1916 yil qo'zg'oloni o'zbek xalqining milliy ozodlik uchun olib borgan kurashi tarixining yorqin sahifalaridan biridir. Nafaqat Turkiston, balki Markaziy Osiyo va Qozog'istonning ham ko'pgina shahar va qishlokdarida gurillab yongan qo'zg'olon olovi, bir tomondan, chor hokimiyati o'tkazgan zulmning haddan oshgani, ikkinchi tomondan, XX asrning 10-yillariga kelib mo'min-musulmon xalqlarning ijtimoiy ongi o'sib, o'z haq-huquqini tiklash va mustamlakachilik kishanlarini parchalash uchun kurashga astoydil otlanganidan darak berdi.
Jadidlarning bu milliy ozodlik harakatiga munosabati haqida juda oz yozilgan. Bu oz ma'lumotlarda ham ularning 1916 yil qo'zg'oloniga bo'lgan munosabati faqat salbiy baholanib kelingan.
Hamza ijodining ilk tadqiqotchilaridan biri Sharif Rizo "Yangi saodat kurashchisi" (1939) degan maqolasida mazkur masalaga to'xtab, bunday yozgan: "Kechagina "oh, millatim!" deb tilini osiltirib yurgan jadid ziyolilari va o'zbek boylari oq podshoga o'zlarining sodiqliklarini va uning "ko'p yillar" yashashi uchun har qanday og'ir xizmatga tayyorliklarini bildiradilar". Sharif Rizodan to'rt yil avval "Jadid adabiyotining sinfiy mohiyatiga" sarlavhali maqolasida Hamid Olimjon ham bunday so'zlarni aytgan: "Bu vaqtda o'zlarini yangilik tarafdori, "inqilobiy " xalq uchun kurashuvchi qilib ko'rsatib kelgan, hammaga "och ko'zingni ", deb baqiruvchi jadidlar yo'lda chekilib qoldilar.
Ular isyonchilar bilan, inqilobiy omma bilan bora olmadilar. Isyonchilar va inqilobchilarning yo'li va ishi ular uchun yot va qo'ldan kelmaydigan bo'lib chiqdi ". Atoqli shoir mazkur masala xususidagi fikrlarini jamlab, "Qo'zg'olonni bosish, isyonni tugatishda jadidlar chorizmga yordam qildilar " deb yozgan. Shubhasiz, bu har ikkala yozuvchining jadidlarni masxara qiluvchi yuqoridagi so'zlari sovet mafkurasining talabi bilan aytilgan.
Agar bu har ikkala muallif jadidlarning 1916 yil qo'zg'oloniga bo'lgan munosabatlari haqida yo'lma-yo'lakay fikr bildirgan bo'lsalar, sovet davrining taniqli tarixchisi Mavlon Vahobov "O'zbek sotsialistik millati" (1960) kitobida mazkur masalaga maxsus o'rin ajratib, jumladan, quyidagilarni yozgan: "...tug'ilib kelayotgan o'zbek milliy burjuaziyasi va uning mafkurachilari bo'lgan jadidlar 1916 yil qo'zg'oloni davrida podsho hukumatiga qarshi chiqmadilar, aksincha, chorizm va rus burjuaziyasi tarafida bo'ldilar. Shuning uchun Turkistonning o'zbek rayonlaridagi 1916 yil qo'zg'oloni bir butun xalq qo'zg'oloniga aylanmasdan, ayrim shahar va qishloq aholisining yakkama-yakka chiqishidan iborat bo'lib qoldi... O'zbek milliy burjuaziyasi qo'zg'olonga rahbarlik qilgan taqdirda qo'zg'olon katta yutuqlarga erishishi mumkin bo'lardi".
M.Vahobovning zikr etilgan kitobidan keyin kechgan vaqt mobaynida jadidchilik harakati va uning namoyandalari oqlanibgina qolmay, ularning ijtimoiy, adabiy va madaniy-ma'rifiy faoliyati to'g'risida ko'plab kitob, risola va maqolalar yaratildi. Ammo ularda jadiddarning 1916 yil voqealariga munosabati masalasiga aniqlik kiritildi, deyish qiyin.
Jadiddar Turkistonning XX asrdagi ijtimoiy-madaniy hayotida qanchalik muhim o'rin tutgan bo'lmasin, ularning siyosiy partiyaga xos belgilar — rahbarlik qiluvchi markaz, qat'iy harakat dasturi, nizom va a'zolarga ega bo'lmaganini nazardan qochirmaslik lozim. Jadidchilik harakati 1905-1917 yillarda yangi maktab, matbuot, adabiyot va teatr, shuningdek, namoyishlarni tashkil qilish orqali xalq ommasiga muayyan ta'sir o'tkazdi. Lekin bu ta'sir doirasiga xalq ommasining barcha qatlamlari jalb etildi, deyishga asos yo'q. Shuning uchun ham na qurolli kuchlari, na boshqa imkoniyatlari bo'lgan jadiddarning qo'zg'olonning pirovard takdirini bila turib, unga rahbarlik qilishlari mumkin emas edi. To'g'ri, jadidlar "oq podsho"ning mardikorlikka olish haqidagi farmoni munosabati bilan stixiyali boshlangan qo'zg'olondan chetda turishlari, uni ko'rmaslikka olishlari mumkin emas edi. Shuning uchun ham ular qo'zg'olonning dastlabki davrida isyonchilar tarafida bo'ldilar, hatto ularning xatti-harakatlarini qo'llab-quvvatlab turdilar. Lekin Turkistonda harbiy holat e'lon qilinishi bilan aniq harakat dasturiga ega bo'lmagan ommaning stixiyali harakati ko'ngilsiz oqibatlarga olib borishi mumkinligini yaxshi bilgan jadiddar isyonchilarga rahbarlik qilishni o'z zimmalaridan soqit qilib, qo'zg'olonni tinch o'zanga burib yuborishga urindilar.
Buning, shubhasiz, bir necha sabablari bor. Birinchidan, masalan, 11 iyul kuni Toshkentda bo'lib o'tgan qo'zg'olon oqibatida qo'zg'olonchilardan 11 kishi halok bo'lgan, 15 kishi esa jarohat olgan. Qo'zg'olonchilar boshqa shahar va qishloqlarda ham shunday talofat ko'rganlar. Ikkinchidan, sodir bo'lgan vaziyatdan o'z manfaatlari yo'lida foydalanmoqchi bo'lgan ulamo qo'zg'olonga diniy tus bermoqchi bo'lib, xalqni g'azovatga chaqirgan. G'azovat jazavasiga tushgan ommaning esa o'zini ham, "oq podsho" farmoniga aloqasi bo'lmagan rus aholisini ham xonavayron qilishi hech gap emas edi. Uchinchidan, vaziyatning jiddiy tus ola boshlaganini ko'rgan Turkiston general-gubernatorligi 17 iyul kuniyoq o'lkada harbiy holatni joriy qildi. Favqulodda vakolatga ega bo'lgan mahalliy ma'muriyat ommaviy tartibsizlikda ishtirok etgan har bir kishini harbiy holat qonunlariga ko'ra qattiq jazolashi mumkin edi. To'rtinchidan, Turkistonga shu kunga qadar rahbarlik qilgan general-gubernator aholi bilan pachakilashishda ayblanib, uning o'rniga O'rta Osiyoni zabt etishda ishtirok etgan general-ad'yutant A.N.Kuropatkin general-gubernator etib tayinlangan va unga favqulodda vakolatlar berilgan edi. Beshinchidan, chor hokimiyati qo'zg'olonni bostirish uchun o'lkadagi muntazam qurolli kuchlardan tashqari, yana 14 ta batalьon, 33 ta kazak harbiy qismi, 42 ta to'p va 69 ta pulemyot jo'natgan edi.
Ana shunday sharoitda jadiddarning 1916 yil qo'zg'oloniga boshchilik qilishlari xalq ommasini jar yoqasiga yetaklash bilan baravar edi.
M.Vahobov davom etib, yozgan: "Milliy burjuaziyaning qo'zg'olon vaktida qilgan xoinligi jadidlarning xulq-atvorida ochiq namoyon bo'ldi. Jadidlar 1916 yil qo'zg'oloni davrida xalq o'rtasida podsho farmoniga so'zsiz bo'ysunish, front orqasidagi rayonlarda ishlash uchun mardikor berish to'g'risida propaganda yurgizdilar. Ular shaharlarda mardikor olishga yordam komissiyalari tuzdilar. Bu komissiyalar mardikor yoshidagi kishilarni ro'yxatga olish, mardikorga yuborish uchun odamlar yollash, xalqni qo'zg'olon ko'tarishga chaqirgan kishilarni tutib berish kabi ishlarni qildilar..."
Sovet tarixchisining jadiddar sha'niga aytgan uzundan-uzoq aybnomasini shu yerda kesib, quyidagi dalillarni tarix fakti sifatida keltirishni xohlardim.
Tarix fanlari doktori, taniqli olim Hamid Ziyoyev "Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash" (1998) degan kitobida 11 iyul kuni Toshkentda ro'y bergan voqealarni sharhlab, bunday ma'lumotni bergan:
"...Xaloyiq politsiya boshqarmasining mirzasi Terentevning boshini jarohatlagan. Toshbo'ron orqasida Sebzor dahasining mirshabi Said Ismoiljonov, Shayxantahur dahasining mirshablari Tillaxo'ja Eshmuhamedov va Doniyorxo'ja Isaxo'jayev ham yarador qilinadi. Askarlardan uch kishi jarohatlanadi. Olomon boshqarma idorasini toshbo'ron qilib, uning deraza va eshiklarini sindiradi. Shu paytda xotinlarning qo'zg'olonga qatnashayotganini qoralagan Obid usta Azizxo'jayev kaltaklanadi. Bu kishi shahar kasalxonasida o'lgan. Prokuror aybnomasida shu haqda bunday deyilgan: "Marhum Obid usta Azizxo'jayevning ukasi 11 iyulь kuni kasalxonaga borganida, akasi jon berishdan oldin shunday deydi: "Men politsiya boshqarmasining tagida turib, shovqin-suron ko'tarish va toshbo'ron qilish erkaklar turganda xotinlarga munosib emas, dedim. Shu ondayoq kishilar va xotinlar meni ko'chaga sudrab olib chiqishdi. Bu yerda kimlardir biqinimga pichoq urdi".
Bu xotirada tilga olingan Obid usta Azizxo'jayevning jadidlarga hech bir aloqasi yo'q. Biz uning "shovqin-suron ko'tarish va toshbo'ron qilish erkaklar turganda xotinlarga munosib emas", degan so'zlarini okdamoqchi ham, qoralamoqchi ham emasmiz.
Muddaomiz— qo'zg'olonchilarning taxminan shunday so'zlarni aytishi mumkin bo'lgan jadidlarga ham shu tarzda munosabatda bo'lganlarini qayd etishdir. (Oybekning "Qutlug' qon" romanidagi qo'zg'olonchilarning shunday so'zlarni aytgan Abdushukurga bo'lgan munosabatini eslang.)
Obid ustaning ham, jadiddarning ham qo'zg'olonni to'g'ri o'zanga yo'naltirmoqchi bo'lganlarini xoinlik deb baholash to'g'ri emas.
Qurolsiz, uyushmagan, g'oyaviy rahbariga ega bo'lmagan yoki unga bo'ysunmagan ommaning isyon ko'tarish yo'li bilan "oq podsho"ning farmonini bekor qilishi amrimahol edi. Shuning uchun ham jadiddar qo'zg'olonga rahbarlik qilish-ni emas, balki mardikorlikka olish bilan bog'liq ayrim muammolarni hal qilishni o'z zimmalariga oldilar. Negaki, mahalliy ma'muriyat xodimlari ham, qo'li uzun boylar ham beva-bechoralarning farzanddariga ko'z olaytirgan hollar oz bo'lmadi. Xalq manfaatlarini himoya qilish uchun hatto Peterburgga ham murojaat etish zarur bo'lib qoldi. Shunday hollarda xalq dardiga malham bo'lish maqsadida "Turkiston mardikorlikka olish komiteti" va uning shahar bo'limlari tuzildi. Toshkent jadidlarining sardori Munavvar qori Abdurashidxonov ana shu komitetga rais o'rinbosari etib saylandi. U shu lavozimni egallagan kishi sifatida chor hokimiyati olib borayotgan siyosatning noto'g'riligini xalqqa tushuntirish bilan birga murakkab masalalarni hal qilish uchun Peterburgga vakil yuborish ishlarida faol qatnashdi. O'sha kezlarda AF.Kerenskiy rahbarligidagi Davlat Dumasi komissiyasining Turkistonga kelishi Ubaydulla Xo'jayev va Munavvar qori Abdurashidxonovlarning tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Jurnalist va tarjimon Naim Saidning "Hamza Hakimzodani eslaganda" (1929) degan maqolasida mardikorlarning Rossiyaga yuborilgan dastlabki guruhlari (to'dalari) to'g'risidagi bunday so'zlarini o'qiymiz:
"Birinchi to'da uchun Qo'qon "xalqi " tomonidan to'plangan ishchilar (mardikorlar - N.K.) safida shaharning hamma "yalang oyoq " faqirlari jo'natilgan edi. Ikkinchi to'da uchun sotib olarlik beva-bechoralarning o'g'illari kifoya qilmaydi, balki yo'q. Avvalda yuz-yuz ellik so'mga topilgan "bekorchi " yigitlarni hozir ming so'mga ham topib bo'lmaydi. Boyvachchalarni yuborishga otalari rozilik bermaydilar, bunday ishchi kuchi tanqisligi shahar amaldorlarini taraddudga solib qo'ydi. Lekin boylarning cho'ntaklari qulay chora topib berdi.
Shahar kattalari, amaldorlari birlashib, ham mahallada bo'lgan o'rtahol fuqaroni, ularning bolalarini to'g'ridan-to'g'ri chaqirib, majburiy yuborishga qaror qilindi...
Katta puldor va mulkdorlar tarafidan mayda kosiblarga, dehqonlarga bo'lgan hujumga toqat qila olmagan ba'zi ziyolilar bunday noto'g'ri siyosat haqida markazga — Petrogradga (Peterburgga demoqchi. - N.K.) xabar berib, undan komissiya keltirishga muvaffaq bo'ldilar. Bu komissiya kelgan kuni shaharning butun amaldorlarini o'rnidan bekor qilib, podshoning "adolati "dan xalqni mahrum qilganlarga jazo berilishini e'lon qildilar... "
Bu xotira satrlarida tilga olingan "ba'zi bir ziyolilar"dan biri Ubaydulla Xo'jayev bo'lib, u Andijonga kelgan Davlat Dumasi a'zolariga 1916 yil qo'zg'olonining kelib chiqish sabablari to'g'risida bunday ma'lumotni bergan: "Podsho farmoni e'lon qilinmasdan oldin mustamlakachi ma'murlar Andijon xalqini aldab, "Sizlarning o'g'illaringizni frontga olmaymiz, shuning uchun ham armiyani qo'llab, unga ot va boshqa kerakli narsalar bilan yordam bersangiz, pul bersangiz bo'ladi ", degan va bunga ishongan aholi front uchun ko'pdan-ko'p moddiy sarf-xarajatlar qilgan ". Ubaydulla Xo'jayev bunday so'zlarni Davlat Dumasi a'zolari Andijonga kelganlaridan keyingina emas, balki mahalliy boylardan Mirkomil Mirmo'minboyev, andijonlik taraqqiyparvar Vadim Chaykin bilan birga Peterburgga borib, Davlat Dumasi a'zolari oldida ham aytgan, qo'zg'olonning kelib chiqishi va shafqatsiz ravishda bostirilishida mustamlakachi ma'murlarning aybi katta ekanligini aytishdan cho'chimagan. Shunday qilib, jadidlar yuqorida nomlari tilga olingan vakillari orqali Rossiya hukumati va jamoatchiligini mardikorlikka olish vaqtida ro'y bergan adolatsizliklarni bartaraf etishga harakat qilganlar.
Ayni paytda ular talabi bilan Turkistonga kelgan komissiya mahalliy ma'muriyat tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlarni ham fosh etib tashlagan.
"1916 yilgi qo'zg'olonni bostirishda, — deb yozadi Hamid Ziyoyev yuqorida tilga olingan kitobida, — chor ma'muriyati tomonidan yo'l qo'yilgan shafqatsizlikni tekshirgan Duma a'zosi AF.Kerenskiy shunday xulosaga kelgan edi: tub aholining g'alayonlarini bostirish uchun belgilangan jazo ekspeditsiyasi o'ta shafqatsizlik bilan harakat qilib, faqat erkaklarni emas, balki ayollar va bolalarni ham qirib tashlaganlar. O'sha ekspeditsiya aholi turar joylarini shu darajada buzib, yakson etdilarki, bunaqasi urush maydonlarida ham yuz bergan emas".
1916 yil voqealarining ishtirokchilaridan biri uylarning talangani va kuydirilganini aytgan bo'lsa, boshqasi ayrim shahar va qishloqlarning butunlay vayron etilganiga guvoxdik bergan. Muqum O'rdushev ism-sharifli bir guvoh esa mana bunday manzarani chizib bergan:
"Toshkentdan Jizzaxga keldim, — degan u. — Kechasi stantsiyaga yetib, namoz vaktida shaharga tushib ketdim. Yo'lda ko'p soldatlarni ko'rdim. Ularning yonida xalqdan tortib olingan qimmatli ro'zg'or ashyolari tog'-tog' bo'lib yotibdi. Soldatlar qimmatli ipak so'zanalar, atlas va shohi ko'rpalarni yozib qo'yibdilar... Hovliga chiqsalar ham shohi va atlas ko'rpalarni yopinib chiqmoqdalar. Bu yerda xalqdan tortib olingan minglarcha ot-mollar va qo'ylar turibdi. Oyoq ostida bosilib yotgan qimmatli narsalarni ko'rib, juda rahmim keldi... Eski shaharga tushsam, eng yaxshi binolar, mahallalar, shahar ko'chalaridagi timlar, do'konlar oshxonalar va choyxonalar kuyib, yer bilan tep-tekis bo'lgan. U yerda boyo'g'li sayramoqda. Xalq och va yalang'och, juda og'ir ahvolda..."
Shunday manzaralar bilan murosa qila olmagan jadidlar najot yo'lini izlab, Peterburgga ko'z tikkan edilar. To'g'ri, Davlat Dumasining Turkistonga kelgan komissiyasi jadiddarning katta umid va ishonchlarini to'la okday olmadi. Ammo, har qalay, A.F.Kerenskiy chor hokimiyatining aybi bilan Turkistonda ro'y bergan shafqatsizliklarni Davlat Dumasi minbaridan turib dadil ayta oldi.
M.Vahobov jadiddarning og'ir vaziyatda qolgan yurtdoshlari yukini yengil qilishga qaratilgan sa'y-harakatlarini mutlaqo chetlab o'tib, yana bunday yozadi: "Jadidlarning bu davrdagi gazeta va jurnallari qo'zg'olonchilarni qoralaydigan (?), podsho hukumatini maktab, mardikorlikka borish musulmonlarning podsho oldidagi, hatto xudo oldidagi burchlaridan biri, deb tashviqot qiladigan maqolalar bilan to'lib chiqardi (?). Masalan, "Al-isloh"jurnalining 1916 yildagi 16-sonida qo'zg'olonni bostirish uchun podsho tomonidan Turkistonga yuborilgan general-gubernator Kuropatkinga bag'ishlab maxsus maqola bilan chiqdi. Bu maqolada Kuropatkin ko'klarga ko'tariladi, qo'zg'olonchilar beboshlar, tartibsiz kishilar, deb qoralanadi".
Tarixchining bu so'zlari jadiddarni masxaralovchi ohangdan xoli bo'lmasa-da, ularda haqiqat zarralari ham yo'q emas. Chindan-da, jadidlar Kuropatkin sha'niga hamdu sano ay-tishdan o'zlarini tiymadilar. Nafaqat Hamza va Avloniy, balki Tavallo singari shoirlar ham Kuropatkinga madhiya o'qidilar. Ular qo'zg'olonni shafqatsizlarcha bostirish va bundan keyingi g'alayonlarga yo'l qo'ymaslik sharti bilan Turkiston o'lkasining yangi general-gubernatori Kuropatkinning tosh ko'nglini shunday yo'llar bilan yumshatmoqchi bo'ldilar.
Mazkur qo'zg'olon haqidagi rasmiy hujjatlardan shu narsa ma'lumki, 1916 yilning 25 iyulidan 15 sentyabrga qadar bo'lgan davrda harbiy prokuror nazorati 3 mingdan ziyod qo'zg'olonchilarning ishlarini ko'rgan. Sud javobgarligiga 587 kishi tortilgan va ulardan 347 tasi o'lim jazosiga, 104 tasi katorgaga, qolganlari esa turli muddagli qamoq jazosiga hukm qilingan. Bundan tashqari, chor hukumati tuzgan rejaga ko'ra, 250 ming turkistonlik mardikorlikka olinishi lozim edi. Ana shunday sharoitda jadiddar Turkistonning yangi general-gubernatorini "sen yaxshi, sendan it yaxshi" qabilidagi hamdu sanolar bilan kutib olishga qaror qildilar va uni shafqatli bo'lishta chaqirdilar. Jumladan, Tavallo Kuropatkinga bag'ishlangan she'rida bunday yozdi:
...Qaysi farzand otasi oldiga borsa "otalab", Bas, quchog'iga olib, boshin silab, deydir "bolam". Bag'ri biryon, ko'zi giryonlarga shafqat qildingiz, To tirik haqingiza aylar duoye xosu om.
Shu satrlarning o'ziyoq jadiddarning Kuropatkin sha'niga hamdu sano aytishdan kuzatgan maqsadlarini yaqqol ko'rsatib turibdi.
Darvoqe, ular qo'llagan taktika o'z samarasini berdi. Eng oliy jazoga hukm etilgan 347 nafar qo'zg'olonchidan 51 kishi qatl etildi, katorgaga yuborilgan va qamoq jazosi belgilangan kishilar soni ham ancha qisqardi. Rejadagi 250 ming kishi o'rniga 123 ming kishi mardikorlikka olindi.
1930 yilda Munavvar qori Abdurashidxonov va uning guruhi ustidan olib borilgan tergov materiallaridan shu narsa ma'lum bo'ladiki, qo'zg'olon arafasida advokat Ubaydulla Xo'jayev bilan M.Abdurashidxonovning o'zaro yaqinlashuvi ularning 1916 yil vaqealari paytida bunday strategiyani belgilab olishlariga imkon tug'dirdi: ular, modomiki, Turkiston aholisi mardikorlikka olish voqealaridan chetda tura olmas ekan, demak, bu voqeadan el-yurt manfaati yo'lida foydalanish kerak, deb bildilar. "Farzanddarimizni mardikorlikka emas, balki askarlikka yuboramiz. Mardikorlar oldingi marralarga borib handaq qaziydilar. Demak, ular handaq qaziyotgan paytlarida dushman ularni bir zumda qirib tashlashi mumkin. Negaki, mardikorlarda qurol-yarog' bo'lmaydi. Shuning uchun biz farzanddarimizni askarlikka yuboramiz", degan talablar bilan chiqdilar. Ularning bunday talablari tagida boshqa niyat ham bo'lgan. Chor hokimiyatining nemislar bilan urushda holi tang bo'lib qolganini sezgan jadiddar yaqin yillar orasida erk va hurriyat uchun harakat boshlanishi mumkinligini anglab, Birinchi jahon urushi frontlarida bo'lajak o'zbek milliy qo'shiniga tamal toshini qo'yishni orzu qildilar. Ular mo'ljaliga ko'ra, qurol-yarog' bilan muomala qilishni o'rgangan o'zbek yigitlarining yaqin vaqt ichida milliy inqilobni amalga oshirishi mumkin edi.
Shunday qilib, U. Xo'jayev va M.Abdurashidxonov qo'zg'olon boshida qo'zg'olonchilar tomonida bo'lganlariga qaramay, mardikorlikka olish komitetiga rahbarlik qildilar. Ayni paytda Peterburgga vakillar yuborib, Turkistonda sodir etilayotgan jinoyatlarga chek qo'ymoqchi bo'ldilar. Shubhasiz, ular va boshqa jadidlar, sovet tarixchi va yozuvchilari yozganidek, Turkiston xalkdarining milliy ozoddik harakatiga xoinlik qilmay, aksincha, jabrdiyda xalqni to'g'ri yo'lga boshlash , uning dardiga davo topish, uning boshi uzra lopillab turgan qilichni bartaraf etishga urindilar. Ular-ning 1916 yil qo'zg'oloni paytida orttirgan tajribasi Fevralь inqilobidan keyingi davrda, ayniqsa, asqotdi.
U.Xo'jayev va boshqa jadiddarning avvalgi faoliyatidan xabar topgan Kuropatkin ularni Kavkazga surgun qilish to'g'risida buyruq chiqardi. Ammo U.Xo'jayev sheriklari bilan surgunga ketishi arafasida Fevral inqilobi yuz berdi. Bu inqilob esa jadiddarni emas, balki Kuropatkinning o'zini Turkiston tuprog'idan uloqtirib tashladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |