TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI
“Soliqlar va soliqqa tortish” fanidan
19-Savolnoma
1. Qoshilgan qiymat soligi tolovchilari, soliq obekti va soliq stavkalari.
2. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligining soliq tolovchilari, soliq obyekti va stavkasi.
3. Foyda soligi tolovchilari, soliq obyekti va stavkalari
1. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘lovchilari bo‘lib, amaldagi qonun hujjatlariga asosan ushbu soliqni byudjet oldida hisob-kitobini amalga oshiruvchi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tushuniladi. Jumladan:
1) soliq solinadigan oborotlarga ega bo‘lgan yuridik shaxslar;
2) Soliq kodeksiga muvofiq zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilayotgan soliq solinadigan oborotlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lash bo‘yicha majburiyat yuklatiladigan yuridik shaxslar;
3) tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar (o‘z ehtiyojlari uchun bojsiz olib kirish normalari doirasida tovarlar olib kiruvchi jismoniy shaxslar bundan mustasno);
4) oddiy shirkat soliq solinadigan oborotlarni amalga oshirayotganda zimmasiga uning ishlarini yuritish yuklatilgan (ishonchli shaxs) oddiy shirkat shartnomasining sherigi (ishtirokchisi).
Quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar hisoblanmaydi:
notijorat tashkilotlar. Yuqorida 2 va 3-bandlarda nazarda tutilgan hollarda, shuningdek tadbirkorlik faoliyati doirasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oborotini hamda Soliq kodeksi 199-moddasi birinchi qismining 5 va 6-bandlarida ko‘rsatilgan oborotlarni amalga oshirganda notijorat tashkilotlar ushbu oborotlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar bo‘ladi. Bunda Soliq kodeksining 132-moddasida ko‘rsatilgan boshqa daromadlarni olish tadbirkorlik faoliyati sifatida qaralmaydi;
agar Soliq kodeksining XX bo‘limida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, Soliq kodeksiga muvofiq soliq solishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan yuridik shaxslar.
O‘zbekiston Respublikasida qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 1992 yilda 30 foizni tashkil qilgani holda, bugunga qadar bir-necha marta o‘zgartirildi. Jumladan, 1996-yilda 17 foizni, 1997-yilda 18 foizni, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari turlariga (un, non, go‘sht, sut va sut mahsulotlari) esa kamaytirilgan 10 foizli stavka belgilandi. 1999-yilda respublikada qo‘shilgan qiymat solig‘ining 3 xil stavkasi (2 foiz, 15 foiz va nollik) amalda qo‘llanildi. Faqat uchta band, ya’ni eksport, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jalik korxonalariga beriladigan mineral o‘g‘it va yoqilg‘i moylash materiallari hamda diplomatik vakolatxonalar va unga tenglashtirilgan vakolotxonalarga realizatsiya qilinadigan tovar (ish va xizmat)lar «0» stavkasi bo‘yicha soliqqa tortildi. 15 foizli qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi esa un, non, go‘sht, sut va sut mahsulotlari hamda import qilinadigan tirik mol va bug‘doy kabi mahsulotlarga nisbatan belgilandi.
2. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining soliq to‘lovchilari deb (364-modda) quyidagilar e’tirof etiladi:
1) O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar;
2) O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromad oluvchi O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar.
Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslar rezidentlar va norezidentlarga bo‘linadi. O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan yoki moliya yilida boshlanadigan yoxud tugaydigan o‘n ikki oygacha bo‘lgan istalgan davr mobaynida 183 kun yoki undan ko‘proq muddatda O‘zbekistonda turgan jismoniy shaxs O‘zbekiston Respublikasining rezidenti deb qaraladi.
O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarga ularning O‘zbekiston Respublikasidagi, shuningdek undan tashqaridagi faoliyati manbalaridan olingan daromadlari bo‘yicha soliq solinadi.
O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lmagan jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududidagi manbalardan olingan daromadlar bo‘yicha soliq solinadi.
Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadi soliq solish ob‘ekti hisoblanadi. Soliqqa tortiladigan baza bo‘lib, jismoniy shaxslarning jami daromadidan soliq qonunchiligiga ko‘ra belgilangan chegirmalarni ayirib tashlagandan keyingi qoldiq summa hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida to‘langan, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning daromad solig‘i summalari O‘zbekiston Respublikasida soliqni to‘lashda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq hisobga olinadi.
Hisobga olinadigan summalarning miqdori jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida amal qilayotgan stavkalar bo‘yicha hisoblab chiqarilgan daromad solig‘i summasidan oshmasligi lozim.
Soliq qonunchiligiga binoan 1998 yildan respublikamizda jismoniy shaxslarning ish haqlari, mukofot pullari va boshqa daromadlaridan soliq stavkasi 15, 25, 35, 40, 45 foiz, ya‘ni 5 pog‘onali qilib belgilangan edi. 2000 yildan boshlab 4 pog‘onali, ya‘ni 15, 25, 36, 40 foiz, 2001 yildan esa 3 pog‘analiga o‘tib, uning stavkasi 12, 25, 30 foizni, 2002 yildan 13, 23, 33 foiz qilib belgilangan edi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O’zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi to’g’risida” PF-5468-sonli Farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining stavkasi yagona 12 foiz belgilanishi nazarda tutilgan.
3. Quyidagilar foyda solig‘ining soliq to‘lovchilari (294-modda) deb e’tirof etiladi:
1) O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar;
2) O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar,
shuningdek O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshiradigan, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari;
3) O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromadlar oluvchi O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar;
4) soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchilari bo‘lgan yuridik shaxslar;
5) soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadlari bir milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan yoki o‘z ixtiyori bilan foyda solig‘ini to‘lashga o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;
6) oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnoma) doirasida amalga oshiriladigan faoliyat bo‘yicha oddiy shirkatning ishonchli shaxsi.
Foyda solig’ining ob’ekti quyidagilardir:
Soliq to‘lovchi tomonidan olingan foyda foyda solig‘i (295-modda) bo‘yicha soliq solish obyekti hisoblanadi.
Ushbu bo‘lim maqsadida quyidagilar foyda deb e’tirof etiladi:
1) yuridik shaxs uchun — ushbu bo‘limda nazarda tutilgan jami daromad va xarajatlar o‘rtasidagi farq;
2) faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezident uchun — Soliq Kodeksning 49-bobida belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda, ushbu bo‘limda nazarda tutilgan doimiy muassasaning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan jami daromad (shu jumladan bunday doimiy muassasaning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar) va xarajatlar o‘rtasidagi farq;
3) norezident uchun — Soliq Kodeksning 50-bobida belgilangan xususiyatlar inobatga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlar;
4) yakka tartibdagi tadbirkor uchun — Soliq Kodeksning 51-bobida belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda, ushbu bo‘limda nazarda tutilgan jami daromad va xarajatlar o‘rtasidagi farq;
5) zimmasiga oddiy shirkat ishlarini yuritish yuklatilgan shaxs uchun — birgalikda ishlab chiqarilgan tovarni (ko‘rsatilgan xizmatni) realizatsiya qilishdan olingan daromad va birgalikda ishlab chiqarilib realizatsiya qilingan tovarga (xizmatga) to‘g‘ri keladigan birgalikdagi faoliyatga kiritilgan mablag‘lar summasi o‘rtasidagi farq.
Yuridik shaxslarning foyda solig‘i stavkalari har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining keyingi yil uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlanadi.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasi 1998 yilda 36 foizni tashkil etgani holda 2001 yilda 26 foizga tushgan. 2002 yilga esa 24 foiz, 2003 yilda 20 foiz, 2004 yilda 18 foiz, 2005 yilda 15 foiz, 2006 yilda 12 foiz va 2007 yilda 10 foiz, 2018 yildan boshlab 14 foiz, 2019 yildan boshlab 12 foiz qilib belgilangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |