Tarjimai hol
1921 yil 1 mart kuni Toshkentda tug‘ilgan
Ijodiy faoliyatini 1941 yildan boshlagan.
1945 yil Toshkent konservatoriyasini tamomlaydi.
1950 yil Leningrad konservatoriyasini tamomlaydi.
1950-1953 yillar Leningrad konservatoriyasi aspiranturasida tahsil oladi.
Ilk bor kinoda 1957 yil ishtirok etgan (“Baxt uchun”).
2011 yil 18 dekabr kuni vafot etgan.
Ikrom Akbarovning musiqa olamiga kirib kelishi yorqin va shiddatli bo‘lgan. Hamza nomidagi musiqa bilim yurtining fortepiano bo‘limini tamomlagach, Toshkent konservatoriyasining bastakorlik fakultetiga kirib, o‘qishini davom ettirgan. (Moskva konservatoriyasi pedagoglari Yu.Fortunatova, keyinchalik S.Vasilenko, L.Revutskiy, A.Kozlovskiylardan saboq oldi), so‘ng I.Akbarov Leningrad konservatoriyasida aspiranturani (pedagoglar M.Shteynberg, keyinchalik - B.Arapova, V.Voloshinovalardan musiqa san’ati sirlaridan tahsil oldi) tamomlaydi. O‘qish davrida ko‘p qirrali qobiliyati namoyon bo‘ldi.
I.Akbarov kamera-cholg‘u, simfoniya, vokal kabi turli musiqa janrlarini faol egallaydi. Ko‘plab musiqiy asarlarida muallif ona yurtining chiroyini musiqaviy ohangrabo orqali ochib berish barobarida, milliy musiqa madaniyati bilan ifodalagan. Akbarovning keyingi ijodiy faoliyati turli musiqiy madaniyatlar bilan chambarchas bog‘liq — mumtoz va zamonaviy rus musiqasini o‘zlashtirishi, hind, ispan, qirg‘iz va albatta, o‘zbek musiqa madaniyati xazinasiga murojaat qilganligini aytish joiz. Bir so‘z bilan aytganda, bastakor turli maktablar tajribasini mohirona umumlashtirib, umummilliy musiqiy manbalarga xuddi o‘zining qardoshidek yondoshgan. Bastakorning dunyoqarashi keng va xilma-xildir. Lekin Akbarovning shon-sharafi birinchi navbatda o‘zbek simfoniyasining shakllanishi bilan bog‘liq.
Ikrom Akbarov va o‘zbek simfonik musiqasi uzviy bog‘liqdir. Bastakorning ijodi mazkur janrning rivojlanishini, deyarli kelib chiqqan davridan boshlab ajoyib ifodalaydi. Bastakor eng ko‘p e’tiborni instrumental janrlarga (poema, uvertyura, konsert, simfoniyaga) qaratgan, shuningdek u sonataga ham e’tiborini qaratib, u bunda istrumentral-umumlashtirilgan fikrlashga tayangan. I.Akbarov ijodiy yo‘nalishining bunday shakllanishida Leningrad konservatoriyasidagi pedagoglarning ta’siri bo‘lgan. Biroq, bu Akbarovni yorqin milliy musiqadan uzoqlashtirmadi, qadrdon musiqa madaniyati o‘rtasidagi ziddiyatga olib kelmadi.
Akbarov saralangan janrlarda ijod qilarkan, poema, syuita o‘zbek simfonizmining umumiy rivojlanish yo‘nalishini aks ettiradi. Zero, monodiyaning o‘ziga xos sifatlarini anglash jarayoni mavzuviy darajada bo‘lib, janrning o‘zi esa o‘zlashtirilishi kerak bo‘lgan ovrupacha tuzumga ega ma’lum bir muammo o‘rnida izohlangan. Shu sababli ijodkorning tanlovi aniq. Va faqat mazkur simfonik musiqa turlaridan so‘ng I.Akbarov “Samarqand hikoyalari” simfoniyasini yaratadi. Aynan shu davrlarga kelib simfoniya janri o‘zbek mualliflari orasida yetakchi o‘rinni egallagan. Professional texnikaga ega bo‘lgan bastakorlar endilikda avvalgi davrlarga nisbatan yanada mukammalroq masalalarga yechim topishadi. Asarlarning tuzilishi “ifodali-semantik va tizimli elementlarning birligi” sifatida qabul qilinuvchi, janr “tarkib turi” o‘rnida tushuniluvchi, turli, mustaqil tuzumlar yechimiga yo‘l ochilgan davri keldi.
“Samarqand hikoyalari”dagi monodiyaviy fikrlashning alohida jihatlari rivojlanish jarayonlari va ayniqsa, asar dramaturgiyasida seziladi. Ammo, aytish joizki, simfoniyachi mualliflar avvalgi davrlarda folklar siymolarga xos qonuniyatlardan foydalanishgan bo‘lsa, endilikda ular simfoniyaga og‘zaki an’anaviy professional janrlarning hususiyatlarini - eng avvalo, maqomni joriy qilishga harakat qilishadi. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, simfonizm O‘rta Osiyoning mumtoz monodiyaviy merosiga juda boy mamlakatlarida samarali rivojlanadi. Mazkur xazinadan foydalangan holda, bastakorlar ovrupa janri qonunlarini ko‘rib chiqib, simfoniyaning “milliy” uslubini yaratishadi. Shunday qilib, Akbarovning “Samarqand hikoyalari” simfoniyasining besh qismi timsoliy va temp xilma-xilligi asosida joylashganligi ostida maqom tuzilmasi xususiyatlari yotadi: toq, chuqur-lirik bo‘lim - sekin temp, juft - tez temp. Shakl hosil qilish, manbaa bayoni usullari milliy qonunlarga asoslangan holda tuzilgan, bastakor ularni simfonik rivojlanish mantig‘iga bo‘ysuntiradi, natijada, milliy va an’anaviy-simfonik yo‘nalishlar uzviy bog‘lanadi. Sharqiy monodiya hislatlarni afzal ko‘rish Akbarov ijodiga xos. “Samarqand hikoyalari”dagi u hosil qilgan o‘ziga xos qotishma kelajakda tegishli o‘sish bo‘lib xizmat qildi.
San’atning o‘ziga xos uslubiyatidan foydalanib, jahon musiqa madaniyati taraqqiyotiga tayangan holda, Akbarov bir butun dramatik asar yaratdi. “Navro‘z” simfoniyasi sifat darajasidan qaraganda yangi, zamonaviy, adabiy dunyoqarashga ega janr rivojining isbotidir. Keng dunyoqarashga ega, doim izlanuvchan, respublikaning musiqa olamiga jonli qiziqish bastakor Ikrom Akbarovga xos xislatlar bo‘lganligi bois, uning ijodini mazmunli boyitgan va O‘zbekistonning professional musiqa san’atini boyitishda davom etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |