu xalq noroziligining ortib borishiga sabab bo‘ldi. 1916 yil iyul oyidan mahalliy aholining qo‘zg‘oloni boshlandi. 4 iyul kuni Xo‘jandda, 5 iyul Samarqand viloyatida, 9 iyul kuni Qo‘qon uezdida, 10 iyul kuni Marg‘ilonda, 11 iyulda Samarqand va Toshkentda mardikorlikka olishga qarshi qo‘zg‘olonlar boshlandi. 1916 yil 18 iyulda butun Turkiston harbiy holatda deb e’lon qilindi.
1916 yildagi harakatlarning eng kuchaygan nuqtasi 13 iyul kuni boshlangan Jizzax qo‘zg‘oloni bo‘ldi. Jizzaxdagi qo‘zg‘olonga Nazirxo‘ja Abdusalom o‘g‘li, Abdurahmon Jevachi kabi xalq yo‘lboshchilari boshchilik qilib, aholini mustaqil beklik tuzishga chaqirdilar. Qo‘zg‘olon davomida temir yo‘l bekatlari, ko‘priklar vayron qilingan.
Jizzaxning yangi shahariga etib kelgan polkovnik Afanasevning jazo otryadi qo‘zg‘olonchilardan engildi. SHundan keyin Turkiston general-gubernatori yuborgan polkovnik Ivanov boshchiligidagi katta harbiy kuchlarga ega bo‘lgan jazo otryadi qo‘zg‘olonni shafqatsizlik bilan bostiradi. CHor qo‘shinlari bilan so‘nggi to‘qnashuv 1916 yil 21 iyulda Qilich qishloqida bo‘lib o‘tdi. Mingga yaqin kishi hibsga olinib, jazolandi. 1916 yilgi qo‘zg‘olon hukmron sinflarning zulmiga qarshi qaratilgan xalq qo‘zg‘oloni edi. Qo‘zg‘olonni harakatga keltirgan asosiy kuch dehqonlar va hunarmand kambag‘allar bo‘ldi.
Qo‘zg‘olonchilarni mahalliy ziyolilar, ruhoniylarning bir qismi qo‘llab-quvvatladi. Qo‘zg‘olon bostirilgach, uning yo‘lboshchilari jazoga tortilib, o‘limga mahkum etildi. Jami 51 kishi qatl etildi, 168 kishi surgun qilindi, 128 kishi qamaldi, 228 kishi turli jazo xizmatlariga safarbar etildi. 1916 yilgi qo‘zg‘olon butun mustamlakachilik davomida Turkistondagi eng qudratli va uyushgan qo‘zg‘olon bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |